Har kimki chuchuk so’z elga izhor aylar,
Har nechaki ag’yor durur yor aylar.
So’z qattig’i el ko’ngliga ozor aylar,
YUmshog’i ko’ngillarni giriftor aylar.
Pragmalingvist J.Lich, o’z tavsifini yanada oydinlashtirish maqsadida, hurmat tamoyilining voqelanishi oltita hech qanday isbotni talab qilmaydigan qoidalar (postulatlar) faollashuvidan iborat ekanligini uqtiradi. Bu qoidalar quyidagilar (Leech 1983: 104-142):
1. Xushmuomalalilik, nazokat, odob qoidasi (suhbatdosh urinishlari «sarfi»ni kamaytir; uning foydasini ko’paytirishga harakat qil);
2. Himmat, olijanoblik qoidasi (o’z foydangni kamroq ko’zla, barcha «sarf»ni o’z zimmangga ol);
3. Ma’qullash, tahsin qoidasi (o’zgalarni yomonlama, g’iybat qilma, koyima);
4. Kamtarlik, kamsuqumlik, oddiylik qoidasi (o’z-o’zingni maqtashni keskin kamaytir);
5. Rizolik, murosasozlik qoidasi (tortishuvlardan qoch, murosaga urin);
6. Xush ko’rish, mayl, yoqtirish qoidasi (xayrihox, oqko’ngil bo’l).
Dastlabki ikki qoidani ta’riflashda muallif qo’llagan savdo sohasiga oid «sarf» va «xarajat» (benefits and costs) atamalari taxminan «qulaylik» va «noqulaylik» tushunchalariga mos keladi. So’zlovchi olijanoblik tamoyiliga amal qilayotib, tinglovchi uchun qulaylik yaratishga va iloji boricha noqulaylik holatiga yo’l qo’ymaslikka harakat qiladi.
Sanab o’tilgan tamoyillarga amal qilinsa, hatto majburan yuz beradigan hurmatsizlik holatlarida faollashadigan nutqiy tuzilmalar ham mazmunan «yumshoqlashadi». Albatta, bunday vaziyatlarda hurmat tamoyili qoidalariga rioya qilish uchun ma’lum turdagi lisoniy vositalarga murojaat qilamiz. Bu vositalarning qo’llanish miqyosi va o’rni turlicha. Til tizimida mavjud bo’lgan vositalarning tanlovi ko’pincha muloqotning nolisoniy (ekstralingvistik) xususiyatlari bilan bog’liq bo’ladi.
J.Lich keltirgan hurmat tamoyili qoidalarining asosiy mazmunini quyidagicha tavsiflash mumkin: agarda xushmuomala bo’lishni istasang yoki shunday ko’rinish niyating bo’lsa, xatti-harakatda va nutqda odobli, himmatli va kamtarin bo’l, suhbatdoshingga salbiy munosabatda bo’lma va imkoni boricha uning fikrini qo’lla.
Yuqoridagilardan tashqari, muallif keyinchalik hurmat tamoyili qoidalari qatoriga yana ikki qoidani kiritadi. Bulardan birini u Polliani tamoyili deb ataydi va uning asosida «suhbatdoshing bilan iloji boricha unga xush keladigan mavzuda so’zlash, noxush, yoqimsiz mavzudan uzoq tur» pandi turadi. Albatta, suhbatdosh har doim ham so’zlovchiga ma’qul bo’lavermaydi va agarda buni unga anglatish ehtiyoji bo’lsa, uni xafa qilmasdan, shaklan beg’araz iboralardan foydalangan ma’qul (kinoya tamoyili).
Hurmat tamoyili maksima – qoidalarini umumlashtirish, ularning tavsifini ixchamlashtirish harakati ham yo’q emas. masalan, Robin Lakoff ushbu tamoyilni uch qoidadan iborat deb hisoblaydi (Lakoff 1973):
suhbatdoshga fikringni majburan uqtirishga harakat qilma;
suhbatdoshingga tanlash imkonini ber;
olijanob bo’lishga harakat qil.
Ushbu qisqa tavsifdan ko’rinadiki, muallif hurmat tamoyiliga faqatgina tinglovchiga nisbatan yo’naltirilgan nutqiy xatti-harakatni belgilovchi kategoriya sifatida qaraydi. Xolbuki, ijtimoiy munosabat faollashuvining namunasi bo’lgan nutqiy hamkorlik ikkala tomonning ham o’zaro hurmat-ehtirom qoidalariga rioya etishini talab qiladi. Aks holda, muloqot jarayonida turli ziddiyatlar yuzaga kelishi va hatto munosabatlar buzilishi natijasida muloqotning umuman to’xtab qolishi ehtimoli ham yo’q emas. Muallifning o’zi aytganidek, «hurmat lisoniy munosabatlarda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan ziddiyat va anglashilmovchiliklarni imkoni boricha kamaytirish yo’li bilan muloqotning namunaviy kechishini ta’minlashga mo’ljallangan tizimdir» (Lakoff 1990: 34). Haqiqatdan ham biz muloqot jarayonida bir-birimizni qadrlashga, istaklarimizni qondirishga harakat qilamiz. Ammo istak har doim ham haqiqatga aylanavermaydi, chunki har qanday munosabat, hamkorlik jarayonida tomonlar yutug’i bir xilda bo’lishi qiyin masaladir. Birov yutishi uchun ikkinchi tomon oz miqdorda bo’lsa ham yutqazmog’i darkor. Suhbatdoshlarning biri unchalik istamayotgan ma’lumotni, xabarni eshitishga to’g’ri keladi; biri ikkinchisining iltimosini (talabini) rad etishga majbur bo’ladi va hokazo. Bunday sharoitlarda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan xafachilik, ziddiyatlarni bartaraf etish uchun hurmat tamoyilini voqelanti-ruvchi vositalarga murojaat qilish ehtiyoji tug’iladi.
Hurmat tamoyilining keng miqyosda o’rganilishi natijasida sotsiopragmatika mustaqil tadqiq sohasi sifatida shakllandi. Sotsiopragmatikada hurmat kategoriyasi tamoman o’zgacha talqinga ega. Ma’lumki, odatiy talqinda «hurmat» tushunchasi etiket, odob normalari bilan bog’lanadi va bir shaxsning ikkinchisiga nisbatan e’tiborli bo’lishi anglashiladi. Sotsiopragmatikada esa bu hodisa lisoniy muloqot jarayonida faollashuvchi kommunikativ reja-strategiyalar to’plami sifatida qaraladi. Bu yo’sindagi tahlilda e’tibor u yoki bu vaziyatga mos tushadigan kommunikativ harakatlar tanloviga qaratiladi. Tanlov esa, lisoniy vositalarinng etiket normalaridan tashqari, normaga zid tomonlarini ham qamrab oladi.
Sotsiopragmatikaning shakllanishi J.Lich, G.Kasper, P.Braun, S.Levinson, J.YUl kabilar nomi bilan bog’liq. Penelor Braun va Stefen Levinson 1987 yilda nashr etishgan hurmat tamoyiliga bag’ishlangan maxsus risolada «Sotsiolingvistika pragmatikaga tadbiq etilishi lozim» degan shiorni olg’a surishdi (Brown, Levinson 1987: 281). Lisonning tizimiy ravishda kontekst bilan bog’liqligini o’rganish pragmatikaning vazifasidir. Turli ijtimoiy maqomga ega bo’lgan shaxslarning turli vaziyatlarda ma’lum pragmatik manbalardan foydalanishi sotsiolingvistik tahlil uchun ham muhimdir.
Ushbu mualliflar hurmat tamoyilini ziddiyatli vaziyatlarni bartaraf etishga yo’naltirilgan nutqiy xatti-harakat, faoliyat strategiyasi sifatida ta’riflashadi. Bunday strategiyaning faollashuvidan maqsad shaxs qadriyatini, hurmatini saqlashdir. Har bir inson ijtimoiy shaxsdir, uning jamoadagi o’rniga nisbatan shaxsiyati, ijtimoiy obrazi belgilanadi. Muloqot aktlarida adresatning ijtimoiy obrazini (face) e’tiborga olish lozim, aks holda, «shaxs obraziga tahdid» (face threatening act) yuzaga keladi. Yaxshisi, ushbu obrazni saqlashga, qadrlashga (face saving act) harakat qilgan ma’qul (Yule 1996: 61). Masalan, qo’shni er-xotinlarning janjali jonga tekkanda, «Ey, ovozlaringni o’chiringlar, sizlarning dastingizdan uyqu bormi, yo’qmi?» desangiz, ularning shaxsiyatiga tegishingiz aniq. Bunday holda «Qo’shnilar, iltimos, ko’p janjallashavermanglar, bir oz hordiq chiqarishga imkon bermayapsizlar!» deyish ma’qulroqmikan? Chunki har bir inson o’z shaxsiyatini hurmat qiladi va shu qadrni boshqalardan ham kutadi.
Biz o’zgalarning hurmatini saqlamoqchi bo’lsak, ularning ijtimoiy qadrini, imidjini saqlashga harakat qilishimiz kerak. Pragmalingvistlar «salbiy» va «ijobiy» obrazlarni (negative face and positive face) farqlaydilar. «Salbiy obraz» insonning mustaqil bo’lishga, erkin harakat qilishga, hech qanday majburiylikka bo’yin egmaslikka intilishidir. Aytish joizki, ingliz tilidagi negative so’zi bu atamada hech qanday «yomon» ma’nosini anglatmaydi, u ushbu qo’llanishda positive face atamasi tarkibida positive «ijobiy» tushunchasiga qarama-qarshi qo’yilmoqda. Positive face «ijobiy obraz», o’z navbatida, boshqalarga ma’qul bo’lishga, yoqishga, ularning hurmatiga erishishga bo’lgan istakdir (Yule 1996: 62). Boshqacha aytsak, «negativ obraz» alohidalikka, mustaqillikka intilish, «ijobiy obraz» esa jamoada bo’lish ehtiyojidir.
Muloqot jarayonida ishtirokchilar o’zaro munosabatlar tengligini ta’minlash uchun kommunikativ maqsadga mos keladigan harakatlar rejasini tuzadilar va ushbu rejani amalga oshirish imkonini beradigan lisoniy vositalarni tanlaydilar. Kommunikativ maqsad ifodasi ikki yo’sinda kechishi ma’lum. Bularning biri intensiyaning yashirin ifodasi bo’lsa, ikkinchisi fikrni ochiq izhor qilishdir. Yaqinda o’qituvchilarimizdan biri qiziq bir voqeani hikoya qilib berdi: Samarqandda o’tkazilgan anjumanda ishtirok etish uchun kelgan poytaxtlik yirik bir professor shahar markaziy univermagini aylanish istagini bildiradi-yu, yaqinda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan, lekin hozircha OAKdan tasdiq olmagan haligi o’qituvchimiz unga hamrohlik qiladi. Univermagda poytaxtlik mehmon charm kurtkani yoqtiradi va uni kiyib, «Eh, attang, yetarlicha pul olib kelmabman-ku», deb hamrohiga murojaat qiladi. Tagma’noni anglagan suhbatdosh to’g’risini aytib qo’ya qolibdi: «Domla, kechirasiz, mening ham pulim yo’q».
P.Braun va S.Levinsonlar, kommunikativ maqsadni ifodalash yo’llarining farqiga nisbatan «salbiy va ijobiy hurmat»ni (negative and positive politeness) farqlashni taklif etadilar. Ularning birinchisida o’zgalarning vaqtini olayotganligi, e’tiborni jalb qilayotganligi uchun, ularga yetkazilayotgan «zarar»ning o’rnini to’ldirish ehtiyoji bajariladi. Binobarin, «Kechirasiz, band ekanligingizni bilaman, lekin menga maqolani yozishga yordam bera olmaysizmi?» Lekin xuddi shu iltimos intensiyasi do’stona vaziyatda, ijobiy hurmat sharoitida boshqa ko’rinish oladi: «Menga ushbu maqolani tugatishga yordamlashib yubor!»
Ikki turdagi hurmat strategiyalarini faollashtiruvchi lisoniy vositalar tuzilishi jihatidan o’zaro farq qiladilar. Masalan, salbiy hurmat strategiyasini (negative politeness strategy) faollashtiruvchi nutqiy tuzilmalar struktura jihatidan mukammalroq ko’rinishga ega bo’lib, ular ko’pincha bilvosita nutqiy aktlarni ifodalovchi tuzilmalar (so’roq gap, shart mayli va hokazo) vositasida hosil bo’ladi. Bilvosita ifodalanayotgan, mazmunan unchalik aniq bo’lmagan, odatda shakliy jihatdan uzun nutqiy tuzilmalarning qo’llanishi so’zlovchi hurmat va qadriyatni saqlashga urinayotganidan darak beradi.
Yuqorida nomlari zikr etilgan mualliflar hurmat tamoyili pragmatik tahlilini nazariy jihatdan asoslab berishdan tashqari, ushbu tamoyilni faollashtiruvchi vositalar, ularni qo’llash mexanizmlarini tizimlashtirgan holda tavsiflashga harakat qilib kelmoqdalar. Eng asosiysi, bu mavzudagi izlanishlar uzluksiz davom etmoqda, ilmiy nashrlar soni tobora o’sib bormoqda (oxirgi bibliografik ko’rsatkichlardan biri: Dufon, et al 1994).
So’zsiz, hurmat tamoyili qoidalarining muloqot jarayonida faollashuvi boshqa qator sotsiopragmatik hodisalar qurshovida kechadi. Turli tamoyil va qoidalarning «uchrashuvi» odatda, muloqot samarasiga ijobiy ta’sir o’tkazadi, ammo bunday «uchrashuv»lar ba’zan ziddiyatli kechishi ham mumkin. Binobarin, olijanoblik va kamtarlik qoidalari doimo ham o’zaro hamroh bo’la olmaydi, zero, o’ta olijanoblik maqtanchoqlikka olib keladi. Maqtanchoqlik va kamtarlik bir-birini inkor etuvchi xususiyatlardir.
Xuddi shuningdek, hamkorlik tamoyiliga oid bo’lgan sifat qoidasi hurmat tamoyilining ma’qullash, tahsin qoidasiga mos kelmasligi holatlari uchraydi. Biror kishi yoki narsani maqtayotib, haqiqatdan uzoqlashishimiz, ya’ni ushbu shaxsga (narsaga) unga xos bo’lmagan sifatlarni «taqab» qo’yishimiz ham hech gap emas. Boz ustiga, o’ta kamtarlik, har qanday izohga rizolik ham sifat tamoyilidan chetlashishga, haqiqatdan uzoqlashishga olib keladi.
Xullas, sotsiopragmatik tamoyil va qoidalarning matnda faollashuvi muloqot maqsadiga erishish uchun xizmat qiladi. Ushbu tamoyil va qoidalarga amal qilishda ijtimoiy muhit va nutq vaziyati holatidan, ularni belgilovchi xususiyatdan kelib chiqmoq darkor. Muloqot vaziyati esa bevosita ma’lum ijtimoiy guruh, madaniyat uchun xos bo’lgan norma nuqtai nazaridan baholanadi. Norma ma’lum sotsiumda qabul qilingan ijtimoiy xatti-harakatlar namunalarini belgilab beradi, u umumiy qabul qilingan qoidalar asosida lisoniy vositalar tanlovini boshqaradi. Norma hurmat tamoyili amaliyoti uchun tayanch nuqtadir va kommunikativ maqsad ifodasi shaklni belgilab beradi. Eng qizig’i, til birliklari qo’llanishini belgilovchi normalarning o’zlari ham umumiy aksiologik ko’rsatmalarga amal qiladilar. Baholovchi ko’rsatmalar esa ko’pincha u yoki bu madaniyatga xos bo’lishadi. Masalan, Amerika madaniyatida biror kishi to’satdan yiqilib tushsa, uning ahvolini so’rash uchun Are you all rigut? savolini berish mumkin. Ammo ushbu iborani o’zbek tiliga «Hammasi joyidami?» qabilida tarjima qilsak, yiqilgan odamning ustidan kulgan, uni haqoratlagan bo’lamiz. Bizning madaniyatimiz normasiga binoan «Hech narsa bo’lmadimi? Og’rimayaptimi? Yordam beraymi?» qabilidagi savollar berish o’rinlidir.
Norma – ijtimoiy hodisa, u hududlarda farqlanadi va tarixan o’zgarib turadi. Ma’lumki, XIX asrda Amerika va Britaniya xonimlari fiziologik atamalar qo’llanishida juda ehtiyotkor bo’lishgan, ular breast «ko’krak», leg «son», «oyoq», thigh «tos» kabi so’zlarni qo’llashdan tortinganlar. O’sha davrda Amerika yozuvchilari Henri Jeyms va Edit Vartonlar making love iborasini courting «xushomad qilmoq (xonimlarga)», wooing «qiziqtirmoq, yo’ldan urmoq» ma’nosida qo’llashgani qo’pol tuyulgan edi. Hozirgi kunda esa making love jinsiy aloqani romantik ruhda ifodalovchi iboraga aylangan. Shuningdek, yapon tilida «shi» talaffuzidagi ikki leksema mavjud, ularning biri «o’lim» ma’nosini anglatsa, ikkinchisi esa «4» sonini bildiradi. Bunday o’xshashlik ko’pligi lisoniy noqulayliklarga sabab bo’ladi: bechora yaponlar sonlar yoki biror mahsulot bahosi haqida gap ketganda, «shi» so’zi o’rniga tamoman boshqa manbaga ega bo’lgan «yon» kalimasini ishlatadilar.
Eng qizig’i, lisoniy vositalar tanlovi va muloqot tamoyillarining faollashuvi so’zlovchining siyosiy qarashlari, qaysi partiya va oqimga mansubligi bilan ham bog’liq ekan. Bunday holatlarda lisonning siyosiy o’yinlar, janglar quroliga aylanib qolishi hech gap emas. Adolf Gitler hukmronligi davrida voqelikdagi barcha predmetlar, hodisalar fashizm g’oyalariga nisbatan tavsiflanganligi ma’lum. Bu g’oyaga moslari e’tirof etilib, ularga «oriy» sifati berilgan, noma’qullarini esa «nooriy»lar qatoriga qo’shishgan. Shu yo’sindagi lisoniy vositalar va nutqiy muloqot strategiyasi tanlovi siyosiy libosdagi norma ta’siridan boshqa narsa emas. Buning isbotini biz S.Hayakavaning «Natsistlar partiyasi yangilik agentligi» gazetasining 1937 yil 3 aprel sonidan keltirgan matn parchasi misolida qo’rishimiz mumkin (Hayakawa 1976: 132): «Biz har bir tovuq bir yilda 130140 tagacha tuxum berishini talab qilamiz. Ammo bunday o’sish natijasiga hozirgi paytda Germaniya fermalarida boqilayotgan battol tovuqlar (non – Aruan- noariy) bilan erishib bo’lmaydi. Bu noma’qullarni qiring va almashtiring» (Tarjima meniki –Sh.S.).
Kulguli emasmi?! Nima ham qilardik, lison barchaga bir xilda in’om etilgan, ammo undan foydalanuvchi shaxslar turli-tuman.
Shu sababli ham lisoniy faoliyatni keng miqyosda, turli omillarga bog’liq holda o’rgangan ma’quldir. Afsuski, hozirgacha ayrim tadqiqotlarda (ayniqsa, nomzodlik dissertatsiyalarida) lison faoliyatining u yoki bu tomonlarini o’rganishdan qochish, «bu soha lingvistik tahlil ob’ekti bo’la olmaydi» degan bahonalarni qidirish hollari uchrab turadi. Lison jamiyatda mavjud bo’ladi va ma’lum ijtimoiy muhitda alohida shaxslar yoki shaxslar guruhi tomonidan qo’llaniladi. Demak, lisoniy faoliyatning barcha turlari va bu faoliyatni ta’minlovchi har qanday omil lingvistik tahlil ob’ekti bo’lishi mumkin. Bundan, ushbu faoliyat ijrochilari bo’lmish kommunikantlar – muloqot shaxslari ham istisno emas.
Nutqiy muloqotda inson faktori muhim rol o’ynaydi va bu faktor muloqot faoliyatini rejalashtirish, uni voqelantirish, uning strategiyasini amalga oshirish kabi amallarini boshqaruvchi ko’rsatkichlardan biridir. Struktur tilshunoslikda ham «inson faktori» tushunchasi amalda bo’lganligini bilamiz, ammo strukturalistlar ushbu tushunchani «bir xil nutqiy sharoitdagi ideal so’zlovchi»ga nisbatan talqin qiladilar va uni «lisoniy qobiliyat» tushunchasi ta’rifi bilan bog’laydilar. Pragmalingvistik talqinda esa «inson faktori» tushunchasi batamom o’zga ko’rinish oladi. Muloqotning shart-sharoiti turlicha bo’lganligi kabi unda «so’zlovchi va tinglovchining idroki, maqsad, asos, aloqa vositalari, xulq-atvorning maxsus belgilangan shakllari, ifoda mavzusi, so’zlashuvchilarning o’zaro munosabatlariga xos xususiyatlar» (Iskandarova 1993: 9) bir xilda bo’lmaydi. Boz ustiga, bu turdagi ijtimoiy belgilar barqaror (doimiy) va o’zgaruvchan guruhlarga ajraladi. Aynan shu xususiyatlarga nisbatan pragmalingvistik tahlil uchun «ideal til sohibi - so’zlovchi» tushunchasiga tayanishdan ko’ra, so’zlovchining shaxsiy-ijtimoiy tavsifi muhimdir.
Nutqiy muloqot jarayonida faollashuvchi inson faktori bilan bog’liq doimiy va o’zgaruvchan xususiyatlar qatoriga professor V.V.Bogdanov quyidagilarni kiritadi (Bogdanov 1990: 28-29): 1) lisoniy qobiliyat; 2) ma’lum millatga mansublik; 3) ijtimoiy –madaniy statusi (ma’lum ijtimoiy guruhga oidlik, kasbi, lavozimi, ma’lumoti, yashash joyi, oilaviy ahvoli); 4) biologik-fiziologik ko’rsatkichlari (jinsi, yoshi, sog’ligi, jismoniy nuqsonlar mavjudligi yoki yo’qligi); 5) ruhiy-psixologik turi (temperament, patologik ko’rsatkichlari); 6) vaziyatga nisbatan o’zgaruvchan ruhiy holati (kayfiyat, muvaqqat bilim, maqsadi va qiziqishi); 7) doimiy didi, qiziqish va odatlari; 8) tashqi ko’rinishi (kiyinishi, o’zini tutishi, xulq-atvori).
Ushbu qatorga kiritilgan belgilarning o’z mazmuni va bajaradigan vazifasi jihatidan bir xilda emasligi ko’rinib turibdi. Ularning nutqiy muloqot mundarijasiga ta’sir kuchi ham har xil. Jumladan, lisoniy qobiliyat belgisini olsak, u mazmundor nutqiy faoliyatning asosiy omilidir. Tilni bilmagan shaxs ushbu faoliyatni ijro eta olmasligi aniq, ammo turli shaxslarning til bilish darajasi har xil. Muloqotning tekis ko’chishi va suhbatdoshlar hamkorligi yuzaga kelishi uchun ularning til bilish darajasi nisbatan bir xilda bo’lgani ma’qul. Bundan tashqari, muloqotning samarasi uchun lisoniy kodlar tizimini yuqori darajada bilish yetarli emasligini unutmaylik. Bu samaraga faqat yuqorida eslatilgan sotsiopragmatik tamoyillar va qoidalarga to’liq amal qilgan holdagina erishish mumkin. SHu sababli «lisoniy qobiliyat» tushunchasini keng ma’noda talqin qilish, uni «lisoniy kod va muloqot tamoyillari, qoidalaridan ijtimoiy faoliyatda foydalana olish ko’nikmasi, malakasi» sifatida ta’riflasak, ma’qul bo’lar? Menimcha, «lisoniy qobiliyat» va keyingi yillarda qo’llanilayotgan «pragmalingvistik qobiliyat» tushunchalarini alohida tavsiflash hamda ularning asosida o’zaro farqlanadigan hodisalar turadi, degan fikrning tug’ilishi noto’g’ridir. Lisoniy qobiliyat – lisoniy muloqotni ta’minlovchi hodisadir, bas, shunday ekan, ushbu tushuncha til tizimi va muloqot tizimi qonununiyatlarini bilish, ulardan amaliyotda foydalanish imkoniyatlarini qamrab oladi.
Prof.V.V.Bogdanov sanab o’tgan belgilarning ko’pchiligi kommunikantlarning shaxsiy sifati bo’lib, ular biofiziologik va ruhiy xarakterga egadirlar. Masalan, sergap, tezda muloqotga kirishib ketadigan kishilar kamgaplardan farq qiladilar. Odatda, xolerik va sangviniklar mahmadona, muloqotga intiluvchan bo’lishadi, melanxolik va flegmatiklar esa kamsuxanliklari bilan ajralib turishadi, ular notanish kishilar bilan muloqotga kirishishga qiynaladilar.
Kommunikantlarning sifatlari muloqot tizimida qanchalik muhim o’rinni egallamasin, har holda bu tizimning markazida kommunikantlarning ijtimoiy roli turadi. Muloqot ishtirokchilarining aynan shu xarakteristikasi nutqiy faoliyatning «qay darajada joriylanishiga ob’ektiv va sub’ektiv ravishda o’z ta’sirini ko’rsatuvchi omil bo’lib xizmat qiladi» (Mo’minov, Rasulov 2007: 71). Insonlarni ma’lum guruhlarga bo’lish, ijtimoiy tabaqalashtirish muammosi bilan sotsiologlar muqaddam shug’ullanib kelishmoqdalar. Rossiyada tug’ilib o’sgan va sho’rolar davrida Amerikaga quvg’in qilingan jamiyatshunos P.Sorokin «ijtimoiy tabaqalashtirish» tushunchasini insonlarning alohida guruhlarini quyi va yuqori tabaqali sinflarga ajratish mazmunida talqin qiladi: «Ushbuning (tabaqalashtirishning – Sh.S.) mohiyati, deb yozadi P.Sorokin, - huquq va imtiyozlar, javobgarlik va vazifalar, hukm va nufuzning u yoki bu jamoada notekis taqsimlanishidir» (Sorokin 1992: 302).
Ijtimoiy tabaqalashtirish muammosi bilan batafsil shug’ullangan G.Meyn, M.Veber, T.Parsons, T.SHibutani, R.Terner kabi olimlarning ushbu hodisani nazariy jihatdan o’rganish borasidagi xizmatlari alohida. Xuddi shu olimlar ijtimoiy status (maqom) va ijtimoiy rol tushunchalarini farqlashni taklif qilishadi. Sankt-Peterburg universitetining professori V.F.Serjantov (1990:187) ijtimoiy status «har bir alohida shaxsning jamiyat umumiy strukturasida egallagan o’rni» bilan belgilanadi deb hisoblaydi. Shaxsning ijtimoiy statusiga nisbatan uning jamiyatda va jamoada tutgan o’rni belgilanadi. Ijtimoiy o’rinni farqlovchi ko’rsatkichlar esa shaxsning kasb-hunari, daromad manbai, boyligi, ma’lumoti kabilardir. Ana shu ko’rsatkichlarning notekisligi jamoa tuzilishidagi bosqichlilikni ta’minlovchi shaxslar (yoki guruhlar) o’rtasidagi ijtimoiy masofani shakllantiradi. Ijtimoiy masofaning u yoki bu sarhadidagi shaxslarning tabaqalanishi jamiyatdagi imtiyozlar taqsimotining notekisligidir (hukmdor-xizmatkor, boshliq-xizmatchi, ziyoli – savodsiz va hokazo.
Yuqorida aytilganidek, ijtimoiy status shaxsning jamiyatda tutgan ijtimoiy o’rni bilan belgilansa, ijtimoiy rolning mundarijasi esa unga ushbu jamiyatda ajratilgan talablar majmuasidan iboratdir. Polyak sotsiologi Yan Shempanskiyning ta’rificha (1969: 71), rol «nisbatan doimiy va o’zaro bog’liq harakatlar tizimidir va bu harakatlar guruh a’zolari uchun xos bo’lgan u yoki bu tarzdagi namunalar asosida bajarilgan boshqalar harakatlariga javobdir».
Ijtimoiy status va ijtimoyi rol tushunchalari o’zaro bir-birini to’ldirishlari haqida yozgan edim (Safarov 1991: 131). Sotsiolingvist L.P.Krыsin qiyosi bilan aytganda, status «u kim?» savoliga javob bersa, shaxsning rolini aniqlash uchun «u nima qilayapti yoki qanday faoliyat bilan band?» savoliga javob izlash kerak (Krыsin 1989: 134). Eng asosiysi, shaxsning ijtimoiy mavqeiga oid ushbu tushunchalar til tizimida bevosita o’z aksini topadi. Lisoniy birliklarning ma’nosida ijtimoiy bo’laklarning mavjudligi masalasi semasiologlarni anchadan buyon qiziqtirib kelayotgan bo’lsa, sotsiolingvistika va pragmalingvistikada asosiy e’tibor ijtimoiy mavqega oid hodisalarning muloqot tizimidagi o’rniga qaratilmoqda. Keyingi yillarda izchil taraqqiy etayotgan gender tilshunosligining asosiy tadqiq ob’ekti aynan ijtimoiy belgi bo’lmish jins hodisasining lisoniy faoliyatda aks etishi muammosidir.
Voqelik til tizimining barcha sathlarida, lisoniy faoliyatning turli bosqichlarida turlicha aks etadi. Voqelikning lisoniy aksi, nafaqat, insonning lisonda ifoda topadigan tajribasidan iborat, balki uning shaxsining muloqot jarayonidagi ifodasi hamdir. Har bir shaxsning muloqot jarayonidagi ishtiroki uning ijtimoiy mavqeiga, bajarayotgan vazifasi, egallagan o’rniga nisbatan kechadi. Demak, kommunikantlarning ijtimoiy mavqei va shaxsiy psixofiziologik xususiyatlari bilan bog’liq belgi-larning muloqot jarayonidagi ifodasini o’rganish lison va voqelik munosabati muammosi ilmiy tahlil uchun muhimdir. Ushbu mavzu u yoki bu darajada Yu.N.Karaulov (1987), I.P.Susov (1989), ye.V.Sidorov (1989), G.G.Pochepsov (1986), Sh.Iskandarova (1993), S.Mo’minov (1997), U.Labov (Labov 1974), D.Hayms (Hymes 1964), B. Nipold (Niepold 1970) kabilarning tadqiqotlarida yoritilgan. Ayniqsa, Volgograd pedagogika universitetining professori V.I.Karasikning bu mavzu tadqiqiga qo’shgan hissasi alohidadir (Karasik 1989; 1992).
Shaxs ijtimoiy mavqeini farqlash uning kommunikativ faoliyatini o’rganish uchun muhimdir. Ijtimoiy status va rollardagi farqlar albatta muloqot birliklarining sotsiopragmatik xususiyatlarida «iz» qoldiradi. Dunyodagi barcha tillarda bevosita muloqot ishtirokchilarining ijtimoiy maqomiga ishora qiladigan nutqiy muloqot shakllari mavjudligini bilamiz. Bu shakllarda yuqori darajada ifodalangan ijtimoiy-deyktik axborot mavjud va ular qat’iy tartibli tizimlarda (parlamayent, sud, armiya, diplomatiya, kabilar) faollashadilar. Masalan, diplomatiya muloqoti asosan xalqaro munosabatlar normalari ko’rsatmalari doirasidagi rollar ijrosidan iborat. SHuning uchun ham diplomatlar, yagona bir «ijtimoiy maydon» vakillari sifatida qat’iy reglamentdagi ijtimoiy statusli munosabat talablariga javob beradigan nutqiy harakatlarni bajaradilar (Safarov 2000: 13). Siyosiy muloqot doirasida esa qat’iy norma talablari bilan bir qatorda, nutqiy shakllar tanlovida bir oz bo’lsa-da, erkinlik seziladi. Chunki siyosiy arbob adresant – tinglovchilarga tezkor ta’sir o’tkazish uchun, muloqot strategiyasini saqlagan holda, uning ijrosini ta’minlovchi turli vositalardan foydalanishga harakat qiladi, lisoniy faoliyat amallari shakllarini o’zgartirib turadi (Shengal 2000; Omen 2000; Loseph 2006).
Lisoniy faoliyat jarayonida muloqot shakli va til birliklarining tanlovida suhbatdoshning ijtimoiy tabaqasi inobatga olinadi. Ammo bunday tabaqalashtirish ko’p hollarda nutq vaziyati bilan bog’liqdir. Ishtirokchilarning ijtimoiy tabaqalanishiga nisbatan simmetrik va nosimmetrik vaziyatlar farqlanadi (Krыsin 1989: 137). Ayrim olimlar bu hollarda «gorizontal va vertikal vaziyatlar» tushunchalarini qo’llashni ma’qul ko’rishadi va bunda hukmdorlik, nufuz inobatga olinsa, tabaqalashtirish vertikal tus oladi, ijtimoiy mavqe masofasi nazarga tutilganda, gorizontal tabaqalashtirish yuzaga keladi (qarang: Grays 1985; Karasik 1992; Tretyakova 1995; Winter and gardenfors 1995). Menimcha, ushbu vaziyatlarning bu turdagi farqlanishi ularning ishtirokchilari o’rtasidagi munosabatlarning xususiyatlari bilan bog’liq. Zero, muloqot muhiti o’z-o’zidan, mavhum holda simmetrik yoki nosimmetrik ko’rinish ololmaydi.
Muloqot ishtirokchilarining munosabati, ular bajarayotgan ijtimoiy rol asimmetrik (notekis) bo’lsa, odatda, kommunikatsiya tamoyili qoidalariga qat’iy amal qilish talab qilinadi. Tobe o’rindagi kommunikant nutqiy harakat tanlovi qoidalariga so’zsiz amal qilishi lozim. Masalan, tobe shaxs o’z xo’jayini yoki boshlig’iga iltimos, shikoyatini aniq yetkazishi lozim. Aks holda, «Nega buncha g’uldiraysan, aniqroq gapirsang-chi!» qabilidagi tanbehni olishi hech gap emas. Xuddi shuningdek, boshliqqa so’z qaytarish, uning gapini bo’lish nimalarga olib kelishi ham ma’lum. Umuman, birovga bo’ysunishi kerak bo’lgan shaxsning sergap bo’lishi muloqotda hurmat tamoyilidan chekinishdan boshqa narsa emas. Bekorga «ta’bi gapirgan yaxshi, indamagan – undan yaxshi» yoki «Gap bilan shoshma, ish bilan shosh» hikmatlari paydo bo’lmagan (Shomaqsudov, Shoraxmedov 1990: 81-82). Ko’p so’zlash, axborotni batafsil bayon qilish yuqori tabaqadagilar huquqi, tobe shaxs esa «quloq osgani» ma’qulroq. Shuning uchun ham sukutni alohida nutqiy akt sifatida ajratish va uning vositasida bir qator kommunikativ maqsad-mazmunni ifodalash mumkin (Krestinskiy 1990). Sukut saqlash muloqotda o’ziga xos lisoniy belgi vazifasini o’taydi va turli nutqiy harakatlarni ifodalash vositasi bo’la oladi. Muloqotda sukut saqlash bilan bir qatorda, maqsadli harakat namunasi hamdir. Buning izohi sifatida «Mehrobdan chayon» romani qahramonlarining o’zaro suhbatidan misol keltirish mumkin:
...Ra’no otasining to’yga ketgani va so’zini aytdi. Anvar kulimsiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |