Qorin tifi qo‘zg‘atuvchisini 1880-yili Ebert qorin tifi bilan o‘lgan odam organizmidan ajratib olgan. Ashar va Bansod 1886-yili qorin tifiga o‘xshash kasallik bilan kasallangan bemorning yiring va siydigidan qorin tifi qo‘zg‘atuvchisiga o‘xshash mikroblarni aniqlaganlar. Ular qorin tifi qo‘zg‘atuvchisining biokimyoviy xossasiga ko‘ra farqlanishini aniqlashgan. Ularni A va B paratif qo‘zg‘atuvchilari, deb nomlashgan. Keyinchalik shularga o‘xshash ko‘pgina mikroblar aniqlangan va ularni ham salmonella avlodiga kiritishgan.
Morfologiyasi. Barcha salmonellalar 1,0—3,0x0,6—0,8 mkm kattalikda bo‘lib, tayoqchasimon, surtmada tartibsiz joylashadi, Grammanfiy bo‘yaladi. Uchlari yumaloq, harakatchan, xivchinlari peretrix joylashgan. Spora va kapsula hosil qilmaydi.
Kultural xossasi. Fakultativ anaerob hisoblanadi. GPAda nozik, yarimtiniq, biroz bo‘rtib chiqqan, yaltiroq koloniya hosil qilib o ‘sadi. GPSHda bir tekisda loyqalanadi. Endo, Ploskiryov muhitida salmonellalar yaltiroq, rangsiz koloniya hosil qilib o‘sadi, chunki oziqa muhit tarkibidagi laktozani parchalamaydi. Vismut-sulfit agarda 48 soatdan keyin ular qora rangli, o‘zidan keyin dog‘ qoldiradigan (A paratifdan tashqari), yaltiroq koloniya hosil qilib o‘sadi. Bparatif qo‘zg‘atuvchisi 18—20 soat termostatda saqlangandan so‘ng xona haroratida 1—2 kunga qoldirilganda, koloniya atrofida shilimshiq doira hosil qiladi.
Fermentativ xossasi. Salmonellalar glukoza, mannit, maltozani kislota va gazgacha parchalaydi, qorin tifi esa ularni kislotagacha parchalaydi. Salmonellalar laktoza va saxarozani parchalamaydi. Proteolitik xossasiga ko‘ra qorin tifi, B paratif qo‘zg‘atuvchilari vodorod sulfid hosil qiladi. Indol hosil qilmaydi, jelatinani suyultirmaydi. B paratif qo‘zg‘atuvchisi lakmusli sutni ishqorlaydi.
Toksigenlik xossasi. Lipopolisaxarid tabiatli endotoksin hosil qiladi.
Antigenlik xossasi. 1934-yilda Kaufman salmonella zardoblari bilan agglutinatsiya reaksiyasini qo‘yish natijasiga qarab barcha salmonellalarni guruhlarga va turlarga bo‘ldi, antigenlik xossasiga ko‘ra diagnostik sxemasini tuzdi. Salmonellalar 2 ta antigen saqlaydi: O va H-antigen O-antigeni lipopolisaxaridprotein tabiatli, termostabil, formalin ta’sirida inaktivatsiyalanadi. H-antigen oqsil tabiatli, termolabil, spirt va fenol ta’sirida inaktivatsiyalanadi, formalinga chidamli. Barcha salmonellalar O-antigeniga ko‘ra, A, B, C, D, E va boshqa guruhlarga bo‘linadi. O-antigeni arab raqamlari bilan belgilanadi. H-antigeniga ko‘ra ikki fazaga bo‘linadi. I faza kichik lotin harflari bilan belgilanadi. II fazasi arab raqamlari bilan belgilanadi. Qorin tifi qo‘zg‘atuvchisi Vi— X-antigenini saqlaydi.
Chidamliligi. Salmonellalar muhit ta’siriga ancha chidamli. 100°C harorat ta’sirida shu zahoti, 60—70°C ta’sirida 10—15 daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi. Past haroratga ancha chidamli. Toza suvda va muzda bir necha oylab, tuzlangan va dudlangan go‘shtda 2 oygacha saqlanadi. Qurishga chidamli, changda uzoq vaqt saqlanadi. Dezinfeksiyalanuvchi moddalar ta’sirida bir necha daqiqadan so‘ng nobud bo‘ladi.
Patogenligi. Ko‘pgina salmonellalar odam, hayvon, parrandalarda kasallik keltirib chiqaradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |