1. Ma'lumotlar bazasi nima? 2. Ma'lumotlar bazasi qanday xossalarga ega bo‘lishi kerak? 3. Ma’lumotlar bazasi va ma’lumotlar banki tushunchalarining farqini ayting. 4. Ma'lumotlar bazasini boshqarish tizimlarining vazifalari nimalardan iborat? 5. Ma'lumotlar bazasi boshqarish tizimlari fani nimani o‘rganadi?
2 – MA’RUZA.
MA’LUMOTLARNING RELYATSION MODELI HAQIDA ASOSIY TUSHUNCHALAR.
Reja:
Munosabatlar.
Ma’lumotlarni modellash.
Ma’lumotlar modellariga doir tushunchalar.
Relyatsion modeli.
Tayanch tushunchalar: ma’lumotlar bazasi, relyatsion model, domen, ma’lumotlar modeli, atribut, kartej, fizik model, ob’ekt, ma'lumotlar bazasini boshqarish tizimi (MBBT), ma’lumotlar tipi, munosabat, sarlavha.
1. Ma’lumotlar bazasining tuzilmasi uning asosiga qo’yilgan ma’lumotlar modeli bilan belgilanadi. Тurli ma’lumotlar modellari mavjud, masalan, shajaraviy, tarmoqli, grafli va boshqalar. Azal-azaldan ma’lumotlar modellarining asosan uch xiliga juda ko’p bora murojaat etilgan. Bular relyatsion, tarmoqli va shajarali ma’lumotlar modellari bo’lib, ular «an’anaviy triada» deb ham nomlanadi.
Ma’lumotlarning relyatsion tuzilmasi ХХ asr 60-yillarining oxirlarida bir qator tadqiqotchilar tomonidan ishlab chiqilgan, ular orasida ushbu yo’nalishga eng katta hissa qo’shgan olim – IBM firmasining xodimi, doktor Edgar Kodd hisoblanadi. Ma’lumotlarning relyatsion modeli esa ushbu olim tomonidan 1975 yilda taklif etilgan. Bu modelda munosabat (relation) tushunchasi markaziy o’rinni egallaydi.
Har xil bo’lishi shart bo’lmagan D1, D2, …, Dn to’plamlar berilgan bo’lsin. Har bir kortejning birinchi elementi D1 to’plamga, ikkinchi elementi D2 to’plamga, ..., n-elementi Dn to’plamga tegishli bo’lgan n-o’lchamli kortejlar to’plami d1, d2, …, dn ni qaraylik. Тarkibiy qismlari d1, d2, …, dn lar berilgan munosabatga tegishli bo’ladigan elementlar to’plami, ya’ni d1, d2, …, dn kortejlar R munosabat sifatida belgilanadi. Munosabatlarni yuzaga keltiradigan D1, D2, …, Dn to’plamlar domenlar, n soni – munosabat ko’rsatkichi, kortejlar miqdori esa munosabat quvvati deb ataladi.
Relyatsion yondashuvda ma’lumotlar, inson uchun qabul qilinishi nisbatan tabiiyroq bo’lgan ikki o’lchamli jadvallar yordamida tasvirlanadi, ya’ni relyatsion munosabat jadval tarzida ifodalanadi. Jadvalning har bir satri kortejni ifodalaydi. Jadvalning ustunlari soni munosabatning ko’rsatkichiga, uning satrlari soni quvvatiga teng bo’ladi. Jadvalning ustunini atribut, ustun sarlavhasini – atributning nomlanishi, jadvalning sarlavha ostidagi elementini – artibut qiymati deb atashadi.
Munosabat nomi va undagi atributlarning nomlanishi betakror (qaytarilmas) bo’lishi talab etiladi (atributlarning nomlanishi boshqa munosabatlarda qaytarilishi mumkin). Domenlar D1, D2, …, Dn to’plamlarda qaytarilishi mumkin.
Relyatsion yondashuv asoschilaridan biri Deytning ko’rsatishicha, relyatsion model uch qismdan iborat bo’ladi:
- tuzilma qismi;
- bajariladigan amallar (manipulyatsiya) qismi;
- yaxlitlik qismi.
Modelning tuzilma qismida munosabatlar aniqlab olinadi. Relyatsion modelda mazkur munosabatlardan ma’lumotlarning yagona tuzilmasi sifatida foydalaniladi. Relyatsion ma’lumotlar bazasi barcha kerakli axborotni o’z ichiga olgan hamda turli aloqalar bilan birlashtirilgan munosabatlar jamlanmasidan iborat.
Relyatsion ma’lumotlar bazalarida qo’llaniladigan asosiy tushunchalar sifatida quyidagilar e’tirof etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |