II.2. Vatan, urush, tabiat mavzusi va g‘oyasi ifodasida Oydin Hojiyeva mahorati
Yigirmanchi asrda milliy she’riyatimiz katta, murakkab, serqirra shakllanish va rivojlanish davrini boshidan kechirdi. She’riyat faqat o‘zining milliy qadriyatlari va tajribasi negizida emas, balki asr she’riyatining eng muhim ijodiy yo‘nalishlari, an’analar va tendensiyalar bilan bog‘liq holda, yangi izlanishlar orqali paydo bo‘ldi. Biz tarixiy jarayonlar rivojini, milliy taqdirimizni o‘zgartirgan vatan urushini boshdan kechirdik. Bu davr ham mafkuraviy, ham adabiy taraqqiyot nuqtai nazaridan, jumladan, butun adabiyotimiz ko‘zga ko‘ringan vakillarining adabiy-ijodiy faoliyatida juda muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. “Urush kunlarida she’riyat o‘zbek adabiyotining yetakchi janriga aylandi. Janglardagi qahramonlik, Vatanni fashist galalaridan himoya qilayotgan armiyamiz jangchilarining shijoatkorliklari, mamlakatimiz xalqlarining buzilmas do‘stligi, front orqasidagi mehnatkashlarning matonati va mardligi - mana shu shoirlarning hammasi o‘zbek shoirlarining asarlarida ehtiros va hozirjavoblik bilan o‘z aksini topdi.”23
Iste’dodli shoira Oydin Hojiyeva she’riyatida ham urush davri ijodining asosiy pafoslaridan biriga aylandi. Oydin Hojiyevaning urush davri lirikasi mo‘rt, g‘amgin, chuqur insoniy tuyg‘ularning noyob ifodasidir. Shoira she’rlarining bosh qahramonlari ona, Vatan va oddiy askar edi. Jangchining har daqiqada to‘qnash kelgan lahzalarini og‘riqli va ayni paytda poetik jihatdan kuchli tasvirlaydi.
Qor-bo‘ron urganda ko‘zin ochirmay,
Tanklar purkaganda ajal urug‘in,
Jangga otilgan u panoh qidirmay,
Ado etgan faqat yurak buyrug‘in.
Shoira she’riyatida Vatanni himoya qilishga chaqirish nozik, yuksak insoniy tuyg‘ularning o‘ziga xos ifodasiga aylanadi. Bu shunchaki askarning el-yurt, Vatan, yer, xalq oldida uning qahramonligini madh etuvchi she’r emas edi, balki qahramonlik haqidagi mangulik qo‘shig‘i bo‘lib jarangladi. She’rning lirik uyg‘unligi va ritmining o‘zi tanklar tovushini eslatadi; tengsiz jangda halok bo‘lgan qahramon obrazi mana shunday qayg‘uli, mo‘rt, ayni paytda, jasorat bilan uyg‘unlikda idrok etilgan.Vatan uchun kurash, shahid o‘g‘il-qizlarimizning dardi, qashshoqlik, qayg‘u hissi va ayni paytda haqiqat va g‘alabaga ishonish ruhi mazmunli, ayni paytda noodatiy lirik lavhalar bilan qo‘shilib ketadi:
Goh zax okoplarda garmon nolasi
Yodiga solganda O‘zbekistonni,
Bog‘ ichida o‘sgan o‘zbek bolasi
Sog‘ingan bir qizni, shirmoyi nonni
She’rda jangchi oldingi safda bo‘lsa-da, voqealar orqada sodir bo‘ladi. Askar va uning ota-onasi, askar va uning xotini, askar va uning chaqalog‘i... Bunday urushda jangchi xuddi shunday qahramon bo‘lishi mumkin. Bu Vatan shunday mard va jasur o‘g‘lonlarni tarbiyalab voyaga yetkazdiki, ular og‘ir damlarda uning himoyasi uchun oyoqqa qalqdilar. Xalqi, yurti, oilasi, yaqinlari uchun jonini fido qila oladigan inson jangchi ham, shahid ham bo‘lishi mumkin.
Onalar - yuragi larzonlar xomush,
Nonga alish bo‘lgan marjonlar xomush.
To‘qayga o‘t ketsa qo‘g‘a, qiyoq, qush -
Xo‘l-quruq baravar - g‘orat yonardi.
“Fojiani anglash uchun odamning dunyoqarashi va ruhoniyati fojia ko‘lami darajasida bo‘lishi kerak. Vatan urushi qatnashchilari ko‘proq intizomli ijrochilar edi. Bu holat ularning o‘ylari, hissiyotlarida ham aks etardi”.24 Chuqur fojiaviylik va yuksak optimizm Oydin Hojiyevaning, ayniqsa, shu urush va hijron motiviga kirgan she’rlarida yaqqol ko‘rinadi. Urush uning uchun insoniy bo‘lgan hamma narsaning, baxtli hayotga intilish, yaqinlariga muhabbat, sadoqat va axloq, mehr va go‘zallik fojiasidir. Muallif she’rda insoniy tuyg‘ularning badiiy lavhalarini yaratadi, balki har bir kishi his qiladigan, lekin ifoda eta olmaydigan kayfiyatni obrazli tasvirlaydi.
Qoratol tagida Hikoyat momo25
Qizlarga gap tashlar, tegishar goho:
“Puchuqlar, kuzakda yeymizmi halvo!?”
Ko‘ksida to‘rt o‘g‘il - suvrat yonardi!
She’rda allaqanday psixologik, hissiy intiqlik motivi seziladi. Bu motiv urush davri she’riyatida yetakchi motivlardan biri bo‘lgan. O‘sha davr she’riyatiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, onaxonlar, unashtirilgan qizlar, aka-ukalar sog‘inchini ko‘ramiz. Ko‘plab shoirlar she’rlarida ona obrazi eng munis, eng muhtasham obraz sifatida e’tiborni tortadi. To‘rtta farzandini urushga yuborgan ona she’rning lirik qahramoniga aylanadi. Shoirning deyarli barcha she’rlarida ona obrazi bor. U farzandi uchun kuyadi, uni himoya qilish uchun o‘zini olovga tashlaydi, kurashadi, mehnat qiladi, kurashadi, hayotning qo‘rqinchli ajdahosi bilan yolg‘iz kurashadi. She’rdagi voqelik biroz chalkashlikdek tuyuladi. Holbuki, shoira bu uslub bilan o‘quvchiga hayotning past-balandligini, odamlarning rang-barangligini, kutilmagan hodisalarning soddaligini tushuntirishga harakat qiladi. Bu orqali o‘g‘illari Vatan uchun jonini bergan “ayol” bilan birga farzand dog‘ida qovurilayotgan “ona” ham borligini ko‘ramiz.
Unda kelinchakning iztizob, dudi,
Unda onalarning sevinch yoshlari,
O‘ttiz besh yil izlab quroldoshlarin,
Topmagan jangchining so‘nmas umidi,
Ota ko‘rmay o‘sgan sag‘irlar ohi,
Gumburlar Vatanning dod na’ralari...
Darhaqiqat, she’rda orqa manzarani yaratgan Oydin Hojiyeva urush manzarasini barcha nozik jihatlari bilan tasvirlaydi. Urush va askarlar aslida butun bir suratdir. Shoira she’rlaridagi qadriyat shundaki, u bir necha so‘z bilan urush haqida to‘liq tasavvur yarata oladi. Uning fikricha, urush faqat oldinda emas, ortda ikkinchi urush bor. Bu she’rlarning har bir baytida askarlarimiz jang qilgan har bir daqiqa ortida iztirob bilan qoladigan odamlar bor. Ulardagi shoira ifodalagan tuyg‘ular o‘sha kunlarda o‘z jigarbandlarini og‘ir jangovor urushga otlantirgan million-million onalar qalbiga bag‘oyat yaqin edi.
Otni egarladi kenjatoyi ham…
Yo‘llar gard-gard bo‘lib intiq qolganda,
Unga ko‘z tikkanda butun bir olam,
Yo‘lga qarayverib ko‘zi tolganda –
Onaga sabrni o‘rgatdi tuproq,
Vatan tuyg‘usidan yengildi firoq.
Shoira lirik izga solingan, ya’ni lirik qahramon kechinmasini, qalb oqimini tahlil qilishga xizmat qiluvchi syujetlilikka intiladi. She’rga ikki lirik qahramonni kiritib, ularning taqdirini tutash holda ko‘rsatishga erishdi. Hayotni, go‘zallikni, osoyishtalikni, mehr-oqibatni, porloq ertangi kunni, inson uchun enng zarur bo‘lgan shodlik va baxtni hammadan avval ayol – ona qadrlaydi. Shoira farzandning taqdiriga onaning farzandiga bo‘ladigan tabiiy muhabbatidan emas, balki zamona, konkret hayotdan kelib chiqib yondashadi. She’rda avvaldan sezib turilgan fojia – ona va farzand boshiga tushgan og‘ir musibat yotadi. Tinchlik qaror topishi uchun farzandi o‘ziga o‘xshash boshqa onalarning farzandlari bilan birga yurt himoyasi uchun
ko‘ksini qalqon qilishi kerak.
Oydin Hojiyevaning urush mavzusidagi she’rlarida urush keltirib chiqargan fojialar, urushlar natijasida majruh bo‘lgan taqdirlar, tugallanmagan umrlar, iztiroblar, goh isyonlar, goh sokin faryodlar turli manzaralarda, turli obrazlar tili bilan tasvirlangan. Hamisha o‘z xalqi bilan hamnafas yashab, uning kulfatiga ham, quvonchiga ham sherik bo‘lgan shoira fashizmga qarshi kurashda xalqimizni jipslashtirga imkon bergan mushtarak omilni o‘z she’rlarida ilhom bilan ifodalay oladi. O‘zbek xalqining ma’naviy-siyosiy birligi, vatanparvarligi O‘zbekiston xalq shoirasi Oydin Hojiyeva lirikasida o‘zining otashin va ta’sirchan she’riy ifodasini topdi. Shuning uchun ham hozirgi kunda she’rlar kishilar qalbini to‘lqinlantirmoda, hayotimiz va kurashlarimizda bizga ko‘makdosh bo‘lmoqda, Vatan baxt-saodati yo‘lida yo‘lida yangidan yangi zafarlarga chorlamoqda.
Ulug‘ tanqidchi V.G.Belinskiy ta’kidlaganidek, “Butun olam, barcha ranglar, bo‘yoqlar, ohanglar, tabiat va hayotning barcha shakllari poeziya hodisasi bo‘lishi mumkin. Poeziya bu bashar hayotining tepib turgan yuragi”. Haqiqatdan ham borliqdagi barcha go‘zallikni jozibadorlik, nafislik bilan ifodalashda shoirga she’r yordam beradi. Erkin Vohidov ta’biri bilan aytganda: “Shoirlik qismatiga bardosh berish, uning shon-shuhratiga munosib yashash, eng muhimi shoir o‘z millatining vijdoni, yuzi, so‘zi va ko‘zi ekanini har doim esida tutishi, albatta, osonmas. Shoir – iste’dod egasi, shoir - so‘z va tafakkur odami, shoir - iztirobli, dardmand inson, shoir - el-yurt quvonchiga sherik odam. She’r uchun mukammal ta’rif topib bo‘lmaganidek, shoirlik qismatini ham to‘la-to‘kis ravishda, muxtasar so‘z bilan anglash qiyin. Buni faqatgina she’riy iztiroblarni boshidan kechirgan, so‘z durlarini terish bilan mashg‘ul bo‘lgan odamgina anglaydi.”
Atoqli shoiramiz Oydin Hojiyeva ham so‘z durlarini tergan, shoiralik qismatini to‘la-to‘kis o‘z bo‘yinga olgan ijodkorlardandir. Ijodkor she’rlarini o‘qisangiz ayollarga xos go‘zallik, muhabbat, nafosat, intim lirika bilan birga xalqparvarlik, erkparvarlik, millatsevarlik, Vatanga muhabbat bilan yo‘g‘rilgan misralarni ham kuzatishimiz mumkin. Shoiraning “Nazokat” deb nomlangan to‘plamidan joy olgan “Vatanni sog‘inib turnalar qaytdi”, “Vatan deb”, “O‘zbekning yozi”, “Ozodlik”, “Ozod so‘z yolqinlari”, “Buyuk karvon”, “Millatning qayg‘usi nima?” nomli she’rlarida asl vatanparvar xalq qizining dil nidolarini kuzatishimiz mumkin. Mustaqillik davri she’riyatida Oydin Hojiyeva xalqona ruh ufurib turgan go‘zal ijod namunalari yaratdi. Shulardan biriga e’tibor qaratsak:
Ey Vatan, qadringni men
Hazrat Navoidan so‘ray,
Ming bir kechalar elchisi
Qirq mingta roviydan so‘ray.
G‘oziy-u shahidlarning
Haddi-hisobidan so‘ray.
Najmiddin Kubrolarning
Hoki turobidan so‘ray.
Filologiya fanlari doktori Naim Karimov fikricha, “She’riyatimizda milliy ruh, milliy tarix va ona Vatan tuyg‘ulari yangi davrga kelib oshdi. Shoirlar endi o‘z qalblarining rozlarini kuylashga, ota-bobolarimiz suv ichgan daryolardan ko‘proq bahramand bo‘lishga alohida e’tibor bera boshladilar. Oydin o‘z she’rlarida inson va tarix, inson va jamiyat, inson va tabiat mavzulari doim mahorat bilan yoritdi. Biz uning she’rlaridagi ko‘hna Buxoroning serbo‘yoq koloritli manzaralari va shu zaminda yashagan ajdodlarning lirik tasviri o‘sha shoira yashagan va yashayotgan Vatan tarixini ko‘z ongimizda ko‘rgandek bo‘lamiz”. Ushbu she’rni o‘qiganimizda nazdimizda tarix gavdalanadi. Ajdodlarimiz nomi birma bir eslanib, ularga ehtirom ko‘rsatiladi. Tarix qog‘ozlarini zarvaraqlar ekanmiz, Hazrat Navoiy, shoh G‘oziy, Najmiddin Kubro, qirq ming roviy, shoh Mashrab, Nodirayi davron, Qodiriy, Fitrat, Zulfiya, Saida Zunnunova, Erkin Vohidovlarni ko‘rsatgan xizmatlariyu jasoratlari ulug‘lanadi. Bu insonlardagi Vatan tuyg‘usi, Vatanga muhabbat hissi bugungi o‘zbek farzandlari qalbida ezgu fazilatlarni uyg‘otib yuboradi, desak adashmagan bo‘lamiz. Shunday da’vat ruhida yozilgan she’rlar shoira ijodida behisobdir. E’tibor qarating:
Vatan qoyasida lochin bo‘lgaysiz,
Yovlar yelkasiga qamchin bo‘lgaysiz,
Bulutsiz, beg‘ubor ochun bo‘lgaysiz,
Fikri hur, maqsadi nekbin bo‘lgaysiz!
Shoira yoshlarga ko‘ngilda qulf urgan gulshanlarim, nafasi muborak gulxanlarim, toj-u taxt egasi, orzu-hayollari ozodlarim, yalpizli-rayhonli shabbodalarim deya murojaat qiladi. Ijodkor bugungi kun yoshlariga o‘gitlar beradi. Vatanni sotib, bir umrlik loyga botmaslikni, durday jigarlarini balchiqqa otib, nokas kishi bo‘lmasligini, buzg‘un xayollardan ehtiyot bo‘lishlari kerakligini, onaga tik boqib xato qilib qo‘ymasliklarini uqtiradi. Ushbu she’r orqali ”Begona elda sulton bo‘lguncha, o‘z elingda gado bo‘l” maqoli o‘z ifodasini topgan. Shoira xalqimizni birlashishga chorlaydi. Birlashmas ekanmiz, hech qachon butun bo‘la olmaymiz. Zero, bir-birimizga qo‘l cho‘zgan, muhabbat bilan qaraydigan ko‘zimiz, dard bilan uradigan yuraklarimiz bor ekan, biz birlashgan, butun O‘zbekiston bo‘lamiz!
Shunday pand ruhida yozilgan she’rlar shoira ijodida talaygina. Masalan:
Ne tashlading mansabmi, tuproq bo‘lar bir kuni.
Oriyatmi, adabmi - urvoq bo‘lar bir kuni.
Vatan - ona yuragi firoq to‘lar bir kuni,
O‘z onasin yig‘latgan pushaymon farzandisan!
Ozarbayjon xalq shoiri S.Vurg‘un o‘z maqolalaridan birida shunday yozadi: “Shoir va san’at Vatanni ulug‘lasa, Vatan so‘zining buyuk ma’nosi uchun mas’uliyatni his qilishi kerak”. Oydin Hojiyeva o‘z ona xalqining his-tuyg‘ularini, fikr-mulohazalarini badiiy obrazlar orqali mahorat bilan ifodalagan, o‘z asarlarida eng go‘zal insoniy fazilatlar – mardlik, yurt va elga muhabbat, insonparvarlik tuyg‘ularini aks ettirgan. Uning dildan o‘tgan she’rlarining manbayi – Vatani, mehnatkash xalqidir.
Vatanni sog‘inib turnalar qaytdi,
Qirlarda lolalar salovat aytti.
Olcha, o‘rik gullab, bol tugar payti
Sog‘inchlar bosh urgan ostona bo‘ldim.
Soʻz – maxzanning nishonasi ham, Maʼni durining xazonasi ham, – deb yozgan edi Munis. Sheʼr bir buloqdirki, unda soʻzlar qaynaydi, hislar mavjlanadi. Shoir borliqqa ruh koʻzi bilan qarar ekan, undagi yaratiqlardan oʻzini, oʻz ichki olamini, ruhiy holatini axtaradi. Bu – barcha ijod olamidagilarga daxldor boʻlsa-da, shoirlar boshqalarga qaraganda koʻproq koʻngli bilan “hisoblashish”ga majbur. Shoir bir paytning oʻzida, olamga rassom nigohi bilan boqishi va ayni damda dizayner kabi tuygʻularidan sheʼr “tikish”i lozim. Har qanday qofiyali soʻzlar tizmasiga sheʼr deb aytiladi, degan qoida yaratib olgan ayrim sheʼrparastlar qoralayotgan “rangsiz surat”lar bunday nigohdan butunlay holi. Asl sheʼr na zamon, na makon tanlaydi. Haqiqatdan ham, nazdimizda, asl shoiraning eng ulug‘ rutbasi – insonparvarlikdir. Ijodkorning xayol-o‘ylariga nazar tashlar ekansiz, kuygan yuragida bir oh Vatan deya paydo bo‘ladi. Vatanni ta’rif-u tavsiflash uchun shoira Ollohimdan panoh so‘raydi. Shunda ijodkorning ko‘ngil ko‘zlarida bog‘larida yosuman gullagan, qumrilari betinim hu-hulagan, oftob yuraklarni yo‘gdulay boshlagan, yozining shamollari jonga xush yoqadigan, qulupnay bargida qizil marjonlar taqadigan, oq qush ovozi xush yoqadigan jannatmakon O‘zbekiston gavdalanadi.
Shoirlik yarim payg‘ambarlikdir deya e’tirof etgan dilkash shoira eliga dardkashlik, jonparvarlik tuyg‘ularini o‘zini ko‘pgina she’rlarida ta’sirchan ifodalay olgan.
Pirlar duosin olib, palak yozgan Vatan bu,
Maydonda mard-u g‘olib, ko‘ngli o‘sgan Vatan bu,
Dushman kelsa qoyaday yo‘lin to‘sgan Vatan bu,
Hech kimdan kam emasmiz, aslo qaram bo‘lmasmiz!
Inson dunyoga kelgan kunidanoq Vatan tuyg‘usi u bilan birga ulg‘aya boradi. Vatanga bo‘lgan mehr insonni qalbida yotadi, kimdir uni oshkor qiladi, kimdir esa yo‘q. Shoira bong urib, Vatan - borliq, hayotim, iymonim, dardim, senga jonim, ardasmonim, xonumonim sadag‘a deydi. She’rda o‘zlik, g‘urur, erk tuyg‘ulari birlamchi o‘rinlarga chiqadi. Mustaqil, hur O‘zbekiston pirlar duosini olib, yuksalgan, palak yozgan. Har sohada, har jabhada har doim oldinda yurgan. Qudratli armiyamiz dushman kelsa qoyaday yo‘lin to‘sgan. Shuning uchun biz hech kimda kam emas, aslo kam bo‘lmaymiz ham.
Vatanni e’zozlash, milliy urf-odatlarni targ‘ib-tashviq qilish, milliy his tuyg‘ularni tarannum etish tamoyillari Oydin Hojiyeva ijodida keng o‘rin egallagan. Shoira fikricha Vatan, vatanparvarlik tushunchalari o‘tmishni qadrlashda, e’zozlashda, uni yosh avlodga o‘rnak qilib ko‘rsatishda o‘z ifodasini topadi. Qadimda asl shoirlar o‘lsa Vatan deb o‘lgan, yurt ishqida, hajrida ularni paymonasi haqiqatdan ham to‘lgan, Vatandan uzoqda bo‘lgan shorilar yurt ayrilig‘ida yashil bargday so‘lganlar.
O‘n ikki bahorim, o‘n ikki yozim,
Ozodlikning ikki metin qanoti.
Xalqimga jo‘r bo‘lib ozod ovozim,
Turibman erkinlik bolidan totib.
Bu kunning har lahza, har nafasi deb
Jonni garov qo‘yib yashasang arzir.
O‘n ikki yillikning qasidasi deb
Shukronam qabul et, ey Vatan, taqdir!
Ozodlikning buyuk ko‘priklarida odimlab yurgan shoira dunyoga keng quloch yozib Vatanini ko‘z qorachig‘ida asraydi, Hazrat pirlaridan najot so‘rab, ozod sarhadlari, xur, qutlug‘ shomlarini ko‘ksiga bosib qo‘yishini aytadi. Yillarning o‘n ikki oyi ham shoira uchun bahor va yoz hisoblanadi. Ozodlikning ikki metin qanoti bu hurlikning belgilari hisoblanadi. Ozod ovozining yangrashi xalqining erkinligiga jo‘r bo‘ladi. Erkinlik bolidan totgan shoiraning har kuni, har lahzasi, har daqiqasi aziz, chunki tinchlik uchun, osoyishtalik uchun jonni garovga qo‘ysang arziydi, haqiqatdan.
Beshik boshidagi onaday dilbar
Suyumli shu tuproq, bahoriy VATAN.
Sehrgar ko‘klamga oshiq ko‘ngil ber,
Ey jon, boychechakka aylana qol san.
Ushbu she’rda shoira uchqur tulporiga qamchi urgan botir pahlavonlarni, guldurab havoni qaqshatgan momaqaldiroqlarni, arg‘amchi solgan qur-qur turnalarni, shoirani yuragiga yondashib kelayotgan hur chaqmoqlarni, maysalarning igna tillarini, yomg‘irga jo‘r bo‘lgan o‘lanlarni, yerning shodliklari-qo‘ziqorinlarning tasvirini juda chiroyli ifodalagan.Qizilqumning qoq tuproqlarida maysalarning hidlari shoiraga Vatanini eslatadi. Shu maysa Attor do‘konida yo‘q bo‘yoqlarning isi kabi nafis va mayin. Sehrgar ko‘klamga qo‘l va ko‘ngil bergan lirik qahramon beshik boshidagi onaday dilbar deya bahoriy Vatanni tasvirlaydi. Shu aziz Vatanga mehringni, ko‘nglingni butkul berishga chorlaydi.
O‘zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov aytganidek, ”Har gal tongda “Munojot“nimi, “Qori navo”nimi, tinglaganimda vujudimda ajib bir yengillik sezaman. Asrlar qaʼridan silqib, qalqib kelayotgan bu navolar nega bunchalar dilga yaqin, nega qon-qonimni koʻpirtiradi. Shoir aytmoqchi, asrlar dardini soʻylayotgan bu navolarda asrlarning koʻz yoshlari, quvonch va tashvishlari mujassam. Kim biladi, balki bu ohanglar bizga qahramon Poykant, Xorazm, Muqanna va Chingizga qarshi soʻnggi nafasigacha jang qilib yonib bitgani, Ulugʻbek kutubxonasini yoqqan gumrohlar, Nasimiy “Analhaqi”, Jaloliddin jasorati, Amir Temur matonati haqida nimalarnidir soʻzlab bermoqchi boʻlayotgandir. Nima boʻlgandayam, oʻtmish oʻtmishligicha qoldi. Kimlar yaratdi, kimlar yoʻqotdi. Zero, Galileo Galiley aytmoqchi: “Yer baribir
she’rni go‘zallikka, hurriyatga yo‘g‘iradi. Oydin Hojiyeva asarlarini mutolaa aylanaverdi”. Lekin, Vatan vatanligicha qolaveradi.”
Xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, shoira she’rlarining badiiy jihatdan yuksakligi, qalb torlarini nafis chertishi, xayolot olamiga she’rxonni olib chiqishi, Vatan haqidagi dardli ko‘ngil izhorlarini ifodalashi qilar ekanmiz, ko‘z o‘ngimizda Vatanimizning go‘zal tabiati, unumdor dalalari, mehnatkash xalqi jonlanadi. Vatanga oid yorqin va mo‘rt tuyg‘ular uning she’rlaridagi eng yuksak urg‘ulardan biri, boshdan kechirgan eng kuchli, eng samimiy tuyg‘ulardir
Inson umri tabiat bilan chambarchas bog‘liq, u azal-azaldan tabiatning shaydosi, - oshnosidir. Tabiat abadiy rivojlanadi, tobora yangilanish bilan birga o‘z-o‘zini takrorlab boradi. “She’riyat ham, - deb yozadi adabiyotshunos Ibrohim G‘afurov “Lirikaning yuragi” nomli kitobida, - azal boshdan doimo tabiatga intilgan va ergashgan, uning qoshida doimo hayratlanib turgan, undan aql bovar qilmas musiqa, ohang, aql bovar qilmas ranglar ochgan. Xalqning dahosi to‘rt qator qo‘shiq boshlasa, avvalgi ikki qatorini albatta tabiatdan oladi...” Go‘zal va betakror voha bo‘lmish Navoiy kengliklarida voyaga yetgan, gullagan, so‘lim vohaning go‘zalligi va jilosini kuylagan, soddadil va sof ko‘ngil egasi bo‘lgan insonlar orasida kamolga yetgan shoira Oydin Hojiyeva ijodida ham tabiat mavzusi e’tiborga loyiqdir. Oydin Hojiyeva o‘z esdaliklarida yoshlik davrini eslab shunday deydi: “Esimni tanib-tanimasdan onam aytgan she’r va ertaklarni, maqollarni, rivoyatlarni yod olib davrada aytib yurarkanman, guldek kelinchaklarning qoraxat ushlab yig‘laganlari, otasiz o‘sgan dugonalarimning qayg‘uli ko‘zlaridagi sog‘inch va qishlog‘imizdagi yigitlar o‘rnida qolib kechayu kunduz mehnat qilgan keksa chollar, yoshi o‘tib qolgan ayollarning zahmatli turmushi kechagiday hayolimdan o‘taveradi. “Shoira ijodiga nazar tashlasak, go‘zal tabiat manzaralari, tabiatga oshuftalik, hayoliy tabiat chizgilarini ko‘rishimiz mumkin. Shoira she’rlarida tabiat lirikasi shu daraja chiroyli ifodalanganki, kitobxon bevosita ana tabiat bag‘rida yashaydi va shu muhitda qolishga intiladi:
Oy boqadi bir sokin,
Sokingina boqar tun.
Borliqqa hamon hokim,
Yon-veridan oqar tun.
Ushbu misralarda aks etgan peyzaj tasvirini huddi rassom nodir bo‘yoqlar orqali chizayotgandek ko‘rinadi. Tun haqida yaratilgan ushbu misralarda “tun” tasviri yer va osmon bilan bog‘liq holda ifodalanadi. Oyni shamol jimgina mayin yelpishi, yulduzlar zina-zina bo‘lib yilpillab ketishi, telba soyga uchragan oy fonus misoli suzib tun husnini yoritganini, oy arg‘imchoqda uchib u to‘lqindan bu to‘lqinga urilganini, shu bilan ohirda tong kirib kelganini shoir chiroyli tasvirlar orqali ifodalaydi.
Ariqda suv mildirar,
Oy oqardi tomda.
Oynalarda nur sinar,
Xayolchan namozshomda.
Ushbu she’rga “1969” yil deb sana qo‘ygan. Bundan ko‘rinadiki, ijodkor tabiat manzaralarini ijtimoiy motivlarsiz tasvirlashni joriy qilganligini ko‘rishimiz mumkin. Shoira ijodi xilma-xil va rang-barang unda hayot, ijod, inson tasviri va qiyinchiliklar va shu bilan bir qatorda hayoliy tasvirlar tabiat kompozitsiyasi bilan aloqador tarzda ifoda etiladi. “Kunbotarda” deb nomlangan ushbu she’rda kunning botishi chiroyli tasvir orqali ifodalangan. Tomdan oy oqarganini ko‘rgan lirik qahramon ariqda suv mildirashini namozshomda hayolchan tomosha qiladi. Aynan shu damda popushak qush qo‘ltiqlari orasiga yosh bolasini olib tut daraxtning pinjida dam oladi. Qoziqqa bog‘langan sigirni sog‘ish uchun yosh kelinlar yeng shimaradi. “Huv ana, kunbotardan kelar uning quyoshi” misralarida ijodkorning sekin-asta ijod muhitining yetakchisiga aylanganini ko‘rishimiz mumkin.
Endi esa shoiraning ushbu she’riga e’tibor qaratsak. Bu she’rda shoir ongiga tabiat tasvirining eng serjilo misralari quyilib kelgan desak mubolagʻa boʻlmaydi .
Cho‘qqidagi harsang toshga
Bir oyog‘i bog‘lanib.
Kiyik turar naq quyoshga,
Sakramoqqa shaylanib.
Ushbu she’rda shoir she’rning yozilish holatini ifodalagandek tuyuladi. Balki shoirga she’rdagi kiyik ilhom bag‘ishlagandir. Kiyik tasviri ortidan shoir tabiat go‘zalligidan ilhom izlamoqda. Naqadar ajoyib tarzda ifodalash uslubi shoirning yana bir bor mahorat ustasi ekanligidan dalolat beradi. Sirtdan qaraganda oddiydek tuyulgan she’rdan “kiyik” obrazi orqali quyidagi xulosalarni chiqarish mumkin:
1. Kiyik – qo‘rquv ramzi;
2. Kiyik – go‘zal olam, umr ramzi;
3. Kiyik – borliqning, tabiatning jonlanishi ramzi.
Kun tunadi ufq ortida,
Sukunatning zil qanotida,
Suzib keldi tiyra bir hayol.
Osmon bilan turib yuzma-yuz,
Yulduzlarning benafs, beso‘z,
Qo‘shig‘iga quloq soldim lol.
Ushbu she’rda shamol obrazi birlamchi o‘ringa chiqqan. Shamol obrazi faqat lirik asarlarda va faqat zamonaviy adabiyotda uchraydi degan fikrdan yiroq bo‘lishimiz kerak. Shamol obrazining tub ildizlari xalq ertaklaridan biri bo‘lmish ”Zumrad va Qimmat”ga borib taqaladi.
Mumtoz adabiyotda biz shamol obrazini sabo, nasim, boda, yel kabi ko‘rinishlarini uchratishimiz mumkin. Masalan, Alisher Navoiyning “Ey sabo” nomli g‘azalida biz tahlil qilayotgan shamol obraziga juda katta badiiy-estetik funksiya yuklatilgan.
G‘azalning quyidagi matlasida bevosita saboga ya’ni shamolga murojaat qilinadi.
Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimga ayt,
Yig‘larimning shiddatin gulbargi xandonimga ayt.
Zamonaviy adabiyotimizda Shavkat Rahmon qalamiga mansub “Baland daraxtlar” nomli she’rda shamolning o‘ziga xos turi va ko‘rinishini kuzatamiz.
Baland daraxtlar bor,
Baland daraxtlar –
Yerning yuragidan kuch quvvat so‘rgan,
Baquvvat, chatishgan shox-shabbalarda
Daburu Po‘yiroz yo‘lini to‘sgan
Cheksiz g‘am-g‘ussalar keltirar Dabur,
Mislsiz qiynoqlar yuborar po‘yroz.
Lekin Oydin Hojiyeva ijodidagi “shamol” obrazi go‘yo o‘zgacha qiyofa kashf etgan. Hayol bo‘lib suzgan, yordan ko‘ngil uzgan, suyuklisining rejalarini shamol kabi buzgan qahramon bu ishidan ho‘rsinmoqda. Demak bu yerda shoira huddi “shamol”ga ag‘yor obrazni menglashtirmoqda.
Bu yer olmazor edi,
Qo‘ynida bahor edi.
Uy qurmoqchi bo‘ldilar,
Arra bilan keldilar.
Ushbu ertak she’rda ariq bo‘yida o‘sgan ikki daraxt – olma va tog‘olcha qismati tasvirlangan. Ayni bahor faslida uy qurish uchun bir nechta kishilar ariq bo‘yidagi olmazorga kelishadi. Olma daraxtini arra bilan kesib olishadi. Ushbu voqeani shoir murakkab tasviriy vositalar orqali quyidagicha ifodalaydi – sim arqon bog‘lab, uni buldozzerda tortdilar, so‘ng butoqlab olmani payhon qildilar deydi. Ushbu she’rda lirik qahramon masalasiga to‘xtalgan shoira atrof-muhit va tabiatning subyektida obyekt ya’ni lirik qahramonning o‘rniga to‘xtaladi. Ijodkor tabiatga murojaatida borliqni ramziy idrok etdi, undagi bor narsalarni ko‘radi va biladi..
Biz Oydin Hojiyeva ijodini kuzatish natijasida peyzaj lirikada psixologik tasvir prinsplarini ham kuzatdik. Uning birinchi ko‘rinishi deb tabiat tasvirlarining insoniylashganini aytishimiz mumkin. Tabiat tasviriga bog‘liq she’riyatda ruhiyat tasviri ustunlik qiladi. Bu tabiat bilan bog‘liq poetik fasllar vositasida ifodalanadi. Ma’lumki tabiat tasvirida tafsillar, ya’ni, detalallar muhim ahamiyat kasb etadi. Zoran, “San’atning barcha shakllarida voqelik obrazlar vositasida aks ettirilar ekan, bu obraz voqelikning aynan o‘zidan iborat emas. San’at asarlaridagi har bir obraz ijodkor shaxsning hissiy va aqliy idrokidan o‘tgan voqelik sifatida poetik tasvirdan o‘rin oladi.”
Kunlar shitob qisqarmoqda tunning hayoli,
Yulduzlarning beshigini allalar beg‘am.
Igna to‘nin kiya boshlar ayoz shamoli,
Kashtanzorda zag‘cha qushlar qiladi bayram.
Ushbu she’rdagi birinchi misralar huddi keyingi misralarga g‘oyaviy-badiiy jihatdan yo‘l ochib bergandek tuyuladi. Bu esa she’rdagi lirik oqimning davomiyligini, she’rning izchilligin, tabiat tasvirining ustuvorligini ta’minlaydi. Bandlar tizimi davomida tasvirlar tiniqlashib, ularga qo‘shilgan lirik pafos kuchayib, tabiat tasviri erkinlashtirilmoqda.
Kunlar qisqarib borayotgani, issiq o‘lkalarga uchib ketayotgan qushlarning chug‘ur-chug‘uri, oftobga yuqingan oq sochli tog‘larni, ushbu damda sovuq toj-tomirgacha o‘rmalaganini, yerlarda gullarda na sas na samar borligini ushbu she’rda ko‘rishimiz mumkin.
Yerni uyqu devi aldab, muzlatar,
Jonini ilitgay Qavs yaxobi.26
Qari, soqov yerni qayta so‘zlatar
Dehqon yuragining mayin oftobi.
Tabiat marhamatli, unda fasllar aylanib kelaveradi. Odatda, fasllar silsilasida qahraton qish o‘lim nafasini olib keladi. Shoira satrlarida esa tabiat “o‘lmaydi”, uni “uyqu devi” aldab muzlatadi. Bunday ertaknamo chizilgan lirik tasvir she’rxonni sehrlaydi. Yaxob suvining og‘ushida esa yerning “joni iliydi”. Ya’ni, ezgu niyatlarning, qutlug‘ kunlarning ko‘zlari xuddi sehrlanganday oppoq uyquga cho‘madi. Lekin u abadiy emas. Tabiat “dehqon yuragining mayin oftobi” dan iliqlik olib yana tilga kiradi. Shoira dehqon obrazi orqali xalqimiz bag‘riga yashiringan o‘zlikni she’rxonga anglatmoqchi. Dehqon – zahmatkash, sodda, ayni paytda, odamzodga xos mehr-oqibat va hamiyatni, birdamlikni o‘zida mujassamlashtirgan shaxs. Shuning uchun ham uning yuragi “mayin oftobli”. Ushbu lirik chizgi shoiraning inson va tabiat rishtalarini ifoda etishdagi ijodiy metodi sifatida ko‘zga tashlanadi.
Erkning guvalasi o‘tdan qorilmish,
Bulbul ko‘z yoshidan, sutdan qorilmish,
Shamol doyali bulutdan qorilmish,
Bulut, ug‘otsang-chi maysalaringni!
“Inson umri tabiat bilan chambarchas bog‘liq ekan, tabiatga sof shoirona qarash, uni shoirona tushunish har qanday kishini hayajonga soladi, o‘ylantirib qo‘yadi.”27 Oydin Hojiyeva har bir she’rida tabiatni so‘zlatadi, hatto ba’zi she’rlarida atrof-muhit, butun boshli tabiat odamga aylanadi, ular odamlardan ko‘ra jonliroq, odamlardan ko‘ra qalbi ulug‘roqday tuyuladi. Shoiraning badiiy talqinida tabiat ohanglari, tovushlari, ranglari bevosita inson ruhiyati iqlimlarining zohiriy ko‘rinishidir.
Qoqigullar oyna tutib oftobga,
Yuraklar tushadi toshqin girdobga.
Ranglar tilga kirar, suv sayron bulbul,
Bukri tollarning ham chakkasida gul.
Gul, oftob, suv, bulbul, tol – barchasi shunchaki tabiat ashyolari emas, balki badiiy detallardir. Oydin Hojiyeva ularning har birini timsolli ma’nolari bilan uzviy bog‘lab badiiy butunlik hosil qiladi. Gullar go‘zallik, ezgulik va shodlikning timsolidir. Oftob esa hayot abadiyligining belgisi. Yurakning toshqin girdobga tushishi uning katta intilish-ishtiyoq bilan yuksaklarga ko‘tarilishidir. Xo‘sh, nega shoira suvni “sayron bulbul” ga qiyoslayapti? Chunki lirik qahramonning nigohi ko‘klarga qaratilgan. Olis manzillarga tikilgan bu nigohda esa kelajakka umid bor. Suv abadiy oqishi, to‘xtab qolmasligi kerak. Gullarning bukri tollarga qadalganligining boisi ham shundan.
Oydin Hojiyeva lirik chizgilari orqali tabiatni inson botiniga ko‘chiradi. Demak, tabiat ham insonga aylanyapti, insonlar kabi his-tuyg‘ulari bilan bo‘lishyapti. “Tabiat barcha san’at turlari va janrlari qatori lirikaning ham boqiy mavzularidan biridir. San’at asarlarining qaysi birini olib ko‘rmaylik, undagi peyzaj tasvirida, albatta, inson ishtirok etadi, tabiatning u yoki bu xossasi unga bo‘lgan inson munosabati orqali qayta kashf etiladi.”28
Ey tanti tabiatga
Jondan suyuk zurriyot
Soqov sovuq toshlardan
Nechun o‘tinding najot.
Oydin Hojiyevaning she’rlarida insoniyatning ibtidoiy hayotidagi soddalik, poklikni sog‘inish motivi ko‘p uchraydi. Bu she’rda tabiat – millat, Vatan, butun insoniyat kabi ma’nolarni anglatadi. Insoniyatning o‘zi vayron qilayotgan beshigi – Vatanidir. Uni abadiy shodliklar maskaniga aylantirish ham o‘zining qo‘lida. She’rning 1988-yilda, ya’ni yurtimiz mustaqillikka erishish arafasida yozilganini inobatga olsak “tosh” obraziga alohida ma’no yuklatilganini ko‘rishimiz mumkin. Bu toshlar asrimiz boshidagi buyuk to‘ntarilish, bizning “bosmachi” avlodlarimizni badarg‘a qilgan tarix haqiqati. Shoira bu yerda ijtimoiy mavzuni qalamga olgan. “Sovuq toshlar” – xalqning ko‘ngil tubidagi dardi, armonlari, hali ushalmagan orzularidir. Ammo bu dardlar harakatga kelsa xalq qudratli kuchga aylanadi.
Sen daho qudratingda
Hur eding-ku, odamzod,
Koinot zulmatida
Nur eding-ku odamzod!
Xalqqa murojaat shaklidagi bu she’rda shoira millatining itoatkorligidan, mungliligidan, jabrdiydaligidan chinakamiga kuyadi. Insonning erki, birligi, ozodligi, taraqqiyoti shoira uchun tom ma’nodogi e’tiqod masalasi edi. Shu ezgu niyat, orzu yo‘lida u milliy hislarni uyg‘otib elni birlikka, “sovuq toshlar” ga nisbatan isyonga chorlaydi.
Oydin Hojiyeva insonning ichki dunyosi va go‘zalligini kuylay turib, uning ohangiga jo‘r bo‘layotgan qushlar shivirini tasvirlay oladi. Jonlangan tabiat tasviri shoira tomonidan jo‘ngina chizilmaydi, balki butun boshli tabiat so‘zlarga ko‘chib badiiy libos kiyadi.
Ko‘kda sutday toshadi bulut,
Bog‘lar – jannat sozli qushlarga
Tunlar to‘la sirli tushlarga,
Quyosh ko‘ksi lang‘illagan o‘t.
Qadim makonning ijodkor yurakni bergan tabiati shoirani hayratlantirgan, zavq bera olgan narsa – Vatan tushunchasi va shu zaminda yashashdir. “...odamda shunday holat sodir bo‘ladi. U nimadandir yuragi g‘ash. Shunda sokin tabiatning takrorlanmas, nogahoniy bir ko‘rinishi bilan yuzma-yuz kelgach, barchasi unut bo‘ladi.”29 Oydin Hojiyeva xuddi rassomlar singari ko‘rganlarini o‘ziga xos badiiy tasvirlaydi. Yuqoridagi she’rida tabiat tasviri metaforik xarakterga ega.
Ko‘llar, soylar ko‘pirar lim-lim,
Kulgulari sachrar qirg‘oqqa.
Qafasiga sig‘maydi qalbim
Aylanadi so‘zlar chaqmoqqa.
She’rni o‘qigach ko‘z oldimizda sokin tun, oq bulutlar, bog‘lar va quyosh namoyon bo‘ladi. Shoira avval tasvirni xuddi real hayotdagi kabi jonlantiradi: bulutlar suzadi, quyosh nur sochadi, soylar ko‘piradi. Tasvir asta-sekinlik bilan lirik qahramon kechinmalariga uyg‘unlashib she’rxonda shoir tasavvur etganday his uyg‘otadi. Ona tabiat jilvasi bo‘lgan oq bulut, sirlarga to‘la tun, ulardagi o‘ziga xos sokinlik butun she’r davomida kishi vujudini qamrab oladi. Shoira bulutni “sut” ga qiyoslar ekan, u xonadonlarga qut-baraka, rizq-u nasiba, to‘kinlik olib kirishiga ishora qiladi. Shoira qorong‘uligi bilan kishini qo‘rquvga soluvchi tunni quvnoq, hayotbaxsh ohang bilan tasvirlaydi: sirli tushlarga to‘la. Quyoshning “lo‘ng‘illagan o‘t” misol issiq harorati, yorug‘ligi zaminga kuch-quvvat, hayot manbayi ekanini ko‘rsatadi.
Yer – mayin, misoli bir tutam ipak,
Yer – nafis, qizi gul, suyub taqqudek.
Yer – mo‘rt, falakdagi moviy kapalak...
Qonin so‘rmoq bo‘lar temir o‘rgimchak.
Oydin Hojiyeva lirikasi betakror obrazlar silsilasidir. Shoira har bir fasl, yer, gul kapalak, ipak kabi obrazlar zamiriga yangi-yangi ma’nolar yuklaydi, favqulodda xulosalar chiqaradi. Yer bu she’rda juda keng tushuncha bo‘lib, tabiat, millat, Vatan kabi ma’nolarni anglatadi. Yerning “bir tutam ipak” ligi sodda, zahmatkash, itoatkor, ayni paytda, o‘z haqqini tanimagan millat timsolidir. Yer qanchalik mayin bo‘lmasin, u lirik qahramonning istiqlol, ozodlik haqidagi ehtiyojlarini qondira olmaydi. Lekin ona yer bag‘ridan unib chiqayotgan qizil gulda hayot bor. Ayni paytda yerning o‘zi ham – “qizil gul”, insonga va borliqqa hayot baxsh etadi. Mazkur she’rda gul – istiqlol, ezgulik, go‘zallikdir. Demak, istiqlol yurtga erkinlik, ezgulik, go‘zallik olib keladi. Keyingi bandda yer moviy kapalakka o‘xshatiladi. Kapalak – nozik qalbli, hayotni qalban sezuvchi, xassos bo‘lsa “o‘rgimchak” hissiyotdan mahrum, go‘zallikni tushunmagan qalbi ko‘r insonlarning umumlashma obrazidir. Nega kapalak “mo‘rt”? Bulutlari bilan, jannatmakon bog‘lari bilan bahaybat bo‘lgan, lim-lim ko‘pirayotgan soylari, ko‘llari bilan atrofga kulgu sachratishi bilan, lang‘illagan quyoshi bilan nurlar yog‘dirayotgan bu ulug‘ diyorni “o‘rgimchaklar” qonini so‘rayotganidan aziyat chekadi. shu tariqa she’rdagi markaziy obraz yerga – Vatan, millat va kelajakka oid iztiroblari, orzularining mujassam timsoliga aylanadi.
Oydin Hojiyevaning qaysi bir she’riga murojaat etmaylik, tabiat bilan bog‘liq poetik ko‘chimlarga duch kelamiz. Tabiat tasviri bilan yo‘g‘rilgan she’rlar tahlili orqali biz ijodkorning yana bir muhim xususiyatlarini kashf ettik. Insonning ruhiy holati va kayfiyatini manzaralashtirish barcha ijodkorlarning ham qo‘lidan kelavermaydi. Lekin shoira Oydin Hojiyeva bu ishni eplay oldi. Shuning uchun ham uning ijod mahsullari mangulikka dahldordir.Bu esa shoiraning o‘ziga xos mahorat uslubini ko‘rsatadi. Shoira tabiat va inson tasvirini bayon etish bilan birgalikda, xalqimizga xos bo‘lgan xususiyat va tafakkur qirralarini ham uyg‘un tarzda ochib beradi. U tabiatdagi har bir o‘zgarish va hodisani inson taqdiri bilan bog‘laydi. Shuning uchun hayotdagi u yoki bu o‘zgarishlar quvonch yoki qayg‘u, alam, yo‘qolishlar tabiat fasllariga, tabiat manzaralari va predmetlariga qiyosan ochib beriladi. Zero, ilohiy boshpanamiz bo‘lgan tabiat – azaldan shoirlarning ilhom manbayi bo‘lib kelgan.
Xulosa
Adabiyotga nozik tuyg‘ular bilan kirib kelgan Oydin Hojiyeva she’riyati o‘zining yuqori darajadagi ma’rifiy estetik xususiyatlari bilan adabiyotimiz xazinasidan munosib o‘rin egallaydi. Baxt va ezgulikni tarannum etuvchi, hayotning go‘zal damlarini yorituvchi, she’rxon ruhiyatiga kirib borib, ko‘tarinkilikka yo‘naltiruvchi lirik chizgilar ijodkori xalqimiz qalbidan chuqur joy egallagan. Shoiraning tortinchoq, kamtarin xarakteri, she’rlaridagi yoqimli samimiylik, sokin chehrasi uning qalbining boyligini ko‘rsatadi. Oydin Hojiyeva she’rlarida hayot, ishq, inson turmush tarzi, tabiat uyg‘unligi haqidagi fikrlar ko‘p. U shakl va mazmun rang-barangligi jihatidan ham, poetika jihatidan ham doimiy rivojlanib boruvchi qalam sohibasidir. San’atning qudrati buyuk g‘oya, qimmatli fikrning obrazli gavdalanishida, uning samimiy va yangi mazmunidadir. Bu xislatlar qalam sohibidan badiiy so‘zning ma’no tuslarini, til nozikliklarini his etishni, she’riy obrazlar tizimida asarning shakl va mazmun birligini yaratishni, o‘z oldiga hamisha mas’uliyat hissini saqlashni taqozo etadi. Bu fazilatlarning barchasi iste’dodli shoira Oydin Hojiyeva ijodida o‘z ifodasini topgan. U tilimizning boy badiiy tasvir va ifoda vositalaridan mohirona foydalana oladi, yozayotgan mavzularining badiiy yechimini, she’riy umumlashtirishini o‘ziga xos tarzda bera oladi. Telli Sanam Borchali ijodida boshqalardan ajralib turadigan o‘ziga xos xislati bor. Bu jihatni belgilab beruvchi omil keng va chuqur ma’noda soddalik bo‘lib, bu soddalikda badiiy boylik, obrazlilik bor. Uning she’rlarining mazmun-mohiyatini tashkil etuvchi teran va poetik ijtimoiy ma’no muvaffaqiyatli ijoddir.
Do'stlaringiz bilan baham: |