1.2 Boshlang’ich sinf o’qish darslarida she'riy asarlarni o’rganishning o’ziga xos tomonlari.
Nasriy parcha bilan she'riy parcha orasida muallifning so'z ohangi, intonatsiyasida katta farq bor: birinchi nutq tinch, osoyishta nutqdir, ikkinchi nutq - hayajonli, to’lqinli, ehtirosli, ya'ni g’ayri oddiy nutqdir.
Bu xususiyat - ehtiros - she'r bilan yozilgan hamma asarlarga xosdir. She'r oddiy holatni emas, favqulodda holatni, qattiq hissiyotni, hayajonli tafakkurni ifoda etadi.
Yuqorida tilga olingan she'riy asarlarning bizga ta'siri kuchliligining boisi ularda faqat «xos xol»-va «xos ma'no» mavjudligidagina emas. Buning boshqa sababi ham bor: «xos xol» va «xos ma'no» bu asarlarda alohida bir shaklda, ularning mazmunini tashkil etgan va hislarga mos, ularni bizga yengil, tez va ta'sirli qilib yetkazadigan bir tarzda ifoda etilgandir. .
She'riy shaklda yozilgan bu asarlarning bir qancha alomati bo'lib, ulardan uchtasi eng muhimdir. Bu uch xosiyat she'riy shaklning bosh xususiyatini maydonga keltiradi: she'riy nutq (nazm), nasriy nutqdan farqli o'laroq ayricha musiqaviylik, ohangdorlik: kasb etadi. Bu musiqaviylik lirik tur asarlarining o'ziga xos mazmuni talabi bilan ro'yobga chiqadi: shoirlar «xos xol» va «xos ma'no»ni ifoda etish uchun ta'sir kuchi ayricha xos shakl ham tanlab oladilar.
Shunday qilib, she'riy nutq adabiyotning maxsus tur va bu turga mansub janrlarning shakli bo'lib qoladi. Boshlang’ich sinflarda boshqa asarlar kabi she'riy asarlar ham berib boriladi. She'riy asarlar orqali o'quvchilarning estetik tarbiyalash va esda saqlab qolish qobiliyatini rivojlantirishda muhim ahamiyatga egadir. She'rni o'qiganda kichik yoshdagi o'quvchilar tabiat va jamiyat voqea-hodisalarini poetik tasviridan hayajonlanishlari muhim ahamiyatga ega. Boshlang'ich sinflarda she'r tarzida yozilgan hikoyalar, ya'ni she'riy hikoyalar va lirik she'rlar o'qitiladi. She'riy hikoyada syujet, ya'ni; voqealar sistemasi va uning rivoji harakterlidir. Lirik she'r "biror hayotiy voqea-hodisa ta'sirida insonda tug'ilgan ruhiy kechinma, fikr va tuyg'ular orqali turmushni aks ettiradi"10. Lirik she'rning xususiyati "kishining his-tuyg'uga to'la hayajonli nutqini ta'sirliroq ifodalashga to'g'ri keladi". Bunda "ohangdorlik va musiqiylikni vujudga keltiradi"11.
She'rni o'qish darslarida asosiy ish turi ifodali o'qish hisoblanadi. O'quvchi she'rning asosiy (g'oyaviy) mazmunini tushunsagina, uni ifodali o'qiy oladi. Shuning uchun she'rni tahlil qilib. uning mazmunini o'quvchilarga tushuntirish lozim. She'riy hikoyani tahlil qilishda, asosan, hikoya, ertak. masalni tahlil qilinganidagi ish turlaridan foydalanish mumkin. Tursunboy Adashboyevning "Navoiy bobomlar" she'riy hikoyasi mazmuni savollar yordamida gapirtirilishi mumkin. Ammo lirik she'rni o'qish va tahlil qilish o'qituvchidan katta rnahorat talab qiladi. Lirik she'rni o'qish darsida eng asosiy ish turi uni xis-hayajon bilan ifodali o'qishdir. She'r ifodali o'qilgach, undagi tushuntirilishi zarur bo'lgan -so'z va iboralar ikki-uch so'z bilan qisqacha izohlanadi.
She'rni o'qishdan oldin ba'zan unda tasvirlangan yil fasllari haqida suhbat o'tkaziladi yoki she'r mazmunini tushunish uchun o'quvchilar bilishi lozim bo'lgan voqealarni o'qituvchi qisqa aytib beradi. Ba’zi she'rlarni o'qishga o'quvchilarni uzoqroq tayyorlash, masalan, Qudrat Hikmatning "Qish". "Bahor" she'rlarini o'qishdan oldinroq tabiatni kuzatish, boqqa, qir-adirlarga sayohat tashkil etish maqsadga muvofiq.
Boshlang'ich sinflarda ko'rgazmali ta'limning asosiy formasi lirik she'rni ifodali o'qish hisoblanadi. Lirik she'rni ham, she'riy hikoyani ham o'quvchilar hayajon bilan yaxlit idrok etishlariga erishish muhimdir, uning uchun she'r birinchi marta o'qilganda, hech qanday tushuntirish berilmaydi. She'r o'quvchilarga qanday ta'sir qilganini hisobga olish, bilish zarur. O'qituvchi she'rni shunday ifodali o'qishi kerakki, bolalar uning asosiy mazmunini anglasinlar, ularga jonli so'z kuchliroq ta'sir etsin. O'qish oddiy bo'lishi kerak. O'qiyotganda tabiiy zavq-shavq, shodlik, xursandlik, qahr-g'azab hissini qichqiriq ovoz bilan soxta ifodalashga yo'l qo'ymaslik zarur. Bolalar she'rni o'qiganda, she'riy satrga rioya qilishlari, she'r ritmini buzmasliklariga erishish lozim.
She'r mazmuni ham, boshqa janrdagi badiiy asarlar kabi, savollar asosida tahlil qilinadi. Ammo she'r mazmuni haqida o'quvchilarga ko'p savol berish tavsiya etilmaydi. O'quvchilarga she'rning asosiy mazmunini tushunganliklariga ishonch hosil qilishning o'zi kifoya. Masalan, 4-sinf o'quvchilari Qudrat Hikmatning "Qish to'zg'itar momiq par" she'rni o'qiganda, "Qaysi fasl haqida o'qidingiz?" savoliga javob berishlari yetarli; 4-sinf o'quvchilari shu shoirning "Bahor" she'rini o'qiganda, o'qituvchi: "She'rda yilning qaysi fasli haqida o'qidingiz? (Bahor)". "Shamol haqida nima deyiladi? Terak, bedapoya, qushlar haqida-chi?" savollarini beradi. Shuni ham aytish kerakki, bolalar hayoti, ularning o'ziga xos fikrlari, his-tuyg'ulari, qiziqishlarini ifodalovchi, shuningdek zamonamiz qaxramonlari, o'zbek xalqi Vatan himoyasi, xalqimizning qaxramonona ishlari haqidagi she'rlar mazmunini to'laroq tahlil qilish talab etiladi. Sunday she'rlarni o'qishga o'quvchilarni maxsus tayyorlanadi: she'r mazmuniga asos bo'lgan tarixiy voqea haqida qisqa so'zlab beriladi yoki suhbat o'tkaziladi.
Boshlang'ich sinflarda o'qitiladigan ko'pgina she'rlarni tahlil qilib, ifodali o'qish mashq qilingach, ifodali yod aytib berish vazifasi topshiriladi (o'quvchilar darsda ifodali o'qimagan she'rni uyda ifodali yod aytib berishga tayyorlanishni tavsiya etilmaydi).
Bolalar she'rni yoqtiradilar. She'riy nutq yengil yodlab olinadi, estetik his-tuyg'u uyg'otadi, kichik yoshdagi o'quvchilar saviyasiga mos bolalarbop ravshan til bilan yozilgan sodda ritmli jarangdor she'rlarni bolalar tez va oson yodlab oladilar, keyin yoddan ifodali o'qiydilar.
Kichik yoshdagi o'quvchilarga she'rni qanday yodlash kerakligi o'rgatiladi. Buning uchun o'qituvchi o'quvchilar bilan she'rni teng satrli bir necha qismga bo'ladi. O'quvchilarga har bir satr oxirida ritmik pauza qilish, buning uchun satr oxirida tinish belgi bo'lishi shart emasligi, ritmik pauzada ovozni nuqtadagi kabi pasaytirmaslik lozimiigi, bu tugallanmagan fikrni davom ettirishga inikon berishi va bo'lingan qismlar navbati bilan yodlatiladi. Z. Diyorning "Bahor fasli" she'rini izohli o'qish darsining variant Sxemasi quyidagicha bo'lishi mumkin:
1) she'r mazmunini yaxlit idrok etish uchun uni ifodali o'qib berish (birinchi sintez);
2) she'rda tasvirlangan bahor belgilari haqida suhbat (analiz):
3) she'rni ifodali o'qishni mashq qilish (ikkinchi sintez);
4) uyda she'rni ifodali o'qish va yod aytib berishga tayyorlanish;
5) keyingi darsda she'rni ifodali o'qitish, ifodali yoddan aytdirish.
She'r o'qish darslarida o'quvchilarni she'riy asarlar matnini yaxshi tushunmasliklarini hisobga olish lozim. O'quvchilar she'riy asarlar mazmunini unda nima deyilmoqchi bo'lganini odatda tushunishga qiynaladilar. Bu esa ularni she'rni yod olishlarida qiyinchillik tug'dirdi. Shuning uchun darslarda lug'at ishiga hamda she'r ma'nosini o'rganishga alohida e'tibor berish lozim.
She'riy asarlar sirasiga she'r tarzida yozilgan masallarni ham kiritishimiz
mumkin. Shuning uchun quyida she'riy tarzdagi masallarni o'tish usulllari haqida ma'lumat berib o'tamiz.
Masal axloqiy mazmunni kinoyaviy obrazlar orqali aks ettiradigan badiiy asardir. U ko'proq she'riy tarzda yoziladi. Masalda inson harakteriga xos xususiyatlar kinoyaviy obrazlar-hayvonlar» jonivorlar va o'simliklar dunyosiga ko'chiriladi. Masalning kirish qismida, ba'zan oxirida qissadan xissa, ya'ni ibratli xulosa chiqariladi. Bu o'quvchilarni axloqiy tomondan tarbiyalashga katta imkon beradi. Masalda fikrning qisqa, lo'nda, chiroyli va ifodali tasvirlanishi, tilining o'tkirligi va xalqchilligi o'quvchilar nutqi va tafakkurini o'stirishda muhim material hisoblanadi. Masal kichik xajmli, ammo boy mazmunli, tugun, kulminatsion nuqta va yechimi bo'lgan kichik pyesani eslatadi. U biror voqea-hodisani qisqa va mazmunli tasvirlashda ajoyib namuna bo'la oladi.
Bolalarni masaldagi kinoyaviy mazmun emas, balki, birinchi navbatda obrazlarning go'zalligi o’ziga jalb qiladi. Shuning uchun masal ustida ishlashni hayvonlar hayotidan yozilgan hikoya ustida ishlash kabi uyushtiriladi. Odatda, masal personajlari o'z xatti-harakatlari, fe'1-atvorlari bilan, nutqiy uslublari, odatlari bilan o'zlarini tavsiflaydilar, ba'zan bu harakteristikami masalning boshqa personaji tuldiradi. Muallifning o'zi esa bir-ikki so'z bilan harakteristikasi mukammallashtiradi.
Boshlang'ich sinflarda masalni o'rganishda bolalarni masalni ifodali o'qishga va uning mazmunini qisqa, ba'zan bir necha so'z bilan aytib berishga (masalni to'liq hikoya qildirish tavsiya etilmaydi), ayrim qatnashuvchilarning xarakterli xususiyatlarini aytib, o'zaro qiyoslashga o'xshatish muhim ahammyatga ega. Masalning allegorik mazmuniga to'xtalmasdan, bosh personaj obrazini tahlil qilishga kirishiladi 1 - sinfda bolalar masalni hayvonlar haqidagi ertakka o'xshash kulgili hikoya kabi qabul qilsalar, 2 - sinfdan boshlab ular - masaldagi hayvonlarning xatti-harakati va o’zaro munosabatlari ba'zan kishilar hayotida ham uchrashini, masal axloqiy bilim beradigan hikoya ekanini, ko'proq she'riy tarzda bolishini, unda kishilardagi ayrim kamchiliklar tasvirlanishini bilib ola boshlaydilar. Masal tili ustida ishlaganda, o’quvchilar nutqini boyitish uchun unda ishlatilgan obrazli iboralar, badiiy vositalar o’quvchilarga mustaqil toptiriladi: O'quvchilar o'qituvchi bergan gap yoki iborani masaldagi ibora bilan almashtiradilar. Masalan, Shukur Sa'dullaning «Laqma it» masalining til ustida ishlash jarayonida o'qituvchi qish kelib sovuq boshlandi. Bo'ron turdi gaplarini beradi, o’quvchilar gaplarini topib aytadilar. Masal tahlil qilinayotganda voqea rivojini jonli tasavvur qilish, obrazlarni aniq idroki ustida o'quvchilarga yordam berish zarur. Chunonchi, ularga ayrim epizodlarni so'z bilan tasvirlash, ba'zilariga o'qiltuvchi yordamida harakteristika tuzish, ishning oxirgi bosqichida rollarga bo'lib o'qish kabilarni tavsiya qilish maqsadga muvofiq. Personajga harakteristika berishda uning xatti-harakali bilan birga, tilning o'ziga xos hos hususiyatlaridan ham foydalaniladi, Masalni ifodali o'qishga tayyorlanishda uning syujetini bilish bilan birga, avtor tilini yaxshi tushunish, sar bir personajning individual harakterini hisobga olish zarur. Masalan, «Laqma it» masalini o'qiganda, laqma itning yalinib-yolvorishi, mushukning to’g’ri so'zligi muomalasi orqali ifodalanadi. Dialogli masallami rollarga bo'lib o’qish, instsenirovka qilib, ertaklarda ayttirish maqsadga muvofiqdir. Shunday qilib, masal ustida ishlash quyidagi komponentlarni o'z ichiga oladi masal mazmunini aniq idrok etish kompozitisiyasi, qatnashuvchilarning harakteriga xos xususiyatlarini, xatti-harakatlarining sabablarini ochish; allegoriyani aniqlash;
Qish keladi qilich olib, bo'ron bilan dovrug' solib-masal qismlaridagi asosiy fikrni aniqlash masal xulosasini tahlil qilish. Mana shu izchillik hisobga olinsa, masal o'qish darsining qurilishi quyidagicha bo'ladi:
“1 Tayyorgarlik ishlari (bunda masalning xususiyatlari va qaysi sinfda o'qitilishiga mos ravishda ish turlari tanlanadi): 1) masal muallifi haqida o'qituvchi hikoyasi; 2) o'qilgan masal material! yuza'sidan viktorina (savol-javob o'yini); 3) o'qilgan masalda qatnashuvchi shaxslar (hayvonlar) harakteriga
xos xususiyatlar haqida suhbat,
2.Masalni o'qituvchi o’qishi (magnitafon yozuvini eshitish yoki film kursatish). Emotsional baholash rejasida suhbat.
Masalning aniq mazmunini analiz qilish:
1) masalning tuzilishi va kompozitsiyasini aniqlash (o'qish, reja tuzish va hokazo).
2) qatnashuvchilarning xatti-harakati, fe'1-atvori sabablari, harakteriga xos xususiyatlarini tushuntirish (tanlab o’zining, so'z bilan va geografik rasm chizish, savollarga javob;
3) masalning aniq mazmunidan kelib chiqib undagi asosiy fikrning bosqichlari belgilagan.12 Shu o’rinda bitiruv malakaviy ishimiz mavzusidan kelib chiqib, 4-sinf o’qish darslari orqali o’rganiladigan she’riy asarlar vositasida axloqiy sifatlarni o’quvchilarda shakllantirishga e’tiborni qaratdim. Darhaqiqat, she'riy asarlarning ahamiyati haqida gapiradigan bo’lsam, o’quvchilarning axloqiy sifatlarini shakllantirishda she'riy asarlarning ahamiyati beqiyos. Chunki, o’quvchilarning go’dak qalbida har bir ustozi tomonidan aytib o’tilgan so’zlar, eshitgan o’gitlari, ertaklar va she'rlar muhrlanib qoladi.
Ustozi biror bir she'rni o’qib, uni tahlil qilib, undagi ma'noni o’quvchilarga sodda qilib tushuntirib bersa, o’quvchilarning yosh ongida shu she'r haqida aniq tasavvur va fikrlar paydo bo’ladi. Har bir o’qituvchi ta'lim berish jarayonida o’quvchilarga bilim berish bilan birga axloq-odob qoidalari bilan tanishtirib, ularni tarbiyalab borishi lozim. Yoshlikda olingan bilim, toshga o’yilgan naqsh kabidir. Yoshlarning kelajakda kim bo’lishi, ularning qanday inson bo’lib yetishishi va ularning kamoloti muallimlar qo’lida. Muallim va ustozlar o’quvchilarning murg’ak qalblariga shunday ta'sir etish kerakki, ular yaxshi va yomonni ajratishni bilishlari lozim. Ularga yaxshi fazilatlar va yomon odatlar haqida to’hri tushuncha berish, ularga ota onani hurmat qilish, rostgo’ylik, kattalarni hurmat qilish, kichiklarni izzat qilish keksalarga salom berish kabi yaxshi fazilatlarni o’rgatish lozim. Ularni go’zal hulqli, odobli bo’lib yetishishlari ustozning mahorati va malakasiga bog’liq. Prezidentimiz Islom Abdug’aniyevich Karimov aytganlaridek; “Farzandlarimiz bizdan ko’ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo’lishlari shart”13
“Har kim ekkanin o’rar
Bir kishining otasi
Ko’p yashamish, qartaymish
Soch-soqoli oqarmish
Bellari kuchdan qolmish
Non yeganda lablari
Burni bilan so’zlashur
Choy ichganda qo’llari
Qaltirashib, titrashur
Beli ikki bukilgan
Yuray desa yurolmas
Bir o’tirsa o’rnidan
Ko’tarmasang turolmas
O’g’il, kelin, nevara
Zerikdilar bu holdan
Qutulmoqchi bo’ldilar
Bir ish qilib u choldan
Kirib bir xilvat uyga
So’zlashdilar uchchovlon
O’g’il bilan nevara
Qildi o’z fikrin bayon
Kelin dedi; “Sizlarning
To’g’ri emas o’yingiz
Eng yaxshisi sahroga
Olib chiqib qo’yingiz
Birov ko’mar o’ligin,
Ko’rmas bizning ko’zimiz
Mashaqqatli bu g’amdan
Qutilgaymiz o’zimiz”
O’g’il bilan nevara
Kun kech bo’lgach turdilar
Ko’tardilar u cholni
Sahro sari yurdilar
Bir o’ringa yetganda
So’zga kirdi asta chol
Dedi: “O’g’lim so’zimga
Birozgina quloq sol
Men otamni bir zamon
Bir o’ringa keltirib,
Tashlab ketgan chog’imda
Qolgan edi termulib
Navbat keldi o’zimga
Sen ham meni keltirding
Men otamga ne qilsam,
Endi menga sen qilding
Menga yarar shul o’rin
Bir kun senga ham yarar
El aro bor bir matal,
“Har kim ekkanin o’rar”
Bu so’zlarni eshitgach,
O’g’il ho’ngrab yig’ladi
Otasiga uzr aytib
Xizmatga bel bog’ladi.”14
She'rni ifodali qilib o’qib tushuntirib bergach, quyidagi savollar o’quvchilarga beriladi.
O’g’il bilan nevara nima uchun otalarini sahroga chiqarib tashlamoqchi bo’lishdi?
Chol farzandiga o’z qilmishi to’g’risida nimalar dedi?
“Har kim ekkanin o’rar” maqolini qanday tushunasiz? Sizningcha bu maqol kimga tegishli?
O’quvchilarni bu she'rni qay darajada tushunganlarini uning mazmunini so’rab bilib olinadi. She'rning qisqacha mazmunini so’rab bilib olinadi. She'rning qisqacha mazmuni mana bunday:
Bir kishining otasi juda qarib qolibdi. Yura olmas, yordamga muhtoj edi. Bir kishi yordam bermasa, o’rnidan tura olmas edi. Otasining bu holidan o’g’il, kelin, nevara bezor bo’ldilarda otani parvarishlash ularga malol kela boshladi. Endi ular otalaridan qutilmoqchi bo’ldilar. Uchovlari fikrlashib, kelinning so’ziga kirdilar. Uni sahroga olib chiqib tashlamoqchi bo’lishdi. Cholni sahroga olib borib bir o’ringa qo’yib ketishmoqchi bo’lganlarida, chol shunday dedi: O’g’lim meni bir so’zimga quloq sol: men ham bir zamonlar otamni shu yerga olib kelib tashlab ketgandim. Otam menga termulgancha qolgan edi. Endi navbat menga keldi. Men otamni shu yerga olib kelgan bo’lsam, sen meni shu yerga olib kelding. Men shu o’ringa munosibman. Bir kuni seni ham shu yerga olib kelishadi. Chunki, halqimizda shunday naql bor: “Har kim ekkanin o’rar”. Sen menga nima qilsang o’zinga ham qaytadi. Shunda o’g’il ho’ngrab yig’lab yubordi va otasiga uzr aytib, uning xizmatiga bel bog’ladi. Har bir farzand ota onani hurmat qilishi, ularga mehr ko’rsatishi lozim. Ota-onalar biz uchun qayg’urib o’zlarini o’tga cho’g’ga uradilar. Farzandlarini ko’z qorachig’iday avaylab, asrab, o’zlari uchun emas, faqat farzandlari uchun qayg’uradilar. O’zlari yemay yedirib, kiymay kiydirib, farzandlariga zarra ozor yetsa, joni halak. Farzandi atrofida parvona. Ota-ona xuddi shamga o’xshaydi. Farzandiga bor mehrini, hayotini bag’ishlaydi. Farzandining joni og’risa atrofida girdikapalak bo’lib, kechalari bedor bo’ladilar. Farzandining kamoli uchun har ishga qodirlar. U uchun qayg’uradilar, u uchun g’am chekadilar. Farzandning har bir yutug’idan olam-olam sevinadilar. Ozgina mehridan behad shodlanadilar. Ota-onaning ko’z nuri farzand, qalbining quvonchi ham, umrining ziyosi ham farzand. Ota-ona faqat farzandidan umidvor mehr kutadi. Ota-onamiz biz uchun shu qadar qayg’urar ekan. Biz farzandlar ota-onamizga e'tiborliroq bo’lishimiz, mehribon farzand bo’lmog’imiz zarur. Ularni bizga bo’lgan ishonchlarini oqlamog’imiz shart.
Mavzudan xulosa qilib shuni aytishimiz mumkinki, ota-onamiz bizni bebaho boyligimiz, tengsiz xazinamiz. Ular biz uchun g’animat, ularni qadriga yetib, ular uchun vaqtimizni qizg’onmasligimiz, ular bizga bir so’z aytsa, “labbay” deb turmog’imiz va doim ularni xizmatida shay bo’lishimiz lozim.
Biz bo’lajak o’qituvchilar, albatta, bir kun ustoz bo’lamiz. Ana o’shanda o’quvchilarga mana shu she'rlar, hikoyalar ertaklar orqali yuksak axloqiy fazilatlar haqida to’liq tushuntirib, ularni go’zal xulqli, odobli bo’lib kamol topishlari uchun ulkan hissa qo’shmog’imiz darkor. O’quvchilarning ahloqiy sifatlarini shakllantirishda she'riy asarlarning ahamiyati katta ekan, ularga shunday ma'noli sherlarni doim tushuntirib borishimiz lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |