30.4. Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ish yuritish
Yarashuv instituti xalqimizga xos boʻlgan kechirimlilik, insonparvarlik, bagʻrikenglik kabi azaliy qadriyatlarimizni oʻzida mujassam etgan. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 2001-yilning 29-avgustida “Jinoiy jazolarning liberallashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni1 qabul qilinganidan soʻng jinoyat protsessi sohasida yangi institut – yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha ish yuritish tartibi joriy etildi va hozirgi kunda 56 ta jinoyat tarkibi boʻyicha yarashuv institutini qoʻllash imkoniyati nazarda tutilgan.
“Jabrlanuvchi bilan yarashuv” toʻgʻrisidagi alohida toifadagi ish yuritish tartibining joriy etilishi va yarashgan ayblanuvchi (sudlanuvchi)ning sudlanmagan shaxs huquqiy maqomiga ega boʻlishi milliy jinoyat-protsessual tizimimizda inson huquqlarini ta’minlash borasida muhim qadam boʻldi.
Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish – JKning 661-moddasidagi roʻyxatda mavjud boʻlgan va sodir etilgan jinoyat boʻyicha oʻz aybiga iqror boʻlib, uning oqibatlarini va keltirilgan zararini ixtiyoriy ravishda bartaraf etgan harakatlari natijasida yuzaga keladi, buning oqibatida jinoyatdan avvalgi huquqlari hamda mavqeyi tiklangan va keltirilgan zarari bartaraf etilgan jabrlanuvchi oʻz ixtiyori bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yarashuv toʻgʻrisidagi kelishuvga rozi boʻlib, bu haqida jinoyat ishiga masʼul boʻlgan surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudga ariza bilan murojaat etadi va uning harakatlari tekshirilishi va tasdiqlanishi natijasida jinoyatni sodir etgan shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etilib, uni sudlanmaganlik maqomiga ega qilish asosida ish sudning ajrimiga binoan tugatiladi.
Yarashuv institutining xususiyatlari quyidagilardan iborat:
1) yarashuv munosabati bilan koʻrib chiqiladigan jinoyat ishlariga JKning 661-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi;
2) yarashuv toʻgʻrisidagi jinoyat ishlari jinoyat ishini qoʻzgʻatish, dastlabki tergov va sud muhokamasini oʻz ichiga oladi;
3) surishtiruv va dastlabki tergovda quyidagilar isbotlanishi shart: a) gumon qilinuvchi, ayblanuvchining ilgari sudlangan yoki sudlanmaganligi; b) jinoyat haqiqatan ham gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan sodir etilganligi; v) ixtiyoriy ravishda yetkazilgan barcha turdagi zararni qoplanganligi; g) jabrlanuvchi jinoiy qilmishni sodir etgan shaxsni kechirib, yarashuv toʻgʻrisida ariza berganligi;
4) sud muhokamasiga ish materiali, tergovchi tomonidan chiqarilgan va prokuror rozilik bildirgan yarashuv toʻgʻrisidagi qarori, jabrlanuvchining yarashuv toʻgʻrisidagi arizasi topshiriladi;
5) sud muhokamasi majlisiga tayyorgarlik, sud muzokarasi va yarashuv toʻgʻrisidagi ajrim chiqarish uchun masalahatxonaga kirish qismlaridan iborat;
6) sud majlisida taraflarning bir tomonini prokuror va jabrlanuvchi (fuqaroviy da’vogar), ularning vakillari, ikkinchi tomonini gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va ularning himoyachisi tashkil etadi;
7) agar dastlabki tergovda yarashuv toʻgʻrisidagi bitimga kelishilmagan boʻlsa, sud masalahatxonaga kirgunga qadar jabrlanuvchi yarashuv toʻgʻrisidagi arizani topshirishi kerak. Bunday holda sud majlisi besh qismdan iborat boʻladi;
8. Yarashuv toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha chiqarilgan ajrim boʻyicha xususiy shikoyat yoki xususiy protest keltirilishi mumkin1.
Do'stlaringiz bilan baham: |