Bob bo‘yicha xulosalar
1.O‘zbek adabiy tilida yuz berayotgan jarayonni kuzatib borish, tahlil etish, baholash, tegishli xulosa chiqarish, unga g‘amxo‘rlik qilish, noto‘g‘ri holatlarni tuzatish, parvarish qilishda matbuot ulkan vazifani bajaradi.
2. Adabiy til me’yorlarining buzilish hollari matbuot sahifalarida asosan intervyu, felyeton, radio va televideniyaning ayrim ko‘ngilochar dasturlari teleboshlovchilari nutqida uchramoqda. Shu bilan birga ko‘chalarimizdagi lavhalar va e’lonlarda ham shunday xatoliklar mavjud.
3. Bugun matbuotimizda uslubiy, grammatik, sintaktik, punktuatsion va leksik xatolar uchramoqda. Bu ham bo‘lsa til meyorlarini buzganlik uchun qandaydir chora ko‘rilmayotganligidadir.
4. Gazetalarda ayrim tushunarsiz, izohtalab so‘zlarning qo‘llanilish holatlari uchramoqda. So‘zlarni dialektal shaklda ishlatishga e’tibor ba’zan oshib bormoqda. Qo‘shma so‘zlarni turlicha qo‘llash. Yuklamalarni ishlatishda har xillik. Ruscha-baynalmilal so‘zlarni qo‘llashda turlichalik. Bosh harflar imlosidagi chalkashlik (turli tashkilotlar, vazirliklarning nomlarini yozishdagi har xillik). Uyushiq bo‘laklar va bog‘lovchisiz bog‘langan qo‘shma gaplarda vergul ishlatmaslik. Ko‘chirma gaplarda tinish belgilarini noto‘g‘ri qo‘llash. Undov gaplarda tireni tushirib qoldirish, tire o‘rnida defis ishlatish. So‘roq, buyruq va undov gaplar oxirida zarur tinish belgisini tushirib qoldirish (masalan, sarlavhalarda tinish belgisi qo‘yilmagan). Iboralarda qo‘shtirnoqni noto‘g‘ri qo‘llash holatlari uchramoqda.
5. Bunday xatoliklar deyarli barcha davlat nashrlarida uchraydi. Jamiyatimiz vakillarining imloviy savodxonligi va dunyoqarashini o‘stirish orqali kamchiliklarni bartaraf etish mumkin. Jamiyatdagi barcha narsa bir-biri bilan uzviy bog‘liq bo‘lganidek, tilga oid mavjud qarorlarning ijrosini ta’minlash uchun faqatgina ziyoli insonlar emas qonunlarning ahamiyatlilik darajasini xis qila biladigan dunyoqarashi keng omma xam kerak
Umumiy xulosa
1. Xulosa qilib aytganda, mustaqillik davri publitsistikasi prezidentimizning tilga va jurnalistikaga e’tibori ta’sirida qabul qilinayotgan qator qonunlar asosida rivojlanmoqda. Chunki tildagi va jamiyatdagi har bir yangilik OAV larida akslanadi.
2. Mustaqillik davrida xalqimizning o‘z turish-turmushiga bo‘lgan e’tibori kuchayishi sabab publitsistikaning qator janrlarida rivojlanish bo‘ldi. Ayniqsa, axboriy janrlar: muammoli maqola, lavha, hisobot, intervyu; badiiy-publitsistik janrlar: ocherk, esse kabilar bugungi kunda rivojlangan bo‘lib, publitsistikaning boshqa vazifaviy uslublar bilan bog‘liqlikda rivojlanmoqda.
3. Qachonlardir faqat insonlar o‘rtasidagina qo‘llangan xat janri bugunga kelib, inson va jamiyatni yaqinlashtirdi, ayrim matbuot sahifalarida gazetxon xatlari uchun o‘rinlar ajratila boshlandi. Shu bilan birga xat ilmiy uslub doirasida faollashdi va bu publitsistikani ilmiy uslubga yaqinlashtirdi. Ayniqsa, O.Tog‘ayevning badiiy-publitsistik janrlar bo‘yicha yaratgan kitoblari tilshunoslikda bu sohaga e’tiborni kuchliligini ko‘rsatadi.
4. Jurnalistlar tayyorlashga e’tiborni ortgani esa reportaj janrini o‘zgacha uslubda rivojlanishiga, takomillashishiga sabab bo‘ldi va jamiyat hayotiga chuqurroq kirib bordi. Televideniyada bir-biridan qiziqarli lavhalar tayyorlashga e’tibor kuchaydi. Suhandon va muhbirlar nutqi, matbuot matnlari ayni paytdagi leksik qatlam namunalari bilan boyidi. Yangicha terminlar, iboralar va jumlalar paydo bo‘ldi va ulardan ayrimlari OAV ning qoliplashgan jumlalari sirasiga qo‘shildi.
5. Ayrim siyosiy nashrlarda gazetxonlarni yangi qabul qilinayotgan qarorlaning ayni matnlari bilan tanishtirib boorish boshlandi(masalan, “Xalq so‘zi” gazetasida). Matbuot tilining jonliligi, ta’sirchanligini ta’minlashda badiiy uslub vositalarining ahamiyati katta. Shu bilan birga o‘zbek tilining ajralmas bir tarmog‘i, uning ko‘zgusi, savodxonlik va nutq madaniyati namunasidir.
6. Mustaqillik davrga kelib, o‘zbek tilining mavqeyi nihoyatda oshdi: ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy va boshqa barcha jabhalarda davlat tili amalda qo‘llanila boshlandi. O‘zbek tilining boy, go‘zal, betakror imkoniyatlarini istiqlol ruhi, bunyodkorlik hissi, millat g‘ururi asosida yuzaga chiqarish uchun ziyolilar, yozuvchilar, shoirlar, mutaxasis olimlar, ayniqsa, jurnalistlarning sa’y-harakatlari kuchaydi. Jumladan, matbuotda, radio-televideniye orqali o‘zbek adabiy tilining o‘ziga xosligi, so‘z qo‘llash, grammatik shakllarni ishlatish, yangi so‘z va terminlarni ijod etish borasida rang-barang fikrlar bildirildi. Ular orasida matbuot tiliga alohida e’tibor berila boshlandi. Matbuot targ‘ibot, tashviqot, tarbiya, ta’sirchanlik vositasi sifatida o‘zbek adabiy tilining imkoniyatlarini yuzaga chiqarish, uning taraqqiyot darajasini belgilash, adabiy til qonun-qoidalarini, savodxonlikni, nutq madaniyatini ko‘rsatish uchun muhim ahamiyatga ega.
7. O‘zbek adabiy tilida yuz berayotgan jarayonni kuzatib borish, tahlil etish, baholash, tegishli xulosa chiqarish, unga g‘amxo‘rlik qilish, noto‘g‘ri holatlarni tuzatish, parvarish qilishda matbuot ulkan vazifani bajaradi. Butun o‘rganishlar jarayonida yutuqlar bilan birga kamchiliklar ham mavjudligi ko‘zga tashlanmoqda. Gazetalarimiz matnlariga yoki radio va teleboshlovchilar nutqiga e’tibor bersak, ortiqcha jimjimadorlik, ba’zi so‘zlarni tushirib qoldirish, bir so‘zni boshqasi bilan almashtirib qo‘llash, kirish so‘zlarni kengaytirib qo‘llash, soda gaplarni mazmunsiz kengaytirish, axboriy maqolalar yoki rasmiy axborotlarni bayon qilish jarayonida nutqqa badiiy vositalarni noo‘rin holda qo‘shish kabi kamchiliklar uchramoqda. Ayniqsa, so‘zlarni to‘g‘ri tartibda va ortiqcha qo‘llab yuborish ham me’yorning buzilishi hisoblanadi.
8. Badiiy til elementlari ortiqcha ishlatilgan jumlalar, matnlar miqdori kundan-kunga oshib bormoqda. Matbuot nashrlarida uchrayotgan punktuatsion, gaplarni ishlatish bilan bog‘liq, morfologik va uslubiy xatoliklar ko‘ngilni xira qilsa-da, tilshunoslarimiz va jamiyatimizning ziyoli shaxslari bunday kamchiliklarni bartaraf etish yo‘lidalar.
9. Internet publitsistikasining yuzaga kelishi XXI asrning ehg katta yangiliklaridan biri bo‘lib, axborotni omma e’tiboriga tezkorlikda yetkazishda, mavjud qonun va farmoyishlar bilan jamiyatimiz vakillarini izchil ravishda tanishtirib borishda o‘rni beqiyos.
10. Yaqin uch-to‘rt yil ichida gazeta nashrlarida tub o‘zgarishlar kamaydi. Davlat idoralarida “majburiy obuna” degan ibora matbuot nashrlariga biroz bo‘lsa-da e’tiborni susaytirdi. Shu bilan birga ayrim mavzularni takroran yoritishda davom etilayotgani ham o‘quvchi va tomoshabinlar sirasini kamayishiga olib kelmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |