TAKSICHINING “IMTIHONI”
Kuni-kecha bir tadbirdan uyga shoshilib yo‘lga chiqdimu, o‘rta yoshlardagi gapga chechan taksichiga duch keldim. Suhbatdoshim betobligi sababli erta nafaqaga chiqib ketganligi, oldin o‘zi qurilish-loyihalash sohasida ishlagani, hozir asosan nevaralari tarbiyasi bilan shug‘ullanayotgani va kuniga 1-2 soatgina kiraga chiqishini hikoya qilib berdi.
Shundan so‘ng gurung doirasida turli aralash-quralash mavzular, xususan shaharda olib borilayotgan obodonlashtirish ishlaridan tortib, oddiy odamlarning yashash sharoitlari ancha o‘nglanib qolganigacha qamrab olindi.
Endigina “Xalqlar do‘stligi” maydoni oldidan yurganimizni bilaman kutilmagan savollar berila boshlandi. Go‘yoki haydovchi universitet o‘qituvchisi-yu men esa talaba.
— Ayting-chi, mana shu bayroqning balandligi necha metr?
— Qaysidir gazetada o‘qigandim. Esimdan chiqibdi…
— Xo‘o‘o‘sh… Keyingi savol: Bayroqning eni qancha?
— Uzr, shuni bilmas ekanman…
Ochig‘ini aytsam, bu “imtihon”dan “ikki” baho olganimdan bir tomondan uyaldim. Ikkinchi tomondan shu qadar xursand bo‘ldimki, “domla”ga qanday rahmat deyishimni bilolmay qoldim.
Bu voqea odamlarimizning o‘zi mamlakat obro‘sini ko‘tarish, uning nufuzini yanada oshirishni istayotganining isbotidek tuyuldi.
TARMOQLARDAGI INDIVIDUALLASHUV
Yakka tartibdagi muloqot haqiqiy ma’noda ommaviylik tusini oldi.
Boshqacha aytganda, mashhur olim E.Tofflerning axborot asrida hayotning barcha jabhalari, xususan ishlab chiqarish jarayonlari, qolaversa, axborot vositalari ham ommalashuvdan individuallashuv tomon yuz tutadi degan bashorati bir qadar o‘z isbotini topmoqda.
Mana shunday xususiyatlari bilan ommaviy kommunikatsiya vositalari zamonaviy tsivilizatsiyaning o‘ziga xos ko‘rinishiga aylanib ulgurmoqda.
Ommabop ijtimoiy tarmoqlarda yuzaga kelayotgan vatanparvar yoshlarning turli guruhlari axborot makonidagi o‘ziga xos targ‘ibotchi sifatida e’tirof etilishi mumkin. E’tiborli jihati shundaki, faol yoshlarimizni jipslashtirayotgan tarmoqdagi bu kabi ommabop guruhlar o‘z o‘rnida milliy OAV kabi mamlakatimiz media imijini mustahkamlashga bevosita xizmat qilmoqda.
XXI asrning ikkinchi o‘n yilligida ijtimoiy tarmoqlar (ing. social media) jahon media makonida faoliyat yuritib kelayotgan an’anaviy OAV bilan shu qadar aralashib, qo‘shilib ketmoqdaki, natijada ularni bir-biridan ajratish yoki bir-biriga qarshi qo‘yish mantiqsizlik bo‘lur edi.
Vatanimiz madaniyati, tarixi va hozirgi yutuqlarini butun dunyoga targ‘ib qilishda va shu orqali davlatimiz imiji va obro‘sini oshirishda ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish maqsadga muvofiqdir. Chunki hozirgi paytda yer kurrasining 50 foizdan ortiq aholisi biron-bir ijtimoiy saytda faoldir.
Ma’lumotlarga ko‘ra dunyo yoshlarining 96 foizi ijtimoiy tarmoqlar vositasida o‘zaro muloqotga kirishmoqda. Demak, yosh mustaqil davlat media imijini shakllantirish masalasida bu qadar ulkan imkoniyatdan oqilona va samarali foydalanish katta foyda keltiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |