O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish - xalqaro shartnomaning mazmunini shakllantirish, uning matnini qabul qilish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirishga doir tartib-taomillar ketma-ketligi;
qo‘shimcha shart - O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomani imzolash, ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish yoki unga qo‘shilish chog‘ida qilingan har qanday ta’rifdagi va har qanday nomdagi bir tomonlama rasmiy yozma bayonoti bo‘lib, u orqali xalqaro shartnoma muayyan qoidalarining O‘zbekiston Respublikasiga nisbatan qo‘llanilishi borasida bu qoidalarni istisno qilish yoki ularning yuridik kuchini o‘zgartirish istagi ifodalanadi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tili O‘zbekiston Respublikasining davlat tili va boshqa ahdlashuvchi tomonning tili O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tilidir.
Boshqa ahdlashuvchi tomon bilan kelishuvga ko‘ra o‘zga til O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomasining tili deb tanlanishi mumkin. Xalqaro shartnomaning matni qaysi tilda tuzilgan bo‘lsa, o‘sha til mazkur shartnomaning matnida ko‘rsatilib, matnda uning autentikligi va rasmiyligi belgilanadi.
6-modda. Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan boshqa sub’ektlar bilan o‘zaro munosabatlar Chet davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xalqaro shartnomalar tuzish huquqiga ega bo‘lgan boshqa sub’ektlar bilan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish, ularning amal qilishini to‘xtatib turish va ularni tugatish masalalari bo‘yicha o‘zaro munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi orqali amalga oshiriladi.
2-bob. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish tartibi 7-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish huquqi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini tuzish huquqi davlatga tegishlidir.
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari quyidagicha tuziladi:
O‘zbekiston Respublikasi nomidan - davlatlararo shartnomalar;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan - hukumatlararo shartnomalar;
davlat organlari nomidan o‘z vakolatlari doirasida - idoralararo shartnomalar.
8-modda. Xalqaro shartnoma loyihasini yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash haqidagi tashabbus taklifi Davlat organlari o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishgan holda xalqaro shartnoma loyihasini yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash haqidagi tashabbus taklifi bilan chiqishi mumkin.
Ayrim hollarda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga ko‘ra davlat organlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ekspertlar darajasida ishlab chiqishni boshlash to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun tashabbus taklifi kiritishi mumkin.
Tashabbus taklifiga quyidagi materiallar davlat tilida yoki zarur hollarda, boshqa tillarga tarjima qilingan holda ilova qilinadi:
xalqaro shartnomaning dastlabki loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnomaning matni yoxud ularning asosiy qoidalari;
xalqaro shartnomaning loyihasiga yoki ko‘p tomonlama xalqaro shartnomaga qo‘shimcha hujjatlar;
ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos bo‘lgan tushuntirish xati.
9-modda. Xalqaro shartnoma loyihasiga yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalaga doir tushuntirish xati Xalqaro shartnoma loyihasiga yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalaga doir tushuntirish xatida quyidagilar bo‘lishi kerak:
O‘zbekiston Respublikasi uchun xalqaro shartnomani tuzish maqsadga muvofiqligining va amaliy ahamiyatining asoslanishi, shu jumladan uning tuzilishidan kutilayotgan natijalar to‘g‘risidagi batafsil axborot hamda xalqaro shartnoma tuzish orqali tartibga solish talab etiladigan masalalar haqidagi ma’lumotlar;
xalqaro shartnoma tuzilishi munosabati bilan qabul qilinishi, o‘zgartirilishi, qo‘shimcha kiritilishi va (yoki) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risidagi axborot;
zarur hollarda, xalqaro shartnoma tuzish natijasida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan moliyaviy-iqtisodiy oqibatlarning yoki boshqa oqibatlarning baholanishi.
Tushuntirish xati xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan tayyorlanadi va ushbu organ rahbari tomonidan (uning yo‘qligida - birinchi o‘rinbosari tomonidan) imzolanadi.
10-modda. Xalqaro shartnoma loyihasini yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish Ekspertlar darajasida ishlab chiqish xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan manfaatdor davlat organlari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi xalqaro shartnoma loyihasini yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matnini O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligi borasida huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi.
Zarur hollarda, ekspertlar darajasida ishlab chiqish davomida xalqaro shartnoma loyihasini tuzish va ko‘rib chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani muhokama qilish uchun manfaatdor davlat organlarining vakillari, mutaxassislar hamda mustaqil ekspertlardan iborat bo‘lgan idoralararo ishchi guruh tuzilishi mumkin.
Agar xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar ikki yoki undan ortiq davlat organlarining vakolatiga kirsa, barcha takliflarni umumlashtirish, xalqaro shartnoma loyihasini maromiga yetkazish va uning davlat tilidagi yoki zarur bo‘lgan hollarda, boshqa tildagi matnini tayyorlash, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masalani ekspertlar darajasida ishlab chiqish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan davlat organining zimmasiga yuklatiladi.
Ekspertlar darajasida ishlab chiqish yakunlariga ko‘ra xalqaro shartnoma loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matni ushbu Qonunning 11-moddasida nazarda tutilgan tartibda huquqiy ekspertiza o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan huquqiy ekspertiza o‘tkazilganidan so‘ng xalqaro shartnoma loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi masala ushbu Qonunning 13-moddasida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
Chet el tomoni bilan xalqaro shartnoma loyihasining yoki ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada O‘zbekiston Respublikasining ishtirok etishi to‘g‘risidagi masalaning keyingi ishlab chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ijobiy qarori olinganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organining rahbari xalqaro shartnoma loyihasini tayyorlash yoki O‘zbekiston Respublikasining ko‘p tomonlama xalqaro shartnomada ishtirok etishi masalasini ekspertlar darajasida ishlab chiqishning butun jarayoni uchun javobgar bo‘ladi.
11-modda. Xalqaro shartnoma loyihasining yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matnining huquqiy ekspertizasi Xalqaro shartnomaning loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnomaning matni ekspertlar darajasida ishlab chiqilganidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida majburiy huquqiy ekspertizadan o‘tkazilishi lozim.
Huquqiy ekspertiza chog‘ida xalqaro shartnoma loyihasining yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matnining:
xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan xalqaro majburiyatlarga;
O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi qonun hujjatlariga;
yuridik texnika talablariga va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini rasmiylashtirish amaliyotiga muvofiqligi tekshiriladi.
Huquqiy ekspertiza o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligiga quyidagilar kiritiladi:
davlat tilidagi yoki zarur hollarda, boshqa tildagi xalqaro shartnoma loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matni;
ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos bo‘lgan tushuntirish xati;
manfaatdor davlat organlari bilan ekspertlar darajasida ishlab chiqish natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy ekspertizasi natijalari qiyosiy jadval tarzida.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ko‘rib chiqilayotgan masala mavzusiga oid boshqa zarur materiallarni talab qilib olishga haqli.
12-modda. Xalqaro shartnoma loyihasining yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matnining boshqa turdagi ekspertizasi Xalqaro shartnoma loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matni iqtisodiy, moliyaviy, ilmiy, ekologik, lingvistik, shuningdek boshqa turdagi ekspertizadan o‘tkazilishi mumkin.
Ekspertlar darajasida ishlab chiqishda bevosita ishtirok etmagan tashkilotlar va (yoki) shaxslar ekspertlar sifatida jalb qilinishi mumkin.
Ekspertlarning xulosalari tavsiya xususiyatiga ega bo‘ladi va xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan ko‘rib chiqilishi lozim.
Boshqa turdagi ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror xalqaro shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan o‘z tashabbusiga ko‘ra yoki O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining taklifiga binoan qabul qilinadi.
13-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi nomidan xalqaro shartnoma tuzish haqidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan kiritiladi. Boshqa davlat organlari o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan birga yoki u bilan kelishgan holda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasining idoralararo shartnomasini tuzish to‘g‘risidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu shartnoma bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organi tomonidan kiritiladi.
Xalqaro shartnomani tuzish to‘g‘risidagi taklifga quyidagilar ilova qilinadi:
xalqaro shartnoma loyihasi yoki O‘zbekiston Respublikasi ishtirokchisi bo‘lishni maqsad qilgan ko‘p tomonlama xalqaro shartnoma matni yoki ularning asosiy qoidalari;
ushbu Qonunning 9-moddasi talablariga mos bo‘lgan tushuntirish xati;
tegishli davlat organlarining xulosalari;
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining va Tashqi ishlar vazirligining o‘zlari o‘tkazgan huquqiy ekspertiza natijalariga doir xulosalari.