2) sirg`aluvchi undoshlar (jami 9 ta) ikki nutq a’zosining o‘zaro yaqinlashishi va havo oqimining ana shu nutq a’zosi orasidan sirg`alib chiqishi bilan hosil bo‘ladigan tovushlar bo‘lib, ularga v, j (jurnal, vijdon), z, y, s, f, x, sh, g`, h undoshlari kiradi.
Havo oqimining ikki lab o‘rtasidagi yoki pastki lab bilan yuqori tishlar orasidagi tor oraliqdan sirg`alib o‘tishi j (jirafa), z, s, sh undoshlarini; til o‘rta qismi bilan qattiq tanglayning o‘rta qismi orasidagi tor oraliqdan sirg`alib o‘tishi y undoshini; tilning orqa qismi bilan tanglayning orqa qismi o‘rtasidagi tor oraliqdan sirg`alib o‘tishi g`, x undoshlarini; bo‘g`izdagi un paychalari orasidagi tor oraliqdan sirg`alib o‘tishi esa h undoshini vujudga keltiradi [Jamolxonov H.A. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. - T.: “Talqin” nashriyoti. 2005, 59-bet].
3) portlovchi-sirg`aluvchi undoshlar (jami 5 ta) bir vaqtning o‘zida ham portlash, ham sirg`alish jarayonlarining ro‘y berishi natijasida hosil bo‘ladi. Ularga m, n, ng, l, r undoshlari kiradi. Bunday undoshlar hosil bo‘lish usuliga ko‘ra boshqa undoshlar (portlovchilar, sirg`aluvchilar) dangina emas, o‘zaro ham farq qiladi va uch guruhga bo‘linadi: a) burun tovushlari: m, n, ng. Bulardan m undoshining hosil bo‘lishida o‘pkadan kelayotgan havo oqimining bir qismi og`iz bo‘shlig`idan lablarning to‘sqinligiga uchrab, qisman portlab, havo oqimining qolgan qismi burun bo‘shlig`idan sirg`alib chiqadi, n undoshining hosil bo‘lishida esa til uchi yuqori tishlarga va milkka tegib, yarim portlash ro‘y beradi, burun yo‘li ochiq bo‘lgani uchun, havo oqimining qolgan qismi burun bo‘shlig`i orqali sirg`alib chiqadi. Tilning orqa qismi qattiq tanglayning orqa qismiga tegib, havo oqimining qisman portlashi va havo oqimining bir qismi burun bo‘shlig`i orqali sirg`alib chiqishi ng tovushini vujudga keltiradi. b) yon tovush l undoshini hosil qilishda til uchi yuqoriga tomon bukilib, milkka tegadi, ammo havo oqimining tilning ikki yonidan sirg`alib o‘tishi uning og`iz bo‘shlig`idan qisman portlab, qisman sirg`alib chiqishiga sabab bo‘ladi. v) titroq tovush r undoshini hosil qilishda o‘pkadan chiqayotgan havo to‘lqini tilning uchiga zarb bilan kuchli uriladi va uni titratadi, tilning titrab turishi esa havo oqimining og`iz bo‘shlig`idan portlab-sirg`alib chiqishiga olib keladi.
Demak, portlovchi-sirg`aluvchi undoshlarning hosil bo‘lishida ham portlovchilarga xos bo‘lgan ikki a’zoning jipslashuvi, ham sirg`aluvchilarga xos bo‘lgan ikki nutq a’zosi orasidagi tor oraliqdan (yoki burun bo‘shlig`idan) sirg`alib o‘tishi sodir bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |