birinchidan, amnistiya akti Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan qabul qilinadi. Afv etish akti esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilinadi. Ya’ni amnistiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining, afv etish esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining mutlaq vakolatlari hisoblanadi;
ikkinchidan, amnistiya akti aniq shaxs yoki aniq jinoyat turlariga qaratilmaydi. Undan farqli ravishda afv etish akti aniq shaxslarga yoki aniq bir turdagi jinoyatlarga qaratiladi;
uchinchidan, amnistiya akti sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini e’tiborga oladi. Afv etish aktida bunday belgi mavjud emas, ya’ni unda qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasi e’tiborga olinmaydi;
toʻrtinchidan, amnistiya akti jinoiy javobgarlik va jinoiy jazodan ozod qiluvchi hujjat sifatida belgilangan. Afv etish akti esa faqatgina jazodan ozod qilishi mumkin.
beshinchidan, amnistiya akti qabul qilinar ekan, mahkum jazoni haqiqatda oʻtagan muddati e’tiborga olinmaydi. Afv etish aktida esa mahkumning haqiqatda jazoni oʻtab boʻlgan muddati e’tiborga olinishi lozim (masalan, uzoq muddatli va umrbod ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazodan ozod qilishda).
Alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish jinoyat protsessining oʻziga xos xususiyatlarga, subyektiv tarkibga, yuridik asoslariga ega boʻlgan instituti hisoblanadi. Alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish jinoyat protsessida muhim ahamiyatga ega boʻlgan masalalardan biri boʻlib, ushbu mavzuni toʻliq oʻzlashtirish uchun oʻquvchilar JPKning tegishli normalarini, qonunosti normativ-huquqiy hujjatlarni hamda mavzuni yoritish doirasida qayd etilgan tegishli Oliy Sud Plenumi qarorlarini atroflicha oʻrganishlari lozim.
1. Alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish tushunchasi, xususiyatlari va ahamiyatini koʻrsatib bering.
2. Alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish tizimi haqida soʻzlab bering?
3. Voyaga yetmaganlarining jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritishning qanday oʻziga xos xususiyatlari mavjud?
4. Voyaga yetmaganlarining jinoyatlari haqidagi ishlarni yuritish ishtirokchilarining tarkibi qanday oʻziga xos xususiyatlarga ega?
Kazus
Dastlabki tergov davomida Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 1-qismi bilan ayblanayotgan V.Kenjayev jabrlanuvchi L.Botirov va I.Ismoilovlarga yetkazilgan zarar bartaraf etilganligini, oʻz aybiga ixtiyoriy iqror boʻlganligini aytib tergovchiga jinoyat ishini yarashuv boʻyicha tugatishni soʻrab murojaat qildi.
Tergovchi ayblanuvchining murojaatini qanoatlantirib jinoyat ishini taraflarning yarashuvi munosabati bilan sudga yuborish toʻgʻrisida qaror chiqardi.
Jabrlanuvchi I.Ismoilov esa yarashuvga rozi emasligini bildirdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |