6-§. Ko‘z surtmalarini tayyorlash
27. Ko‘z surtmalari aseptik (steril) sharoitlarda steril surtmali asosda ushbu Nizomning 1-ilovasidagi 3-jadvalning 3.3-bo‘limida ko‘rsatilgan talablariga muvofiq tayyorlanadi.
Surtmali asos tarkibida aralashmalar bo‘lmasligi lozim, u neytral, steril, ko‘zning shilliq pardasi bo‘yicha bir tekis taqsimlanadigan bo‘lishi kerak.
Ko‘z surtmalari og‘irlik usuli bo‘yicha tayyorlanadi.
Retseptda yoki talabnomada surtmali asosning tarkibi haqida ko‘rsatmalar bo‘lmasa, tiklovchi moddalarni o‘z ichiga olmagan vazelin qotishmasidan va 9:1 nisbatda suvsiz lanolin qotishmasidan foydalaniladi.
28. Ko‘z surtmasi asosiga dori vositalari, eritmalar, suspenziyalar turiga qarab qo‘shiladi.
Surtma-eritma dori vositalarini steril surtmali asosda eritgan holda tayyorlanadi.
Surtma-suspenziyaga dori vositalari steril yordamchi suyuqlikning uncha ko‘p bo‘lmagan miqdori bilan (tarkibida dori vositalari 5% gacha bo‘lganda) yoki erigan asosning bir qismi (tarkibida dori vositalari 5% va undan ortiq bo‘lganda) dispergiratsiya qilinganidan keyin juda mayda kukun tarzida aralashtiriladi.
Suyuq dori vositalarini tayyorlash
Umumiy qoidalar
29. Suyuq dori vositalari jumlasiga suvli va suvsiz eritgichlardan foydalangan holdagi eritmalar, miksturalar, ko‘p molekulyar moddalar eritmalari, himoyalangan kolloidlarning eritmalari, suspenziyalar, emulsiyalar kiradi. Suyuq dori vositalari ushbu Nizomning 1-ilovasidagi 4-jadvalda ko‘rsatilgan talablariga muvofiq tayyorlanadi.
Suyuq dori vositalari og‘irlik-hajm usulida, og‘irlik yoki hajm usulida tayyorlanadi.
30. Og‘irlik-hajm usulida kukunsimon dori vositalarining suvli va suv-spirtli eritmalari tayyorlanadi.
31. Og‘irlik usuli bo‘yicha tayyorlanadigan yopishqoq va uchuvchan erituvchilarda kukunsimon va suyuq dori vositalari, shuningdek konsentratsiyasidan qat’i nazar emulsiyalar, suspenziyalar tayyorlanadi.
Og‘irlik usuli bo‘yicha quyidagilar dozalanadi:
moy va mineral-moylar, glitserin, dimeksid, polietilenglikoli (polietilenoksidlar), silikon suyuqliklar, efir, xloroform, benzilbenzoat, validol, vinilin (Shostakovskiy balzami), oq qayin qatroni, ixtiol, sut kislotasi, efir moylari, skipidar, metilsalitsilat, nitroglitserin, pergidrol.
32. Turli konsentratsiyadagi etil spirti eritmalari, suyuq farmakopeya qorishmalarining (pergidroldan tashqari) eritmalari hajm bo‘yicha usulda tayyorlanadi.
Hajm bo‘yicha shuningdek tozalangan suv va inyeksiyalar uchun suv, dori vositalarining suvli eritmalari, galenli va yangi galenli dori vositalari (damlamalar, suyuq ekstraktlar, adonizid va boshqalar) dozalanadi.
33. Retsept yoki talabnomada tayyorlanishi lozim bo‘lgan dori vositalarining tarkibiy qismi sifatida “suv” ko‘rsatilgan taqdirda tozalangan suv, “spirt” ko‘rsatilganda — etil spirti, “efir” ko‘rsatilganda — dietil (tibbiy) efiri; “glitserin” ko‘rsatilganda — tarkibida 10 — 16% suv, zichligi 1,223 — 1,233 g/sm.kub bo‘lgan tibbiy glitserin foydalaniladi.
Agar retsept yoki talabnomada erituvchining nomi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, tozalangan suvdan foydalaniladi.
Suyuq dori vositalarining umumiy hajmi yoki og‘irligida yo‘l quyilishi mumkin bo‘lgan og‘ish me’yorlari ushbu Nizomning 2-ilovasidagi 2 — 4-jadvallarida nazarda tutilgan hajm va og‘irlikda yo‘l qo‘yiladigan og‘ish me’yorlaridan oshib ketmasligi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |