Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni davolash uchun mo‘ljallangan dori shakllarini tayyorlash
19. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni davolash uchun mo‘ljallangan dori shakllari ushbu Nizomda belgilangan dori shakllarini tayyorlash qoidalari bo‘yicha aseptik (steril) sharoitlarda tayyorlanadi.
20. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarni davolash uchun mo‘ljallangan dori shakllari, shu jumladan ichish va sirtqi qo‘llash uchun eritmalar ularning tarkibiga kiruvchi dori vositalarining tabiatiga hamda tayyorlashning texnologik jarayoniga qarab ikki guruhga bo‘linadi: so‘nggi o‘rov-idishda sterilizatsiya qilinadigan eritmalar hamda keyingi termik sterilizatsiyasiz steril eritgichda aseptik (steril) sharoitlarda tayyorlanadigan eritmalar.
21. Ushbu Nizomning 1-ilovasidagi 2-jadvalda ko‘rsatilgan sterilizatsiya rejimlari talablariga muvofiq yangi tug‘ilgan chaqaloqlar va 1 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qo‘llash uchun mo‘ljallangan quyidagi dori shakllari sterilizatsiya qilinadi:
tozalangan suvda tayyorlangan, ichish uchun va sirtqi qo‘llash uchun eritmalar;
sirtqi qo‘llash uchun moylar.
Antibiotikli dori vositalarini tayyorlash
22. Antibiotikli barcha dori vositalari aseptik (steril) sharoitlarda tayyorlanadi.
Antibiotikli kukunlarni tayyorlashda ushbu Nizomning 5-bobida belgilangan talablar inobatga olinadi. Issiqlikka chidamli tarkibiy qismlar (ingrediyentlar) oldindan sterilizatsiya qilinadi.
Antibiotikli surtmalar ushbu Nizomda belgilangan tegishli dori vositalarini tayyorlash qoidalari bo‘yicha tayyorlanadi. Surtmalar uchun asos oldindan sterilizatsiya qilinadi.
5-§. Oftalmologik dori vositalarini tayyorlash
23. Ko‘z tomchilari, namlantirish uchun eritmalar, ko‘z surtmalari, ko‘z malhamlari oftalmologik dori vositalari jumlasiga kiradi.
Oftalmologik dori vositalarini tayyorlash uchun dori vositalari va yordamchi moddalar (eritgichlar, mazli asoslar, barqarorlashtiruvchilar, bufer eritmalar, izotonik moddalar, konservantlar, prolongatorlar va boshqalar) qo‘llaniladi.
24. Suvli ko‘z dori vositalari steril va izotonik bo‘lishi, agar farmakopeya maqolalarida boshqacha ko‘rsatmalar bo‘lmasa, ko‘z yoshi suyuqligi rN — 7,4 ga to‘g‘ri keladigan, rN ning maqbul qiymatiga ega bo‘lishi (rN 3,5 dan 8,5 gacha doirada bo‘lishiga yo‘l qo‘yiladi), saqlash chog‘ida barqaror bo‘lishi va farmakopeya maqolasining, umumiy farmakopeya maqolasining yoki ko‘zga ko‘rinadigan mexanik aralashmalar nuqtai nazaridan sifatni nazorat qilish sohasidagi hujjatning talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
25. Ko‘z tomchilari va eritmalari tozalangan suvda og‘irlik-hajm usulida aseptik (steril) sharoitlarda tayyorlanadi.
Ko‘z tomchisi va eritmalarini tayyorlashda dori vositalari tozalangan suvning hisoblangan hajmida steril idishda eritiladi, zarurat bo‘lganda yordamchi moddalar qo‘shiladi, qo‘llashga ruxsat etilgan filtrlash materiallari va qurilmalaridan foydalangan holda filtrlanadi.
Ko‘z tomchilari oz hajmlarda tayyorlangan taqdirda dori vositalari va yordamchi moddalar tozalangan suvning bir qismida eritiladi, olingan eritma tozalangan suvda oldindan yuvilgan filtrlovchi material orqali filtrlanadi, so‘ngra tozalangan suvning qolgan miqdori o‘sha filtrdan o‘tkazib filtrlanadi.
Ko‘z tomchilari va eritmalari ushbu Nizomning 1-ilovasidagi 3-jadvalning 3.1 va 3.2-bo‘limlarida ko‘rsatilgan sterilizatsiya rejimlari talablariga muvofiq sterilizatsiya qilinadi.
Ko‘z tomchilari va eritmalarida mexanik aralashmalar yo‘qligi sterilizatsiyadan oldin va keyin aniqlanadi.
26. Yuqori harorat ta’siridan himoyalashni talab qiladigan dori vositalarining eritmalari tozalangan steril suvda aseptik (steril) sharoitda, keyingi sterilizatsiyani qilmasdan yoki filtrlash bilan sterilizatsiya qilishdan foydalangan holda tayyorlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |