3-bob O’ZBEKISTONDA IMIJ MASALALARI RIVOJLANTIRISHDA INTERNET MANBALARINIG TASIRI VA XORIJ TAJRIBASI
3.1 Internet nashirlar xamda ishtimoyi tarmoqlarda mamlakat imiji
Mamlakat media imijini yaratish va takomillashtirish, tashqi media targ‘ibot asoslarini shakllantirish, bu borada an’anaviy bosma nashrlar qatorida audiovizual raqamli kanallar, OAV sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tayotgan veb-saytlar faoliyatini tadqiq etish, shakllantirish tamoyillari va istiqboli bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va tegishli yechimlarni topish alohida ahamiyatga molikdir.
Shu bilan birga kishilik tsivilizatsiyasining bugungi bosqichidan mustahkam o‘rin olgan ijtimoiy tarmoqlar fenomeni, ularning kuch-qudrati va mavjud imkoniyatlarini e’tirof etgan holda, ushbu kommunikatsiya vositalaridan maqsadli foydalanish, ularni to‘g‘ri yo‘naltirish ishiga jiddiy e’tibor qaratish zarurati bor.
Zamonaviy kommunikatsiya vositalari jadal ommalashuvi natijasida jahon media maydoni sahnasida katta mavqega ega bo‘lib bormoqda. Shunday ommaviy muloqot vositalaridan biri — ijtimoiy tarmoqlardir.
TARMOQDAN TARMOQQA
Umuman internetning paydo bo‘lishi bilan hayotning juda ko‘p jihatlari, jumladan, kundalik maishiy xizmatlardan to biznes va menejment, yuridik va konsullik xizmatlari va hatto davlat boshqaruvigacha birin-ketin virtual dunyoga ko‘cha boshladi.
Eng muhimi, u yoshlarning an’anaviy muloqot shaklini tubdan o‘zgartirib yubordi. Olis masofadan turib nafaqat eshitish, balki ko‘rish imkoniyatining yuzaga kelishi virtual suhbatlarni keskin ommalashtirdi. Keyingi 15-20 yil davomida dunyo mamlakatlari aholisi, jumladan, o‘zbekistonlik yoshlar hayotida mobil aloqa keng urfga kirgan bo‘lsa, hozirgi davrga kelib mobil uskunalardagi “WhatsApp”, “ICQ”, “MSN” “Messenger” va “Telegram” orqali matnli muloqot (ing. text messaging) ommaviylik kasb etmoqda.
Qayd etish kerakki, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb yarmi, ya’ni 3 mlrd.ga yaqin kishi turli ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda. Shulardan eng katta qismi — 2 mlrd. odam “Facebook”da. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda “Facebook” tarmog‘idan foydalanuvchilar soni bir millionga yaqinlashib qolgan. Ular o‘rtacha 25-34 yoshda bo‘lib, 65,5 foizini erkaklar, 34,5 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Jahonda bir milliardlik auditoriyaga ega “Instagram” O‘zbekistonda 1.586.500 nafar foydalanuvchiga ega. “Telegram” — O‘zbekistonda 18 mln. kishiga xizmat ko‘rsatmoqda.
“ANXOLT” MEZONLARI
Hozirgi paytda dunyo mamlakatlarining jahon maydonidagi obro‘-e’tibori, imiji darajasini belgilash, bu yo‘nalishda turli tadqiqotlar, kuzatuvlar olib borish bilan shug‘ullanuvchi alohida nufuzli xalqaro markazlar mavjud. Mamlakat va davlat imiji masalalari bilan shug‘ullanish alohida ilmiy-nazariy yo‘nalishga aylandi. Mavzu doirasi kengayib, mohiyati chuqurlashdi. Bularning natijasi o‘laroq mavzuni turli aspektlarda o‘rganayotgan tadqiqotchilar safi kengayib bormoqda. Jumladan, aksariyat tadqiqotchilar davlatning o‘zligi masalasiga katta e’tibor qaratishyapti. Ularning fikriga ko‘ra, “mamlakat o‘zligining yo‘qotilishi davlatning xalqaro maydondagi pozitsiyalarining zaiflashuviga va hatto uning parchalanib ketishiga olib keladi”.
Britaniyalik olim Saymon Anxolt “mamlakatlar brendingi” sohasida dunyoga tanilgan yetakchi mutaxassislardan hisoblanadi. Tadqiqotchi o‘nta mamlakat fuqarolari orasida so‘rov o‘tkazib, bir necha mezonlar bo‘yicha boshqa davlatlarning brendiga baho berish g‘oyasini ilgari surgan.
S.Anxolt fikriga ko‘ra, “milliy brendni tashkil etishning 80 foizi muvofiqlashtirish ishlari, ya’ni davlat tashkilotlarining bu boradagi sa’y-harakatlarini, olib borayotgan ishlarini to‘plash, umumlashtirish va ularning yaxlit mexanizmini amaliyotga tatbiq etish bilan bog‘liq, 15 foiz kommunikatsiya va qolgan 5 foiz ta’sirlanishdan, ya’ni bu jarayonda OAV va boshqa ommaviy kommunikatsiya vositalarining roli hamda barcha ishtirokchilarning ana shu ishlarni sidqidildan amalga oshirishidan iboratdir”.
Shular qatorida taniqli mutaxassis mamlakat imiji bilan tovar imiji o‘rtasida katta farq borligini alohida ta’kidlaydi. Uning, “mamlakat — bu “Coca-cola” mahsuloti emas”, degan o‘ziga xos so‘z o‘yini tagida katta ma’no bor. Bundan ko‘rinib turibdiki, mamlakat va davlat imiji ancha murakkab va o‘ziga xos masaladir.
S.Anxolt mamlakat imijining mezonlari — “Nations Brand Index” qatoriga quyidagilarni kiritadi:
1. Davlat boshqaruvi, ichki va tashqi siyosat, bu jarayondagi shaffoflik.
2. Eksport mahsulotlari va taklif etilayotgan turli xizmatlarning xorijdagi mashhurlik darajasi.
3. Mavjud turizm imkoniyatlari va chet elliklarning mamlakatga kelish ishtiyoqi.
4. Mamlakatda investorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar. Imigratsiya masalalari, tashqaridan mamlakatga doimiy yashash uchun kelishni istovchilarning mavjudligi.
5. Milliy madaniyat va tarixiy merosning boy hamda jozibadorligi.
6. Odamlarning xorijliklarga ochiqligi va do‘stona munosabati.
Ushbu mezonlarning ahamiyatli jihati shundaki, S.Anxolt har yili bir marta imij bo‘yicha dunyo mamlakatlarining reytingini e’lon qiladi va ular har safar o‘zgarib turadi. Qizig‘i, ularning orasida eng rivojlangan mamlakatlar bilan birga endi rivojlanayotganlarini ham uchratish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |