Mahmud Qoshg’ariy XI asrdagi buyuk tilshunos olimdir. Garchi uning asari «Devonu lug’otit-turk» («Turkiy so’zlar devoni») o’z davridagi turkiy so’zlarni izohlashga bag’ishlangan bo’lsa-da, so’z va uning ma’nolarini aniqlash, so’zdan foydalanish imkoniyatlari, nutq madaniyati borasida ham ko’plab ilmiy mulohazalar bildiradi, ilmiy xulosalar aytadi. Mahmud Qoshg’ariy tildagi fonetik, morfologik qonuniyatlarni, leksik-sintaktik xususiyatlarni, uslubiy o’ziga xosliklarni nozik did bilan qiyoslaydi va tahlil qilib beradi.
Muhimi, buyuk alloma XI asrda xalq tilida iste’molda bo’lgan so’zlarning asl manbasi, ularning «yashash joyi» bo’lgan badiiy matnlar bilan birgalikda saqlanib qolishiga erishdi. Keyingi avlod vakillarining qadimgi adabiy til va og’zaki nutq namunalari bilan tanishish imkoniyatidan bahramand qildi..
Alloma ko’plab xalq qo’shiqlari, ertak va afsonalari, maqol va hikmatli so’zlarini ham yozib olgan. Ular orasida bevosita til va nutq jarayonlariga oidlari ham mavjud:
Ardam bashi- til.-Til (barcha) san’at-hunarning boshidir.
So’zga suguncha bulun barir. - Odam so’zning shirinligi bilan lazzatlansa, unga asir bo’lib ketadi2.
Mahmud Qoshg’ariy maqollarning qo’llanish o’rinlarini ham ko’rsatadi.“Suf ko’rmaguncha etuk tartma”,“Suv ko’rmasdan oldin etik echma”. Bu maqol ishlarda mulohazali bo’lishga undalgan kishilarga nisbatan qo’llaniladi. “Keng to’n o’bramas, kengashlig bilig artamas“- Keng to’n to’zimaydi, kengashli ish buzilmaydi”. Bu maqol bir ish boshlashdan oldin boshqalar bilan kengashish, o’zboshimchalik qilmaslikka undab aytiladi5.”
Yusuf Xos Hojib. Sharqdagi so’z va undan foydalanishga qo’yiladigan talablarga misol tariqasida Yusuf Xos Hojibning qo’yidagi fikrlarini keltirish maqsadga muvofiqdir: “Ko’p so’zlik foydasiz mashg’ulotdir. Tuman so’z tugunini bir so’zda yozish mumkin. Zero, kishi so’z tufayli qadr topishi yoki, aksincha, boshi egik bo’lishi mumkin. Demak, so’z ma’nolarini ilg’ash so’z ishlatish uchun ham bilimdonlik talab etiladi.
Alisher Navoiy o’zbek tili ravnaqi uchun astoydil kurashdi, ko’pqirrali izlanishlar olib bordi. Navoiy asarlari-til omillaridan, o’zbek tilining leksik - grammatik imkoniyatlaridan unumli va mahorat bilan foydalanishning oliy namunasidir. Zahiriddin Muhammad Bobur Alisher Navoiyning adabiy tilga muvofiq ijod etganini maxsus ta’kidlaydi: “Andijon elining lafzi qalam bila rostdur, oni uchun kim Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim, undan nash’u namo topibtur, bu til biladur”.
Sharqning buyuk mutafakkirlari Umar az – Zamahshariy, Mahmud Qoshg’ariy, Ahmad Yassaviy, Hoja Bahouddin Naqshband, Mirzo Ulug’bek, Jomiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi allomalarning bayon etgan ma’rifiy fikrlari, axloqiy- ta’limiy qarashlari ham yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga ega.
XX asr boshlaridagi tarixiy sharoit Turkistonda didaktik g’oyalarning tarqalishi va rivojlanishi, ta’lim printsiplari hamda ta’lim metodlari haqida ilmiy asarlar, metodik qo’llanma va maqolalarning duyoga kelishiga, pedagogika, qisman metodika fanining rivojlanishi va taraqqiy etishiga zamin yaratdi. Bunga misol sifatida Abdulla Avloniyning «Turkiy guliston yoki axloq» asarini keltirish mumkin. U mazkur kitobida: «Muallim shogirdlariga bergan darslarini amal ila chog’ishtirib o’rgatmaklari lozimdir, ta’lim ila berilgan dars va ma’lumot shogirdlarning diliga tez ta’sir qilib, ular ilmli, odobli bo’ladilar»,- deb yozadi.
XX asr boshlarida an’anaviy o’rganish usullari yoniga yangi - Evropacha o’rganish usullari ham kelib qo’shila boshlaydi.Ilk o’zbek metodistlaridan biri Ernazar Ergashboev bu haqda shunday yozadi: «1918 – 1920- yillarda bir to’da ma’rifatparvar yoshlar maktab ta’limida «Sovg’a» va «Ustodi avval» kitoblari bilan qanoatlanmay, o’zlariga qirqma harflar tayyorlab, ular yordamida bolalarning savodini chiqarishga harakat qildilar. «..biz Abdulla Avloniy, Majid Qodiriy kabi o’rtoqlarim bilan uyimizda, maktabda uchrashib, o’qish va o’rganish yo’llarini belgilab, maslahatlashib ish olib bordik1».
30-yillardan pedagogika va til o’rganish metodikasiga oid ilmiy risolalar chop qilindi. Ular savod chiqarish, imlo va nutq o’stirish masalalariga bag’ishlanadi. Bu dastur va metodik qo’llanmalarda asosiy e’tibor har bir o’quv fanini nazariy jihatdan asoslashga qaratiladi. Dastur va qo’llanmalarni yaratishda mahalliy ziyolilardan Fitrat, Munavvar qori, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy, Qori Niyozov, Qayum Ramazon, Shorasul Zunun, Murod Shams, Halil Qayumov, Majid Qodiriy va boshqalar faol ishtirok etadilar.
1940 yillarda O’zbekistonda S.A. Fessalonitskiyning «Ona tili o’rganish metodikasi» qo’llanmasi nashr qilindi. Bu o’z davri uchun katta nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo’ldi. Qo’llanmaning ko’p qismi nutq o’stirish va insho masalalariga bag’ishlangan bo’lib, morfologiya va sintaksis o’rganish metodikasiga alohida e’tibor qaratilmaydi.
1944 yilda Murod Shams «Orfografiya o’rganish metodikasi», K. Xayrullaev «Tipik orfografik xatolar va ularni bartaraf etish» mavzusida dissertatsiyalar ximoya qilishdi. Keyinroq, 1950 yilda Murod Shams «O’zbek tili o’rganish metodikasi» qo’llanmasini nashr qildirdi, 1952 yilda «O’zbek tili o’rganish metodikasi»ga oid darslikning 1-qismi Faxri Kamol tahriri ostida bosmadan chiqdi. Mazkur qo’llanma va kitoblarda ona tili darslarini uyushtirish va o’tkazish bo’yicha zaruriy ko’rsatmalar, ona tili o’rganishni yaxshilash bo’yicha maslahatlar, mashg’ulotlarda nutq o’stirishning usul va vositalari, jadvallar majmuasi, dars ishlanmalari berilgan. Lekin orfografiya va punktuatsiyaga, matn ustida ishlashga oid masalalarga to’xtalinmagan.
1960 yilda Hasan Rustamovning «Sintaksis va punktuatsiya o’rganish metodikasi», 1969 yilda Nosir Abdurahmonovning «O’zbek tili o’rganish metodikasi» kitoblari bosildi. Ular o’z davrlaridagi ona tili o’rganish metodikasiga qo’shilgan tegishli hissa sifatida baholanishi mumkin. Lekin bu qo’llanmalarda nutq o’stirish va uslubiy mashqlar, insho yozish mazmuni va metodikasiga etarli o’rin berilmaganligini aytish joiz.
1975 yili Yo. G’ulomov, I.Rasulov, H.Rustamov,B.Mirzaahmedovlar muallifligida «O’zbek tili o’rganish metodikasi» o’quv qo’llanmasi chop etildi.Unda asosan tilning fonetika, so’z yasalishi, morfologiya va kamroq sintaksis o’rganish usullari, so’z va gap tahlili borasida fikr yuritiladi.
1960- 80 yillar davomida ona tili o’rganish metodikasi bo’yicha ilmiy-tadqiqot ishlari ko’lami yanada kengaydi. Bu sohada tilshunos olimlarimiz qo’lga kiritgan yutuqlarning amaliyotga tatbiqi bir qadar tig’izlashgani ko’zga tashlanadi. Jumladan, Mirzaev, A.Omilxonova M, Abdullaev Y, Qilichev E, Sayfullaev A, Qosimova K, Hojiev A, Raxmatullaev Sh, Tojiev Yo kabi olimlarning ilmiy izlanishlari til o’rganish metodikasining rivojiga ulkan hissa bo’lib qo’shildi. Shu davr ichida o’zbek lug’atshunosligi ham o’ziga xos ijtimoiy–taraqqiyot yo’lini bosib o’tdi, shakllandi va rivojlandi. O’zbek tilining imlo lug’ati zahirasi boyidi. Mazkur jarayonning tashkilotchilari- lug’atshunos olimlar milliy til rivojiga katta xissa qo’shdilar: M. Omilxonova, A. Hojiev, Sh. Raxmatullaev, A, G’ulomov, M. Asqarova, Z. Ma’rufov, Sh. Shoabduraxmonov, M. Sodiqova, U. Usmonova kabi olimlarimizning nomlari o’zbek milliy lug’atshunosligi tarixiga zarhal harflar bilan yozib qo’yildi.
Ona tili o’qituvchilarining talab va ehtiyojlari hisobga olinib «O’qituvchilar gazetasi» (hozir «Ma’rifat»)da ilg’or ish tajribalari, metodik tavsiyalar izchil yoritila boshlandi. Endilikda «Til va adabiyot ta’limi», «Xalq ta’limi», «Uzluksiz ta’lim», «Kasb-hunar ta’limi» singari maxsus ilmiy-metodik jurnallar ham ta’lim va tarbiya yo’nalishida serqirra ilmiy –ijodiy faoliyat olib bormoqdalar.
O’zbekistonning o’z istiqlolini qo’lga kiritishi milliy g’oyaning, interfaol ta’lim texnologiyalari tizimining tug’ilishiga va shakllanishiga olib keldi. Ta’limga ilg’or pedagogik texnologiyalarni joriy etish zaruriyati paydo bo’ldi.
O’quv dasturi va darsliklar ijtimoiy-iqtisodiy o’zgarishlarga muvofiq takomillashti-rildi va yangilandi. «Kadrlar tayyorlash Milliy dasturi» va DTS talablarini ta’lim mazmuniga joriy etish, uni tobora takomillashtirib borish shu kunning dolzarb masalasi bo’lib qolaveradi.
Yangi taraqqiyot bosqichiga ko’tarilayotgan o’zbek tilshunosligida tilni tizimiy o’rganish masalalarini taniqli tilshunos va metodist olimlar H.G’. Ne’matov, I.Qo’chqortoev, N.M. Mahmudov, A.Q. G’ulomov, R. Sayfullaeva, A. Nurmonov, R. Safarovalar boshlab berishdi.
1989 yilda tilimizga «Davlat tili» maqomi berilgach, O’zbekiston Respublikasi Xalq Ta’limi vazirligi tomonidan O’zbek tili Doimiy anjumani ta’sis etildi.1991 yili Samarqand shahrida o’tgan O’TDAning birinchi yig’inida ona tilidan to’rtta muqobil dastur «O’qituvchi I–II», «Ta’lim I–II», «Ijod I-II», «Induktiv I-II» lar anjuman muhokamasiga qo’yildi. Tanlov natijasiga ko’ra «Induktiv I-II» dasturi zamonaviy ta’lim texnologiyalari talablariga to’liq javob bera oladigan, sermahsul dastur sifatida tan olindi va umumiy o’rta ta’lim muasasalarida tajriba-sinov o’tkazish uchun tavsiya qilindi.
Anjuman ta’sis etilgandan buyon uning har bir yig’ilishida ta’lim oluvchi so’z boyligini oshirish, ijodiy tafakkurini rivojlantirish, milliy ma’naviyat, nutq madaniyati me’yorlarini singdirish, matn yaratish malakasini shakllantirish kabi nihoyatda dolzarb masalalar muhokama etilmoqda.
Endilikda «Ona tili o’rganish kontseptsiyasi», «Davlat ta’lim standartlari», til o’rganishning namunaviy dasturlari yaratildi, umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, oliy ta’limning bakalavriat va magistratura bosqichlari uchun darsliklarning yangi avlodi chop qilindi va ular tajriba-sinovlardan o’tkazilmoqda.
Ta’lim mazmunining yangilangani ta’lim jarayoni, shakli va usullaridagi zamonaviy yangilanishlarni, yangi pedagogik texnologiyalarning joriy etilishini taqozo etishi ham tabiiy.
Mustaqil ishlar.
1 . O’rganilga mavzu yuzasidan nazorat testlari tuzing.
2. Ularni guruh oldida himoya qiling.
3. «Ona tili o’rganish kontseptsiyasi», «Davlat ta’lim standartlari» qachon yaratildi?
4. Nutqiy madaniyatni shakllantirish:
5. “Til sathlariaro va fanlararo aloqadorlik elektron slaydi bo’yicha ishlash.
4.1. MYaBT-4 . Modul tizimida ishlab, tasnifiy matn yarating
4.1.1. Matn uchun tayanch uyadosh so’zlar tanlash;
4.1.2. Uyadosh so’zlardan SBlari hosil qiling.
4.1.3. SBlaridan umumlashtiruvchi gaplar tuzing.
4.1.4. Gaplardan foydalanib, kichik tasnifiy matn yarating.
5. Slayddan foydalanib, nazorat testlari tuzing.
Asosiy adabiyotlar:
1. Ne’matovH.,G’ulomov A. Maktabda til sathlarini o’zaro bog’lab o’rganish, -T.: 1992.
2. G’oziev E. O’quvchilarni umumlashtirish usullariga o’rgatish va ularning
aqliy taraqqiyoti, -T.: "O’qituvchi", 1983.
3. G’ulomov A.Q. Ona tili o’rganish printsiplari va metodlari., -T.: "O’qituvchi",
1992, 5-41 -betlar.
4 Ne’matov H., Rasulov R.O’zbek tili leksikologiyasi asoslari, -T.: O’qituvchi, 1995.
5. Ne’matov H., G’ulomov A.,Ziyodova T. O’quvchilar so’z boyligini oshirish. -T.: 1996
6. A. G’ulomov., H. Ne’matov Ona tili ta’limi mazmuni. –T.: 'O’qituvchi", 1995.
7. G’ulomov A., Qobilova B. Nutq o’stirish mashg’ulotlari.-T.: O’qituvchi", 1995.
8. Qosimova N. O’rta maktablarning 5 - sinflarida "Lesikologiya" bo’limini
o’rganishda sinonim so’zlar ustida ishlash. Toshkent, 1996.
9. Ziyodova T. Matn yaratish texnologiyasi. Fan.-T.: 2008
10. Ziyodova T .To’xliev B.Shamsieva M O’zbek tili o’rganish metodikasi. .-T.: 2010
Do'stlaringiz bilan baham: |