Qardosh bo’lmagan tillarning o’tish zonalari
Muayyan til boshqasi bilan to’qnash kelishi uchun quyidagi holatlar asosiy sabablar sifatida ko’rsatiadi:
Ularning areal joylashishi bir-biriga yaqin bo’lishi kerak. Yaqin areallarda yashovchi til vakillarining o’zaro lingvistik munosabatlarida to’qnashuv va chatishuv yuz beradi.
Lingvistik adabiyotlarda tillarning to’qnash kelishi uchun ularning joylashish hududi yaqin bo’lmasligi ham mumkinligini keltiriladi. Ba’zan uzoq o’lkalardagi til vakillari bilan ijtimoiy-tarixiy, siyosiy-harbiy munosabatlar natijasida ham tillarning to’qnashuvi yuz berishi mumkin. Masalan, VIII asrda o’zbek tilining arab tili bilan, XIII asrda mo’g’ul tillari bilan to’qnashuvi, shuningdek XIX asrga kelib o’zbek tilining rus-yevropa tillari bilan to’qnashuvlari yuz bergan va bu jarayonlar tillar va dialektlarga o’zining jiddiy ta’sirini o’tkazgan.
Tillar va dialektlarning to’qnashuvi uchun ilm-fan aloqalari va savdo-sotiq munosabatlari ham muayyan rol o’ynaydi. “Xalqaro aloqalarning kengaya borishi, fan, madaniyat, siyosat va xalq xo’jaligi sohasidagi ilg’or tajriba almashuvlar, dunyoning turli burchaklaridan kelgan xabar va ma’lumotlarni har kim o’z ona tilida qayta ishlab chiqishi kabi obyektiv va zaruriy omillar tillar rivojiga, uning lug’at tarkibining tashqi manbalar hisobiga boyib borishiga barakali ta’sir qiladi1”.
Demak, qardosh bo’lmagan tillarning o’zaro ta’sir qilishi, to’qnash kelishi uchun ularning yaqin arealda joylashgan bo’lishi birlamchi mavjud bo’ladigan hodisa ekan. Bunday to’qnashuvga misol qilib, Tojikiston va O’zbekiston areallarining chegara zonalarida mavjud o’zbek tili va shevalarini keltirish mumkin. Ma’lumki, tojik tili bilan o’zbek tili bitta oilaga mansub emas. Biroq mazkur tillarning chegara zonalarida yashaydigan aholi nutqida o’zaro to’qnashuvi yuz beradi.
Aynan shunday areallarda har ikki til uchun ham umumiylik belgilarini namoyon qiluvchi aralash zonalar ham vujudga keladi. “Tojikistonning Ko’lob, Qo’rg’ontepa, Xo’jang viloyatlari hududida qarluqlar istoqomat qiladi2”. Demak, mana shu lingvistik areallarda o’zbek tilining qarluq lahjasi bilan tojik tilli shevalarning o’zaro to’qnashuvi yuz beradi va aralash tipli zonalar vujudga keladi.
Mazkur hududdagi o’zbek shevalarining irradiatsiyasi va innovatsiya markazi O’zbekiston hududiga taallqli ekanligini sezish qiyin emas. Chunki, tojik tili bilan qarluq lahjasining qarindoshligi yo’q. Ammo mazkur hudud aholisining tili va dialektlarida tojik tiliga mansub izoglossalar niyoyatda ko’p bo’ladiki, bu bilan arealdagi qarluq lahjasi innovatsiya markazidagi qarluq lahjasidan jiddiy tafovutlarga ega bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |