Kimyodan masalalarni yechishga doir ko’rsatmalar. Kimyoviy masalalarni yechishdan asosiy maqsad - kimyoviy qonun va qoidalarni, ulardan foydalanishni kimyoviy formulalar tuzishni o’rgatish va ularni tobora rivojlanayotgan hozirgi zamon kimyo faniga, uning yutuqlariga tatbiq eta olishdan iboratdir. Masalalarni yechishga kirishishdan oldin zarur nazariy va faktik materialni takrorlash muhim ahamiyatga ega.
Kimyoviy masalalarni yechish usullari turlicha bo’lib, masalalarni yechishda qaysi usulni tanlash masalaning shartidan kelib chiqadi.
Masala yechish uchun uning aniq rejasini tuzib olish va imkoni boricha ixcham, qisqa usul bilan echishga harakat qilish kerak. Har qanday holatda ham masala yechishda e'tiborni quyidagilarga qaratish zarur:
1. Masalani o’qib, tanishib chiqib ayni masala orqali hal qilinishi zarur bo’lgan muammoni aniqlash;
2. Masala shartida qaysi modda, qaysi element ishtirok etishini belgilash;
3. Masalada ishtirok etuvchi moddalarning molyar massasi, nisbiy molyar massasi, molyar hajmi, elementning tartib nomeri, nisbiy atom massasi va boshqa tushunchalarni aniqlash;
4. Masala kimyoning qaysi bo’limiga taalluqli ekanligini aniqlash;
5. Eritmalarga doir masalalarni yechishda ularning foiz, massa ulushi, molyar, normal, ekvivalent konsentrasiyalari va ulardan foiz konsentrasiyasi berilgan bo’lsa, jadval asosida uning zichligini, zichligi berilgan bo’lsa, foiz konsentrasiyasini yoki massa ulushini aniqlash;
6.Oksidlanish-qaytarilish reaksiyalariga doir masalalarni yechishda reaksiyada ishtirok etuvchi elementlarning oksidlanish darajalari o’zgarishi aniqlanadi, jarayonning elektron tenglamalari tuziladi. Oksidlovchi element (atom) yoki haytaruvchi element (atom yoki ionlar) aniqlanadi;
7. Tuzilgan formula yoki reaksiya tenglamalarining va ularning koeffisientlari to’g’ri ekanligini tekshirib ishonch hosil qilish kerak bo’ladi;
8. Formulalar va tenglamalar asosida hisoblashga doir masalalarni yechishda proporsiya, nisbat, formulalardan foydalaniladi;
9. Masalalarni grafik usulda yechishda koordinatalar sistemasidan foydalaniladi;
10. Moddalarning tuzilish formulalarini yozishda shu modda tarkibiga kiruvchi elementlarning valentliklari aniqlanadi;
11. Moddaning tuzilishi, oddiy moddalarning yadro tarkibi, atomlardagi elektronlarning holati va oddiy moddalarning xossalarini o’rganishda D. I. Mendeleevning kimyoviy elementlar davriy sistemasidan foydalanish tartibini o’rganish zarur;
12. Eksperimental masalalarni yechishda kimyo laboratoriyalarida ishlash qonun-qoidalariga rioya qilish kerak.
O’quvchilar kimyoviy masalalarni unda - bunda emas, balki doimo butun kursni o'rganish davomida yechib borganlari va tartibsiz yechmasdan, balki aniq, ma’lum tartibda yechib borgan taqdirdagina o’quvchilarda kimyoviy masalalar yecha bilish malakalarini muvaffaqiyatli rivojlanadi. Maktab uchun kimyoviy masalalarning uzil – kesil ishlab chiqilgan va tajribada to’la sinovdan o’tkazilgan klassifikatsiya xozircha yo’q.
Miqdoriy masalalar.
I tur. Moddalarning formulalarini tuzish
1. Valentligi asosida formula tuzish.
2. Kimyoviy tuzilish nazariyasi asosida formula tuzish.
3. Analizdan olingan ma’lumotlar asosida formula
a) elementlarni foiz bilan ifodalangan miqdoriga qarab eng oddiy formulani;
b) elementlarning foiz bilan ifodalangan miqdoriga qarab shuningdek, ayni moddaning gazsimon holatdagi yoki og’irligiga qarab molekulyar formulani tuzish.
II tur. Formulalar bo’yicha hisoblash
1. Moddaning miqdoriy tarkibini har xil ifodalarda:
a) og’irlik birligida;
b) foiz hisobida ;
v) gramm - molekula va gramm – atom hisobida topish.
2. Moddaning miqdoriy tarkibini shu moddadagi qo’shimchalarni hisobga olgan holda topish.
3. Gazsimon moddalarning :
a) vodorodga nisbatan zichligini;
b) havoga nisbatan zichligini topish.
4. Moddalarning molekulyar og’irligini:
a) elementlarning atom og’irligi asosida ;
b) og’irligi asosida ;
v) zichiligi asosida (gazsimon moddalarning molekulyar og’irligini) topish.
Do'stlaringiz bilan baham: |