2-§. Suyuq dori vositalarini og‘irlik-hajm usulida tayyorlashning o‘ziga xos xususiyatlari 34. Suyuq dori shakli og‘irlik-hajm usulida tayyorlanganda umumiy hajm dori shaklining tarkibiga kiruvchi suyuq dori vositalari va yordamchi moddalarning, zarur bo‘lgan taqdirda, ushbu Nizomning 3-ilovasida ko‘rsatilgan suyuq dori vositalari hamda yordamchi moddalarning zichligi ko‘rsatkichlarini hisobga olgan holda hisoblab chiqarilgan hajmlari yig‘indisiga ko‘ra aniqlanadi.
Og‘irlik-hajm usulida tayyorlanganda suyuq dori shakllarining umumiy hajmidagi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan og‘ish me’yorlari ushbu Nizomning 2-ilovasidagi 5-jadvalida belgilangan.
Kukunsimon dori vositalari eritilganda suyuq dori shakli umumiy hajmining o‘zgarishi, agar u ushbu Nizomning 2-ilovasidagi 5-jadvalga muvofiq og‘irlik-hajm usulida tayyorlash chog‘ida suyuq dori shakllarining umumiy hajmida yo‘l qo‘yiladigan og‘ishlar chegarasida bo‘lsa, inobatga olinmaydi.
Agar kukunsimon dori vositalarini eritishda suyuq dori shakli hajmining o‘zgarishi yo‘l qo‘yiladigan normalardan ko‘p bo‘lsa, kukunlarni eritish chog‘ida suyuq dori shakli hajmining o‘zgarishi ushbu Nizomning 4-ilovasiga muvofiq dori vositalarini hajm oshish koeffitsiyentlarini hisobga olgan holda hisoblab chiqariladi yoki dori shaklini o‘lchovli idishda tayyorlash kerak bo‘ladi.
35. Suyuq dori shakllari suvli dispersion muhit bilan tayyorlangan taqdirda birinchi navbatda kukunsimon dori vositalari va yordamchi moddalar eruvchanligi hamda ularning o‘zaro ta’siri ehtimolini hisobga olgan holda birin-ketin eritiladigan suvning (tozalangan yoki xushbo‘y suvning) mo‘ljallangan hajmi o‘lchanadi.
36. Dori vositalarining erishini tezlashtirish uchun dori vositalarini oldindan maydalash, eritmani qizdirish, aralashtirish, uyg‘unlashtirish va solyubilizatsiya qo‘llaniladi.
37. Kukunsimon dori vositalari eritilganidan keyin eritmalar erituvchining va dori vositasining xossalarini inobatga olgan holda tanlangan filtrlovchi materialdan o‘tkazib filtrlanadi.
Kukunsimon dori vositalari o‘rniga suyuq dori shaklining tarkibida ushbu Nizomning 5-ilovasida ko‘rsatilgan, oldindan tayyorlab qo‘yilgan konsentrlangan (byuretka uskunasida) eritmalardan foydalanish mumkin bo‘lib, ular kukunsimon dori vositalari eritilganidan va eritma filtrlanganidan keyin qo‘shiladi.
38. Molekulasi tarkibida havoga uchib ketishi mumkin bo‘lgan talay miqdordagi kristallangan suv mavjud bo‘lgan dori vositalarining suvli eritmalarini, shuningdek gigroskopik dori vositalarini tayyorlashda ularning konsentrlangan eritmalaridan foydalanish kerak bo‘ladi.
39. Dori shaklining tarkibiga kiruvchi suyuq ingrediyentlar suvli eritmaga quyidagi ketma-ketlikda qo‘shiladi: suvli havoga uchib ketmaydigan va hid chiqarmaydigan suyuqliklar; suvga aralashib ketuvchi boshqa havoga uchib ketmaydigan suyuqliklar; suvli havoga uchib ketuvchi suyuqliklar; tarkibida etil spirti bo‘lgan suyuqliklar uning quyuqligi oshib borishi tartibida; boshqa suvsiz havoga uchib ketadigan va o‘tkir hidli suyuqliklar.