Quyi bo‘g‘in
|
O‘rta bo‘g‘in
|
Yuqori bo‘g‘in
|
Qishloq, ovul xalq deputatlari Kengashi
|
Tuman, shahar xalq deputatlari Kengashlari
|
Viloyatlar, Toshkent shahar xalq deputatlari Kengashlari
|
hisoblanar edi. Mamlakatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingach, uning 99-moddasiga binoan “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari bo‘lib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini ko‘zlab o‘z vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar”18 deyilgan bo‘lsa, “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 1-moddasida “Viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga bo‘ysunadigan shaharlardan, shuningdek shaharlar trkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) xalq deputatlari Kengashlari davlat hokimiyatining vakillik organlaridir”, deb belgilandi.
Uzoq vaqt davomida mahalliy ijroiya organlari o‘zlariga berilgan muhim vazifalarni, iqtisodni rivojlantirishga rahbarlik qilish, madaniy-tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish, mehnat va iste’mol meyori ustidan nazorat olib borish, aholiga turli xizmat ko‘rsatish, mulklarni, jamoat tartibini qo‘riqlash, tabiat resurslari va atrof-muhitni muhofaza etish va boshqa vazifalarni yetarli bajara olmadi. Ana shu sabablar mahalliy ijroiya organlarining yangi tizimini vujudga keltirishni taqozo etdi. Yangi davlat organlari yuqoridagi vazifalarni bajarish bilan birga davlat faoliyatida qo‘llanilayotgan hokimiyat bo‘linishi prinsipi talablariga ham mos kelishi kerak edi. Natijada, O‘zbekistonda birinchi marta Toshkent shahar hokimi lavozimi ta’sis etilib, u 1991 yil 29 dekabrda Toshkent aholisi tomonidan saylandi. Bu hokim institutini o‘rnatishda tajriba sifatida o‘tkazilgan ish edi19.
1992 yil 4 yanvarda, - “O‘zbekiston Respublikasining mahalliy hokimiyat idoralarini qayta tashkil etish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilinib, respublikaning hamma hududida mahalliy ijroiya hokimiyati organi sifatida hokim lavozimi ta’sis etildi. Hokimlar faqatgina ijro hokimiyati organlarigagina emas, mahalliy vakillik organlariga ham rahbarlik qiladigan organ sifatida mustahkamlandi. Hokimlar viloyatlarda, nohiyalarda va shaharlarda ta’sis etiladigan bo‘ldi. Mahalliy ijroiya hokimiyati organlarida bog‘liqlikni kuchaytirish maqsadida, viloyatlar hokimlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan, tuman va shahar hokimlari viloyat hokimi tomonidan lavozimiga tayinlanishi va lavozimdan ozod qilinishi hamda bu masalalar tegishli xalq deputatlari Kengashlari tomonidan tasdiqlanishi tartiblari belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti I.A.Karimovning 2005 yil 28 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida mahalliy davlat hokimiyati institutlari boshqaruvi muammolari to‘g‘risida aniq talablarni belgilab: “Biz oldimizga qo‘ygan maqsadni soddagina ifodalamoqchi bo‘lsak – har qanday hokimiyat, u qonunchilik yoki ijro va sud hokimiyati bo‘ladimi – bularning barchasi quyidagi talablarga javob berishi shart. Ya’ni, har qaysisi o‘z vazifasini anglashi, o‘z mas’uliyatini his qilishi, o‘z yukini ko‘tarishi va ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z aravasini mustaqil ravishda tortishi darkor”20, deb ta’kidladi.
Buning natijasida – Oliy va markaziy davlat boshqaruvi idoralarining qator vazifalari davlat hokimiyatining quyi organlari ixtiyoriga o‘tkazilib borishi, mahalliy davlat hokimiyatining vakolatlarini yanada kengaytirdi. Ushbu demokratik jarayonlar o‘z navbatida demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini qurish borasida mahalliy davlat hokimiyati organlari rolining oshishiga ham olib keldi.
Mahalliy hokimlik institutlarining vazifalari kengaytirildi, ularning faoliyati erkinlashtirildi. Bunda davlat qurilishi va fuqarolik jamiyatini shakllantirish jarayonlarini erkinlashtirish masalasi ham katta ahamiyat kasb etadi. Bu boradagi asosiy vazifalar hokimiyat barcha tarmoqlarining bir-biridan mustaqil holda ish yuritish tamoyillarini mustahkamlashdir. Shuningdek, hokimiyat vakolatlarini nodavlat va jamoat tashkilotlariga, fuqarolarni o‘z-o‘zini boshqarish organlariga bosqichma-bosqich o‘tkaza borishda ko‘rinishi kerak. Endilikda mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan har qanday muammo yuzasidan davlat hokimiyatining oliy organlari bilan kelishib olish zaruriyati yo‘qoldi. Boz ustiga, mahalliy hokimiyat organlari O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini, Prezident farmonlarini, davlat hokimiyati yuqori organlarining qarorlarini amalga oshirish bilan birga respublika va mahalliy ahamiyatga molik masalalarni muhokama qilishda qatnasha boshladilar.
Hokimlar faqat ijro hokimiyati organlariga rahbar bo‘lib qolmasdan mahalliy vakillik organlariga ham rahbar sifatida belgilandi21.
Hokimlar viloyatlar, tumanlar va shaharlarda ta’sis etildi. Bu qonun qabul qilinishi bilan uzoq yillar davlat tizimida mavjud bo‘lgan, qonunga binoan sovetlarga bo‘ysungan aslida partiya organlarining qaramligiga tushib qolgan ijro organlari, ya’ni ijroiya qo‘mitalari tugatildi.
O‘zbekiston Respublikasi ijro hokimiyati organi bo‘lgan hokimliklarning huquqiy holatini, hokimlarning vazifasini, vakolat muddatini, hokimlik tizimini va hokimlarni lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibini, vakolatini amalga oshirish prinsipini, qabul qiladigan hujjatlarning yuridik kuchini mustahkamladi.
Konstitutsiyadagi yangi holatlarni tadbiq etish va boshqa masalalarni tartibga solish uchun 1993 yil 2 sentabr kuni “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”22gi qonun qabul qilindi.
«Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida»gi qonun 25-moddasining birinchi qismida “hokimlar amaldagi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qarorlari, O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari, yuqori turuvchi organlar va tegishli xalq deputatlari Kengashi qarorlarining ijrosini tashkil etadi” deyilgan. Hokimga berilgan vakolatlarni sinchiklab o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ular maqsadi, vazifasi, mazmuniga ko‘ra, turli guruhlarga bo‘linishi mumkin.
1997 yil 17 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari apparati tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaror qabul qildi. Islohotlarning samaradorligi ko‘p jihatdan boshqaruv tizimining takomillashgani, mahalliy hokimiyat oraganlarining yanada faol ishlashiga bog‘liq. Qabul qilingan bu qonun ayni shu ishlarni ko‘zda tutadi. Bu qarorda hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishni takkomillashtirish va uni bozor usullariga asoslangan zamonaviy tamoyillarni hayotga keng joriy etish, boshqarishning ma’muriy tizimidan funksional tizimiga o‘tishini ta’minlash va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishda mahalliy hokimiyat organlari faoliyatini samaradorligini yanada oshirish23 asosiy vazifa bo‘lib qoldi.
Ma’lumki, hokimiyatlar shu paytgacha boshqarishning tarmoq tizimiga amal qilib kelayotgan edi.
Ushbu qaror asosida viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyat apparati tizimida axborot tahlil guruhlari tashkil qilindi.
Bu qaror qabul qilinganidan keyin ko‘p vaqt o‘tmasdan 1997 yil 30 sentabr kuni hududlarda ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni boshqarishni takomillashtirish va vakolatlarining bir qismini asta- sekinlik bilan mahalliy boshqaruv organlariga berish, mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXI bobi va “Mahalliy davlat hokimiyat to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Shahar va tuman hokimliklari apparati tuzilmasini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi24.
Bu qarorga asosan shahar va tuman hokimliklari apparati boshqaruvining namunaviy tuzilmasi, mehnatga haq to‘lash va mas’ul xodimlarning cheklangan soni tasdiqlandi va birinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining IX sessiyasida “Mahalliy davlat hokimiyat organlari to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasiga va viloyatlarga bo‘ysunuvchi bir qator shaharlar va tegishli qishloq tumanlari hokimliklari apparati birlashtirildi.
O‘zbekiston davlat boshqaruvi tizimida mahalliy boshqaruv tizimi muhim o‘rin tutadi. Bu boshqaruv tizimini viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari, shahar va tumanlar hokimliklari tashkil qiladi. Hokimlik instituti ta’kidlab o‘tilganidek, 1992 yil 4 yanvarda qabul qilingan “Mahalliy davlat idoralarini qayta tashkil qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan ta’sis etilgandi. Qonunning 7-moddasida bu Qonun O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishiga qadar amal qilishi va Konstitutsiya qabul qilingach, u o‘z kuchini yo‘qotishi belgilab qo‘yilgandi. Chunki Qonunda hokimliklarning vakolatlari, huquqlari va majburiyatlari aniq va yetarli darajada belgilab qo‘yilgan edi.
1992 yil 8 dekabr kuni o‘n ikkinchi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o‘n birinchi sessiyasi eng muhim hujjat – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi25. Bu Konstitutsiya o‘zbek davlatchiligi tarixida ilk bor “o‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasini” o‘zida mujassam etdi26 va unda “Mahalliy davlat hokimiyati asoslari” nomli maxsus bob (XXI bob) kiritildi. “Hokimiyat” atamasi birinchi marotaba Asosiy Qonunchilikda huquqiy termin sifatida ishlatildi. Bunga qadar tarixiy davlatlarimizning hujjatlarida va mustaqil O‘zbekiston Respublikasining turli huquqiy-meyoriy hujjatlarida ishlatib kelingan bu so‘z davlat boshqaruvi tizimida eng muhim atamaga aylandi.
Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishicha, “viloyatlar, tumanlar va shaharlarda hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari hisoblanadi” (99-modda). Buning ma’nosi shuki, hokimlik instituti mahalliy boshqaruv organi sifatida ham vakillik, ham ijro etuvchi hokimiyat organi hisoblanadi. Bu masala Konstitutsiyaning 99- moddasida vakillik organi sifatida va 101-modda esa ijroiya organ sifatida aniq belgilab qo‘yilgan.
Hokimlik instituti mahalliy boshqaruvda vakillik va ijroiya hokimiyatini birgalikda amalga oshiradi. Shu sababli O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 100-moddasida27 mahalliy hokimiyat organlarining vakolatlari quyidagicha belgilab qo‘yilgan:
- qonuniylikni, huquqiy tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
- hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirish;
- mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish;
- mahalliy kommunal xo‘jalikka rahbarlik qilish;
- atrof-muhitni muhofaza qilish;
- fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlash;
- normativ hujjatlarni qabul qilish hamda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga zid kelmaydigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Mahalliy hokimiyat organlari tegishli hududda qonuniylik, huquqiy-tartibot va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashda turli organlarni shu maqsad sari yo‘naltiruvchi, ularning faoliyatini muvofiqlashtiruvchi rolni o‘ynaydi. Ular mazkur hududda qonuniylikni, huquqiy-tartibotni mustahkamlash, fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurash choralarini umumiy yo‘llarini, tadbirlarini ishlab chiqadi va shu tadbirlarning bajarilishini nazorat qiladi. Mahalliy hokimiyat organlarining bu sohadagi vakolatlari joriy qonun va boshqa hujjatlarda belgilab qo‘yilgan.
Mahalliy hokimiyat organlari o‘z hududida hududni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirishga rahbarlik qiladi. O‘zbekiston Respublikasi bozor iqtisodiga o‘tishi munosabati bilan iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalarni rejalashtirish tubdan o‘zgardi. Lekin hozirgi davrda O‘zbekiston sharoitidan kelib chiqib, davlat islohotlarda muhim rolni o‘ynar ekan, u ishlab chiqarishga aralashmagan holda, xalq deputatlari Kengashlari orqali hududni rivojlantirishning istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarini, tuman, shaharning bosh rejasi va uni qurish qoidalarini tasdiqlaydi. Bular Kengashning tasdig‘iga hokim tomonidan kiritiladi. Ya’ni “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi28 Qonun bu sohadagi vakillik organlari bilan hokimlarning vakolatini chegaralab qo‘ygan. Bundan tashqari mahalliy hokimiyat organlari o‘z hududida sanoat, qurilish, aloqa vositalari, qishloq xo‘jaligi, aholiga turli xizmat ko‘rsatish sohalari, ijtimoiy sohalarga, madaniy sohalarga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi. Shu idoralarning rahbarlarini lavozimga tayinlash, lavozimidan ozod qilish, ushbu idoralarning faoliyatini nazorat qilish, ularning rahbarlari hisobotlarini eshitish mahalliy hokimiyat organlarining vakolatiga kirib, bu ham rahbarlikning bir shaklidir. Bundan tashqari mahalliy hokimiyat organlari tegishli hududda joylashgan, lekin yuqoriga bo‘ysunuvchi korxona, tashkilot, muassasa faoliyatiga ham ta’sir qila oladi. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohani rivojlantirishga rahbarlik qilish bo‘yicha aniq vazifalari va vakolatlari joriy qonunlarda va boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan.
Ijro hokimiyat organlarining, mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalarni hosil qilish vazifasi, hududning iqtisodiy rivojlanishida, fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilashda, davlat organlarini saqlab turishda zarur moddiy bazaning salmoqli qismini vujudga keltirishga qaratilgan. Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunda vakillik organlari bilan ijro organlarining bu masaladagi vakolatlari ajratib ko‘rsatilgan. Masalan, hokimlar vakolatiga: budjet loyihalarni tayyorlash, budjetning ijrosi haqidagi hisobotni tayyorlash, ijroni tashkil qilish kirsa, xalq deputatlari Kengashlari vakolatiga budjetni tasdiqlash, uning ijrosi haqidagi hisobotni tasdiqlash kiradi. Bu borada bularning ikkalasiga taalluqli vakolatlar ham mavjud, jumladan, budjetning ijrosini nazorat qilish, Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonunga asosan, mahalliy soliqlar, yig‘imlar, boj miqdorini belgilash, mahalliy budjetga tushadigan mahalliy soliqlar, yig‘imlar, to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar o‘rnatish, mahalliy vakillik organlarining vakolati bo‘lib, ular ba’zi paytlarda shu vakolatlarining ayrimlarini, masalan, soliq va yig‘imlar bo‘yicha imtiyozlar belgilashni hokimlarga ham berishi mumkin. Mahalliy hokimiyat organlarining bu boradagi vakolatlari, “Mahalliy soliqlar va yig‘imlar to‘g‘risida”, “Yer to‘g‘risida”gi qonunlarda va boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan.
Mahalliy hokimiyat organlari o‘z hududida, fuqarolik holati aktlarini qayd etishni ta’minlaydi. “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunda mahalliy davlat hokimiyati organlarining bu sohadagi vakolatlari bevosita qayd qilinmagan, lekin qonunning moddalaridagi mahalliy hokimiyat organlarining, fuqarolarni huquqlari va qonuniy manfaatlariga, fuqarolarning huquqlarini himoya qilishni tashkil etish bo‘yicha vakolatlari, fuqarolik holati aktlarini qayd qilish organlarining faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir. Chunki fuqarolik holati aktlarini qayd qilish organlarining hujjatlari ko‘plab huquqiy munosabatlarni keltirib chiqaradi.
Shuningdek, aynan hokimlar ijroiya mahkamasiiing ish samaradorligini oshirish masalasi o‘ta muhim hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 24 noyabrdagi 461-sonli “Viloyatlar hokimliklari apparati tuzilmasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2000 yil 1 dekabrdan boshlab viloyat hokimligining apparati tuzilmasida hokimning industriyani rivojlantirish, qurilish va kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etildi va bir vaqtning o‘zida tegishli ravishda industrial rivojlantirish va iste’mol bozori masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari, qurilish, uy-joy va kommunikatsiya masalalari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimlari qisqartirildi29.
Mamlakatimizda so‘nggi besh yil davomida amalga oshirilgan islohotlar natijasida ijro hokimiyatining ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni samarali boshqarishni ta’minlay oladigan zamonaviy modeli yaratildi, deb ta’kidlashga bugun barcha asoslar bor.
Davlat-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar ehtiyoji ma’muriy huquqni rivojlantirishda mamlakatimizda davlat boshqaruvi amaliyoti bugungi kunda qanday holatda ekani va bu boradagi tarixiy merosning o‘ziga xos xususiyatlari, davlat boshqaruvi amaliyoti va nazariyasining jahon miqyosidagi ilg‘or yutuqlarini o‘zida uyg‘unlashtirgan yangi nazariy yondashuvlarni ishlab chiqish zaruratini kun tartibiga qo‘ymoqda30.
Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash mumkinki, boshqaruv tizimida ixtisoslashtirilgan tuzilma faqat ma’lum vazifalarni amalga oshirish zarurati tug‘ilgandagina vujudga keladi. Vaholanki, bunday jarayonda davlat va mahalliy boshqaruv organlari apparatining tashkiliy tuzilmasi vazifalari o‘z mazmuni va mohiyatiga ko‘ra bir-biriga mos kelmog‘i lozim. Biroq bu yerda shuni tan olish lozimki, ixtisoslashtirilgan bo‘g‘in mazmuni boshqaruv apparatida uning vazifalarini majburiy belgisi bo‘la olmaydi. Bundan tashqari, barcha vazifalar ixtisoslashtirilmagan tartibda bir butun davlat boshqaruvi apparati tomonidan amalga oshirilishi mumkin, chunki vazifa apparat tarkibidan mustaqildir. Bu borada aynan mahalliy ijroiya hokimiyati organlari faoliyatini isloh etishda uning ijtimoiy samaradorlik darajasi muhim ahamiyatga ega. Ijtimoiy samaradorlikning mohiyati uning barqaror, yaratuvchan, turli o‘zgarish va yangilanishlarga tayyorligi hamda umumiy jamiyat taraqqiyoti uchun zarur jihatlarni qamrab olishi bilan izohlanadi. Ijtimoiy samaradorlik aholining turmush darajasi va farovonligi ko‘rsatkichlari orqali o‘lchanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |