Intelektual va ekspert sistemalarning tuzilishi va asosiy qisimlar
Yuqoridagi olgan bilimlaringizdan foydalangan xolda intellektual sistemalarining tuzilishi qanday bo’lishi mumkin deb o’ylaysiz? Qanday ma’lumotlar intellektual sistemalarning samarali ishlashiga yordam beradi? Nima qilganda insoniyatning kompyuterlarda saqlanayotgan bilimlarini yanada foydali ravishda ishlata olishimiz mumkin?
Intellektual va ekspert sistemalar uch asosiy qismdan tuzilgan: faktlar va evristikalar haqidagi bilimlar bazasi, xulosa va echim mashinalari, insonning mashina bilan muloqotini ta’minlovchi sistema.
Xulosa va echim mashinasi sistemaning bir qismi bo’lib, bilimlar bazasidagi ma’lumotlarga qoida va mantiqni tatbiq etish imkonini beradi. Masalan, qoidalar asosida qo’rilgan ekspert sistemalarida “AGAR-U XOLDA” qoidasi ikki xil yo’nalishda tahlil qilinishi mumkin:
to’g’ri yo’nalishda yoki ma’lumotlar asosida, ya’ni muammoni echish uchun yangi ma’lumotlar yoki shartlar qaraladi, xamda mos xulosa va oqibatlar tekshiriladi.
teskari yo’nalishda yoki maqsad tomonidan, ya’ni muammoni echish uchun nazariy oqibatlar ishlab chiqiladi va uning xaqligini aniqlaydigan shartlar tekshiriladi.
Insonning mashina bilan muloqotini ta’minlovchi sistema shunday bo’lishi kerakki, unda faqat ekspert emas, balki yangi xodimlar ham ishlay olsin. Bunda katta qulayliklar yaratuvchi “menyu”, piktogrammalar, jadvallar, sichqonchadan foydalanish yo’llari ishlatiladi.
Bilimlar bazasi bilimlarni belgilar shaklida saqlaydi. Aniqroq qilib aytganda, unga sonlar jadvali, kattaliklar qiymati diapazoni va xokazolar kirishi mumkin. Lekin bilimlar bazasining asosini faktlar va evristikalar tashkil etadi.
Bilimlar bazasidagi faktlar tarkibiga ob’ektlarning bayoni, ularning belgilari va ekspert sistemasini ishlatish sohasiga mos keluvchi sonli qiymatlar kiradi. Masalan, texnologik jarayonlarni boshqarish sistemasi uchun bilimlar bazasi tarkibiga konkret korxonaning yoki uning bir qismining bayoni, aloxida tashkil etuvchi qismlar va komponentlar xarakteristikalari, datchiklardan olingan qiymatlar, zaxiralar qandayligi va boshqalar kirishi mumkin.
Evristikalar yoki qoidalar konkret muammoni echish uchun faktlar asosida xulosa chiqarish yo’lini bildiradi. Bu bilimlar asosan oldingi tajribaga asoslanadi va undan ekspertlar doimo foydalanishadi. Lekin ko’pincha u sir tutiladi. Bilimlar tavsiflashni shunday bir jarayon sifatida ifodalash mumkinki, bu jarayonda ekspert sistema yaratuvchilari tomonidan bilimlar bilan bog’liq ma’lumotlar “qidirib topiladi va boyitiladi”. Texnologik jarayonlarni boshqarish sistemalari uchun ushbu bilimlar masalan, quyidagi qoidalar turkumini o’zida saqlashi mumkin: zavodni yoki uning biror-bir tashkiliy qismini profilaktik remont qilish kerak bo’lsa, joriy narxlarga ko’ra qancha zaxira hajmi saqlash mumkin, yoki nosozliklarni diagnostika qilish qoidalari qanday bo’ladi va ularni bartaraf etish bo’yicha qanday takliflar berilishi mumkin va xakozolar.
Ekspert sistemalarning laboratoriyalar yoki butun firmalar mutaxassislari uchun ahamiyati bir qancha aspektlarda namoyon bo’ladi:
ekspert bilimlarni yig’ish, aniqlash, kodlashtirish va tarqatish;
inson imkoniyatlaridan yuqori bo’lgan muammolarni echish;
v) bir inson qamrab olish mumkin bo’lmagan bilimlar hajmini talab qiluvchi muammolarni echish;
g) bir necha sohalar bo’yicha ekspert bilimlar talab qilinadigan muammolarni echish;
kollektivning eng nozik qadriyati - kollektiv xotirani saqlash;
yangi texnologiyani qo’llash hisobiga yuqori raqobatbardoshlikni ta’minlash.
Kompleks bilimlar bazasini yaratish mashinaning xatosiz ishlashi va bir necha ekspertlarning bilimi sintezi asosida keng imkoniyatlar ochadi. Agar bilimlar bazasi bir necha soha ma’lumotlarini birlashtirsa, bunday bilimlar yig’indisi qo’shimcha qiymatga ega bo’ladi. Ekspert sistemalarning yuqorida qayd etilgan "kollektiv xotira"ni saqlash nuqtai-nazaridan ham axamiyati katta. Ko’p korxonalar yuqori malakali mutaxassislarni yo’qotish muammosiga duch keladilar. Bunga ularning boshqa ishga o’tishi, yoki yuqori lavozimga ko’tarilishi, yoki o’limi, yoki pensiyaga chiqishi sabab bo’lishi mumkin. Bir qancha firmalar o’zlarining eng qimmatli xodimlari ekspert tajribalarini saqlab qolish uchun ekspert sistemalarini qo’llay boshladilar. Bu bilimlarni saqlab qolish va ishdan ketgan ekspert o’rnini yangisi bilan oson to’ldirish imkonini beradi.
Kompyuter dasturi sifatida amalga oshiriladigan ideal ekspert sistema biror bir maxsus programmalashtirish (masalan, LISP yoki Prolog) tilida yozilgan quyidagi asosiy qismlardan iborat bo’lishi lozim:
ishlatuvchi bilan muloqot qilishga mo’ljallangan interfeys ;
mantiqiy echim topish qismi ;
bilimlar (faktlar va qoidalar) bazasi ;
yangi bilimlarni olish va yig’ish qismi.
Ishlatuvchining ekspert sistema bilan muloqoti ishlatuvchi bilan muloqot qilishga mo’ljallangan interfeys orqali amalga oshib, bu ko’pincha insonning muloqot tiliga o’xshash maqsadli mahsus tilda amalga oshiriladi. Ushbu interfeysda inson oddiy muloqot tilining (yoki ekspert sistema bilan muloqot qilishga mo’ljallangan biror bir mahsus muloqot tilining) ekspert sistemaning bilimlar bilan ishlashga mo’ljallangan ichki tiliga o’zgartirish amalga oshadi. Bunday ichki tillar sifatida ko’pincha mantiqiy, produktsion yoki semantik turdagi tillar ishlatiladi. Ishlatuvchi talabining biror bir ko’rinishdagi ifodasi yoki masalaning tanlangan tildagi ko’rinishi mantiqiy echim topish qismiga boradi va u esa o’z navbatida bilimlar bazasidagi ma’lumotlardan foydalanib, echilayotgan masalaning echimini topishga xarakat qiladi. Ekspert sistemaning bilimlar bazasi asosini qoidalar va faktlar tashkil qiladi. Mantiqiy echim topish qismida bilimlar bazasidan echilayotgan konkret masalaning xarakteri va qo’yilishiga uzviy bog’liq ravishda kerakli qoida yoki qoidalar majmuasi topiladi. Echimni tushuntirish va ko’rsatish modulida oraliq va oxirgi natijalarning ko’rsatilishi amalga oshiriladi hamda sistemaning nima uchun bunday echim yoki echimlar majmuasi qabul qilganligi tushuntiriladi. Bunda ko’pincha sistema Qanday? va Nimaga? degan savollarga javob beradi. Ya’ni, bunda u «Qanday qilib u yoki bu echim topildi?» va/yoki «Nega shu echim topildi va boshqa alternativ echimlar tashlab yuborildi?» degan muhim savollarga javob beradi. bu esa o’z navbatida ishlatuvchining ekspert sistemaga bo’lgan ishonchini yana ham orttirishga xizmat qiladi. Bunda «agarda ekspert sistemaning mulohazalari insonga tushuntirib berilmasa, u yaxshi emas» - degan fikr faraz qilinadi.
Bilimlarni qabul qilish va jamlash modulining asosiy funktsiyasi biror bir sohaga tegishli adabiyotlardan va uning mutahassislaridan bilimlarni olish, ularni ma’lum bir ko’rinishda ifodalash va ularni kompyuter xotirasiga joylashdir. Ko’pincha bu ish soha mutaxasislarining amaliy ish tajribasini o’rganish va ularga ma’lum ko’rinishdagi savollar berish orqali olinadi va jamlanadi. Ekspert sistemalarni tuzishda va loyihalashtirishda xuddi mana shu ish juda murakkab va qiyin kechadi. Shuning uchun xam bu ishni bilimlar yig’ish va jamlash bo’yicha mutaxassislar amalga oshirishlari maqsadga muvofiq bo’ladi.
Iqtisodiy nuqtai-nazardan esa intellektual va ekspert sistemalarning axamiyati shundaki, ular firmaning raqobatbardoshligini oshiradi. Bu shuni bildiradiki, ekspert sistemani birinchi bo’lib qo’llagan kompaniya uni qo’llamaganlardan albatta oldinga chiqib oladi.
Intellektual sistemalar yaratishda ishlatiladigan asosiy amaliy programma paketlari va ularning ishlatilishi.
Ekspert va mahsus intellektual sistemalar umumiy intellektual sistemalaming juda ham keng tarqalgan turlaridan biri bo’lib, ularning ba’zilari xozirning o’zidayoq iqtisodiyot, fan va texnikaning xilma-xil sohalarida katta miqdordagi iqtisodiy samara va va foyda keltirmoqda. Lekin bunday intellektual ko’rinishdagi sistemalarning rivojlanishi shu bilan tamom bo’ldi, degan xulosa chiqarsak, katta va kechirilmas xato qilgan bo’lar edik. Chunki inson faoliyatining qaysi jabhasini olib ko’rmaylik, unda tegishli ekspert sistema yaratish imkoniyati mavjud. Lekin shuning bilan birgalikda, xar qanday diqqatga sazovor va foydali ekspert sistema yaratish katta mexnat va mablag’ talab qiladi. Tabiiyki, buning uchun tanlangan sohaning malakali mutahassislari va ekspert sistema yaratish bo’yicha mutaxassis xamda programmistlarni jalb qilish kerak bo’ladi. Shuning uchun ham bunday sistemalarni yaratishni osonlashtiradigan instrumental vositalar (mahsus mutahassislashgan programmalar) ishlab chiqilgan, ular ekspert sistema yaratishni ancha engillashtiradilar. Bunday sistemalarni yaratish uchun quyidagi ko’rsatgichlarni asos qilib olish mumkin:
universallilik, ya’ni instrumental vosita yordamida xilma-xil ekspert sistema yaratish mumkinligi va ular ishlatuvchilarning xilma-xil talablariga javob berishi;
tegishli quvvatga ega bo’lish, ya’ni xilma-xil ekspert sistemalar yaratishni osonlashtirish va ularni yaratishda sarf-harajatlar miqdorini kamaytirish. Qanchalik kam harajat talab etilsa va pirovard natijada katta imkoniyatlarga erishilsa, sistemaning quvvati shunchalik ko’p deb qabul qilinadi;
samaradorlik, ya’ni instrumental vosita shunday ekspert sistema yarata oladiki, uning iste’molchi savollariga javob vaqti minimal bo’lib, bunda iloji boricha kamroq hisoblash resurslari sarf qilinadi.
Ekspert sistema yarata oladigan programmaviy sistemalarning yuqoridagi ko’rsatgichlar asosidagi tahlili bunday instrumental vositalar (mahsus programmalar) ning imkonyatlarini, ularning kamchiliklarini va ishlatilish sohalarini aniq bilishga yordam beradi.
Har qanday ekspert sistema yaratish uchun quyidagi asosiy bosqichdagi ishlarni bajarish zarur bo’ladi:
O’rganilayotgan soha, undagi echiladigan masalalar, muammolar va ularni xal qilish usullari xaqida ma’lumotlar yig’iladi;
Faktlarni va qoidalarni tasvir qilinadigan, hamda ularni kompyuter xotirasiga optimal ravishda joylay oladigan biror bir programma tili tanlab olinadi, ekspert sistema yordamida echiladigan masalalarga mos keladigan mantiqiy echim olish va uni boshqarish strategiyasi tanlanadi;
Ekspert sistema boshlang’ich variantini tuzish.
U quyidagi asosiy qismlardan iborat bo’lishi lozim:
o bilimlar bazasi,
o mantiqiy xalosa chiqarish programma vositalari,
o yangi bilimlar olish va
o qabul qilingan echimlarni tushuntirish programmalari;
Ekspert sistema boshlang’ich variantini sinchiklab tekshirish va uning mavjud kamchiliklarini daf qilish.
Ekspert sistema yaratish uchun mo’ljallangan programmaviy vositalarni ikki guruhga bo’lish mumkin, ya’ni, asosiy va yordamchi vositalar. Asosiy vositalar bo’lib, ekspert sistema komponentlarini kompyuterga kiritishga yordam beradigan programma tillari hamda bu tillarning ishlashini ta’minlab turadigan bazaviy programmaviy sistemalar xizmat qiladi. Yordamchi vositalarga esa ekspert sistema tashkil qilishning ba’zi bosqichlarining osonlashtirish va ularni tekshiruvdan o’tkazish uchun xizmat qiladigan programmaviy vositalar kiradi. Masalan, ularni o’rganilayotgan soha bilan bog’liq faktlar va qoidalar bo’lgan bilimlar bazasini to’ldirish hamda o’zgartirish uchun ishlatish mumkin. Bu ikki guruh bir-biri bilan uzviy bog’liqligini aytib o’tishimiz kerak, albatta.
Ekspert sistema yaratish uchun mo’jallanilgan instrumental vositalarni shartli ravishda quyidagi uch katta guruhga bo’lish mumkin:
Ekspert sistemalarning generatorlari (bu programma vositalarini tushuntirish uchun ko’pincha ruschasiga «obolochka» va inglizchasiga «shell» so’zlari ishlatiladi);
Mahsus programma sistemalari va tillar (bularni ko’pincha bilimlarni ifodalash tillari deb ataladi, masalan LISP, Prolog va boshqalar);
Universal programma tillari va programma sistemalari (masalan Paskal, SI, C++ va boshqalar).
Ushbu guruhlar ichida ekspert sistemalarning generatorlari (misol uchun GURU, Interexpert va boshqalar) diqqatga sazovor, ko’proq ishlatiladi va boshqalariga qaraganda kattaroq quvvatga ega. Ularning qo’llanilishi ekspert sistema ishlab chiqarish vaqtini minimallashtirishga va soddalashtirishga olib keladi. Ularda ekspert sistemalarning hamma komponentalarining asosi (ramkasi, skeleti) oldindan ishlab chiqilgan va ishlatuvchining vazifasi bu komponentalarni to’ldirish va sozlashdan iboratdir xolos. Buning uchun ekspert sistemalarning generatorlari bilimlarini kiritish va tahrirlash uchun mahsus vositalar -redaktorlarga egadirlarki, ularning yordamida faktlar va qoidalarni kompyuterga kiritish va tahrirlash ancha engillashidi. Bu turdagi redaktorlar kiritilgan o’zgarishlarning to’g’riligini tekshirishga, ularning qaytarilishini
ko’rishga, ma’lumotlarda qarama-qarshiliklar mavjud yoki mavjud emasligini bilishga, hamda sintaksis va semantikasini tekshirishga imkon tug’diradi.
Intellektual sistemalar yaratishda ishlatiladigan asosiy programma vositalarining qisqacha tavsifini keltiramiz:
RuleMaster deb nomlanuvchi universal programma paketi ekspert sistemalarini qurish va tarqatishga mo’ljallangan. Uning asosiy xususiyatlari:
bilimlar induktiv o’qitish usuli asosida to’planadi;
sun’iy intellekt masalalarini programmalash maxsus ko’nikmalar talab qilinmaydi;
programma paketi turli xil kompyuterlarda ham ishlay oladi.
RuleMaster paketini yaratishdan maqsad kompyuter vositasini ilmiy- injenerlik sohasida inson fikrlashi kabi qaror qabul qilish jarayonida qo’llashdan iborat edi. Bunday sistemalardan biri TOGA ekspert sistemasi bo’lib, u katta transformatorlardagi nosozliklarni aniqlaydi, transformator moyini gazoxromato grafik tahlil ma’lumotlari asosida diagnostika qiladi.
RuleMaster paketi ikki asosiy qismdan iborat:
Radial - qaror qabul qilish qoidalarini ishlovchi blok-tuzilmali protsedura tili;
RuleMaker - qoidalar va fikrlar daraxtini ko’rishga mo’ljallangan bilimlarni to’plash sistemasi.
RuleMaster paketi yordamida yaratilgan ekspert sistemalari Radial tilida yozilgan programmadan iborat. Mos predmet sohasida ekspert sistemasini qurish uchun modul struktura va modullarning tanasi ajratiladi. Struktura muammo echimiga olib keluvchi fikrlash ierarxiyasini aniqlaydi. Har bir modul tanasi esa mos fikrlashning kechish usulini to’liq aks ettiradi.
Real vaqt masshtabida ishlab chiqarish jarayonlarini boshqarish uchun ishlatiladigan ekspert sistemasini ko’ramiz. Bu LMI firmasida yaratilgan PICON programmasi bo’lib, u Lisp-mashinada ishlashga mo’ljallangan. Bu sistema oddiy turdagi tarqoq boshqaruv sistemasiga bog’lanib ishlaydi. Uni loyihalashtirilayotganda u 20000 datchik va nazorat qurilmalariga xizmat ko’rsatishi nazarda tutilgan. Uni yaratishda LMI firmasining LAMBDA Lisp- mashinasi qo’llanilgan.
Intellektual sistemalarning moliya organlarida iqtisodiy asoslangan qarorlar qabul qilishdagi roli va axamiyati.
Intellektual sistemalar qanday qilib moliya va bank organlarida boshqaruv hamda qaror qabul qilishda yordam bera oladi? Buning uchun nimalar qilinishi lozim bo’ladi? Agarda kollektiv xotira va tajribalar kompyuterda mavjud bo’lsa, u tashkilotning ishiga qanday ta’sir ko’rsatadi va bu nimalarda o’z aksini topadi?
Informatsiyani qayta ishlashning yangi texnologiyasining asoslaridan biri bo’lgan intellektual sistemalarni hisoblash sistemasi tarkibiga kiritish biror bir turdagi masalalarni echishda ishlatuvchi bilan o’ziga xos intellektual interfeys xosil qilishga imkon beradi. Bunda kompyuterda ishlovchi inson o’zining talab va imkoniyatlariga mos kelgan mahsus operatsion muhitda ishlash imkoniyatiga ega bo’ladiki, bu informatsiya ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlarini optimallashtirishga olib keladi. Informatsiyani ishlab chiqarishning yangi texnologiyasi masalani echishning boshidan oxirigacha qamrab olib, ishlatuvchining masala echilishi hamma bosqichlaridagi faol ishtirokini nazarda tutadi. Chunki traditsion texnologiyada hisoblash sistemasining ish jarayoni oldindan berilgan ketma-ketliklarning bajarilishini va ma’lum qoidalardan foydalanib, ularning biridan ikkinchisiga uzviy ketma-ket o’tishini o’z ichiga oladi. Demak, olingan natija oldindan berilgan programmadagi bajarilayotgan operatsiyalarning va masala shartidagi boshlang’ich ma’lumotlarning funktsiyasi bo’ladi. Bunda hamma operatsiyalar hisoblash sistemasi tomonidangina bajariladi.
Informatsiyani qayta ishlashning yangi texnologiyasida oldingisidan farqli o’laroq, hisoblash sistemasiga faqatgina masalaning qo’yilishi, undan olinadigan natija va bu natija olinishi kerak bo’lgan shart-sharoitlar beriladi. Qanday ketma-ketliklar va tegishli operatsiyalar orqali kerakli echimning olinishi esa hisoblash sistemasi tomonidan aniqlanilishi va xal qilinishi lozim bo’ladi.
Demak, ushbu xolda inson-mashina turidagi hisoblash sistemasi passiv xolatdan aktiv xolatga o’tadi va uning asosiy pirovard maqsadi bo’lib, masala qo’yilishida talab qilingan bilimlarni olish bo’ladi. Bunda hisoblash jarayoni sistema tomonidan mavjud ma’lumotlar va bilimlarni avtomatik tarzda hamda optimal qayta ishlash tufayli amalga oshiriladi.
Intellektual sistemalarning moliya va kredit muassasalarida iqtisodiy asoslangan qarorlar qabul qilishda qo’llash hisoblash sistemasining tuzilish arxitekturasini ham tubdan o’zgartirib yuboradi. Bunda hisoblash sistemasining tuzilishi quyidagi uch asosiy kompleksdan iborat bo’ladi:
Masalalarni yuqori darajada samarador qilib echishga mo’ljallangan programmaviy va texnik vositalar (bajaruvchi sistema), ular ko’pincha biror bir masalalar turkumini echishga mo’ljallangan bo’ladi;
Intellektual interfeys vositalari kompleksi. Ularni ishlatuvchilaming talablari asosida qayta o’zgartirish va boshqa xil vazifalarni bajarishga moslashtirish ancha oson bo’lishi lozim.
Oldingi ikki kompleksni boshqa programmaviy va texnik vositalarga bog’liq bo’lmagan xolda ishlashini ta’minlab beruvchi shu sohaga oid konkret bilimlar va shu sohaga tegishli fakt xamda qoidalar bazasi.
Bajaruvchi sistema mavjud programmalarning bajarilishini ta’minlab beruvchi hamma vositalar to’plamini o’z ichiga oladi. Unga xilma-xil hisoblash operatsiyalarini bajarib beradigan programmalar kiradi, masalan, bilimlar bazasidagi ma’lumotlarni qidirib topish programmalari, mantiqiy xulosa chiqarish programmalari va bu programmalarning ishlashini ta’minlab beruvchi texnik vositalar ham yuqorida aytib o’tilgan bajaruvchi sistema tarkibiga kiradi. Bajaruvchi sistema sifatida hozirgi paytda mavjud va yaqin kelajakda ishlab chiqariladigan hisoblash texnikasiga oid umumiy va yangi informatsion texnologiya talabalari tufayli yaratilgan mahsus programmaviy va texnik vositalar ishlatilishi mumkin. Bunday sistemada bilimlar bazasi hisoblash kompleksining boshqa tashkil etuvchi komponentlarga nisbatan markaziy o’rinni egallab, u orqali hisoblash sistemasining boshqa qismlari muloqat qiladi va ravon ishlaydi. Bilimlar bazasida mavjud bo’lgan bilimlar qayta ishlovchi boshqa programmalarga bog’liq bo’lmaydi va uning o’zi butun bir tugallangan sistemani tashkil qiladi.
Yuqorida ko’rib o’tilgan intellektual sistemalarning moliya-kredit organlarida iqtisodiy asoslangan qarorlar qabul qilishdagi roli juda kattadir. Chunki iqtisodiy bilimlar, faktlar va qoidalar bazasini yaratish mashinaning xatosiz ishlashi va bir necha ekspertlarning bilimi sintezi asosida katta iqtisodiy axamiyatga ega bo’lgan amaliy masalalar echish uchun keng imkoniyatlar ochadi. Agar iqtisodiy bilimlar bazasi bir necha soha ma’lumotlarini birlashtirsa, bunday bilimlar yig’indisi qo’shimcha qiymatga ega bo’ladi xamda ular asosida yangi bilimlarni xam generatsiya qilishga yordam berishi mumkin. Intellektual va ekspert sistemalarning yuqorida qayd etilgan "kollektiv xotira"ni saqlash nuqtai-nazaridan ham axamiyati katta. Misol uchun bank soxasidagi yaratilgan ekspert sistema mijozlarga kredit berishda ularning oldingi kredit tarixini mantiqiy taxlil qilishi, korxonaning kreditga layoqatliligini uning oldingi ko’rsatgichlari asosida aniqlab berishi, korxonaning imidjini va qaytaruvchanlik xamda bajaruvchanlik qobiliyatlarini xisobga olgan xolda bank xodimlariga qimmatli maslaxatlar berishi mumkin. Soliqqa tortishda va uni undirishda xam soliq to’lovchilarning son qiymatlarida ifodalab bo’lmaydigan ko’rsatgichlarini, ularning ishonchliligini, tezkorligini, to’lov tarixlarini ekspert sistema yordamida aniqlab olish va uning asosida tegishli xulosalarga kelish mumkin. Moliya-bank sohasida xam ko’pincha yuqori malakali mutaxassislarni yo’qotish muammosiga duch keladilar. Bunga ularning boshqa ishga o’tishi, yoki yuqori lavozimga ko’tarilishi, yoki o’limi, yoki pensiyaga chiqishi sabab bo’lishi mumkin. Xozirgi paytda bir qancha firmalar o’zlarining eng qimmatli xodimlari va menedjerlarining bir necha yillar davomida to’plagan qimmatli ekspert tajribalarini saqlab qolish uchun ekspert sistemalarini qo’llay boshladilar. Bu bilimlami saqlab qolish esa ishdan ketgan ekspert o’rnini yangisi bilan oson to’ldirish, uning unikal bilimlarini ishlata olish xamda bilimlar bazasini yanada kengaytirish imkonini beradi.
Iqtisodiy pozitsiyadan esa ekspert sistemaning axamiyati shundaki, u bilimlar bazasida to’plangan xilma xil faktlar va mantiqiy qoidalarni ishlata olish tufayli ishlab chiqarish va boshqaruv bilan bog’liq qarorlarning iqtisodiy asoslanganligi va ishonchlilik darajasini yanada oshiradi. Bu shuni bildiradiki, ekspert sistemani qo’llagan moliya-bank muassasasi uni qo’llamaganlardan albatta oldinga chiqib oladi va bozor iqtisodiyoti sharoitlarida mustaxkam mavqeni egallab oladi.
Nazorat uchun savollar:
Intellektual sistemalar deganda nimani tushunasiz?
Bilimlarni qanday usullarda ifodalash mumkin?
Qanday qilib inson bilimlarini kompyuterga kiritish va saqlash mumkin?
Kompyuter xotirasiga kiritilgan bilimlarning qanday ishlatilishi mumkinligiga misollar keltira olasizmi?
Ekspert sistemalar nima uchun ishlatiladi?
Produktsion usulda bilim qanday ifodalanadi?
Bilimlar ifodalanishining yana qanday usullarini bilasiz?
Intellektual sistemalarning tuzilishi nimalardan iborat?
Xulosa chiqarish mexanizmi xaqida nimalar deya olasiz?
Real ekspert sistemalarning qaysi turlarini bilasiz va ular nimalar qila oladilar?
Do'stlaringiz bilan baham: |