2. . 2. Kamonli cholg‘ular.
Markaziy Osiyo torli-kamonli cholg‘ulari bir qator chet davlatlarning torli cholg‘ulari yaratilishiga omil bo‘lib xizmat qilganligi haqida tarixiy manbalardan bilishimiz mumkin. Tadqiqotchi V.Baxmanning fikricha, kamonli cholg‘ularning kelib chiqishini Osiyodan qidirish lozim. Bunday deyishga asosiy sabablardan biri bu Ayritomda olib borilgan qazilmalar jarayonida topilgan ud cholg‘usining ko‘rinishidir. Gap shundaki, bu yerdan topilgan udning ko‘rinishi yevropa cholg‘ulari - skripka, violonchel va kontrabasga juda o‘xshab ketadi. Bu o‘xshashlik cholg‘u kosaxonasining o‘rta qismi ingichkalashib ketganligidadir. Ya’ni, cholg‘u kosaxonasi tuzilishi jihatdan sakkiz raqamiga o‘xshab ketadi. Skripkasimon cholg‘u kosaxonasining o‘rta qismidagi torayish unda kamonni erkin yuritish uchun mo‘ljallanganligini inobatga oladigan bo‘lsak, Ayritom udida ham kamon bilan ijro etish uslubi mavjud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. Xuddi shunday torayishni ozarbayjon, turk va armanlarning tor cholg‘ularida ham, gitara cholg‘usida ham kuzatamiz. Ud cholg‘usining bunday ko‘rinishi ta’sirida nafaqat skripka oilasidagi kamonli cholg‘ular, balki gitara ham dunyoga kelgan bo‘lishi mumkin. Agarda, gitaraning vatani bo‘lgan Andaluziya (hozirgi Ispaniyaning janubiy qismi)ning arablar tomonidan bosib olinib, 7 asr davomida uning qo‘l ostida bo‘lganligini inobatga oladigan bo‘lsak, ud cholg‘usi arablar tomonidan O‘rta Osiyodan olib ketilgan bo‘lsa va Andaluziyada ommalashib, keyinchalik unga bog‘lama pardalar taqilgan bo‘lsa, gitara cholg‘usining avlodi Markaziy Osiyolik ud cholg‘usi degan taxminimiz o‘z tasdig‘ini topadi.
Turkmanistonning janubiy qismida topilgan terrakotalarda ham Afrosiyob udiga o‘xshash ud va suvoriy (otliq) qo‘lidagi do‘mbirasimon cholg‘u tasvilangan. Suvoriy qo‘lidagi cholg‘u Tog‘li Oltoy va Xakasiya o‘lkalarida “toshpur”, “xomus” dev nomlanadigan baxshilar cholg‘ulariga juda o‘xshab ketadi.
Markaziy Osiyo hududida eng keng tarqalgan kamonli torli cholg‘ular bu qo‘biz va g‘ijjakdir. Bu cholg‘ularga o‘xshash musiqa cholg‘ulari barcha davlatlarda va millatlarda mavjud. Ularning aksariyati Markaziy Osiyo hududidan olib ketilgan va shakl jihatdan, ko‘rinishi jihatdan, torlari soni jihatdan o‘zgartirilgan.
Qo‘biz cholg‘usi Markaziy Osiyo mintaqasidan tashqari Ozarbayjonda, Armaniston, Turkiyada keng qo‘llaniladi. Markaziy Osiyoda ikki torli qo‘biz, qil-qo‘biz bo‘lsa, Turk, Ozarbayjon, armanlarda uch torli golcha qo‘biz mavjud. Bu cholg‘ular ham daraxtning yaxlit bo‘lagidan yasaladi, ustining uchdan ikki qismi teri bilan, qolgan qismi mayin yog‘och bilan qoplanadi va pardalarga bo‘linadi.
Tuzilishi alohida qismlardan tashkil topgan, kamon yordamida ijro etiladigan cholg‘ular ham ko‘p xalqlarda uchraydi. Bunga arab rebabini, turk kemanchasini, hind sarangisi, kavkaz xalqlarining kema, chagane, chuniri cholg‘ularini, xitoy erxu, banxu va xutsinlarini, slovyan jigasini, bolgar gadulkasi, frantsuz pasheti, ispan fideli, britaniya krottasini, yevropa skripkasini misol keltirishimiz mumkin. Bu cholg‘ularning umumiyligi ular dastalarining pardalarga bo‘linmaganligidadir. Bunday xususiyat sozandaga kuylarni xonish va nolalar bilan benazir ijro etish, nozik mikroxromatik intervallarni ham ijro qilish imkoniyatini yaratadi.
Arab rebabi uzoq o‘tmishdan ma’lum. Rebab bu - g‘ijjak cholg‘usining arabcha nomlanishidir. Shoirlar rebabi bitta tordan, hofizlarniki esa ikkita tordan tashkil topgan. Turkiyada uch torli rebab mavjud. Misrda “rababa”, forslarda “barbet rabeti” deb ataladi.
Kavkaz xalqlarida keng rivojlangan Chagane cholg‘usi uzunchoqligi, hajmining kattaligi, tizzaga tirkab emas, balki maxsus uzun temir moslamasi bilan yerga qo‘yib chalinishi bilan ajralib turadi. Bu cholg‘u ham g‘ijjak singari dastasi pardalarga bo‘linmaydi, lekin torlar soni 6 tadan 9 tagacha bo‘ladi.
Abdulqodir Marog‘iyning aytib o‘tganidek, g‘ijjak va kemancha aslida bitta cholg‘udir. Birinchisining kosaxonasi hajmi kattaroq, keyingisiniki esa kichikroqligi bilan farqlanadi. Kemanchalar 4 torli cholg‘u bo‘lib ular oyoqchasi bilan tizzaga yoki yerga tirkab chalinadi. Kemanlarning bir nechita turlari mavjud. Ayrim kemanlarda torlar soni 3 tadan 9 tagacha bo‘ladi. Ko‘p torli kemanlarda asosiy torlardan tashqari rezonans torlar ham qo‘llaniladi.
Gruzinlarda chuniri cholg‘usi keng tarqalgan. Bu cholg‘u kovushsimon kosaxonaga, dastaga, asosan ot yolidan qilinadigan uchta tori bog‘langan uchta quloq, ikkita xarrak, oyoqcha va kamonga ega uch tordan iborat. Kosaxonasi teri bilan qoplangan.
Xitoy Erxu cholg‘usi ham j’iggakni eslatadi. U ko‘rinishi jihatidan g‘ijjakka o‘xshab ketadi. Erxu tsilindrsimon kosaxona, ingichka uzun dasta, ikkita metal torlar, ularni sozlashga mo‘ljallangan ikkita quloq va kamondan iborat. Cholg‘uning kosaxonasi ilon terisi bilan qoplanadi. Sozanda cholg‘uni ijro qilganda kamonning ipini o‘ng qo‘l barmoqlari bilan tortadi. Kamonning o‘zi esa ikkita tor orasiga yopishtirib qo‘yilgan. Chap qo‘l bilan esa cholg‘u torlari chertib chalinadi. Bunday ijro o‘ziga xos vibratonni hosil qiladi.
Yana bir xitoy cholg‘usi banxu bo‘lib, u xutsin cholg‘usining turlaridan hisoblanadi. Bu cholg‘u ham ikki tordan iborat. Uning kosaxonasi bo‘lingan kakos yong‘og‘idan yasaladi va yupqa yog‘ochli deka bilan qoplanadi. Sozanda kuy ijro qilganda torlarni barmog‘i bilan bosadi lekin barmoqlarini dastasiga tegizdirmaydi.
Yevropada mashhur bo‘lgan skripka cholg‘usining o‘tmish tarixi ud, g‘ijjakka borib taqalishi haqida yuqorida aytib o‘tdik. Bu cholg‘uning milliy ansambllarda g‘ijjak o‘rnida chalinishi ham bu fikrimizni tasdiqlaydi. Albatta cholg‘uni yevropa musiqasini chalish paytida uning bosh qismi o‘ng yelkaga qo‘yilib dastasi qo‘l bilan ushlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |