3. Majburiyat subektlari
Majburiyatda qatnashuvchi taraflar, ulushli va sherik majburiyatlar
Yuqorida aytilganidek, majburiyatda qatnashuvchi taraflarning biri – kreditor, ikkinchisi –
qarzdor deb ataladi. Majburiyatda qarzdor va kreditor bo’lib ishtirok etuvchilar, fuqarolik huquqlari va
majburiyatlariga ega bo’la oladigan shaxslar bo’lishlari kerak. Majburiyatga oid munosabatlarda
kreditor va qarzdor sifatida fuqarolar, yuridik shaxslar shuningdek, bazi hollarda O’zbekiston
Respublikasi ham subekt bo’lib ishtirok etishi mumkin.
Fuqarolik huquqida aksariyat majburiyatlarda (shartnomalarda) qatnashuvchi shaxslar bir
vaqtning o’zida ham kreditor, ham qarzdor bo’lib hisoblanadi. Masalan, oldi-sotdi shartnomasida
sotuvchi sotilgan narsani topshirish yuzasidan qarzdor, uning summasini talab qilib olish yuzasidan
kreditor hisoblanadi va aksincha, sotib oluvchi narsani talab qilib olish yuzasidan – kreditor, uning
summasini to’lash yuzasidan qarzdor hisoblanadi. Binobarin, majburiyatda ishtirok etayotgan
taraflarda, yani kreditor va qarzdorda ham talab qilish huquqi, ham majburiyat bo’lsa, bunday
majburiyatlar (ikki tomonlama shartnomalar) murakkab majburiyatlar deb ham yuritiladi.
Majburiyatda qatnashuvchi taraflarning ko’pchilik bo’lishi
Odatda, har bir majburiyatda ikki taraf – kreditor va qarzdor qatnashadi. Ammo bazi hollarda
majburiyatda kreditor yoki qarzdor tarafida yoxud har ikki tarafda ham bir necha shaxslar ishtirok
etishlari mumkin. Bunday majburiyatlar ko’p shaxsli majburiyatlar hisoblanadi. Masalan, bir mulk ikki
shaxs tomonidan sotib olinganida – sotuvchi huzurida uning summasini to’lash yuzasidan qarzdor
tomonidan ikki shaxs qatnashadi.
113
Majburiyatda ko’pchilik bo’lib qatnashuvchi shaxslar aktiv va passiv ishtirokchilarga ajratilishi
mumkin. Majburiyatda ko’pchilik bo’lib kreditor tarafida qatnashuvchi shaxslar – aktiv ishtirokchilar
deb, qarzdor tarafida qatnashuvchi shaxslar esa – passiv ishtirokchilar deb ataladi. Agar majburiyatda
qatnashuvchi shaxslar har ikki tarafda ham ko’pchilik bo’lib ishtirok etsa – aralash ishtirokchilar deb
ataladi.
Ko’p shaxslar ishtirok etgan majburiyatlar ulushli va sherik majburiyatlarga bo’linadi.
Ulushli majburiyatlarda
qatnashuvchi kreditorlarning har biri qarzdordan tegishli
ulushining bajarilishini talab qilish huquqiga ega bo’lsa, ulushli qarzdorlardan har biri o’ziga tegishli
ulushni bajarishga majbur bo’ladi.
FKning 251-moddasida ko’rsatilganidek, agar ulushli majburiyatda bir necha kreditor yoki bir
necha qarzdor ishtirok etsa, basharti qonundan yoki shartnomadan boshqacha tartib anglashilmasa, u
holda har bir kreditor majburiyatni boshqalar bilan teng ulushlarda talab qilishga haqli, har bir qarzdor
esa – bu talabni bajarishi shart.
Ulushli majburiyatga misol qilib ikki fuqaro tomonidan ulushlarga bo’linib qurilgan uy-joyning
sotilishida sotuvchilardan har biri o’z ulushiga nisbatan tegishli haqni talab qilish yuzasidan kreditor
bo’lishini ko’rsatish mumkin.
Yuridik shaxslar o’rtasida ham ulushli majburiyatlar vujudga kelishi mumkin. Chunonchi, bir
necha tashkilot birgalashib uy-joy qurganida tashkilotlarning har biri o’z ulushiga yarasha uy-joyni
boshqarish va undan foydalanish huquqiga ega bo’ladi.
Ulushli majburiyatlarda faol ishtirokchi bo’lgan kreditorlardan har bir qarzdordan faqat o’ziga
tegishli ulushnigina talab qilish huquqiga ega bo’lsa, qarzdorlardan har biri o’ziga tegishli ulushda
majburiyatni bajarishga majbur bo’ladi.
Kreditorlardan biriga majburiyatning qarzdorlardan biri tomonidan o’z ulushiga yarasha
bajarishi ulushli majburiyatni butunlay bekor qilmaydi. Bunday majburiyat to boshqa kreditorlarning
talablari qondirilguncha yoki boshqa qarzdorlar o’z ulushlariga yarasha majburiyatlarini bajarguncha
saqlanib qoladi.
Kreditorlar va qarzdorlar ko’pchilik bo’lgan taqdirda kreditorlardan har biri qarzdordan qarzni
boshqalar bilan teng ulushda talab qilishga haqli va qarzdorlarning har biri esa – boshqalar bilan teng
ulushda majburiyatini bajarishga majbur bo’ladi.
Sheriklik majburiyatlarga asosan kreditor majburiyatning to’la hajmda bajarilishini sherik
qarzdorlarning har qaysisidan majburiyatning butunlay bajarilishini talab qilishga haqli.
Yuqorida berilgan tarifga ko’ra, sheriklik majburiyatlarida qatnashuvchilar sifatida qarzdor bitta-
yu, kreditorlar bir necha bo’lishi yoki bir necha kreditor va bir necha qarzdor bo’lishi mumkin.
Sheriklik asosida majburiyat olganlar-sherik qarzdorlar bo’lsa, sheriklik asosida talab qilish
huquqiga ega bo’lganlar – sherik kreditorlar deb ataladi.
Sheriklik majburiyatining mazmunini sheriklik majburiyati va sheriklikka oid talab qilish
huquqlari tashkil etadi. Masalan, bir necha shaxs bir kishiga yoki tashkilotga ziyon etkazilganida
qonun bo’yicha sheriklik majburiyati belgilanadi. Bir necha vorislarga qarashli, ulushli va bo’linmagan
uy-joy bir fuqaro tomonidan sotib olinganda sheriklikka asoslangan talab qilish huquqi vujudga keladi.
Sheriklik majburiyatida kreditorlarning talablari yoki qarzdorlarning majburiyatlari ulushlariga
bo’linmaydi. Ammo kreditorlardan biri yoki bir nechtasi qarzning qisman bajarilishini talab qilish
huquqiga ega bo’ladi.
Sheriklik (solidaritet) asosida belgilanadigan majburiyatga ko’ra, qarzdorlardan biri tomonidan
majburiyat bajarilmaganida, uning uchun boshqa sherik qarzdorlar javobgar bo’lishadi va aksincha
sherik qarzdorlar bajarmagan majburiyatning bajarilishini bunday qarzdorlarning biridangina talab
qilish ham mumkin.
FKning 252-moddasida ko’rsatilganidek, qarzdorlarning sheriklik majburiyati belgilanganida
kreditor majburiyatning qarzdorlarning barchasidan birgalikda, shuningdek har qaysisidan ayrim-
ayrim holda to’la yoki qisman bajarilishini talab qilishga haqlidir.
Sherik qarzdorlarning biridan to’la qanoat hosil qilmagan kreditor ololmagan narsasini boshqa
sherik qarzdorlardan talab qilishga haqli. Sherik qarzdorlar to majburiyat to’la bajarilgunga qadar
qarzdor bo’lib qolaveradi.
Sherik qarzdorlarning har biri kreditorning talablariga qarshi etirozlarini bildira oladi.
Chunonchi, qarzning ilgari to’liq yoki qisman to’langanligini ko’rsatishlari mumkin. Ammo sheriklik
114
majburiyat bo’lgani holda, qarzdor kreditorning talablariga qarshi boshqa qarzdorlarning kreditorga
nisbatan bo’lgan, mazkur qarzdor ishtirok etmagan, munosabatlarga asoslangan etirozlarini qo’ya
olmaydi (FKning 253-moddasi).
Masalan, sheriklik majburiyatda kreditor G.ning sherik qarzdorlari A. va V.lardan biri aytaylik,
V. boshqa bir oddiy majburiyatda qarz shartnomasi bo’yicha G.ning kreditori bo’lsa, bunday holda
o’zaro hisoblashishni faqat V.gina talab qila oladi. Binobarin, unga nisbatan sheriklik majburiyati
yuzasidan talablar qo’yilganida faqat uning o’zigina etirozlar bildira oladi. Boshqalar bunday huquqqa
ega bo’la olmaydi.
Sheriklik majburiyatining qarzdorlardan biri tomonidan to’la bajarilishi boshqa qarzdorlarni
kreditorga nisbatan majburiyatni bajarishdan ozod qiladi.
Sheriklik majburiyatini bajargan qarzdor, qonun yoki shartnomalarda boshqacha tartib belgilab
qo’yilmagan bo’lsa, majburiyatni bajargan qarzdor o’z ulushini chegirib tashlab boshqa qarzdorlarga
teng ulushlarda regress talab qo’yish huquqiga ega bo’ladi. Majburiyatini bajargan qarzdorga
to’lanmagan haq bu va boshqa qarzdorlar zimmasiga teng ulushlarda tushadi (FKning 254-moddasi).
Agar sheriklik majburiyatda kreditorlar bir necha bo’lsa, u holda sherik talablar vujudga keladi
va sherik kreditorlarning har qaysisi qarzdorga nisbatan to’la hajmda talab qo’yishga haqli bo’ladi.
Bunday sheriklik talablarga faol sheriklik deyiladi. Sheriklik talablariga binoan, qonun yoki
shartnomada boshqacha hol ko’rsatilmagan bo’lsa, qarzdor kreditorlarning biriga majburiyatni to’la
hajmda bajarishi mumkin, kreditor esa qabul qilib olishga majbur. Sherik kreditorlardan har biri ham
qarzdordan majburiyatning to’la hajmda bajarilishini talab qilishga haqli. Bunday talab qo’yilganda
qarzdor ana shu kreditorlardan biriga nisbatan bajarishdan ozod qiladi (FKning 255-moddasi, 3-bandi).
Sheriklik talablar ko’pincha birgalikdagi faoliyatdan, sherik mualliflikdan va boshqa bazi
huquqiy munosabatlardan kelib chiqishi mumkin. Sherik kreditorlardan har biri harakati bilan boshqa
kreditorning manfaatiga ziyon etkazmasligi kerak. Chunonchi, sherik kreditorlardan birining qilgan
harakati qarzdorlardan birini majburiyatning muayyan qismini bajarishdan ozod qilishga qaratilgan
bo’lsa ham, bu qarzdor sherik kreditorlar huzurida majburiyatni to’la bajarishdan ozod bo’lmaydi.
Qarzdor sherik kreditorlarning biri tomonidan qo’yilgan talabga qarshi o’zining boshqa sherik
kreditorlar bilan bo’lgan, mazkur kreditor ishtirok etmagan munosabatlarga asoslangan etirozini qo’ya
olmaydi. Masalan, pudrat shartnomasi bo’yicha pudratchi bir necha jamoa xo’jaligining buyurtmasiga
binoan stadion qurishi krak bo’lib, keyinchalik shu jamoa xo’jaliklarining biridan buyurtmani
kechiktirib bajarishga muhlat olgan bo’lsa, qolgan jamoa xo’jaliklarining buyurtmasini o’z vaqtidan
bajarishi uchun qo’ygan talabiga kechiktirib bajarish uchun olgan muhlatini qarshi qo’ya olmaydi.
Majburiyatning qarzdor tomon sherik kreditorlaridan birining to’la hajmda bajarilishi, uni
boshqa kreditorlarga nisbatan bajarishdan ozod qiladi.
Qarzdordan majburiyatning ijrosini qabul qilib olgan sherik kreditor, basharti ular o’rtasidagi
munosabatlardan boshqacha tartib anglashilmasa, boshqa kreditorlarga tegishli bo’lgan ulushlarni
to’lashi shart (255-modda).
Aralash sheriklik majburiyatlarda bir vaqtning o’zida bir necha kreditor va qarzdor shaxs
ishtirok etadi. Bunday majburiyatlarni bajarish tartibiga faol va sust sheriklik majburiyatlarini bajarish
deyiladi. Masalan, shaxsiy mulk huquqi asosida uy-joyga ega bo’lgan bir necha fuqaro tamirlovchi
brigada bilan pudrat shartnomasi tuzgan bo’lsa, ulardan har biri majburiyatning to’la hajmda
bajarilishini birgadaga har qaysi azosidan talab qilishga haqli.
Tashkilotlar yuridik shaxs sifatida mustaqil mulkiy javobgarlikka ega bo’lib, xo’jalik hisobi
asosida ish olib borganliklari sababli har qaysi tashkilot majburiyatini bajarmaganligi uchun o’zicha
alohida javobgar bo’ladi. Lekin ayrim hollarda aralash sheriklik majburiyati asosida ham javobgarlik
belgilanishi mumkin. Masalan, turli tashkilotlarga qarashli avtomashinadan bir necha fuqaroga ziyon
etkazilsa, birgalikdagi aralash sherik javobgarlik belgilanishi mumkin.
Qo’shimcha (subsidiar) majburiyatlar faqat qarzdorlar tarafida vujudga keladi. Majburiyat asosiy
qarzdor tomonidan bajarilmaganida kreditor uning bajarilishini qo’shimcha qarzdordan talab qilishga
haqli. Subsidiar javobgarlik asoslari FKning 329-moddasida nazarda tutilgan. Bunga asosan qonun
hujjatlari yoki majburiyat shartlariga muvofiq asosiy qarzdor bo’lgan boshqa shaxsning javobgarligiga
qo’shimcha ravishda bo’lgan (subsidiar javobgarlik) shaxsga talablar qo’yishdan oldin kreditor asosiy
qarzdorga talab qo’yishi kerak. Agar asosiy qarzdor kreditorning talabini qondirishdan bosh tortsa yoki
kreditor undan qo’yilgan talabga oqilona muddatda javob olmagan bo’lsa, bu talab subsidiar javobgar
115
bo’lgan shaxsga qo’yilishi mumkin. Kreditor asosiy qarzdorga bo’lgan o’z talabini qondirilishni
subsidiar javobgar shaxsdan talab qilishga haqli emas, basharti bu talab asosiy qarzdorga muqobil
talabni hisobga o’tkazish yoki mablag’larni asosiy qarzdordan nizosiz undirib olish yo’li bilan
qondirilishi mumkin bo’lsa, subsidiar javobgar shaxs o’ziga kreditor tomonidan qo’yilgan talabni
qondirilishdan oldin bu haqda asosiy qarzdorni ogohlantirish, bordi-yu bunday shaxsga nisbatan davo
qo’zg’atilgan bo’lsa – asosiy qarzdorni ishda qatnashishga jalb qilish kerak. Aks holda asosiy qarzdor
o’zining kreditorga qarshi etirozlarini subsidiar javobgar shaxsning regress talabiga qarshi qo’yish
huquqiga ega.
Sheriklik majburiyati bo’yicha boshqalar uchun majburiyatni bajargan qarzdor regress
(qaytarma) davo huquqiga ega bo’lsa, qo’shimcha majburiyatni uchinchi shaxsga nisbatan bajargan
qarzdor, agar qonun yoki shartnomalarda boshqacha hol belgilanmagan bo’lsa, shu bajarilgan narsani
qaytarib olish huquqiga ega bo’lmaydi. Masalan, ota-onalar farzandlikka olganlar, vasiylar, homiylar,
voyaga etmagan bolalarning harakati natijasida etkazilgan zararni uchinchi shaxsga to’laganlarida
mazkur haqni qaytarib olish huquqiga ega emaslar.
Qo’shimcha majburiyat qonun yoki shartnomalarda ko’rsatilgan taqdirdagina vujudga keladi.
Chunonchi, qonunda aytilishicha, o’n to’rt yoshdan o’n sakkiz yoshgacha bo’lgan voyaga etmagan
o’smir tomonidan etkazilgan ziyon uchun ularning ota-onalari, vasiy va homiylari qo’shimcha
javobgardirlar. Qo’shimcha majburiyatga yana bir misol qilib, to’g’ridan-to’g’ri shartnomada
ko’rsatilgan bo’lsa, boshqa shaxs majburiyatining butunlay yoki qisman bajarilishi uchun uning
kreditori oldida javobgarlikni o’z zimmasiga olgan kafilning qo’shimcha javobgarligini ko’rsatish
mumkin. Ammo bu holda majburiyatni bajargan kafil regress (qaytarma) davo qilish huquqiga ega
bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |