Erix Fromm (1900–1980) – ruhshunos, faylasuf, sotsiolog, neofreydizm asoschilaridan biri. M.Xorkxaymer, T.Adorno va G.Markuzelar bilan birga Frankfurt maktabining tashkilotchisi bo‘ldi.
O‘zining birinchi yirik “Ozodlikdan qochish” (1941) nomli asarida ozodlik muammosi doirasida totalitarizm fenomenini ko‘rib chiqadi. U “ozodlik”ni ijobiy va salbiy turlarga ajratadi. “Ozodlikni” teskari tomoni yolg‘izlik va begonalikdir. Bunday ozodlik inson uchun aslida og‘ir yukdir. Fromm salbiy ozodlikdan qochishning (ruhiy himoyaning) nevrotik mexanizmini ta’riflab beradi. Bular nevrotik harakatning avtoritar, konformistik va destruktiv turlaridir. Birinchisi, o‘zini boshqalarga bo‘ysundirish – mazoxistcha ishqivozlikda yoki boshqalarni o‘ziga bo‘ysundirish – sadistcha ishqivozlikda ifodalanadi. Ikkinchisi, o‘zining individualligidan voz kechib, “boshqalardek” bo‘lishga intilishdan iborat. Uchinchisi – zo‘ravonlikka, shafqatsizlikka, vayronagarchilikka to‘xtatib bo‘lmaydigan intilish. Bundan chiqish yo‘lini From jamiyatni isloh qilishda ko‘radi. Bu haqda “Ruhiy sog‘lom jamiyat” (1945), “Sevish san’ati” (1956) asarlarida batafsil to‘xtalib o‘tgan. Ruhiy sog‘lom jamiyatni qurishdagi bosh masala, bu – kishilarda produktiv (mahsuliy) xarakterni tarbiyalash.
Ba’zi olimlarning e’tirof etishicha, Erix Fromm inson psixologiyasini o‘rganishni ijtimoiy falsafa darajasiga ko‘targan olimdir. Fromm inson tabiatan ehtirosli mavjudod sifatida stixiyalikka moyil, uni boshqarish qiyin, deb hisoblaydi. Aynan ehtirosga, stixiyaga, beboshlikka moyillik uning haloskoridir. Agar inson tabiatida bunday tuyg‘ular bo‘lmasa, u o‘z holatiga, jamiyatdagi tartiblarga ko‘nikib, bemalol yashayverar, oqibatda bani odam qullar hamjamiyatiga aylanib qolar edi. Insonning ehtiroslari, o‘z holatidan qoniqmasligi, bo‘ysunishni istamasligi uni jamiyatni ham, o‘zini ham doimiy ravishda takomillashtirib borishga undaydi. U “Inson o‘zi uchun” asaridainson sub’ektiv dunyosining ko‘p jihatlari haqida mulohaza yuritadi, qiziq g‘oyalarni ilgari suradi. Masalan, insonga xos ijodkorlik va vayronkorlikni u instinktlar emas, balki muayyan jamiyatdagi vaziyatga nisbatan javob harakati deb baholaydi. Freydizm insonning qadriyatlarga munosabatini uning axloqiy e’tiqodi bilan bog‘lamasdan, faqat ongi tubidagi irratsional, tushunarsiz va zulmat holatlar natijasi deya talqin qilib, amalda etika fanidan voz kechsa, Fromm axloqiy me’yorlar transsendent xarakterga ega emas, ularni bevosita psixologik mexanizmlar yordamida tushuntirib bo‘lmaydi, qadriyatlar insonning aqli yoki ongsizligidan o‘sib chiqmaydi, ularning manbai – insonning boy sub’ektiv dunyosi deb hisoblaydi37.
SHuningdek, u zamonaviy kapitalizmning ashaddiy tadqiqotchisi bo‘lib, bu ijtimoiy tuzumning inson uchun salbiy jihatlarini tahlil qilgan. “Sevish san’ati” asarida u bu tuzumni shunday tavsiflaydi: “Kapitalistik jamiyat bir tomondan, siyosiy erkinlik qoidasiga binoan, boshqa tomondan, barcha iqtisodiy, binobarin, ijtimoiy munosabatlarning tartibga soluvchisi sifatida bozor munosabatlari qoidalariga asoslangan. ... Bu iqtisodiy struktura – tizim qiymat ierarxiyasida ham aks etgan. Ishchi kuchini sarmoya tasarruf etadi, ya’ni jamg‘arma ashyolar – jonsiz o‘lik mahsulotlar jonli mehnat, jonli inson kuchiga nisbatan yuqori baholanadi, qadrlanadi”.38 Faylasufning ta’kidlashicha, kapitalistik munosabatlar insonni o‘zligidan begonalashtiradi. Ishlab chiqarishni texnikalashtirish, avtomatlashtirish va mehnatning o‘ta tor miqyosda ixtisoslashuvi insonning bu jamiyatdagi o‘z o‘rnini his etmasligiga, pirovardida begonalashishining asosiy sababidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |