Simpatolitiklar
Bu guruh dori vositalari adrenergik sinapslarning presinaptik membranasiga ta’sir etib, qo‘zg‘alish impulslarini o‘tishiga to‘sqinlik qiladilar. Ular postsinaptik membranada joylashgan α, β1, β2-adrenoretseptorlarga ta’sir ko‘rsatmaydilar. Simpatolitiklar ta’sir mexanizmining asosida, NA miqdorini kamaytirish yotadi. Lekin buni kelib chiqishi har xil, ya’ni simpatolitiklar NA miqdorini turli xil yo‘l bilan kamaytiradilar.
Oktadin- guanitidin hosilasi bo‘lib, kuchli simpatolitik hisoblanadi. Ta’sirining boshlanishida oktadin presinaptik membranadan sinaps yorig‘iga NA ni ajralishini kamaytiradi, shu bilan birga NA neyronal yutilishini susaytiradi, chunki NA ni yutilishida qatnashadigan transport tizimi bilan o‘zi qayta yutiladi. Shu yo‘l bilan oktadin zahiradagi NA o‘rnini egallab uni miqdorini kamaytiradi. Erkin NA esa interneyronal MAO ta’sirida parchalanadi. Demak, presinaptik membranada oktadin miqdori ortadi, NA niki kamayadi. Shuning uchun qo‘zg‘alish impulsi ta’sirida presinaptik membranadan yetarli miqdorda NA ajralmaydi va impuls o‘tmaydi. Gematoensefalik barerdan oktadin o‘tmaydi, shuning uchun u erdagi NA miqdori o‘zgarmaydi. Buyrak usti bezining mag‘iz qavatida ham shunday bo‘ladi. Oktadin ta’sirida qon bosimi asta-sekin (bir necha kun), lekin turg‘un pasayadi. Bunda vujudga kelgan bradikardiya va yurakning sistolik hajmini kamayishi ham ahamiyatga egadir. Oktadinni davolash ta’sirida periferik qon tomirlarning qarshiligi pasayadi, shu bilan birga dori vosita qisqa muddatli ganglioblokatorlik xususiyatga ega. Ta’sirining boshida oktadin taxikardiya va yurakning sistolik hajmini oshirganligi sababidan qisqa vaqt qon bosimi ortadi. (tranzitor gipertenziya). Lekin asta-asta 2-3 kun ichida qon bosimi pasayadi. 7-8 kunda bunday ta’sir cho‘qqisiga chiqaradi va dori ichishini to‘xtatilishiga qaramay yana 4-14 kun saqlanadi. MITdan oktadin sekin so‘riladi(tahminan 50 %), dori vosita dozasini har bemorga alohida tanlash kerak. (individual), chunki bemorlarning oktadinga bo‘lgan sezigirligi bir xil emas.
Qo‘llanilishi: xafaqonlik xastaligining turli ko‘rinishlarida, og‘ir formalarida ham, katta burchakli glaukomada ham.
Noxush ta’siri: bosh aylanishi, quvvatsizlik, kam harakatlik, ko‘ngil aynash, qayt qilish, burunning shilliq qavatining shishib ketishi, ich ketish (MIT motorikasini ortganligida), organizmda suyuqlikni yig‘ilib qolishi, (chunki dori vosita buyrakda qon aylanishini va filtratsiyasini, ayniqsa dori ichishni boshlaganda kamaytiradi). Dori vosita bilan davolanishning birinchi haftalarida ortostatik gipotoniya va kollaps bo‘lishi mumkin. Oktadinni qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar:
kuchli rivojlangan ateroskleroz
miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi
feoxromatsitoma (chunki oktadin avval qon bosimini ko‘taradi)
miokard infarktida, gipotonik holatlari
buyrak filtratsiyasining buzilishida (chunki peshob tarkibida o‘zgarmagan dori ajraladi yoki uning metabolitlari).
Rezerpin - yaqqol simpatolitik xususiyatga ega, Rauwolfia serpentina o‘simligining bargi va ildizidan olinadigan alkaloid, rezerpin kislotasining murakkab efiridir, indol hosilasi. Rezerpin NA ni zahira qilinishini buzadi, aksoplazmadagi NA zaxirasiga eng boy bo‘lgan vezikulalarda mediator miqdorini keskin kamaytiradi. Dori vosita ta’sirida presinaptik membranadagi zaharlardan NA ajralib chiqishi kuchayadi, lekin MAO ta’sirida parchalanib ketadi va sinaps yorig‘iga yetarli miqdorda NA chiqmaydi. Buning natijasida tomirlarga adrenergik ta’sir bo‘lmaydi, qon bosimi tushib ketadi va bunday natija uzoq muddat saqlanadi. Rezerpin qon bosimini asta-sekin tushiradi (maks. effekt bir necha kundan keyin yuzaga keladi). U bir hisobdan yurakning sistolik hajmini va periferik qon tomirlar qarshiligini kamayishi bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan pressor reflekslarning susayishi bilan bog‘liqdir. Rezerpin bevosita adrenolitik va ganglioblokatorlik xususiyatiga ega emas, lekin simpatik nerv tonusining pasayishi, parasimpatik nervlar ta’sirining ustunligiga olib keladi. Natijada bradikardiya, MIT a’zolarining sekretsiyasi va harakatining kuchayishi, qorachiq torayishi va bosh og‘rig‘i yuzaga keladi. Rezerpin MNS ga tinchlantiruvchi ta’sir etadi (neyroleptik), buyrakda qon aylanish va filtratsiyani kuchaytiradi, yog‘ va oqsil almashinuviga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi (ayniqsa, xafaqon, yurak toj tomir aterosklerozi bor bemorlarida).
Qo‘llanilishi:
xafaqon, yurak tomir yetishmovchiligining yengil ko‘rinishida
homiladorlikning kech toksikozlarida
tireotoksikozda (antitireoid dori vositalarning dozasini kamaytiradi)
asab ruhiy buzilishlarda (shizofreniya, alkogol psixozida)
uyqusizlikda.
Noxush ta’siri : ko‘z shilliq qavatining qizarishi, oshqozonda og‘riq paydo bo‘lishi, diareya, xolsizlik, bosh aylanish, ko‘ngil aynash, qayt qilish, yomon tush ko‘rish, bronxospazm (ayniqsa, bronx.astmali bemorlarda) xurjini kuchaytirish, uyquchanlik (uyqusirash), parkinsonizm, ishtahani ochilib ketishi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar:
yurak tomir sistemasining og‘ir va organik jarohatida (dekompensatsiya)
bradikardiyada
nefrosklerozda
me’da va 12 barmoq ichakning yara kasalligida
bronxial astma va boshqa allergik holatlarda
serebral sklerozda.
Do'stlaringiz bilan baham: |