14-modda. Muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash to‘g‘risidagi qarorlar
Muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash to‘g‘risidagi qarorlar, agar O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlarida o‘zgacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa:
O‘zbekiston Respublikasi nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan;
O‘zbekiston Respublikasining idoralararo shartnomalariga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, ushbu shartnomalar bilan tartibga solinadigan masalalar o‘z vakolatiga kiradigan davlat organlari rahbarlari tomonidan qabul qilinadi.
15-modda. Muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash vakolatlari to‘g‘risidagi guvohnoma
Muzokaralar olib borish va xalqaro shartnomalarni imzolash vakolatlari ushbu Qonunning 14-moddasiga muvofiq qabul qilingan qarorlar asosida O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri tomonidan vakolatlar to‘g‘risidagi guvohnomani rasmiylashtirish orqali tasdiqlanadi.
Vakolatlar to‘g‘risidagi guvohnomaning shakli O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
16-modda. Vakolatlarni ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borish va O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolash
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti davlat rahbari sifatida xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi hamda xalqaro huquqqa va O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi nomidan ish ko‘radi, vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib boradi va O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan xalqaro shartnomalarni imzolaydi.
O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘z vazifalariga ko‘ra va xalqaro huquqqa muvofiq vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini imzolashga haqli.
O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi boshlig‘i yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot yoki konferensiya qoshidagi vakolatxonasi boshlig‘i xalqaro shartnoma matnini qabul qilish maqsadida diplomatik vakolatxona joylashgan davlat bilan yoki mazkur xalqaro tashkilot, konferensiya doirasida vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga haqli.
Davlat organining rahbari o‘z vakolati doirasida vakolatlarini ko‘rsatish zaruratisiz muzokaralar olib borishga va idoralararo shartnomalarni imzolashga haqli.
17-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligi xalqaro shartnomani imzolash, notalar, xatlar yoki xalqaro shartnomani tashkil etuvchi boshqa hujjatlar almashish, xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish, tasdiqlash, qabul qilish, unga qo‘shilish orqali yoki ahdlashuvchi tomonlar kelishib olgan boshqa har qanday usulda bildirilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ushbu Qonun talablarini hisobga olgan va xalqaro shartnoma qoidalaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnoma o‘zi uchun majburiy ekanligiga roziligini bildirish usulini aniqlaydi.
18-modda. Ratifikatsiya qilinadigan xalqaro shartnomalar
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari tomonidan xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilish orqali amalga oshiriladi.
Quyidagi xalqaro shartnomalar ratifikatsiya qilinadi:
davlatlararo munosabatlarning asoslari haqidagi va o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi;
O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatiga daxldor masalalar bo‘yicha, tinchlik shartnomalari va kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnomalar;
O‘zbekiston Respublikasining boshqa davlatlar bilan hududiy chegaralanishi to‘g‘risidagi;
O‘zbekiston Respublikasining davlatlararo ittifoqlardagi, xalqaro tashkilotlardagi va boshqa birlashmalardagi ishtiroki to‘g‘risidagi;
bajarilishi O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari o‘zgartirilishini yoki yangi qonunlar qabul qilinishini talab etadigan, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalarni belgilaydigan bo‘lsa.
Qaysi xalqaro shartnomalarni tuzish chog‘ida muzokaralarda ishtirok etuvchi tomonlar kelgusida ularni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida kelishib olgan bo‘lsa, o‘sha xalqaro shartnomalar xuddi shunday tarzda ratifikatsiya qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari boshqa xalqaro shartnomalarni ham ratifikatsiya qilishga haqli.
Davlatning xorijdan mablag‘ jalb qilishi to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalar, shuningdek xalqaro kafolat shartnomalari ratifikatsiya qilinmaydi va O‘zbekiston Respublikasi uchun ahdlashuvchi tomonlar belgilaydigan tartibda kuchga kiradi.
19-modda. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq imzolangan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq imzolangan xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan kiritiladi.
Xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi takliflar O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan mustaqil ravishda yoki, agar shartnoma boshqa davlat organlarining vakolatiga kiradigan masalalarga daxldor bo‘lsa, ular bilan kelishilgan holda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi.
20-modda. Ratifikatsiya yorlig‘i
Xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunga asosan ratifikatsiya yorlig‘i O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolanadi, uning muhri va O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining imzosi bilan tasdiqlanadi.
Ratifikatsiya yorlig‘ining shakli O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.
21-modda. Ratifikatsiya yorliqlarini almashish va ularni saqlash uchun topshirish
Ratifikatsiya yorliqlarini almashish yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi yorliqlarni saqlash uchun depozitariyga topshirish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yoxud uning topshirig‘iga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatdagi diplomatik vakolatxonasi, konsullik muassasasi yoki O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilot huzuridagi vakolatxonasi tomonidan amalga oshiriladi.
22-modda. Ratifikatsiya qilinmaydigan xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish
Ratifikatsiya qilinmaydigan, lekin kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki tartib-taomillari o‘tkazilishi nazarda tutiladigan xalqaro shartnomalarni tasdiqlash va qabul qilish:
O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan tuziladigan xalqaro shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
idoralararo shartnomalarga nisbatan - o‘z nomidan bunday shartnomalar imzolangan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
23-modda. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi
O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarga qo‘shilishi to‘g‘risidagi qaror:
ratifikatsiya qilinadigan shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan;
qaysi shartnomalar ratifikatsiya qilinmasa va ularga qo‘shilish O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan amalga oshirilsa, o‘sha shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan;
idoralararo shartnomalarga nisbatan - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilinadi.
24-modda. O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomaning yoki uning qismining vaqtincha qo‘llanilishi
Agar xalqaro shartnomada xalqaro shartnoma yoki xalqaro shartnomaning bir qismi u kuchga kirguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi tomonidan vaqtincha qo‘llanilishi mumkinligi nazarda tutilgan bo‘lsa yoki ahdlashuvchi tomonlar o‘rtasida bu haqda kelishuvga erishilgan bo‘lsa, ushbu xalqaro shartnoma yoki uning bir qismi O‘zbekiston Respublikasi tomonidan vaqtincha qo‘llanilishi mumkin.
O‘zbekiston Respublikasi tomonidan xalqaro shartnomani yoki uning bir qismini vaqtincha qo‘llash to‘g‘risidagi yoxud vaqtincha qo‘llashni tugatish haqidagi qaror xalqaro shartnomani imzolash haqida qaror qabul qilgan organ (mansabdor shaxs) tomonidan qabul qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |