Tafakkur-bu predmet va hodisalarning umumiy xususiyatlarini aks ettirish, ular o‘rtasidagi qonuniy
aloqalar hamda munosabatlarni topish jarayonidir. Boshqacha qilib aytganda, tafakkur-bu borliqni umumlashtirilgan
holda va bevosita aks ettirishdir. Tafakkur-inson aqliy faoliyatining yuksak shaklidir. Istalgan ixtiyoriy faoliyat, u
xoh o‘quv, xoh ishlab chiqarish faoliyati bo‘lsin, uning natijalarini oldindan ko‘rishni albatta talab qiladi. Biroq
oldindan ko‘rish uchun dalillarni umumlashtirish va shu umumlashmalar asosida xuddi shunga o‘xshash boshqa
dalillarga ham tadbiq etish mumkin bo‘lgan xulosalar chiqarish kerak bo‘ladi. Bu ikkiyoqlama yondashish yakkadan
umumiyga, umumiydan yakkaga-tafakkur orqali amalga oshiriladi. Voqelik tafakkurda idrok va tasavvurlardagiga
qaraganda chuqurroq va to‘laroq aks etadi. Narsa vahodisalar o‘rtasidagi eng muhim bog‘lanishlar va munosabatlar
tafakkur yordami bilan ochiladi. Binobarin, tafakkur insonning shunday aqliy faoliyatidirki, bu faoliyat voqelikni
eng aniq (to‘g‘ri), to‘liq, chuqur va umumlashtirib aks ettirishga (bilishga), insonning tag‘in ham oqilona amaliy
faoliyat bilan shug‘ullanishiga imkon beradi.
Bilish faoliya sezish va idrok qilishdan boshlanadi va keyin tafakkurga o‘tib ketishi mumkin. Biroq
istagan tafakkur, hatto eng rivojlangan tafakkur ham hamisha hissiy bilish bilan, ya‘ni sezgi, idrok va tasavvurlar
bilan bog‘langan bo‘ladi. Tafakkur faoliyati o‘zining butun «materialini» faqat bitta manbadan, ya‘ni hissiy
bilishdan oladi. Tafakkur sezgilar va idrok qilish jarayonlari orqali tashqi olam bilan bevosita bog‘lanadi hamda shu
tariqa olamni aks ettiradi. Bu aks ettirishning to‘g‘riligi (adekvatligi) amaliy faoliyat orqli tabiat va jamiyatni amaliy
o‘zgartirish jarayonida uzluksiz tekshirilib turiladi.
Bosh miya po‘stining biron bir sohasi emas, balki bosh miyaning butun po‘sti bajarayotgan faoliyat
tafakkurning nerv-fiziologik negizidir. Analizatorlarning miyaga borib tutashgan uchlari o‘rtasida vujudga keladigan
murakkab va muvaqqat bog‘lanishlar tafakkur qilish uchun birinchi galda ahamiyatga ega. Tafakkurni yo‘naltirib
turadigan asosiy nerv-fiziologik negiz shunday yo‘l ko‘rsatib turuvchi refleksdirki, bu refleks tafakkur qilish
jarayonlarida katta rol o‘ynaydi. Tafakkur qilish jarayoni biror psixik elementlarning shunchaki bir-biri bilan
almashinishi tarzida voqe bo‘lmasdan, balki alohida aqliy operasiyalar-biz idrok qilayotgan yoki tasavvur qilayotgan
narsalar ustida, umumiylashgan va amalda tushunchalarga ega bo‘lgan ob‘yektlar ustida aqliy harakatlar qilish
tarzida voqe bo‘ladi.
Taqqoslash, analish va sintez, abstraksiya va umumiylashtirish, konkretlashtirish, klassifikasiya (tasnif)
va sistema (tizim)ga solish aqliy operasiyalarning asosiy turlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |