Kirish
Mavzuning dolzarbligi. Bugungi kun O‘zbek tilshunosligida bo‘layotgan o‘zgarishlar ushbu sohani keng taraqqiy etishiga turtki bo‘lmoqda. Ijtimoiy, san’at va fan sohasidagi yangiliklar publitsistikaning leksik qatlami va uslubiyatiga jiddiy ta’sir qilmoqda. Radio, televideniya, gazeta va jurnallar faoliyatini kuzatish davomida ularning uslubiyati avvalgi davr publitsistikasiga nisbatan o‘zgarganiga guvoh bo‘ldik. Ijtimoiy-siyosiy bilimlarni targʻib qiluvchi va keng xalq ommasiga yetkazuvchi vosita sifatida bu uslub tilining rang-barangligi bilan kishilar ongiga koʻproq taʼsir etadi. Bugungi davrdagi yangi paydo bo‘lgan so‘zlar(neologizmlar:TV-SHOP, MARKETING, ANONS, PORTAL va h.k), yangicha ibora(iste’mol savatchasi) va terminlar, shior(“Salomatlik sari 500 qadam”)lar publitsistik uslubning leksik taraqqiyotini ta’minlamoqda. Publitsistik uslubning yana bir xususiyati shundaki, unda qisqalik asosiy oʻrinni egallaydi, yaʼni qisqa, loʻnda, tushunarli, yorqin, ixcham tilda yozish asosiy talablardan hisoblanadi. Publitsistik uslubda til vositalaridan foydalanishda muallifning individual uslubi deyarli ajralib yoki sezilib turadi. Ayniqsa, bu holat ocherk, felyeton, badiiy publitsistik nashrlarda tez koʻzga tashlanadi. Shundan kelib chiqib publitsistik uslub janrlarining bugungi kundagi lisoniy takomilini ta’minlagan vositalarni o‘rganish, shu bilan birga axborotlarni ommaga yetkazish shakliga o‘zgacha yondoshish bilan birga, “reytingbozlik” uchun teledasturlar, radioeshittirish, matbuot sahifalarida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, siyosiy chiqishlar va majlislardagi nutqlarni, publitsistikani boshqa uslublardan farqli va o‘xshash tomonlarini, bugungi kun publitsistikasining leksik xususiyatini tilshunoslik nuqtai nazaridan chuqur o‘rganib chiqish va tahlil qilish ilmiy ishimizning dolzarbligini tashkil etadi.
Mavzuni o‘rganilganlik darajasi. Mazkur magistrlik dissertatsiyasi hozirga qadar ushbu mavzuda olib borilgan ilmiy ishlar hamda tilshunos olimlarimiz tomonidan yaratilgan kitoblarga tayangan holda yozildi. Uslub va uslubiyat mavzusida E.Qilichevning o‘quv qo‘llanmasi bo‘lib, unda mashqlarga keng o‘rin berilish asnosida aynan publitsistik uslub xususiyatlari ham yoritib o‘tilgan. S.Sultonsaidova va O‘.Sharipova hamkorlikda yaratgan o‘quv qo‘llanmalarida esa publitsistik uslubning fonetik, leksik va grammatik xususiyatlari ochib berilgan. A.Shomaqsudov, I.Rasulov, R.Qo‘ng‘urov, X.Rustamov birgalikda yaratgan o‘quv qo‘llanmasida ham til va nutq birliklarining uslubiyatlarini yoritish asnosida ma’lum bir tushunchalar va ularning isboti turli misollar bilan tushuntirib o‘tilgan. O.Tog‘ayevning publitsistika janrlariga doir qator kitoblari e’lon qilingan. Yana bir tilshunos olimlarimizdan biri A.Abduazizov publitsistikani gazeta janrlari misolida o‘rganib chiqqan bo‘lsa, A.Boboyeva esa gazeta tili borasida ilmiy izlanishlar olib borgan. M.Xudoyqulovning “O‘zbek xajviy publitsistikasi” nomli o‘quv qo‘llanmasi mavjud. A.Abdusaidovning “Gazeta janrlarining til xususiyatlari” mavzusidagi avtoreferatini ko‘rib chiqdik. Ushbu ilmiy ishimizni yozish davomida yuqoridagi manbaalarga tayanib, publitsistik uslubning mustaqillikdan keyingi lisoniy taraqqiyoti masalalariga to‘xtaldik.
Do'stlaringiz bilan baham: |