§. Scopus va Web of Science bazalari nima?
Hozirgi vaqtda olimlar va butun ilmiy jamoa faoliyatining samaradorligini baholash uchun ko‘pincha impakt-faktor hamda boshqa har xil indekslar qo‘llanilmoqda. Ularning ko‘pchiligi ilmiy ishlarga iqtibos (sitata) keltirish ko‘rsatkichlarini hisoblashga asoslangan. Xususan, yirik bibliografik ma’lumotlar bazalari ilmiy nashrlar (maqola, kitob va b.)ga indeks belgilaydi va ushbu ishlarga keltirilgan iqtiboslarni hisoblaydi.
Bunday ko‘rsatkichlar bazasini shakllantiradigan va ko‘pchilik ilmiy-pedagog xodimlarga ma’lum bo‘lgan Scopus va Web of Science bazalariga batafsilroq to‘xtalamiz.
Scopus - bu dunyodagi eng yirik bibliografik ma’lumotlar bazasi bo‘lib, ilmiy nashrlarda chop etilgan maqolalarga keltirilgan iqtiboslarni nazorat qilib boradi. Scopus hozirgi kunda 500 ta nashriyot tomonidan har xil sohalar bo‘yicha chop etilayotgan 21 000 tacha ilmiy nashrlarga indekslar belgilaydi. Ushbu bazada saqlanayotgan materiallar orasida nafaqat ilmiy jurnallar, balki konferensiya materiallari to‘plamlari va turkum kitoblar ham mavjud. Scopusning egasi Elsevier korporatsiyasi hisoblanadi. Ma’lumotlar bazasidan foydalanuvchilar veb-interfeys orqali kirishlari mumkin. Buning uchun oldindan obuna to‘lovini amalga oshirish zarur.
Scopus har xil fanlar bo‘yicha jurnallar va referatlarni o‘z ichiga oladigan referativ baza sifatida ham butun dunyoga ma’lumdir. Referatlar soni 28 milliondan oshiq bo‘lib, 15 mingta ilmiy jurnalda chop etilgan maqolalarni tashkil etadi. Shundan 52 foizdan oshig‘i Yevropa jurnallariga to‘g‘ri keladi va ular 4 mingta nashriyotda chop etilgan. Ingliz tilida nashr etilgan Rossiya jurnallarida 345 tadan oshiq referatlar mavjud. O‘zbekiston bo‘yicha bu to‘g‘rida hozircha rasmiy ma’lumotlar mavjud emas.
Elsevier korporatsiyasi tomonidan Scopus oldiga yaqin kelajakda ilmiy axborotlarni izlash uchun eng to‘laqonli resurs bazasi darajasiga chiqish vazifasi qo‘yilgan. Hozirgi vaqtda barcha nashrlarning 85 % dan ortig‘i elektron shaklda kelib tushmoqda yoki nashriyot veb-saytidan olinmoqda. Scopusning ma’lumotlar bazasi nafaqat ingliz tilidagi, balki dunyoning boshqa tillaridagi nashrlarga ham indeks belgilaydi. Bunda maqolaga ingliz tilida annotatsiya yozilishi talab etiladi. Agar jurnalda chop etilgan maqola Scopusning dolzarb maqolalar ro‘yxatiga kirgan, lekin indeks berilmagan bo‘lsa, bunga ikkita holat sabab bo‘lishi mumkin: 1.Mualliflar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar berilgan bo‘lishi mumkin; 2. Bibliografik ro‘yxat noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan yoki iqtibos keltirish qoidalari buzilgan bo‘lishi mumkin.
1996-yildan keyin chop etilgan barcha maqolalar bilan birgalikda chop etilgan bibliografik ro‘yxat bilan indeks belgilanadi. Iqtiboslar keltirilishini hisoblash ushbu ro‘yxatlarni tahlil qilish asosida avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Muallif haqidagi ma’lumotlarga alohida e’tibor berish lozim. Bunda muallifning ismi, uning so‘nggi ish joyi bilan birga barcha ishlagan joylari, chop etilgan ilmiy ishlari yillar kesimida, ilmiy faoliyat sohasi, mualliflarga qilgan havolalari, Xirsh indeksi, iqtiboslarning umumiy soni ko‘rsatiladi.
Shuningdek, ushbu bazada eng bo‘lmaganda bitta maqolasi Scopusda chop etilgan xodim ishxonasining ma’lumotlari ham keltiriladi. Jumladan, unda quyidagilar keltiriladi:
muassasaning manzili va uning muallif-xodimlarining soni;
ular tomonidan chop etilgan ishlar soni;
ilmiy maqolalar chop etilgan nashriyotlar ro‘yxati va ularning mavzular bo‘yicha taqsimoti.
Scopus boshqa ma’lumot bazalariga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega:
bitta platformadan mavzu bo‘yicha samarali izlash imkoniyatlari;
bitta kirishdan tadqiqot mavzusiga doir barcha ilmiy ishlanmalarni ko‘rish imkoniyatining mavjudligi;
ilmiy-tadqiqotlarning mazkur sohasida ilmiy ishlari chop etilgan barcha mualliflar bo‘yicha ma’lumotlarni olish imkoniyatining mavjudligi;
mazkur sohada tadqiqotlar olib borayotgan tashkilotlar bo‘yicha barcha ma’lumotlarni olish imkoniyatlari;
izlanuvchilarni qiziqtiradigan barcha ilmiy jurnallar bo‘yicha ma’lumotlar olish.
Web of Science (qisqartmasi WoS, oldin ISI Web of Knowledge deb nomlangan) - qidiruv platformasi bo‘lib, davriy ilmiy nashrlarda chop etilgan maqolalar va patentlarning, nashrlarga o‘zaro iqtibos keltirish bo‘yicha bazani ham qo‘shgan holda, referativ bazasini jamlaydi. Ushbu iqtibos keltirish indeksi Thomson Reuters Mediakompaniyasi tomonidan 2008-yil aprelidan ishlab chiqilmoqda.
WoS quyidagi nashrlar bo‘yicha indeks belgilab, barcha bilim sohalari bo‘yicha axborot taqdim etadi:
12 000 dan ortiq jurnallar;
120 000 ta turli konferensiyalar materiallari;
4 400 dan ortiq saytlar.
Butun dunyoda ilmiy-tadqiqotlar samaradorligini baholash bo‘yicha deyarli barcha masalalar WoS ma’lumotlari asosida amalga oshirilmoqda. Scopusning ma’lumotlar bazasi WoSning bazasiga qaraganda tez o‘sayotgan bo‘lishiga qaramasdan, WoS o‘z arxivining hajmi va teranligi, jurnallarni puxta tanlashi va buning oqibatida, jurnallar indeksining yuqoriligi bilan ajralib turadi.
WoS muallif(lar) to‘g‘risidagi ma’lumotlar, hujjat nomi va manbasi, mualliflar referatlari va boshqalar kabi bibliografik mazmundagi barcha zarur elementlarga ega. Shunday qilib, WoSning ma’lumotlar bazasidan kim, qachon va qaerda mazkur muallif va uning asaridan iqtibos keltirganligini osongina topish mumkin.
Olimning, tashkilotning yoki ilmiy jamoaning iqtiboslilik darajasini aniqlash uchun ushbu bazaning quyidagi asosiy elementlaridan foydalanish mumkin:
Science Citation Index Expanded (tabiiy fanlar bo‘yicha baza, arxivi 1945-yildan boshlanadi), 5866 tadan oshiq jurnallarga indeks belgilaydi;
Social Science Citation Index (ijtimoiy fanlar bo‘yicha baza, arxivi 1956-yildan boshlanadi), 1747 tadan oshiq jurnallarga indeks belgilaydi;
Arts and Humanities Citation Index (gumanitar fanlar va san’atga doir nashrlar bo‘yicha baza, arxivi 1975- yildan boshlanadi), 1300 tadan oshiq jurnallarga indeks belgilaydi;
Conference Proceedings Citation Index - Science (tabiiy va texnik fanlar va san’atga doir nashrlar bo‘yicha konferensiyalarning materiallar bazasi bo‘lib, arxivi 1990- yildan boshlanadi);
Conference Proceedings Citation Index - Social Science & Humanities (ijtimiy va gumanitar fanlar bo‘yicha konferensiyalarning materiallar bazasi bo‘lib, arxivi 1990- yildan boshlanadi);
Book Citation Index - Science - ushbu indeks turkum ko‘rimshidagi yoki bir martalik nashr etiladigan, ammo havolalarning to‘liq ro‘yxatini va mualliflar ma’lumotlarim o‘z ichiga oladigan, kitoblar va monografiyalarni qamrab oladi. «Fan» indeksi tabiiy va texnik fanlar, hamda tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va hisoblash texnikasiga doir fanlarni qamrab oladi;
Book Citation Index - Social Science & Humanities ijtimoiy va gumanitar fanlar bo‘yicha monografiyalarni qamrab oladi. Har ikkala indeks ham hozirgi vaqtda 2005-yildan boshlab nashr etilgan elektron va bosma matn ko‘rinishidagi kitoblar turkumini o‘z ichiga oladi.
Xo‘sh, qaysi ma’lumotlar bazasidagi ilmiy nashrlarda maqola chop ettirish yaxshi? Scopus yoki Web of Science?
Scopus va WoS ilmiy nashrlarning eng katta ma’lumotlar bazasi bo‘lib, bir-birlarini o‘zaro to‘ldiradi. Agar WoS ko‘proq an’anaviy manbalarga, asosan AQSHda, yo‘naltirilgan bo‘lsa, Scopus fanni kengroq sharhlash xususiyatiga ega. Ayni vaqtda WoS bazasidagi nashrlarda bir qancha manbalar bo‘yicha chuqurroq iqtiboslar keltirilsa, Scopusga manbalarning keng qamrovliligi xosdir.
Buning ustiga Scopus arxivlarini to‘ldirib boradi va Articles-in- Press yetakchi nashriyotlarining va tez-tez bazaning ma’lumotlarini yangilab turadi.
Scopus nafaqat nisbatan yoshroq kompaniya, balki ancha samaraliroq hamdir. Masalan, Web of Sciencega qaraganda Scopusning kontentlari 1/3 ga ko‘proq. Scopusning ma’lumotlar bazasiga Web of Science kontentlarining 90 % dan ko‘prog‘i kiradi. Eng muhimi, Scopusda manbalarni tanlab olishning shaffof va mustaqil tizimi joriy etilganligidir. Shu bilan birga, kerakli axborotlarni izlab topish oson bo‘lishi kabi, Scopus jurnallarida ilmiy maqolalarni joylashtirish ham osondir.
WoSning resurslar bazasida asosan tabiiy va aniq fanlar hamda ijtimoiy fanlar bo‘yicha ilmiy ishlarga indekslar beriladi. WoSning bazasida gumanitar fanlar bo‘yicha jurnallar esa juda kam, shuning uchun gumanitar fanlar bo‘yicha mutaxassislarga Scopus bazasidagi jurnallarni tanlash tavsiya etiladi.
Biz qanday qilib WoS bazasidagi jurnallarda ilmiy maqola chop ettirish to‘g‘risida o‘ylaganimizda, ushbu bazaning kamchiliklarini ham bilishimiz lozim. Bunga o‘zbekchadan ingliz tiliga tarjima qilingan ilmiy maqolalarda, ularning asliga (o‘zbekchasiga) qilingan havolalar hisobining yuritilmasligi misol bo‘ladi. Bu esa mamlakatimizdagi ilmiy jurnallarning impakt-faktori va olimlarimizning ishlaridan iqtibos keltirish ko‘rsatkichining pasayishiga olib keladi.
Respublikamizdagi ilmiy jurnallarning xalqaro darajaga chiqishida yana bitta umumiy muammo mavjud. Ayrim nashriyotlar bibliografik ma’lumotlarni to‘liq taqdim etish imkoniga ega emas (e’tiborsizlik yoki ayrim «vaziyatlar» sababli) va shuning uchun ilmiy maqolalarga ko‘pincha noto‘g‘ri indeks beriladi yoki umuman indeks berilmaydi. Natijada, muayyan ilmiy maqolaning qaysi bilim sohasiga tegishliligini aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun fanlar kesishmasida nashrlarda e’lon qilingan matematikaga oid ilmiy maqolalar, bir vaqtning o‘zida biologiya bo‘yicha ham, iqtisodiyot bo‘yicha ham, veterinariya bo‘yicha ham hisobga o‘tib ketishi mumkin.
Shunday qilib, u yoki bu iqtiboslilik indeksini tanlash tadqiqotchilar oldida turgan vazifalardan kelib chiqadi. Retrospektiv tahliliy sharhlar maqsadiga erishish uchun Web of Sciense ko‘proq mos keladi. Chunki, u chuqurroq arxiv ma’lumotlariga ega. Agar prognozlash bilan bog‘liq bo‘lgan istiqbolli vazifalar belgilangan bo‘lsa, Scopus bazasiga murojaat qilish maqsadga muvofiq. Chunki u kengroq qamrovli zamonaviy ilmiy manbalarga ega. Ilmiy maqolangizni qaysi bazaga (Scopus yoki Web of Sciense) kiruvchi ilmiy nashrda chop ettirish masalasini ilmiy qiziqishlar nuqtai nazaridan va mazkur tadqiqot sohasida zarur adabiyotlarni tezroq hamda to‘liqroq to‘plash imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda hal etish maqsadga muvofiq.
q Mushohada uchun savollar
Ilmiy-tadqiqot natijalari qanday shakllarda e’lon qilinadi?
Ilmiy maqola nima va uning qanday turlari mavjud?
- nazariy maqola;
amaliy (empirik) maqola;
sharhlovchi maqola.
Ilmiy maqolani yozish va rasmiylashtirishda qanday qoidalarga rioya qilish zarur?
Ilmiy maqolaning umumiy tuzilmasi qanday elementlardan iborat? Ularni tavsiflang.
Maqola mavzusi qanday shakllantiriladi?
Maqolaga annotatsiya yozish nima uchun zarur va u qanday yoziladi?
Maqolada kalit so‘zlari tuzishning mohiyati va ahamiyati nimadan iborat?
Maqola matnini ilmiy-adabiy uslubda bayon qilishning ahamiyati qanday?
Scopus va Web of Science ma’lumot bazalari deganda nimani tushunasiz? Ularning mazmuni, umumiyligi va farqlari qanday?
Scopusning boshqa ma’lumot bazalariga qaraganda qanday afzalliklari mavjud?
Scopus va Web of Science ma’lumot bazalaridan qanday foydalaniladi?
Iqtiboslilik darajasini aniqlash uchun Web of Science ma’lumot bazasining qaysi elementlaridan foydalanamiz?
14
BOB
Qisqalik -talantning singlisidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |