O‘ZBЕKISTОN RЕSPUBLIKАSI
ОLIY VА O‘RTА MАXSUS TА`LIM VАZIRLIGI
JIZZAX POLITЕXNIKА INSTITUTI
MEXANIKA
(MASHINA VA MEXANIZMLAR NAZARIYASI)
o‘quv fаnidаn
Amaliy mashg'ulotlar.
Kirish
mashina va mexanizmlar nazariyasi – turli mexanizmlar, mashinalar mexanikasini tuzilishi (struktura), kinematik va dinamik jihatdan tahlil qilish hamda sintez qilish usullarini o’rganuvchi fan.
qo’llanmaning har bir mavzusining oxirida materialni o’zlashtirishga yordam beradigan nazorat savollari keltirilgan.
mashina va mexanizmlar nazariyasi fanining asosiy bazasi - matematika, fizika va nazariy mexanika fanlari bo’lib, talabalar bu fanlardan tayyorgarlik ko’rgan bo’lishlari kerak.
mashina va mexanizmlar nazariyasi fanining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- talabalarga mexanizmlar, mashinalarni tadqiq etish va loyihalashning umumiy usullarini o’rgatadi, talabalarni mexanizmlar yordamida harakatga keltirishning umumiy printsiplarini, mexanik sistemaning kinematik va dinamik xossalarini belgilovchi, mashina tarkibiga kiruvchi mexanizmlarning o’zaro ta’sirini o’rgatadi;
- talabalarga mashina va mexanizmlarni loyihalashga, mexanizmlarning ma’qul parametrlarini berilgan ishlash sharoitiga ko’ra aniqlashga yondoshishni o’rgatadi;
- mashina va mexanizmlarning kinematik va dinamik parametrlarini aniqlash uchun o’lchov vositalaridan foydalanish ko’nikmalarini hosil qiladi.
1 – Amaliy mashg’ulot
Mavzu: TЕKIS RICHАGLI MЕХАNIZMLАRNING HОLАTLАRINI АNIQLАSH.
Reja:
Tekis mexanizmlarning kinematik tahlilini analitik, grafoanalitik (xarakterli nuqtalarning tezlik va tezlanishlar rejalarini qo’rish) va grafik (kinematik diagrammalarini qo’rish) usullari bilan bajarishni o’rganish.
Mexanizmning asosiy vazifasi - uning kinematik xususiyatlari bilan tavsiflanuvchi zarur harakatlarni bajarishdan iborat. Bu xususiyatlarga mexanizm nuqtalarining traektoriyalari, nuqtalari va bo’g’inlarining koordinatalari hamda avvalo uning umumlashgan koordinatalari, nuqta va bo’g’inlarining harakatlari, ularning tezlik va tezlanishlari kiradi. Kinematik xususiyatlarga boshlang’ich bo’g’inlarning harakat qonuniga bog’liq bo’lmay, faqat mexanizmning tuzilishidan, bo’g’inlarining o’lchamlaridan kelib chiqadigan va umumiy holda umumlashgan koordinatalarga bog’liq bo’lgan parametrlar ham kiradi.
Bular holat funktsiyalari, tezlik analoglari yoki uzatish funktsiyalari, mexanizm nuqtalari va bo’g’inlarining tezlanish analoglaridir. Kinematik xususiyatlarni bilish dinamik hisoblashlar uchun ham muhimdir.
Mexanizmlar kinematikasini tekshirishda quyidagi masalalar hal qilinadi:
1. Davriy harakat davomida mexanizmning turli holatlari quriladi, bo’g’inlarning xarakterli nuqtalari (aylanma kinematik juftlar, bo’g’inlar og’irlik markazlari)ning traektoriyalari aniqlanadi.
2. Zvenolar xarakterli nuqtalarining chiziqli tezliklari va bo’g’inlarning burchak tezliklari aniqlanadi.
3. bo’g’inlar xarakterli nuqtalarining chiziqli tezlanishlari va bo’g’inlarning burchak tezlanishlari aniqlanadi.
Mexanizm xarakatini kinematik tekshirish uchun mexanizm bo’g’inlarining haqiqiy o’lchamlari va etaklovchi bo’g’inlarning harakat qonunlari oldindan aniqlangan bo’lishi kerak.
Kinematik tekshirish mexanizmning barqaror ishlash rejimida amalga oshiriladi hamda bosh bo’g’in - krivoship o’zgarmas burchak tezlik bilan aylanadi deb qaraladi. Masalaga bunday qarash natijasida kinematik tekshirish uncha katta bo’lmagan xatolik bilan kerakli natijani beradi.
Mexanizmni kinematik tekshirish, o’z navbatida, loyihalash masalasi qanchalik to’g’ri hal qilinganligini ham ko’rsatadi. Masalan, mexanizmning turli holatini qo’rish, xarakterli nuqtalar traektoriyasini aniqlash shu mexanizm ishlash sharoiti qanday ko’lamni egallashini, boshqa mexanizmlar bilan bog’lanishi qay tarzda bo’lishi kerakligi to’g’risida fikr yuritishga imkon beradi.
Xarakterli nuqtalarning tezliklarini aniqlash mexanizmning turli holatlari uchun keltirilgan inertsiya momentlarini yoki keltirilgan massalarni aniqlashga yordam beradi, o’z navbatida bu kattaliklarni aniqlamasdan mexanizmga ta’sir etuvchi kuchlarning davriy o’zgarib turishidan kelib chiqadigan va bosh bo’g’in valining burchak tezlik harakatidagi o’zgarishlarni ma’lum darajada tekislash uchun xizmat qiladigan maxovikni xisoblab bo’lmaydi.
Tezlanishlar rejasidan foydalanib bo’g’inlarga ta’sir etuvchi inertsiya kuchlari va ularning momentlari aniqlanadi, bularni hisobga olmay turib mexanizmning kinematik juftlaridagi reaktsiya kuchlarini aniq hisoblash mumkin emas.
Mexanizmni kinematik tekshirishda grafik, grafoanalitik va analitik usullar qo’llaniladi.
Mexanizmning kinematik sxemasini chizish uchun uning sxemasi, bosh bo’g’in koordinatasi, geometrik o’lchamlari berilgan bo’lishi kerak. Mexanizmning qo’zg’aluvchanlik darajasi va tuzilish formulasi aniqlangandan so’ng uzunlik masshtabi koeffitsientidan foydalanib, bo’g’inlarning chizmadagi uzunliklari aniqlanadi.
Shuni ham aytib o’tish lozimki, masshtab koeffitsientining son qiymati hisoblash uchun qulay bo’lgan yaxlit sonlar qatoridan belgilanishi tavsiya qilinadi.
Chizma o’lchamlari aniqlangandan so’ng, mexanizmning kinematik sxemasi quyidagi ketma - ketlikda chizilsa maqsadga muvofiq bo’ladi:
1. Aylanma kinematik juft hosil qiluvchi qo’zg’almas bo’g’inlar tasvirlanadi.
2. Bosh bo’g’inlar berilgan holatlarda chiziladi.
3. Qolgan bo’g’inlarning holatlari tuzilish formulasi ketma-ketligi tartibida chiziladi.
Mexanizmlarni kinematik tahlilini mexanizm rejasini qo’rish bilan boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |