Mutlaq (absolyut) eshitish qobiliyati bor sozanda esa tovush balandligini to’g’ridan - to’g’ri boshqalari bilan taqqoslamasdan aniq ayta oladi.
Zohiriy (tashqi) eshitish orqali yakkaxon sozanda, hofiz, ansambl yoki orkestr tomonidan ijro qilingan asarni barcha jihatlari: balandligi, tembri, usuli va musiqiy matnini anglab oladi. Mahlumki bunday ustozona uslub sharq xalqlarida juda keng tarqalgan bo’lib, qadimdan otadan bolaga, ustozdan shogirdga ayniqsa musiqiy meros namunalari og’zaki, yahni eshitish-tinglash orqali amalga oshirilgan va bizgacha yetib kelgan.
Botiniy (ichki) eshitish: Bunda insonning ichki tuyg’usi, yahni oldin eshitilgan, qulog’iga tanish bo’lgan hayolidagi asar ko’zda tutiladi. Bu hissiyot beshta jihatda namayon bo’ladi:
a) oldin kimningdir ijrosida eshitilgan va xotiraga o’rnashib qolgan musiqiy obrazlar;
b) o’zi qachonlardir ijro qilgan asar yoki kuy qismini xotirlash;
v) asarni notadan cholg’u asbobisiz o’qigan holda sadolanishini tasavvur qilish;
g) chalish yoki o’quvchiga tushuntirish uchun asar va uning qismlari kompozitsiyasini hayolda shakllantirish;
d) ijro jarayonida birdaniga tayyorgarliksiz (ekspromt) badiha (improvizatsiya), namud (ko’rinish), avj, (gul partav) yoki yangi qismlar ijod qilish.
Botiniy va zohiriy eshitish yillar o’tishi bilan bilim, tajriba, malaka oshgani sayin rivojlanib, sayqallanib boradi. SHuning uchun ham tahlimning birinchi qadamlaridan boshlab musiqiy eshitishni va eshitish nazoratini rivojlantirish o’ta muhimdir.
Musiqiy xotira - inson ruhiy jarayonining muhim jihatlaridan biri yod olish va xotirada saqlash bo’lib, uning mohiyati esda saqlab qolish va zarur paytda o’sha xotiradagilarni mahlum bir vosita orqali yuzaga chiqarish-namayon qilish hisoblanadi.
Xotira turlari:
a) tovush balandligi, kuchi, tembri, lad tizimi, usuli, ohangdoshligi, kuy va qo’shiq shaklini esda saqlash bilan bog’liq xotira turlari;
b) inson qiyofasi, tabiat manzarasi, buyum namunasi, biror obraz, nota yozuvi, ularning cho’zimi, turoqlanishi va boshqalarning qog’ozda – yozuvda, ekranda ifodalanishi ko’zda muhrlanadi va ko’rish xotirasiga kiradi;
v) turli harakatlarni eslab qolish va uni qaytarish (dirijerlik, raqs, pantomima va h.k.), cholg’u asbobini tana sezgi organlari (lab, qo’l va barmoqlar, nafas organlari harakati va h.k.) sezib eslab qolinishi sezgi-harakat xotirasi;
g) esnash, kulish, yig’lash, lazzatlanish, tahsirlanish, emotsiya tuyg’ularini esga olib o’zida aks ettirish his-hayajon xotirasi;
d) hikoya, roman, shehr, maqol, topishmoq va boshqalar so’z-mantiq xotirasi turlariga kiradi.
Xotirani yanada mustahkamlash uchun ustoz sozandalar (G.G.Neygauz) tomonidan musiqiy asarni yod olishda quyidagicha yo’l tutilishi uqtiriladi:
a) asarni nota bilan cholg’u asbobida chalib esda saqlashga harakat qilish;
b) notasiz cholg’uda yoddan chalish;
v) cholg’u asbobisiz notaga qarab ko’rish orqali ko’z xotirasida mustahkamlash;
g) notasiz va cholg’u asbobisiz hayoldan o’tkazish orqali musiqiy xotira mustahkamlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |