Taʼmirlash korxonalari amaliyotida temirlash quyidagi maqsadlarda qoʼllanilishi mumkin:
1) detallarda qoʼshimcha termik ishlov bermasdan taʼmirlash uchun (detallar qoʼzgʼalmas oʼtqazishda ishlayotganda va ulardan yuqori qattiqlik talab qilinmagan hollarda);
2) xromlashdan oldin temir qatlami hosil qilish uchun (detal ishqalanib yeyilishga ishlaydigan hollarda);
3) taʼmirlanadigan detal qatlamni sementattsiya qilish talab qilingan hollarda.
Birinchi maqsad uchun temirlash texnologik jarayonining sxemasi quyidagicha: detalga toʼgʼri geometrik shakl berish va uning yuzasini tekislash uchun mexanik ishlov berish; detal yuzasini abraziv kukuni bilan tozalash; detallarni osma qurilmalarga mahkamlash; temir qoplanmaydigan yuzalarni niqoblash; yuzani yogʼsizlantirish va sovuq suv oqimida yuvish; kontsentrlangan xlorid kislotasi eritmasida (detal yuzasini oksid pardalaridan tozalash uchun) ximiyaviy ishlov berish; suvda yuvish; temirlash; issiq suvda yuvish va quritish; detalni 200- 3000S gacha (vodorodni chiqarib yuborish uchun) qizitish; detalga talab qilingan oʼlcham boʼyicha mexanik ishlov berish.
Ikkinchi maqsad uchun temirlash texnologik jarayoni mexanik ishlov berish bosqichigacha birinchi maqsad uchun qanday boʼlsa, ikkinchi maqsad uchun ham xuddi shunday boʼladi.
Uchunchi maqsad uchun temirlash texnologik jarayoni quyidagicha. Dastlab detal yumshatiladi, soʼngra birinchi maqsaddagi operatsiyalar bajariladi, oxirida esa sementatsiya, toblash, past boʼshatish va talab qilingan oʼlcham boʼyicha yakuniy jilvirlash amalga oshiriladi.
Temirlashning afzalliklariga detal metallning strukturasi va termik ishlovi buzilmasligi (chunki jarayon 850 dan past temperaturada oʼtadi); qoplamaning detal materiali bilan birikish mustahkamligi talabga toʼliq javob berishi; elektrolitning oddiyligi; qalin qoplama hosil qilish mumkinligi (qalinligi 5mm va undan ham kattaroq); sementattsiya, toblash va boʼshatishdan soʼng qoplama qattiqligining yuqoriligi; xromlashga qaraganda tok boʼyicha metall chiqishining yuqoriligi; tok zichligining xromlashdagiga qaraganda 2,5 marotaba pastligi; ish unumining yuqoriligi (xromlashdagiga qaraganda 8-10 marotaba ortiq) kiradi.
Temirlash jarayonining kamchiliklari detalni temirlashga tayyorlashning nisbatan murakkabligi va qoplamaning sifati yuzani tayyorlash sifatiga uzviy bogʼliqligi, vannadagi elektrolit tarkibini tanlash va uni isitish lozimligi, elektrolitni filtrlash va uni maʼlum kislotalikda ushlab turish zarurligi, elektrolitli vannani alohida joylashtirish talab qilinishidan (chunki xona yaxshi shamollatilmaganda undagi havo xlorid kislota bugʼlariga toʼyinadi) iborat.
Mazkur kamchiliklarga qaramasdan, temirlash yeyilgan detallarni taʼmirlashda keng qoʼllaniladigan usullardan hisoblanadi. Temirlash usuli bilan taʼmirlangan detallar qoʼzgʼalmas va qoʼzgʼaluvchan (temirlashdan soʼng xromlangan) birikmalarda ishlatilishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |