O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining
Qarori
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2014-yil 14-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida”gi 844-II-sonli Qarori ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti tasdiqlansin.
3. Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yuborilsin.
4. Ushbu Qaror qabul qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2014-yil 10-aprel,
SQ-425-II-son
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risida
HISOBOT
Kirish
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson va fuqaro huquqiy maqomining, iqtisodiy va siyosiy tuzumning, ijtimoiy munosabatlar hamda jamiyat ma’naviy hayotining asoslarini belgilab berdi. Konstitutsiyaga muvofiq inson, uning huquqlari va erkinliklari oliy qadriyat hisoblanadi. Shuning uchun ham barchaning inson huquqlarini hurmat qilishi va unga rioya etishining ta’minlanishi mamlakatni yanada isloh etish va modernizatsiya qilishning ustuvor strategik yo‘nalishlaridan biridir.
2010-yil 12-noyabrda “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” nomli Dasturiy hujjatning qabul qilinishi bilan mamlakatimizni jamiyat hayotining barcha jabhalarini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish yo‘lidan rivojlantirishning yangi bosqichi boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 21 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta’kidlab o‘tganidek, “Mazkur Konsepsiya, mohiyat e’tiboriga ko‘ra, uzoq muddatga mo‘ljallangan Dastur bo‘lib, u bugungi globallashuv zamonida, dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayotgan bir sharoitda o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar, davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimini demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyatining mustaqilligini, so‘z va axborot erkinligini, saylov erkinligini ta’minlash, saylov tizimini takomillashtirish, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi”.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining dolzarb vazifalarini amalga oshirish va hayotga tatbiq etish borasidagi uch yil mobaynida hokimiyatlar bo‘linishining konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish, hokimiyatlar o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatining samarali tizimini yaratish, markazda va joylarda qonun chiqaruvchi hamda vakillik hokimiyatining roli, vakolatlari va nazorat qiluvchi vazifalarini kuchaytirish, saylov qonunchiligi hamda bozor iqtisodiyotining qonunchilik bazasini takomillashtirish bo‘yicha keng miqyosdagi ishlar qilindi.
Bundan tashqari, Konsepsiyaga muvofiq sud-huquq tizimini yanada isloh etish, jamiyatni demokratlashtirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning eng muhim tarkibiy qismi sifatida sudlar mustaqilligini mustahkamlash borasida keng miqyosdagi izchil ishlar olib borildi.
Jinoyat ishini yuritishda sud nazoratini mustahkamlash uchun “xabeas korpus” institutidan foydalanishni kengaytirish, himoya va ayblovning raqobatlashuvini ta’minlash tizimi hamda tartibotlarini takomillashtirishga doir qonunlar amalga oshirib borilmoqda.
Qabul qilingan qonunlarda tezkor qidiruv tadbirlarini o‘tkazishning aniq asoslari belgilandi, qonuniylikka rioya etishning, fuqarolar huquqlari va erkinliklarini ta’minlashning, ma’muriy zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ymaslikning aniq huquqiy kafolatlari yaratildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sud tizimi xodimlarini ijtimoiy himoya qilishni tubdan yaxshilash, shuningdek tuman va shahar umumiy yurisdiksiya sudlari faoliyatini takomillashtirish va samaradorligini oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonlarining qabul qilinishi sud hokimiyatining obro‘-e’tiborini mustahkamlashda, sud kadrlarini tanlash va joy-joyiga qo‘yishning zamonaviy demokratik talablarga javob beruvchi samarali tizimini yaratishda muhim ahamiyat kasb etdi.
2013-yilda mamlakatimizda birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoyishiga muvofiq “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazildi. Samarqand va Buxoro viloyatlarida huquqiy eksperimentning o‘tkazilishi ushbu qonun loyihasini takomillashtirish hamda qonun ijodkorligi amaliyotiga yangi istiqbolli usulni keng joriy etish uchun yangi imkoniyatlar ochdi. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining o‘zi esa davlat organlari faoliyatining ochiqligi, shaffofligini, bu organlarga ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlarining keng kirib borishini ta’minlashga qaratilgandir.
Prezident I. Karimov tashabbusiga binoan 2013-yil — “Obod turmush yili” deb e’lon qilindi, mamlakatimiz fuqarolarining munosib turmush sharoitlarini mustahkamlash va rivojlantirish, ularning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi tegishli Davlat dasturi qabul qilindi.
Inson huquqlarini himoya qilishning ta’sirchan tartibotlarini mustahkamlash, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar faoliyatini takomillashtirish, fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy faolligini rivojlantirish, fuqarolarning dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishda bu institutlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish borasida izchil va tizimli chora-tadbirlar ko‘rildi.
Shu bilan birga, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning 2013-yildagi faoliyatini tahlil qilish fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini amalga oshirishda ayrim muammoli jihatlar mavjudligini tasdiqladi. Chunonchi, hisobot yilida insonning yashash, erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka bo‘lgan huquqlarini ko‘plab buzish hollari hamon Inson huquqlari bo‘yicha vakilning diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Mazkur muammo nafaqat qonun hujjatlarini va uni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishni, balki huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarini tayyorlash va tarbiyalashning yanada samarali tizimini joriy etishni ham nazarda tutuvchi chora-tadbirlar majmuini qabul qilishni talab etadi.
Sud orqali himoya qilish inson huquqlarini himoya qilishning samarali tartibotlaridan biridir. Hisobot yilida maqsadi odil sudlovni amalga oshirishni yaxshilashdan, sud mustaqilligini mustahkamlashdan iborat bo‘lgan keng miqyosdagi tadbirlar davom ettirildi. Shu bilan birga, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarning qarorlaridan norozilik, sansalorlik va sud qarorlarining ijro etilmayotganligi to‘g‘risidagi murojaatlar soni ko‘payayotganligi odil sudlov uchun eng muhim bo‘lgan muammo — jamiyatning sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonchi hamon hal etilmay qolayotganligidan dalolat beradi. Bu muammoni faqat tashkiliy-ma’muriy tadbirlar bilan hal etib bo‘lmaydi, balki inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning kafolati sifatida sudning obro‘-e’tiborini mustahkamlash maqsadida sud hokimiyatini isloh etish borasida bundan buyon ham chora-tadbirlar ko‘rilishi lozimdir.
Ayrim davlat hokimiyati organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining fuqarolar huquqlariga rioya etmayotganligi yoki ular huquqlarini kamsitayotganligi borasida inson huquqlari bo‘yicha vakil manziliga fuqarolardan kelayotgan murojaatlarni o‘rganish jiddiy e’tiborni talab etadigan bir qator ijtimoiy ahamiyatga molik muammolarni ham aniqlash imkonini berdi.
Fuqarolarning uy-joy huquqlariga, ijtimoiy himoya qilishga bo‘lgan huquqlariga rioya etilishi muammolarini shular qatoriga qo‘shish mumkin. Aksariyat hollarda uy-joy to‘g‘risidagi va kommunal xizmat ko‘rsatishga oid qonun hujjatlarining amalga oshirilishini ta’minlash masalalari o‘z vakolat doirasiga kiruvchi ayrim davlat organlarining rahbarlari o‘zlari yetarli darajada malakaga ega bo‘lmaganligi yoki qonun normalarini inkor etishi sababli mazkur qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yishmoqda. Inson huquqlari bo‘yicha vakil hisobotida ushbu toifalarning har biri bo‘yicha ayrim fuqarolarning huquqlari buzilayotganligiga doir aniq misollar va ularni tiklash borasida olib borilgan ish natijalari keltirib o‘tilgan.
Oila manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlar hamda bolalar huquqlariga rioya etilishi va ular huquqlarining himoya qilinishi ta’minlanishi bilan bog‘liq muammo Inson huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatida dolzarb mavzu bo‘lib qolmoqda.
Ko‘rsatib o‘tilgan muammolar bilan bir qatorda aholining huquqiy xabardorligi va uning huquqiy madaniyatini oshirish masalalari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining asoslari aholining yuksak darajadagi huquqiy madaniyatini shakllantirishga, qonun, huquq-tartibot va sudga, ijtimoiy xulq-atvorning ustuvor modeli sifatida yaxshilik va halollikka nisbatan so‘zsiz hurmat bilan munosabatda bo‘lish an’analariga, shuningdek jamiyatdagi huquqiy nigilizmni bartaraf etishga qaratilgandir. Aynan shuning uchun ham aholining huquqiy madaniyatini shakllantirish bugungi kunda o‘ta muhim vazifa bo‘lib, u jamiyatda qonun ustuvorligi, inson huquqlariga sadoqat kabi tub qadriyatlar qaror topishiga, insonning demokratik huquqlari va erkinliklari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil institutining faoliyati demokratik huquqiy davlatni rivojlantirish tamoyillaridan biri hisoblanadi. Davlatning huquqni himoya qiluvchi bu instituti fuqarolarni, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini huquqiy jihatdan himoya qiluvchi qo‘shimcha institut bo‘lib, Inson huquqlari bo‘yicha vakil hisoboti fuqarolar huquqlari va qonuniy manfaatlarining aniqlangan buzilish hollariga munosabat bildirishning yakuniy shakli hisoblanadi.
Mamlakatimiz parlamentiga hisobot taqdim etar ekan, Inson huquqlari bo‘yicha vakil o‘z faoliyati jarayonida duch keladigan axborotlarning o‘ziga xos xususiyatini barcha manfaatdor shaxslar tushunishidan umid qiladi. Davlat organlarining mansabdor shaxslari murojaatlarda taqdim etilgan axborotni – sifatli va ta’sirchan qarorlar qabul qilish hamda jamiyat ehtiyojlariga o‘z vaqtida munosabat bildirish uchun zarur bo‘lgan eng muhim axborot manbai, aholi bilan muloqot qilishning, shaxs manfaatlarini qanoatlantirishning samarali vositasi sifatida qabul qilishlari Inson huquqlari bo‘yicha vakil uchun, shak-shubhasiz, muhimdir. Fuqarolar murojaatlari orqali jamiyatning fikri va kayfiyati, davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlarini amalga oshirayotganda kechadigan ijobiy va salbiy tamoyillar aniqlanadi. Shuning uchun ham umuman davlatning barqaror rivojlanishi inson huquqlarini amalga oshirish va himoya qilishning ma’muriy-huquqiy tartibotlari to‘g‘ri faoliyat ko‘rsatishiga, hokimiyatning fuqarolar murojaatlariga aniq va samarali munosabat bildirishiga bog‘liqdir.
Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ta’kidlanganidek, “...Buning tasdig‘ini mamlakatimizni isloh etish va demokratlashtirish jarayoni hech qachon ortga qaytmaydigan, qat’iy va izchil tus olgani, odamlarimiz o‘zgarib, ularning siyosiy va fuqarolik faolligi oshayotgani, ongu tafakkuri yuksalib yon-atrofda bo‘layotgan barcha voqea-hodisalarga daxldorlik tuyg‘usi, ertangi kunga ishonchi ortib borayotgani misolida ko‘rish, anglash qiyin emas.
Yurtdoshlarimizning, butun jamiyatimizning hayotidagi ana shunday o‘zgarish va yangilanishlar, o‘z mohiyat e’tiboriga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatimizning taraqqiyot va farovonlik yo‘lidan dadil rivojlanib borishini ta’minlayotgan hal qiluvchi kuchga aylanmoqda”.
I. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha faoliyati
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I. Karimov tomonidan 2010-yil noyabrda ilgari surilgan “Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi” nomli dasturiy hujjatda bayon etilgan mamlakatimizni rivojlantirish strategiyasi – respublikamizni demokratik yangilash hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning qonuniy va mantiqiy davomi bo‘ldi.
O‘zbekistonda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishga qaratilgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish jarayonlari doirasida milliy qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishga, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyoti samaradorligini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bunda O‘zbekiston Respublikasi milliy qonunchiligini rivojlantirishning asosiy qismi fuqarolar huquqlari va erkinliklarini, shuningdek bu huquqlarni amalga oshirish kafolatlarini ta’minlashdan iboratdir.
2013-yilda O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini isloh etishda Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslarini amalga oshirish asosiy yo‘nalish bo‘ldi. Hisobot davrida mamlakatimizda bu Dasturiy hujjatning taqdirilomon qoidalarini qonun chiqarish yo‘li bilan mustahkamlash borasida keng ko‘lamdagi sermashaqqat ishlar amalga oshirilgan bo‘lib, bu qoidalardan ko‘pi qabul qilingan va kuchga kirgan huquqiy hujjatlarda o‘z aksini topdi.
Chunonchi, 2013-yilda fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini amalga oshirish hamda himoya qilishni ta’minlagan qonun hujjatlari qabul qilindi. Chunonchi, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi, “Budjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi, “Soliq va budjet siyosatining 2014-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Garov reyestri to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi, “Muvofiqlikni baholash to‘g‘risida”gi, “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Reglamenti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasiga kiradi.
Mazkur qonun hujjatlari o‘z mohiyatiga ko‘ra, ijtimoiy-siyosiy hayotning barcha jabhalarida insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini himoya qilish hamda amalga oshirishning samarali huquqiy tartibotini ta’minlashga qaratilgandir.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasida Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini hayotga tatbiq etish doirasida amalga oshirilayotgan qonunchilik jarayonining takomillashtirilishi barobarida qabul qilingan qonun hujjatlarini amalga oshirish va qo‘llash jarayoni ham alohida e’tibor talab etadi.
Inson huquqlari sohasidagi qonunlarning amaliy samaradorligini va qonun hujjatlarining xalqaro andozalarga muvofiqligini baholash, huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlash — O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga parlament tartib-taomillaridan foydalanish orqali O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida e’lon qilingan huquqlar va erkinliklarni ta’minlovchi qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish imkonini beradi.
Qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir faoliyatning samaradorligi qonunlar va qonun loyihalarini har tomonlama huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga bog‘liqdir, shu tufayli ham huquqni himoya qilish ekspertizasi o‘ta muhim hisoblanadi, chunki u normativ-huquqiy hujjatning eng asosiy mezonini — uning inson huquqlarini himoya qilishga qaratilganligini hisobga olish imkonini beradi.
Fuqarolarning murojaatlari, shuningdek Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan o‘tkazilayotgan monitoring tadqiqotlari natijalari barcha darajadagi qonun hujjatlarining sifatini tahlil qilish imkonini beruvchi muhim axborot manbai hisoblanadi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 1-moddasida nazarda tutilgan qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshirish doirasida Parlament ombudsmani:
amaldagi qonun hujjatlarida mavjud bo‘lgan, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida kafolatlangan huquqlari buzilishiga sabab bo‘layotgan kamchiliklar va qarama-qarshiliklarni aniqlaydi;
inson huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi hollarini va bunday buzilish sabablarini tadqiq etadi;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ta’minlanishiga qaratilgan qonun loyihalarining ishlab chiqilishi va takomillashtirilishida ishtirok etadi;
qonunchilik tashabbusi huquqiga ega bo‘lgan subyektlar orqali inson huquqlari sohasidagi amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritadi;
Inson huquqlari bo‘yicha vakilning hisobotlarida takomillashmagan qonun hujjatlari haqida axborot taqdim etadi;
inson huquqlariga doir xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida takliflar kiritadi;
inson huquqlari sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, xalqaro huquq normalariga, O‘zbekiston Respublikasi rioya etishni o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarga muvofiqligini huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi;
BMT shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarish hamda milliy qonun hujjatlarini inson huquqlari sohasidagi xalqaro andozalarga muvofiqlashtirish bo‘yicha milliy harakat dasturlarini tayyorlash va amalga oshirishda ishtirok etadi.
Ombudsman ushbu vakolatlarni amalga oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati, parlament palatalarining qo‘mitalari, quyi palatadagi siyosiy partiyalar fraksiyalari va deputatlar birlashmalari, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro yaqin hamkorlik qiladi.
2013-yilda Inson huquqlari bo‘yicha vakilning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bilan o‘zaro amaliy hamkorligining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘ldi:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining majlislarida, parlament eshituvlarida, uning Kengashi va qo‘mitalari yig‘ilishlarida ishtirok etish;
qonun loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etish;
qonun loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazish va parlament qo‘mitalari tomonidan taqdim etilgan qonun loyihalarini takomillashtirishga qaratilgan tavsiyalar tayyorlash;
inson huquqlari bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringlarining yakunlariga doir axborotlar taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjumanlar, seminarlarda ishtirok etish.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil hamda uning Kotibiyati xodimlarining Qonunchilik palatasi majlislarida, parlament eshituvlarida, inson huquqlari va erkinliklariga taalluqli qonun loyihalarini muhokama qilish chog‘ida qo‘mitalar, ishchi guruhlar ishida ishtirok etish — 2013-yilda Ombudsmanning inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishda ishtirok etishining faol shakllaridan biri bo‘ldi.
Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili insonning shaxsiy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy huquqlarini ta’minlashga taalluqli qonun loyihalarini qo‘rib chiqishda Qonunchilik palatasining 29 ta majlisida qatnashdi.
Bundan tashqari, Parlament ombudsmani vakillari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining qo‘mitalari yig‘ilishlarida ishtirok etish uchun taklif qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martda qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi sinovi bo‘yicha huquqiy eksperiment o‘tkazish haqida”gi F–3987-sonli Farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Ishchi komissiya tarkibida uning yig‘ilishlarida ishtirok etish Inson huquqlari bo‘yicha vakilning parlament quyi palatasi bilan o‘zaro hamkorligidagi boshqa bir yo‘nalish bo‘ldi. Mazkur Farmoyishga binoan fuqarolarning axborotga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy tartibotlarini, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati hamda ular tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar haqida jamoatchilikni xabardor etish tartib-taomillarini nazarda tutuvchi “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi normalari sinovi bo‘yicha Huquqiy eksperimentni o‘tkazish tartibi tasdiqlandi.
Ombudsman Kotibiyati xodimlarining qonun loyihalarini tayyorlash bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etishi Inson huquqlari bo‘yicha vakilga qonun loyihalarini ishlab chiqish va takomillashtirishga doir o‘z qonunchilik tashabbuslarini bevosita amalga oshirish imkonini berdi. Chunonchi, Ombudsmanning vakillari “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari bo‘yicha ishchi guruhlar tarkibida ishtirok etib, bu qonun loyihalarini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator takliflar bildirdilar.
Inson huquqlari masalalari bo‘yicha qonun ijodkorligi faoliyatining qonun loyihalarini navbatdagi muhokamaga tayyorlash va ularni qabul qilish bosqichlarida ishtirok etish — Ombudsmanning davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi oliy organi bilan o‘zaro hamkorligining eng muhim omillaridan biri bo‘ldi.
Hisobot davrida Inson huquqlari bo‘yicha vakil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, vazirliklar va idoralar, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etilgan 16 ta qonun loyihasini huquqiy ekspertizadan o‘tkazdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Silning oldini olish va uni davolashga doir qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 144-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 43-moddasiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi, “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Garov reyestri to‘g‘risida”gi, “Genomni davlat ro‘yxatiga olish to‘g‘risida”gi qonun loyihalari yuzasidan takliflar berildi.
Ombudsmanning qonun loyihalari yuzasidan taqdim etilgan xulosalarida qonun hujjatlarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan prinsiplari va normalariga muvofiqlashtirishga, qonun hujjatlaridagi mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirishga hamda qonunlar o‘rtasidagi qarama-qarshiliklarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid takliflar bayon etilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya etilishi monitoringlari haqida axborot taqdim etish va bu monitoringlar yakunlarini muhokama qilish Inson huquqlari bo‘yicha vakilning parlament Qonunchilik palatasi va uning qo‘mitalari bilan o‘zaro hamkorligining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Chunonchi, 2013-yil dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi o‘tkazgan kengaytirilgan yig‘ilishda “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring yakunlari muhokama qilindi. Yig‘ilish yakunlariga ko‘ra Qo‘mitaning fuqarolar murojaatlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunchilikni, fuqarolarni qabul qilishni tashkil etish hamda fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartiblarini takomillashtirishga, fuqarolar murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishini nazorat qilishni kuchaytirishga qaratilgan tavsiyalari, shuningdek axborot-tahliliy ishlar sohasidagi, fuqarolarning murojaatlari bilan ish olib boradigan boshqarmalar tuzilmasini muqobillashtirish va mutaxassislar malakasini oshirish borasidagi takliflari aks etgan Qarori qabul qilindi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakilning qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish bo‘yicha faoliyati samaradorligi ko‘p jihatdan parlament palatalari, Senat a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari bilan o‘zaro hamkorligiga bog‘liqdir. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan ham doimiy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilmoqda:
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yalpi majlislarida, Senat Kengashi, Senat qo‘mitalari va komissiyalarining yig‘ilishlarida ishtirok etish;
Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha ishchi guruhlar faoliyatida ishtirok etish;
Senat qo‘mitalarining nazorat-tahlil faoliyatida ishtirok etish;
inson huquqlari bo‘yicha qonun hujjatlariga rioya etilishiga oid o‘tkazilgan monitoringlar yakunlariga doir axborotlar taqdim etish;
O‘zbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan anjumanlar, seminarlarda ishtirok etish.
Inson huquqlari bo‘yicha vakilning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan o‘zaro amaliy hamkorligini ta’minlash maqsadida Parlament ombudsmani, uning joylardagi vakillari Senatning yalpi majlislarida, Senat Kengashining yig‘ilishlarida doimiy asosda ishtirok etmoqdalar. Hisobot yilida Parlament ombudsmani mamlakatimiz parlamenti yuqori palatasining uchta yalpi majlisida ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil 2013-yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi yig‘ilishida ishtirok etdi. Bu yig‘ilishda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Ijtimoiy rivojlanish va jamoat birlashmalari masalalari qo‘mitasi, xalq deputatlari viloyat hamda Toshkent shahar Kengashlarining yoshlar siyosati va sog‘lom avlodni tarbiyalash masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari faoliyatini monitoring natijalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tashabbusiga ko‘ra Toshkentda milliy, etnik hamda diniy totuvlik va hamjihatlikni ta’minlash borasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Bu tadbirda Ombudsman vakillari ham taklif etildi.
Hisobot yilida Parlament ombudsmani mintaqaviy vakillarining parlament yuqori palatasi qo‘mitalari va komissiyalari bilan hamkorligi ham faollashdi. Chunonchi, 2013-yil mart oyida Inson huquqlari bo‘yicha vakilning Farg‘ona viloyatidagi vakili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining Farg‘ona viloyatida ijro etilishini o‘rganish natijalarini muhokama qilishga bag‘ishlab Farg‘ona viloyat Kengashi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sog‘liqni saqlash organlari, xotin-qizlar qo‘mitalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari hamda jamoatchilik ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda faol qatnashdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Jizzax viloyatidagi vakili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining Jizzax viloyat Kengashi deputatlari ishtirokida olib borgan faoliyatida ishtirok etdi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakilning Xorazm viloyatidagi vakili ham O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi hamda “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ijrosining tashkil etilishini o‘rganish natijalarini, shuningdek fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining atrof muhitni muhofaza qilish, mahallalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, qishloq aholi punktlari infratuzilmasini, qishloqda yakka tartibda uy-joy qurilishini rivojlantirishdagi ishtirokini muhokama qilishga bag‘ishlab o‘tkazilgan sayyor yig‘ilishda qatnashdi.
Parlament ombudsmani va uning vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarini amalga oshirishda ishtirok etishi ko‘p yillardan buyon Senat hamda Inson huquqlari bo‘yicha vakil o‘rtasida olib borilayotgan hamkorlikda ustuvor ahamiyatga ega bo‘lib kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining amnistiya aktini qo‘llash tartib-taomillari oshkoraligi va shaffofligini ta’minlash, amnistiyani qo‘llashda huquqbuzarliklarni bartaraf etish maqsadida 2012-yil 5-dekabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qarorini qo‘llash tartibi haqidagi” SQ-341-II-sonli Qaroriga muvofiq mazkur hujjatni qo‘llash tartib-taomillari chog‘ida keng jamoatchilik nazoratini amalga oshirish zarurligi nazarda tutilgan.
Qarorda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar xalq deputatlari Kengashlarining deputatlari, Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining mintaqaviy vakillari amnistiya to‘g‘risidagi qarorning qo‘llanilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda, shuningdek hujjatni ijro etish tartib-taomillarining shaffofligi ta’minlanishida faol ishtirok etishlari nazarda tutilgan.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil inson huquqlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishda o‘z vakolat doirasiga qat’iy amal qilgan holda ishtirok etdi. Afsuski, ana shu vakolat doirasining o‘zi nihoyatda tor bo‘lib, u qonunchilik tashabbusi huquqini bermaydi. Buning ustiga, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning Oliy Majlis palatalarining qo‘mitalarida qonun loyihalarini tayyorlash va muhokama qilish tartib-taomillarida ishtirok etishi parlament palatalarining Reglamentlarida tartibga solinmagan. Ushbu Reglamentlarda Inson huquqlari bo‘yicha vakilga qonun loyihalari yuzasidan rasman xulosalar kiritishga doir qoidalar yo‘qligi Ombudsmanga qonun hujjatlarini takomillashtirishda samarali ishtirok etish imkonini bermaydi. Ombudsman qonun hujjatlarini takomillashtirish haqidagi o‘z takliflarini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida sanab o‘tilgan qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlarining ko‘rib chiqishi uchun yuborishga haqlidir. Bu subyektlar esa, o‘z navbatida, Inson huquqlari bo‘yicha vakilning takliflarini qabul qilishi yoki rad etishi mumkin. Bunday noqulay tartib Inson huquqlari bo‘yicha vakilning o‘z hamkorlari bilan yozishmalari hajmini sezilarli darajada oshirib yuboradi va qonun ijodkorligi jarayonining samaradorligiga ko‘maklashmaydi.
BMT shartnomaviy qo‘mitalarining tavsiyalarini bajarish bo‘yicha milliy harakat rejalarini tayyorlash va amalga oshirish hamda milliy qonun hujjatlarini inson huquqlariga doir xalqaro andozalarga muvofiqlashtirishda ishtirok etish 2013-yilda Parlament ombudsman faoliyatining eng dolzarb masalalaridan biri bo‘ldi.
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida Parlament ombudsmanining inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarni bajarish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy ma’ruzalarini tayyorlashda ishtirok etishi nazarda tutilgan. Hisobot davrida Inson huquqlari bo‘yicha vakil Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha To‘rtinchi davriy ma’ruzani tayyorlash uchun axborot taqdim etdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining so‘rovlariga muvofiq Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktni bajarish bo‘yicha O‘zbekistonning Ikkinchi davriy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi munosabati bilan Ombudsman tomonidan qo‘shimcha va yangilangan axborotlarga taalluqli savolnoma materillari taqdim etildi. Bundan tashqari, Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan BMTning Qiynoqlarga solishga qarshi qo‘mitasining savolnomasiga javoblar ham BMTning Qiynoqlarga solishga hamda muomalada bo‘lish va jazolashning boshqa shavqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni tahqirlovchi turlariga qarshi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha O‘zbekistonning To‘rtinchi davriy ma’ruzasi uchun tayyorlandi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha Ishchi guruhining Universal davriy sharh doirasida O‘zbekistonning Ikkinchi milliy ma’ruzasini ko‘rib chiqishda 2013-yil 16-sentabrdan 20-sentabrgacha bo‘lgan davrda o‘tkazilgan 24-sessiyasi ishida O‘zbekiston delegatsiyasining ishtiroki yakunlariga ko‘ra Ombudsman ko‘rib chiqishi uchun mazkur Inson huquqlari bo‘yicha kengashning va xalqaro shartnomaviy organlarning inson huquqlari sohasidagi O‘zbekistonning milliy ma’ruzalarini ko‘rib chiqish yakunlariga doir tavsiyalarini bajarish bo‘yicha Milliy harakat rejasi loyihasi taqdim etildi. Milliy harakat rejasi loyihasida O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi bo‘yicha tadbirlarni amalga oshirish, inson huquqlarining qonunchilik asoslarini takomillashtirish, inson huquqlarini himoya qilishning institutsional asoslarini mustahkamlash, inson huquqlarining amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha dasturlarni bajarish, inson huquqlariga doir xalqaro tartibotlar va shartnomaviy organlar bilan hamkorlikni rivojlantirish, inson huquqlarining alohida toifalarini ro‘yobga chiqarish tadbirlarini amalga oshirish nazarda tutilgan.
Davlat boshqaruv organlari, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan taqdim etilgan qonun loyihalari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan takliflarni o‘rganish borasidagi ishlar 2013-yilda qonunchilikni takomillashtirishga doir faoliyatning yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi.
Inson huquqlari bo‘yicha vakil Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida “Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yanada takomillashtirish, shu jumladan ushbu masalaga bag‘ishlangan seminarlar turkumini tashkil etish va o‘tkazish orqali takomillashtirish borasidagi ishlarda faol qatnashdi.
Qonun hujjatlarini takomillashtirishga ko‘maklashish jarayonida Inson huquqlari bo‘yicha vakil “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomilashtirish borasidagi ishlarda ham faol qatnashdi. Bu borada O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi bilan hamkorlikda sa’y-harakatlar amalga oshirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining taqdimnomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2008-yil 5-noyabrda qabul qilingan “Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo‘yicha Respublika reabilitatsiya markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi 240-sonli qaroriga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qarori loyihasi Ombudsman tomonidan o‘rganildi. Hukumatning Respublika markazi faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan ushbu qaror loyihasi “Odam savdosiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 8-iyulda qabul qilingan “Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-911-sonli Qaroriga, Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tomonidan tasdiqlangan 2013-2014-yillarda odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha tadbirlar rejasiga muvofiq tayyorlangan.
Inson huquqlarini amalga oshirish va uni himoya qilishni ta’minlashning samarali tartibotlarini yanada takomillashtirish maqsadida Inson huquqlari bo‘yicha vakil sud organlari bilan o‘zaro yaqin hamkorlik o‘rnatgan. 2013-yilda Ombudsmanning O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorligi Oliy sud Plenumining qarorlari loyihalarini qo‘rib chiqishda Plenum majlislarida ishtirok etish yo‘li bilan davom ettirildi. Bu majlislarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining quyidagi qarorlari loyihalari ko‘rib chiqildi: “Tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq ishlar bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”, “Sudlarning farzandlikka olish to‘g‘risidagi ishlarga oid qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”, “Sudlarning soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bosh tortganlik uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini qo‘llashi haqida”, “Bojxonaga oid qonun hujjatlarini buzganlik va kontrabanda to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha sud amaliyoti haqida”, “Bolalar tarbiyasi bilan bog‘liq nizolarni hal etishda sudlar tomonidan qonun hujjatlarini qo‘llash amaliyoti to‘g‘risida”.
O‘z navbatida Inson huquqlari bo‘yicha vakil fuqarolarning murojaatlari va shikoyatlarini, inson huquqlarining turli toifalariga rioya etilishi bo‘yicha monitoring tadqiqotlarini tahlil qilish asosida bevosita fuqarolar, nohukumat tashkilotlari bilan ish olib borib, keng jamoatchilikning manfaatlarini ifodalab, fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida e’lon qilingan huquqlari va erkinliklarini ta’minlovchi qonun hujjatlarini nafaqat takomillashtirish, balki qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti oqibatlarini prognoz qilishga ham ko‘maklashadi.
II. Inson huquqlari sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini monitoring qilish
Davlat hayotida demokratik asoslarni izchil rivojlantirish va chuqurlashtirish fuqarolarning davlat hamda jamiyat ishlarini boshqarishda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish bilan uzviy bog‘liqdir. Bu borada fuqarolarning murojaatlar berishga bo‘lgan huquqi muhim rol o‘ynaydi.
Fuqarolarning o‘z huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun shikoyat bilan murojaat qilish huquqi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 35-moddasida belgilab qo‘yilgan konstitutsiyaviy huquq bo‘lib, unda bunday deyilgan: “Har bir shaxs bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda vakolatli davlat organlariga, muassasalariga yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart”.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi shaxsning konstitutsiyaviy-huquqiy maqomini mustahkamlab qo‘yar ekan, fuqaroni ommaviy hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarda davlat faoliyatining obyekti sifatida emas, balki o‘z huquqlarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qila oladigan va har qanday organlar timsolida davlat bilan bahslasha oladigan teng huquqli, ajralmas shaxsiy qadr-qimmatga ega bo‘lgan subyekt sifatida qatnasha olishidan kelib chiqadi.
Shuni ta’kidlash kerakki, 2002-yil 13-dekabrda qabul qilingan, fuqarolarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga murojaatlari sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni murojaatlar bilan ish olib borishning aniq tizimini va bir xildagi tartibotini yo‘lga qo‘yish imkonini berdi, bu bilan har bir mansabdor shaxsning kelib tushadigan arizalar, takliflar va shikoyatlarning muddatlari hamda sifati uchun mas’uliyatini oshirdi.
Davlat organlariga murojaatlar berishning ahamiyati shundaki, bunday murojaatlar vositasida fuqarolar o‘z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladilar, bu organlar faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradilar, hokimiyat organlarini hozirgi vaqtda mavjud bo‘lgan muammolar haqida, shu jumladan amaldagi qonun hujjatlarining takomillashmaganligi to‘g‘risida xabardor qiladilar, shuningdek qonunchilik tashabbusi bilan chiqish orqali uni takomillashtirish yo‘llarini taklif etadilar.
Fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqish har qanday darajadagi organlar hamda mansabdor shaxslarning eng muhim majburiyatlari bo‘lib, bu vazifa davlat tuzilmalari ishida mavjud bo‘lgan kamchiliklar va bo‘shliqlarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rish, so‘zda emas, balki amalda odamlar hayotini yaxshilashga ko‘maklashish imkonini beradi.
Fuqarolar murojaatlariga fuqarolik jamiyatining shaxs va davlat o‘rtasidagi o‘ziga xos muloqotini aks ettiruvchi eng muhim instituti sifatida qarash kerak, zero ushbu institutda murojaat qilish huquqi yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan qonun buzilishi hollarini bartaraf etishning asosiy va ta’sirchan usullaridan biri, huquqbuzarliklarning oldini olish vositasi bo‘lib hisoblanadi.
Murojaat qilish huquqini amalga oshirish tartibotida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) eng muhim vosita hisoblanadi. Fuqarolar huquqlarini suddan tashqari himoya qilish organi bo‘lgan Ombudsman fuqarolarning o‘z huquqlari va erkinliklarini himoya qilishning boshqa huquqiy vositalaridan foydalanib bo‘lganidan keyin yo‘llagan shikoyatlarini qabul qilish va ko‘rib chiqishga da’vat etilgandir, u davlat organi va fuqaro o‘rtasidagi ixtilofni hal etish yo‘llari haqida o‘z tavsiyalarini kiritish orqali insonning buzilgan huquqlarini tiklashga ko‘maklashishi shart.
Fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqish va fuqarolarni shaxsan qabul qilish bo‘yicha ishlarni tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyatining ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib, bu fuqarolarning davlat hokimiyati organlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqi amalga oshirilishini ta’minlaydi.
Fuqarolarning Parlament ombudsmani ofisiga kelib tushayotgan murojaatlarini tahlil qilish shundan dalolat beradiki, keyingi vaqtda fuqarolarning Inson huquqlari bo‘yicha vakil manziliga murojaatlari soni, shu jumladan davlat organlari va mansabdor shaxslarning murojaatlarni sifatsiz ko‘rib chiqayotganligi bilan bog‘liq murojaatlar soni ko‘payib borayotganligi kuzatilmoqda. Murojaatlar soni ko‘payishi, bir tomondan, bu — fuqarolarning ijtimoiy faolligi darajasi oshganligidan dalolat beruvchi ko‘rsatkich bo‘lsa, boshqa tomondan — davlat tuzilmalari va mansabdor shaxslar faoliyatida muammoli holatlar mavjudligidan, ularning murojaatlarni ko‘rib chiqishga doir ishlarni tashkil etishi takomillashmaganligidan dalolat beradi.
Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishda sansalorlik va tekshiruv harakatlarining to‘liq bo‘lmasligi, shuningdek belgilab qo‘yilgan vakolatlariga muvofiq davlat organlari tomonidan yetarli darajada chora-tadbirlar ko‘rilmasligi ko‘p hollarda fuqarolarning Parlament ombudsmaniga murojaat qilishlariga asos bo‘lmoqda.
Arizachilar o‘z huquq va qonuniy manfaatlari kamsitilayotgani, fuqarolarning qonuniy talablarini hal etishda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan to‘rachilik va rasmiyatchilik holatlariga yo‘l qo‘yilayotganligi haqida xabar qiladilar. Murojaatlarda mehnatga qobiliyatli aholining, xususan qishloq joylarda ish bilan bandligini ta’minlash masalalari ko‘tariladi, mehnat nizolari, ish haqining uzoq vaqt mobaynida to‘lanmayotgani haqidagi shikoyatlar ham ko‘plab tushmoqda.
Murojaatlarning katta bir qismida uy-joy huquqlarining buzilayotgani, xususiylashtirish, imtiyozli huquqqa ega bo‘lgan shaxslarga uy-joy berish masalalari, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatish organlari ishidan norozilik aks etgan.
Iqtisodiy huquqlar sohasida esa fuqarolar mulk huquqi hamda tadbirkorlik faoliyatini erkin amalga oshirish huquqi buzilayotganligi va ayrim mansabdor shaxslar tomonidan to‘sqinliklar bo‘layotganligi haqida shikoyat qiladilar.
Ombudsman Kotibiyatiga tushayotgan fuqarolar shikoyatlarini chuqur va atroflicha tahlil qilish shundan dalolat beradiki, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari tomonidan “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga yetarli darajada rioya etilmayapti. Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarining buzilishi; murojaatlarni fuqaro huquqlarini buzgan organning o‘ziga yuborish; fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash chora-tadbirlarini ko‘rmaslik; arizachiga uning dalillari tekshirilganligi bayon etilmagan yuzaki javoblar yuborish; inson huquqlari va erkinliklari buzilishiga olib keluvchi sabablar va sharoitlarni aniqlash maqsadida Qonunning murojaatlarni doimiy ravishda tahlil qilish va umumlashtirib borish to‘g‘risidagi talablarini bajarmaslik holatlari fuqarolarning organlar va mansabdor shaxslarga murojaat qilish huquqlarining eng ko‘p uchrab turadigan buzilishi hollaridir.
Fuqarolar davlat organlariga murojaat qilganda duch keladigan muammolarni hamda inson huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni aniqlash uchun Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili 2013-yilda mamlakatimizning barcha viloyatlarida “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qoidalariga rioya etilishi to‘g‘risidagi masalani o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi.
“Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining huquqni qo‘llash amaliyoti vaziyati bilan tanishish; davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, hokimliklarga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga shikoyatlar va arizalar bilan murojaat qilinganda inson huquqlariga rioya etilishini ta’minlash; davlat organlarining fuqarolar murojaatlari bilan ish olib borishi tartibi haqida axborotlar olish; davlat organlari xodimlarining fuqarolar murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari qoidalaridan xabardorligini aniqlash; Inson huquqlari bo‘yicha vakil va uning mintaqalardagi vakillari bilan insonning murojaat qilish huquqlari ta’minlanishi sohasidagi hamkorlikning shakllari haqida ma’lumotlar olish ushbu monitoringning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Monitoringni samarali tashkil etish va uni mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga rioya etilishini monitoring qilish konsepsiyasini ishlab chiqdi, unda monitoringni tashkil etish tartibi, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning fuqarolarning murojaat qilish huquqini ta’minlash sohasida ish olib borish sharoitlaridan dalolat beruvchi vositalar, asosiy ko‘rsatkichlar ro‘yxati belgilangan.
Davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga murojaat qilish huquqi ta’minlanishi bilan bog‘liq masalalarga oid monitoring tadqiqotlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining joylardagi vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlariga rioya etilishi va uni himoya qilish masalalari bilan bevosita shug‘ullanuvchi organlar hamda tashkilotlarning vakillarini jalb etgan holda 2013-yil may — iyul oylarida o‘tkazildi. Monitoringni o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruhlar tarkibiga Inson huquqlari bo‘yicha vakil Kotibiyati xodimlari, Ombudsmanning Toshkent shahri va respublika viloyatlari bo‘yicha mintaqaviy vakillari huzuridagi Ekspert kengashi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti, “Ijtimoiy fikr” Jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi, FJShMQMI, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi vakillari kiritildi.
Viloyat va tuman hokimliklari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari fuqarolarning murojaat qilish huquqlari bo‘yicha monitoringdan o‘tkazildi.