Baliqni identifikatsiyalash. Baliq – bu ovlanadigan yegulik baliq oilalarining ayrim vakillarini ovlash yoʻli bilan olingan, realizatsiya qilish uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtgan mahsulotdir.
Hammadan koʻp tarqalgan ovlanadigan yegulik baliq oilalari quyidagilardir: osyotr, losos, seld, karp (zogʻorabaliq), treska va baʼzi boshqa baliqlar.
Osyotrlar oilasining vakillari quyidagi identifikatsiya belgilariga ega:
1) tanasi choʻzinchoq-urchuqsimon;
2) tanasi boʻylab besh qator suyak plastinasi (qoʻngʻizchalar) oʻtadi: bittasi belida, ikkitasi yon tomonda va ikkitasi qorinda;
3) boshi choʻzinchoq, katta, tepa tomondan suyak qalqonchalar bilan qoplangan;
4) tumshugʻi choʻzinchoq, ogʻzi pastda, yuqori labida toʻrtta moʻylabchasi bor;
5) belidagi suzgichi bitta boʻlib, dum qismiga yaqinroq joylashgan;
6) dumidagi suzgich notekis taqsimlangan – yuqori qismi ancha katta boʻlib, tananing davomidir.
Seldlar oilasining vakillari quyidagi identifikatsiya belgilariga ega:
1) tanasi urchuqsimon, choʻzinchoq, yon tomondan siqilgan, bir oz tushib turadigan tangachalar bilan qoplangan;
2) tanasida yon chizigʻi yoʻq, baʼzi turlarida yon chiziq oʻrniga qora nuqtalardan iborat chiziq oʻtadi;
3) boshi oʻrtacha;
4) ogʻzi tananing uchida yoki yuqorisida joylashgan, pastki jagʻi yuqori jagʻiga qaraganda uzunroq boʻlib, juda ham oldinga chiqib turadi;
5) belidagi suzgichi bitta boʻlib, tanasining oʻrtasida joylashgan;
6) dumidagi suzgich teng ikkiga ajralgan, oʻyimi chuqur;
7) koʻkrak suzgichlari bosh yaqiniga joylashgan, qorin suzgichlari bilan orqa teshigi oʻrtasida kil (киль) (koʻkrak suyagi) (oʻtkir tikanli kil koʻrinishida qoʻshilib ketgan tangachalar) boʻladi, janubiy seldlarda (Azov-Qora dengiz seldi, chernospinka, Kaspiy seldi, Dunay seldi) kil juda oʻtkir boʻladi, hatto qoʻlni kesib olish mumkin, shimol va Uzoq Sharq seldlarida — ancha yumshoq boʻladi.
Karplar oilasining vakillari quyidagi identifikatsiya belgilariga ega:
1) tanasi yapaloq, choʻzinchoq-uzaygan, silliq tangachalar bilan qoplangan;
2) yon chizigʻi tanasi boʻylab oʻtadi, toʻgʻri yoki past tomonda bukilgan boʻladi;
3) boshi oʻrtacha;
4) ogʻzi tananing uchida, ayrim vakillarida ogʻiz chetlarida ikkita moʻylabcha bor;
5) belidagi suzgich bitta, tananing oʻrtasida joylashgan, kalta yoki uzun boʻladi;
6) dumidagi suzgichi oʻyimli, koʻpgina vakillarida oxiri dumaloq boʻladi;
7) koʻkrak suzgichlari bosh tomonda, yon suzgichlari esa – belidagi suzgich boshlangan joyning qarshisida yoki hatto yaqinroq joylashgan boʻladi.
Treska baliqlari oilasining vakillari quyidagi identifikatsiya belgilariga ega:
1)treska baliqlarining tanasi choʻzinchoq, sikloida koʻrinishidagi mayda tangachalar bilan qoplangan boʻladi;
2) yon chizigʻi bor, lekin oshqozon-ichak trakti yaqinida yuqori tomonga burilgan boʻladi;
3) boshi katta;
4) ogʻzi tananing uchida, koʻpgina vakillarining pastki labi dahanida moʻylabcha boʻladi;
5) belida uchta suzgich yoki bir-biriga qoʻshilib ketgan bitta katta suzgich boʻladi;
6) dumidagi suzgichi bilinar-bilinmas oʻyimli, uning oʻzagi xanjar koʻrinishida boʻladi;
7) koʻkrak suzgichlari boshning asosiy qismi oʻrtasidan sal pastroqda joylashgan, qorin suzgichlari esa qorin tagida yoki hatto boshga yaqin joylashgan boʻladi;
8) orqa teshik suzgichi ikkita yoki ikkitasi qoʻshilib bittaga aylangan boʻladi.
Realizatsiya qilishga tayyorlash turiga qarab baliq tirik, sovitilgan, muzlatilgan baliqqa boʻlinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |