2.2 Publitsistik uslubda emotsional-ekspressiv bo‘yoqdor so‘zlarning qo‘llanishi
Ekspressivlik (tilshunoslikda) — til birligining semantik-stilistik belgilari majmui; til birligining aloqa so‘zlashuv jarayonida so‘zlovchining nutq mazmuniga yoki nutq qaratilgan shaxsga nisbatan subʼyektiv (ijobiy yoki salbiy) munosabatining ifoda vositasi bo‘la olishini taʼminlaydi.36 Emotsionallik tilning barcha sath birliklari uchun xosdir. Сhunki fonetik ekspressiv vositalar sifatida so‘z tarkibidagi undoshlardan birining qo‘shaloq holda yoki biror unlining cho‘ziq talaffuz etilishi, urg‘uning o‘rnini o‘zgartirish kabilarni ko‘rsatilsa, morfologik vositalar sifatida keng miqyosdagi erkalash-kichraytish qo‘shimchalari (subʼyektiv baho ifodalovchi qo‘shimchalar)ni ko‘rsatish mumkin (oyi, oyijon, uka, ukaginam va boshqalar). Leksik ekspressiv vositalarga o‘z haqiqiy maʼnosidan tashqari uslubiy (salbiy yoki ijobiy) bo‘yoqqa ega bo‘lgan so‘zlar, undov soʻzlar va kuchaytiruv yuklamalari kiradi (masalan, "qiltiriq" soʻzi ozgʻinlikni salbiy jihatdan ifodalaydi, baholaydi). Xatto Navoiy “Lison ut-tayr”da “So‘z o‘zga ma’ni o‘zgadur” – deya takidlagan jumlalari mavjud. Sintaktik sathda esa emotsia odatdagi soʻz tartibini oʻzgartirish, elliptik tuzilmalardan foydalanish, soʻz takrorlari orqali taʼminlanadi. Nutqimizda qo‘llanayotgan aloqa-soʻzlashuv jarayonida lisoniy ekspressiv vositalar bilan parallel ravishda, nutq ekspressivligini kuchaytirishga koʻmak beruvchi koʻplab paralingvistik (nolisoniy) vositalar (tovushning balandligi va tembri, nutq surʼati, mimika, imo-ishora) ham qoʻllanadi. Emotsiya bevosita inson his-tuygʻularini ifodalash bilan bogʻliq boʻlganligi uchun uni emotsionallik (hissiyot, emotsiyani ifodalovchi soʻzlar va ulardan foydalanish)dan ajratib tasavvur etish qiyin. Hatto baʼzi tilshunoslarning asarlarida emotsiya va emotsionallik kategoriyalari bir xil hodisa deb talqin qilinadi. So‘zlar turli o‘rinlarda qo‘llanishi va bundagi ifodalaydigan estetik imkoniyatlariga ko‘ra juda ham murakkabdir. Yirik adabiyotshunos K.Gey o‘zining “So‘z san’ati” nomli kitobida juda-juda o‘rinli fikrlarni bildirgan. Ya’ni bir so‘z ilmiy risolada ham, lirik she’rda ham jonli so‘zlashuvda ham qo‘llanishi mumkin. Bir so‘z turli o‘rinda o‘ziga xos alohida ma’no nozikligiga ega bo‘ladi. Shuning uchun ham rassom ishlatadigan ranglardan yoki haykaltaroshlikdagi turli shakllardan beqiyos boy va mazmundorroqdir. So‘zlardagi ana shunday mazmun va tovlanishlarni chuqur xis qilgan rus yozuvchisi M. Prishvin so‘zlarni “sexrli va maftunkor raqqosalar” ga o‘xshatadi. Adabiyotshunos Yu.Tinyanov esa so‘zlarni o‘z rangini nutqda tez-tez o‘zgartirib turishini aytgan. So‘zlardagi bunday xususiyatlar esa, ularning estetik imkoniyatlarga ega ekanligidan dalolat beradi. Matnda ekspressivlikni ifodalovchi leksik-frazeologik vositalar sifatida polisemantizm, trop, stilistika va frazeologiya kabi hodisalarni belgilash mumkin. Sanab o‘tilgan til hodisalari ekspressivlik hosil qilishda aktiv va sermahsul xisoblanadi. Ushbu vositalar OAV lari uchun ham katta ahamiyatga ega. Biz bugungi kun publitsistikasi ichki turlari (janrlari) doirasida emotsionallik turlicha darajada ekanligini kuzatdik. Albatta, biror axborot bilan tanishishdan avval uning sarlavhasiga e’tibor qaratiladi. Shuning uchun dastlab sarlavhalarni maqola matniga uyg‘unlashtirgan holda tahlil etamiz. Bir qarashda davlat nashrlaridan o‘rin olgan axboriy maqolalarda emotsionallik xususiyati unchalik ko‘zga tashlanmaydi. Biroq maqolaga o‘quvchi e’tiborini kuchliroq tortish uchun, emotsiyani kuchaytiruvchi vositalar (sinonim, omonim, kinoya, polisemiya, fraeologizm, tabu va boshqalar)dan foydalanish o‘rinlari ko‘p uchramoqda. Masalan, “Haqiqat egiladi, bukiladi, biroq sinmaydi” nomli maqola sarlavhasi maqol shaklida berilgan. Maqola ichida esa quyidagi jumlalarni uchratamiz. Masalan, “Mavjud ikki yuzga yaqin davlatlarning har birida “Davlat tili haqida”gi qonun yoki shunga o‘xshash huquqiy hujjat bormikan?! Bilimshimcha yo‘q! Bu kabi maxsus tuzuk odatda o‘zi ham tili ham rosa egilgan – toptalib, so‘ng siyosiy ro‘shnolikka chiqqan xalqlar davlatchiligiga tegishli”. (Xalq so‘zi,№228(7458)) Sarlavha maqol shaklida bo‘lib, maqolada qandaydir haqiqatni isbotlash yoki yoqlab chiqish maqsadi mavjud ekanligiga ishora qilgan. Publitsistik uslubga xos leksemalar (siyosiy va davlatchilik) ilmiylik kasb etib ular bo‘yoqdorlik xususiyatiga ega emas. Biroq matnni ta’sirchanligini undov gaplarning takror qo‘llanishi, sinonimlardan o‘rinli foydalanish, so‘zlashuv va badiiy uslubga xos so‘zlar ta’minlab bergan. Masalan, ...huquqiy hujjat bormikan?! , bilishimcha yoq!; qonun-tuzuk; ro‘shnolik, rosa kabi leksik birlik va ifodalar qo‘llangan. Bu yerda tuzuk so‘zi qonun leksemasi bilan bir sinonimik qatorda yotib, arxaik so‘z xisoblanadi. Biroq shuni ham aytib o‘tish joizki, tuzuk so‘zini tilshunoslik yoki tarix kabi fanlardan yiroq jamiyat vakillari sifat so‘z turkumi bo‘lgan yaxshi leksemasining so‘zlashuv uslubi doirasida qo‘llanuvchi shakli sifatida tushunishlari ham mumkin. “Hozirgi o‘zbek tilining faol so‘zlarining izohli lug‘ati”da bu leksema quyidagicha izohlangan: 1. Buzilgan yeri yo‘q ishlab turgan yoki ishlay oladigan, buzuq emas. 2. Kamchiligi yo‘q, durust, yaxshi. 3. Tasdiq, ma’qullashni bildiradi, yaxshi, xo‘p, mayli, ma’qul.37 Rosa so‘zi “nihoyatda, nihoyat darajada” degan ma’noni anglatib, ba’zi hollarda “miriqib, to‘yguncha” degan ma’nolarni ham anglatib keladi. Asosan og‘zaki so‘zlashuv nutqiga xos birlik bo‘lib, o‘zida sifatning ortirma daraja ma’nosini ham birgalikda olib yuradi. Ilmiy uslubga xos matnlarda juda shaklida qo‘llanadi. Publitsistik matnlar ham janr xususiyatidan kelib chiqib jumlani ilmiy uslubga xos shakllantirishni talab etadi. Lekin maqolani ta’sirchanligini ta’minlash uchun emotsional-ekspressivlikni hosil qiluvchi ayrim vositalardan foydalanish holatlari mavjud. Shuning uchun ham jurnalist yuqoridagi maqolada haddan ziyod ko‘plik belgisini va o‘z emotsiyasini shu so‘z bilan ifodalagan. Matbuot nashrlarida bosh maqolalar odatda jamiyat vakillarini qaror va farmoyishlar bilan tanishtirish maqsadida bosiladi. Bosh maqola matnlari qarorlarni aynan o‘zini ko‘rsatganligi uchun rasmiy va ilmiy uslub xususiyatlari uyg‘unlashib ketadi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, bu uslublar ta’sirchanlikdan yiroq bo‘ladi. Bosh maqolalar orqali jamiyat hayotining turli dolzarb sohalari, bu sohalardagi shu davrga xos muammolar, ularni hal etish yuzasidan belgilangan chora-tadbirlar, takliflar bilan tanishish, shu bilan birga ularda ko‘tarilgan mavzular tizimida davlatimiz yuritayotgan siyosatning asosiy yo‘nalishlari, asosiy g‘oyaviy konseptlari namoyon bo‘libgina qolmay, yozuvchining so‘z qo‘llash mahoratidan kelib chiqib, ayrim o‘rinlarda siyosiylik va ta’sirchanlik xususiyati uyg‘unlashishi mumkin. Shu bilan birga og‘zaki publitsistik uslub namunalarida ham publitsistik nutq ehtiros, jozibadorlik bilan uyg‘un holda olib borilmoqda. Masalan, istalgan davlat va nodavlat telekanallari yoki radio eshittirishlarini tinglasangiz bunga amin bo‘lasiz. Bu ham bugungi iqtisodiy va siyosiy vaziyatning publitsistikaga ta’siri ekanligini ko‘rsatmoqda. Chunki muhbir nutqi qanchalik ilmiylikdan yiroq, ta’sirchan so‘zlarga boy, xalqona tilda bo‘lsa, ko‘rsatuvning reytingi oshadi. Yaqin o‘n yillikdan beri ilmiy axborotlarning berish shakli va matni ham o‘zgarib bormoqda. Mustaqillikning darstabki davrlarida jamiyatdagi siyosiy va iqtisodiy yangiliklarnigina bayonidan iborat bo‘lgan dasturlarning tomoshabinlari nisbatan kam bo‘lgan. Endi esa yorug‘lik tezligida axborotlarni omma e’tiboriga teledasturlardan avval yetkazayotgan internetga tenglashish uchun, dasturlarda faqatgina axborot berishdan uzoqlashib, tomoshabinda emotsiya uyg‘otuvchi vositalar bilan birga senariylashtirilmoqda desak xato bo‘lmaydi. Masalan, Sevimli telekanalidagi “Yangiliklar” yoki “My5” telekanalidagi “Markaziy studiya”, “Omon-omon” kabilarni misol qilish mumkin. Bugungi kun publitsistikasining asosiy tarmog‘i bo‘lgan matbuot sahifalalaridagi publitsistik janr namunalarini emotsionallik jihatidan tahlil qilib chiqdik va bu ishimizni sarlavhalarga e’tibor qaratishdan boshladik. Matnlarda sintaktik sinonimiya, so‘roq, buyruq gaplarning ayrim ko‘rinishlari, undov gaplar, bir sostavli gaplarning ayrim shakllari(ayniqsa, uning egasiz bir sostavli gap deb nomlangan turlari), inkor va tasdiq formalarining aks ma’noda qo‘llanishi, gapning intensive tartibda tuzilishi, gapning qiyoslash asosida qurilishi va maxsus stilistik figuralar ekspressivlik ifodalashning sintaktik usulini tashkil etadi.38 Matbuot sahifalarida e’lon qilinayotgan maqolaning ommabopligini oshiruvchi bosh unsur, albatta, sarlavhadir. OAV lari matnini yoritishdan avval uning sarlavhasiga e’tibor bermaslikning imkoni yo‘q. “Sarlavha – maqola va materialning ichki mazmunidan kelib chiqib, unga qo‘yiladigan nom”. Haqiqatan ham, asar va maqolalarning nomi yoritilayotgan materialning mazmuni va mohiyati, xarakteri va xususiyati, predmeti va belgisi bilan uzviy bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun o‘quvchi diqqatiga havola qilinayotgan “avtorning birinchi so‘zi”-sarlavha juda puxta o‘ylanib, mohirlik, san’atkorlik bilan so‘z tanlashni talab etadi. Sarlavhaning badiiy asar va gazeta uchun muhimligini hisobga olib, uning asosan stilistik xususiyatlari va matn bilan uyg‘unligini tadqiq etishga e’tibor berildi. Gazeta sarlavhalarining turli xususiyatlarini o‘rganish sohasida I.Toshaliyev, N.Jumanazarov, N.Abdusamatov, M.Parpixo‘jayev, A.Boboyeva, A.Shomaqsudov, P.Rustamov, B.Yo‘ldoshev, B.Mirzayev, A.Abdusaidov kabi tilshunos olimlarimizning ilmiy maqolalarining o‘rni katta. Xususan, I.Toshaliyevning “Sarlavha stilistikasi” nomli o‘quv qo‘llanmasi mavjud. A.Abdusaidovning “Gazeta janrlari tili va uslubi” (2001), “Jurnalistning tildan foydalanish mahorati” (2004), “O‘zbek tilining ijtimoiy mohiyati” (2008) kabi monografiyalari, “Matbuot tili madaniyati”, “Gazeta tilida frazeologizmlar”, “Gazeta sarlavhasi”, “Gazeta leksik stilistikasi” kabi qo‘llanmalari yaratildi. A.Abdusaidovning “Gazeta janrlarining til xususiyatlari” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasida gazeta janrlarining turli jihatlari, jumladan, rukn va sarlavhalarning xususiyatlari, adabiy norma bilan bog‘liq masalalar yoritib berilgan. Sarlavhalarni emotsionallikni ta’minlovchi vositalar: so‘roq gaplar yoki ritorik so‘roq gaplar, frazeologizmlar, maqol va ko‘chimlar shaklida berish yoki ulardan foydalanish muhim ahamiyatga ega. Bilamizki, maqollar OAV da muhim o‘rin tutadi, jumladan, gazeta tilida muhim ta’sirchan vosita sifatida ishlatilayotganligi ma’lum. Gazetalarda maqol-sarlavhalarning qo‘llanishi, birinchidan, gazetxonning diqqatini tortishga va maqolani qiziqib o‘qishga undaydi, ikkinchidan, bir xillik, ya’ni til birliklarining takroriga yo‘l qo‘ymaslikka sabab bo‘ladi, uchinchidan, fikrning ixcham, aniq, mazmunli, ekspressiv-stilistik bo‘yoqdor bo‘lishiga xizmat qilsa, to‘rtinchidan, xalq og‘zaki ijodining nodir namunasi misolida nutqimizni boyitishga, ma’naviy tarbiya olishimizga yordam beradi. Maqollar sarlavha vazifasida ta’sirchanlikni ifodalashda muhim ahamiyatga egadir. Ayniqsa, maqol-sarlavhalarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. Chunonchi, uning vositasida salbiy illatlar tanqid qilinadi, namunali mehnat rag‘batlantiriladi, nasihat beriladi va ezgulikka chorlanadi. Shu bilan birga maqollarning matn ichida yoki sarlavha sifatida kelishi uning bir qadar tarbiyaviylik ahamiyatini ham oshiradi. Maqollarning gazeta sarlavhasi sifatida ishlatilishida o‘ziga xosliklar, badiiy asardagidan farqli jihatlar mavjud. Ular publitsistika janrlarida yozuvchi yoki jurnalist imkoniyatidan kelib chiqib aynan va turli o‘zgarishlar, qisqartirishlar bilan qo‘llaniladi. Bunday holatlarni quyidagicha guruhlab ko‘rsatish mumkin: 1) o‘zgarishsiz ishlatilgan maqollar; 2) birinchi qismi saqlangan maqollar; 3) ikkinchi qismi qoldirilgan maqollar; 4) bosh va oxirgi qismidan olingan so‘z yoki so‘z birikmasi ishtirokida hosil qilingan maqollar; 5) asosiy shakli saqlangan holda ayrim so‘zlari o‘zgartirilgan maqollar. Masalan, “Ahmoqqa ahmoq desa, arpa bo‘yi o‘sadi” maqoli o‘zgarishsiz qo‘llangan bo‘lib, sarlavhani o‘qigan o‘quvchi “ahmoq” deya kimni nazarda tutilayotganiga qiziqadi va maqolani to‘liq o‘qib chiqish xissi uyg‘onadi. Maqolada bugungi kundagi kayfiyat ulashish uchun yengil-yelpi video tarqatayotgan “Tik tok”erlar va ularning noto‘g‘ri harakatlatlarini yoqlayotgan kimsalar tilga olingan. “Xalqimizda: “Ustoz ko‘rmagan shogirt har maqomga yo‘rg‘alar”, degan maqol bor. Haqiqatan, ustoz shogirtlik an’anasi qadimdan bizda ardoqlanib kelingan”. (Hurriyat,№4(1220)) Ushbu maqola matnida ham o‘zbekona maqollarimizni to‘liq saqlangan varianti mavjud. “Saboq” rukni ostida “Birni ko‘rib fikr qil…” deya maqolni faqat birinchi qismini qo‘llash orqali esa matn mazmuniga bo‘lgan qiziqishni orttirishga erishilgan. Ba’zi o‘rinlarda davrlar osha sayqallanib kelayotgan maqollarimizni publitsistik materiallarda individual imkoniyat, ekspressivlikni oshirish, rasmiylikdan uzoqlashish uchun o‘zgartirib qo‘llash holatlariga ham ko‘zimiz tushdi. Masalan, “Asal olgani “Beruniy” metro bekatidagi “O‘zko‘rgazmasavdo” da bo‘lib o‘tayotgan asal bayramiga bordim. Asalchilar bilan gurung qildim. Ular qo‘ltig‘idan tarvuzi tushib ketgan odamday gapirishdi”. (Darakchi,№3(1130)) Maqollarning bugungi kun publitsistikasida aynan, o‘zgarishsiz, qisqartirilgan, o‘zgartirilgan shakllarda ishlatilishida o‘ziga xos e’tiborli jihatlar mavjud. Maqolni sarlavha sifatida aynan qo‘llash va matnda takrorlash yoki mazmunini materialga singdirish kabi holatlar maqoldagi fikrni gazetxonga to‘la yetkazishga xizmat qiladi. Qisqartirilgan maqollar esa sarlavha sifatida gazetada ixchamlik va ta’sirchanlikni ta’minlaydi. Ularning matn bilan uyg‘unlashib, maqol mazmunini to‘liq ifodalashi uslubiy maqsadni amalga oshrishga xizmat qiladi. Qisman o‘zgartirilgan yoki oddiy jumlaga mazmuni singdirilgan maqollar ham ekspressiv-stilistik qimmatga ega. Ular gazeta tilining jonliligini, ya’ni jonli so‘zlashuv nutqiga yaqinlashishini, tushunarli, sodda bo‘lishini ta’minlaydi. Gazetada maqol-sarlavhalarning qo‘llanishini o‘rganish jurnalist mahoratini tadqiq etishning ajralmas qismidir. Maqolning ekspressiv-stilistik maqsadda o‘rinli yoki noo‘rin qo‘llanishini baholash, imlo qoidalariga rioya etilishini yoritish jurnalist mahoratini oshirishga xizmat qiladi. Yoki so‘roq gaplarning sarlavha vazifasida ishlatilib, turli emosional-ekspressiv ottenkani ifodalashi ham diqqatni tortadi. Bugungi kunda sarlavhani maqol va iboralarni qisman o‘zgartirgan yoki so‘roq gap shaklida keltirilgan o‘rinlari ham juda ko‘p uchraydi. Masalan, “To‘qlikka sho‘xlikmi?” (aslida “To‘qlikka sho‘xlik” shaklida bo‘lib, -mi yuklamasini qo‘shilgan), “Bukrini to‘g‘rilamagan go‘r” (xalq orasida “Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi” shaklidagi maqol). (Mushtum,№2(1815))
Publitsistik matnlarda maqollar bilan bir qatorda faol qo‘llanayotgan vositalardan biri iboralardir. Ularning qo‘llanishi muallif uslubi bilan bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidlash joiz. Bunday birikmalar mazmunida voqealikka munosabat shakli bilan birga xalq madaniyati, tarixi, kundalik turmush tarzi hamda ananalariga xos jihatlar ham namoyon bo‘ladi. Gazeta matnlarida, televideniya, radio va ko‘chalardagi peshlavhalarda uchraydigan maqol va iboralar xalqimizga xos milliy mentalitet, axloqiy fazilatlar va dard-u tashvishlarimizni ifodalaydi. Masalan, “O‘zlari xon, ko‘lankasi maydonmi?” sarlavhali maqolamizda ba’zi hokimlarning o‘zboshimchaligi tanqid qilingan: “Andijon tuman hokimi bir yilning o‘zida qonunni mensimasdan 85 ta noqonuniy qaror qabul qilganini qanday tushunsa bo‘ladi? Bunda tanganing ikkinchi tomoniga qaraydigan bo‘lsak, ba’zi hokimlar chindan ham “o‘zlari xon ko‘lankalari maydon bo‘lib qolayotgani yaqqol ko‘zga tashlanadi”. (Hurriyat,№7(1223)) Matn sarlavhasida qo‘llangan ibora matn ichida ham takror qo‘llanilib, bayon etilayotgan fikrni to‘ldirgan. Yurtimiz tarixiga e’tibor bersak, ba’zi hududlarda boshqaruv xon qo‘l ostida bo‘lgan. Xonga berilgan boshqaruvchilik va yakkahokimlik xususiyatini xarakterida ko‘rsatayotgan shaxsga salbiy munosabatni bildirish uchun yuqoridagi kabi jumla qo‘llash boshlangan bo‘lib, salbiy bo‘yoqqa egaligi, xalqona mentalitetimizni ko‘rsatishi bilan publitsistik matnni ta’sirchanligini oshirgan. Yoki so‘roq gaplarning sarlavha vazifasida ishlatilib, turli emosional-ekspressiv ottenkani ifodalashi ham diqqatni tortadi. Bugungi kunda sarlavhani maqol va iboralarni qisman o‘zgartirgan yoki so‘roq gap shaklida keltirilgan o‘rinlari ham juda ko‘p uchraydi. Masalan, “To‘qlikka sho‘xlikmi?” (aslida “To‘qlikka sho‘xlik” shaklida bo‘lib, -mi yuklamasini qo‘shilgan), “Bukrini to‘g‘rilamagan go‘r”(xalq orasida “Bukrini go‘r to‘g‘rilaydi” shaklidagi maqol). (Mushtum,№2(1815)) Frazeologizmlar voqea-hodisa, belgilarning inson ongiga kuchli ta’sir qilishi shu kuchli ta’sir natijasini nutqda to‘laligicha ifodalash, umuman, fikrning ta’sirchanligiga erishish maqsadi zamirida yaratilgan til hodisasidir. Frazeologizmlar ekspressivlikni qay darajada lozim bo‘lsa, shu darajada ifodalash imkonini beradi.39 Publitsistik matnlarda uchraydigan iboralar xususida so‘z borar ekan, ularning qo‘llanishi muallif uslubi bilan bevosita bog‘liq ekanligini ta’kidlash joiz. Matn ifodaviyligini oshirishda qo‘llaniladigan ibora ko‘pincha ko‘chim va maqollar orqali ochib beriladi. Frazeologizmlar yaqqol ko‘zga tashlanib, matnning emotsionallik xususiyatini tubdan o‘zgartirmasa-da, matn mazmuniga qisman badiiylik va ta’sirchanlik bera oladi. Frazeologizmlar publitsistikaning deyarli har bir janrida uchraydi. Masalan, ocherklarning birida “Burxon aka, javobining oxirida o‘sha qissa 1852-yil ilk bor “Современник” jurnalida chop etilgani va shu munosabat bilan adibning Nekrasovga yozgan maktubi mazmunigacha aytib berganida uning tan berishdan o‘zga chorasi qolmadi…”, “E’tirof” rukni ostida berilgan maqolada“Meni hayratga solgan narsa-hali tun poyoniga yetmay, gazeta sotuvchi yigitchalar bu voqea tafsilotlari batafsil yozilgan gazetalarni qichqirib-qichqirib tarqata boshlashdi. Muharrir sifatida “qanday ulgurishdi ekan-a?” deb yoqamni ushlab qolganman o‘shanda”. (Hurriyat,№6(1222)) Ushbu o‘rinda “tan berdi” – e’tirof qilishga majbur bo‘lmoq, rozi bo‘lmoq degan ma’noni bergan bo‘lsa, “hayratga solmoq”-nihoyatda ajablanmoq; “yoqasini ushlamoq”-ishonmasdan, tushunib yetmasdan ajablanish qirrasi mavjud.40 Bir maqolaning ichida ma’nosi yaqin iboralar qo‘llanganga o‘xshaydi, lekin ikkinchi frazeologik birligimiz umumnutqqa xosligi bilan maqola matnini soddalashtirgan. Ba’zi matbuot nashrlarida sarlavhada qo‘llangan frazeologik birliklar matn ichida qo‘llanilib, maqola mazmunini to‘ldirib, o‘z izohi bilan ham qayta qo‘llangan o‘rinlar uchraydi. Sarlavhada ekspressivlikni ta’minlagan iboraning maqola matnida ham qo‘llanishi jurnalistning ko‘zlagan maqsadiga tezroq yetkazishiga imkon beradi. Masalan, “Ma’naviyatdan yuz o‘girasizmi?” sarlavhali muammoli maqolamizda qo‘llangan “yuz o‘girmoq” iborasi matn ichida ham qo‘llangan. “Gazetadan yuz o‘girish-ma’naviyatdan yuz o‘girish emasmi?! Matbuotdan yuz o‘girish-atrofda ro‘y berayotgan hayotdan nari ketish emasmi?!” (Hurriyat,№5(1221)) Jurnalist muammoli maqolaning ta’sirchanligini ta’minlashda ushbu frazeologik birlikni o‘z izohi bilan ritorik so‘roq gap tarkibida qo‘llaganligi emotsional ekspressivlikni ta’minlovchi ikki unsurning uyg‘unlashuviga olib kelgan. “yuz o‘girmoq” 1. Boshini burib qaramoq; 2. Qaramaslik uchun boshini boshqa tomonga burmoq; 3. Aloqani uzmoq, muomalada bo‘lishni istamaslik kabi ma’nolarga ega.41 Maqola uchun bu birlikni aloqani uzish semasi qo‘llanilgan. Frazeologizmlarda mavjud bo‘lgan gradatsiya hodisasi, ayniqsa, ekspressivlikni qay darajada lozim bo‘lsa, shu darajada ifodalash imkonini beradi. Fonetik yoki grammatik vositalar gradatsiyani yuzaga kelishiga yordam beradi. Ular ixcham, mazmunli, ko‘zga tez tashlanib, kuchli ta’sir qiladigan til vositasi sifatida gazetxon uchun tushunarli va o‘qimishlidir. Kam qo‘llanuvchan iboralarni sarlavha sifatida ishlatish gazetxon diqqatini tortishga, materialga e’tiborni qaratishga sabab bo‘ladi. Yuqoridagilar kabi sermazmun, ixcham frazeologizmlar sarlavha vazifasida ko‘plab ishlatilgan. Lekin ular orasida materiallarda tez-tez qo‘llanaverib, standartlar qatoridan o‘rin olgan va ma’lum darajada ekspressivligini yo‘qotgan iboralar ham sarlavha vazifasida uchraydi. Ana shunday frazeologizmlar sifatida bir yoqadan bosh chiqarib, bir tan-u, bir jon bo‘lib, ko‘zdan kechirmoq, avj oldi, yordam qo‘lini cho‘zmoq kabilarni ko‘rsatish mumkin. Masalan, “Ushbu mamlakatlar pandemiya paytida bir-birigalariga yordam qo‘lini cho‘zdi”. (Xalq so‘zi,№64(7844)) Shu tariqa ular gazetada qo‘llanayotgan boshqa nutq vositalari bilan uyg‘unlashib, kontekstga singib ketadi va ifodalanayotgan voqelikning muhim xususiyatini bo‘rttirib, fikrni alohida uqtirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham ular gazetaning o‘z o‘quvchilari bilan yanada yaqinlashishiga hissa qo‘shadi. Publitsistika huddi adabiyot kabi so‘zni asosiy vositaga aylantirgan. Jumlalarni ta’sirli tuza olish, til imkoniyatlaridan o‘rinli foydalana bilish publitsistik materialni ahamiyatlilik darajasini belgilab beradi. Shu bilan birga ekspressivlik ifodalash nuqtai nazaridan yondoshilganda boshqa sohalarga nisbatan sintaksisning imkoniyatlari juda katta. Chunki har qanday til birligi sintaktik konstruksiyalarda “jonga kiradi”. Sintaktik usulda ekspressivlik ifodalanishiga doir bir qator masalalar tilshunos olim Adham Abdullayevning “O‘zbek tilida ekspressivlik ifodalashining sintaktik usuli” nomli kitobida ham yoritilgan. Shu bilan birga R.Qo‘ng‘urov, E.Begmatov va Y.Tojiyevlarning “Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari” nomli kitoblarida ham so‘roq va buyruq gaplarning publitsistik matnlardagi anglatgan qo‘shimcha ma’nolari haqida fikr yuritilgan. Ushbu manbaalarga tayangan holda publitsistik janrlarimiz namunalarini emotsionallik tomonlarini tahlil qilamiz. Publitsistik matnlarda so‘roq gaplardan juda ko‘p foydalaniladi. Emotsionallikni oshirish uchun, jurnalist yoki qahramonning o‘ta hayajoni va ruhiy holatini ifodalash uchun kantekstda bir o‘rinda bir necha so‘roq gaplarni ketma-ket qo‘llash o‘rinlari mavjud. Publitsist bir o‘rinda bir necha bor so‘roq gaplardan foydalanish orqali o‘quvchi e’tiborini tortibgina qolmay, uning salbiy yoki ijobiy munosabatini uyg‘otish hamda voqealikni haqqoniyligini ta’minlasha erishadi. Masalan, ocherklardan birida quyidagi jumlalar uchraydi: “Faqat farzandlarimga achinardim. Nega men qilgan xato uchun ular azoblanishi kerak? Nega mening qilmishlarim uchun bolalarim ona mehridan bebahra voyaga yetishlari kerak?” (Darakchi,6(1133)) Publitsistik matnlarda qo‘llanayotgan undov gaplar kishilarni kelajak sari undash, yangiliklar yaratish, jamiyatni yanada rivojlantirish va mehnatkashlarimizni yangi mehnat zafarlariga erishishlariga undaydi.42 Xalqimizga qaratilgan da’vat va murojaatlar asosan undov gap shaklida bo‘ladi. Publitsistikada qo‘llangan undov gaplar o‘ziga qo‘shimcha publitsistik kuchni ham oladi. Masalan, so‘zlashuv uslubidagi “Qanday maroqli hordiq olyapmiz-a!” gapi bilan gazetadan olingan “Tagi teshilgan kemaning butun tomoniga o‘tib, men tomonga suv chiqmayapti, bu masalaning menga aloqasi yo‘q deya kema cho‘kishini kuzatib turishga hech birimizning haqqimiz yo‘q!” yoki “Yoshlarimizni ma’naviyatdan uzoqlashishi kitob o‘qimasligi, o‘n bir yil davomida gazeta-jurnal ushlamasligining natijasi ham emasmikin bu!” gaplari bilan taqqoslaydigan bo‘lsak yuqoridagi fikrni to‘g‘ri ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Bu kabi ekrpressiv sintaktik vositalardan foydalanish, ayniqsa, murojaat va chaqiriqlarda journalist huddi ommaga qarata nutq so‘zlayotgan notiqqa o‘xshaydi. Boshqa uslublardan farqli o‘laroq publitsistik uslub matnlarida sintaktik jihatdan to‘liq tarkibli gaplar qo‘llanadi. Chunki biror bo‘lakni o‘z o‘rnida ishlatmaslik uslubiy xatoga olib keladi.43 Publitsistikaning vazifasi esa jamiyatdagi ayni paytda mavjud yutuq va kamchiliklarni, qaror, farmonlar hamda ularning ijrosi bilan bog‘liq barcha holatlarni omma e’tiboriga boricha namoyish etishdan iborat. Shuning uchun ham publitsistik matnlarda to‘liq tarkibli sodda va qo‘shma gaplardan ko‘p foydalaniladi. To‘g‘ri, badiiy-publitsistik uslub namunalari bu qolipdan biroz chetga chiqadi, chunki bu tarmoqda axborot bilan birga ta’sirchanlik ham bosh maqsad qilib qo‘yiladi. Shu bilan birga so‘zlardagi turli xil ma’no ko‘chish holatlari ham emotsionallikni ta’minlovchi bosh vositalardir. Nutqimizda eng keng tarqalgan ma’no ko‘chish usuli metaforadir. Metafora (yunoncha-ko‘chirish) bir predmet nomining boshqa predmet nomiga o‘xshashlik asosida ko‘chishidir. Metaforalar matbuot nashrlarimiz, televideniya va radio boshlovchilarimiz nutqini bezovchi faol vosita xisoblanadi. “Muvaffaqiyat bir zumda kelmaydi”, “Bu mening nazarimda nozik masala”, “Siz O‘zbek Milliy akademik drama teatrida faoliyat yuritasiz, shirali ovozingiz bor…”, “Teatr sahnasi tabarruk dargoh”, “Ko‘ngillilikning yana bir yangi, tor, hali ham butunlay “yashil” yo‘nalishi bu ommaviy axborot vositalarining ko‘ngilliligidir”, “…ularda o‘sha daxshatlarning izi qolganday edi”, kabi jumlalarni uchratamiz. Publitsistik janrlarda ma’lumotni berish jarayonida faqqatgina axborotga ilmiy yondoshibgina qolmay metaforadan o‘rinli foydalanish maqolani yoki muhbir nutqini ta’sirchan, jozibali qiladi. Jurnalistning badiiy-estetik qobilyatini namoyon etadi. Metaforalar frazeologik birliklar kabi har bir janr namunasida uchraydi. Biz yuqorida keltirgan misollar esa, intervyu janriga oid. Metaforalarga juda yaqin bir vosita “O‘xshatishlar” bo‘lib, ular yordamida shaxs, predmet bir biriga o‘xshatiladi, qiyos qilinadi. -day; -dek; go‘yo, yanglig‘, singari, xuddi kabi o‘xshatish vositalaridan ham foydalaniladi. “Ilm va ma’rifatsiz odam yo‘lini yo‘qotishi, orzularini ro‘yobga chiqarishiga aqli hamda tajribasi yetishmasligini Behbudiy, Ibrat, Fitrat, Avloniy, singari jadid bobolarimiz erta anglashgan, ahvolni o‘nglashga urinishgan va afsuski, qattol tuzum ularni mukofotlash o‘rniga jazolagan edi” (Xalq so‘zi,№50(7830)1) Ushbu jumla muammoli maqola matnidan olingan bo‘lib, birgina jumla ichida metafora namunalari (mukofotlash, jazolagan) bilan birga o‘xshatish (singari) vositalari qo‘llanilib, maqolaning ekspressivligini oshirishga xizmat qilgan. Yoki o‘xshatishning boshqa bir shaklda berilgan holatlari ham siyosiy nashrlarda juda ko‘p o‘rinlarda uchraydi: “Turkiya “xalqimizning tashabbuskorlik ruhi” va “vijdoniy qadriyat” tushunchalarini asos qilib olgan holda tamoyillar to‘plami sifatida ishlab chiqqan “Tashabbuskor va insonparvar tashqi siyosat” konsepsiyasiga o‘xshash tarzda O‘zbekiston ham tashqi siyosatining markazida turuvchi insonparvarlik tendensiyalari bilan xalqaro munosabatlar sohasida o‘ziga xos yondashuvlarni kun tartibiga qo‘ymoqda”. (Xalq so‘zi,№49(7829)) Matnda publitsistik bayonchilikni emotsional-ekspressiv vositalar(metafora va o‘xshatish) bilan uyg‘un ekanligini ko‘rmoqdamiz. Publitsistikada qolip shakliga kelgan ishlab chiqmoq, tashqi siyosat, xalqaro munosabatlar,insonparvarlik tendensiyasi, strategik sherik, mintaqaviy tashabbus, amalga oshirmoq kabi jumlalarning jo‘ngina qo‘llashdan ko‘ra ta’sirchan jumlalar bilan uyg‘unlikda ma’lumotni berish o‘quvchilarda taassurotni tez uyg‘ota oladi. Publitsistikada axborotni lo‘nda fikrlar bilan avditoriyaga tez yetkazish maqsadi ham mavjud bo‘lib, ko‘p o‘rinlarda metonimiya hodisasini ham uchratamiz. Masalan, maqola boshida “Omomat dunyo” spektakili deya qo‘llangan jumla keyingi o‘rinlarda “…jimib ketgan sahna asarlariga qiyos qilganda “Omonat dunyo” tag‘in ham uzoq umr ko‘rdi; “Omonat dunyoga” boshqacha nazar bilan qarar edi” shaklida qo‘llanganligiga guvoh bo‘lamiz. (Hurriyat,№10(1226)) Bunday shaklda qo‘llanish o‘rni juda ko‘p uchraydi: “Hurriyat”da “Qum va toshdan iborat ko‘mirlar maktablarni isitadimi?” sarlavhali tanqidiy maqola o‘tgan yilning oxirida e’lon qilingan”; “Ipak yo‘lining ahamiyati pasaydi. U batamom yo‘q bo‘lib ham ketdi. Xalqimiz ana o‘sha Buyuk Ipak yo‘li bizni tark etganidan bu yog‘iga jahon taraqqiyotidan uzilib qola boshladi. Dunyo bizni tashlab qo‘ydi”, ““Ishonch”ning nishona sonini chiqarishda belini mahkam bog’lab mehnat qilgan haqiqiy jonkuyarlarimizning muborak ismlarini aytib o‘tish eng savobli ishlardan biri deb o‘ylayman va bajonidil shu ishni bajaraman”. (Ishonch,№35-40(4480))
Bugungi kun matbuotimiz, televideniya va radio materiallarimizni ta’sirchanligini ta’minlayotgan vositalardan biri kinoyadir. Kinoya arabcha so‘z bo‘lib “bir narsa demoq, boshqa narsa tushunmoq” ma’nosini annglatadi. Kinoya usuli og‘zaki nutqda maxsus intonatsiya (ohang) orqali yozma nutqda qo‘shtirnoqqa olish orqali ifoda etiladi. Masalan, ““Qadrdon go‘shaga” men bordim. Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosishim bilan qarshimda bir juft cho‘qqaygan ko‘z odamni ruhan toliqtiradigan qop-qora, beo‘xshov turq namoyon bo‘ldi”. (Ishonch,№35-40(4480)) Bunday vositalar juda ham ko‘p o‘rinlarda uchraydi, biroq ulardan me’yordan ortiq foydalanish meyorning buzilishiga olib keladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |