Amir Temur vafotidan so`ng Temuriylar davlatidagi ijtimoiy-siyosiy
vaziyat
Sohibqiron Amir Temur Xitoyga qilinayotgan harbiy yurish vaqtida
qattiq og‘rib, 1405-yil 18-fevral kechasi O`tror hokimi Berdibekning
saroyida vafot etadi. O`z davrining mohir tabiblari va ularning sardori
bo`lmish taniqli tabib Fayzulloh Tabriziyning davo-korlari buyuk
hukmdor tanasidagi og‘irlikka davo bo`la olmadi. Qazosiga qadar ixtiyori
o`zida bo`lgan Sohibqiron Amir Temur o`ziga voris va taxt valiahdi etib
nevarasi Pirmuhammad Jahongirni vasiyat qilib qoldiradi. Amir Temur
barpo etgan buyuk saltanat (jami o`z ichiga 27 ta o`lka va viloyatlarni jam
224
etgan) garchi Temurning mahorati va kuch-qudrati ila mustahkam turgan
bo`lsa-da, lekin u ichki jihatdan siyosiy ancha zaif, umumiqtisodiy asosga
ega bo`lmagan edi. O`g‘illar, nabiralarga mamlakatni qism-qismlarga
bo`lib berilganligi va suyurg‘ol tartibi ham Temur davlati parokandaligini
kuchaytirar edi. Temur jasadi Samarqandda dafn etilishi va motam
marosimlari tugamasdanoq, toju-taxt uchun shahzodalar o`rtasida o`zaro
kurash kuchayib ketdi.
Kobul
va
shimoliy
Hind
mulklarning
hokimi
bo`lmish,
Pirmuhammadni ko`pchilik taxt egasi sifatida ko`rishni xohlamas ham
edi. Buning ustiga u ancha uzoqda bo`lib, Samarqandga tezlik bilan etib
kelish uchun imkoni ham yo`q edi. Temur vafotidan so`ng Movarounnahr,
Xuroson, Eron, Ozarbayjon, Iroq va boshqa yerlarda notinchlik boshlanib,
g‘alayonli vaziyatlar yuzaga kela boshladi. Sekin asta Temur kuch-qudrati
bilan barpo etilgan buyuk saltanatga putur yeta boshladi. Fosih Havofiy
Temurdan so`ng tirik qolgan uning o`g‘il va nabiralarini sanab, jami
ularning soni 36 taga etishini ta’kidlagan edi. Ayniqsa ular orasida
Shohruh (1377-1447)ni va uning o`g‘li Ulug‘bek (1394-1449) alohida
hurmat bilan tilga olib o`tilgan. Shu davr muarrixlari taxt egaligiga
ko`proq Shohruhni ma’qul ko`rib, uning insoniy sifatlariga yuqori baho
berar edilar. Shohruh taxt egasi bo`lishidan avvalroq ham o`zining oqil va
ilmli, zukko va taqvodorlik sifatlari bilan hurmat qozongan edi.
Shuningdek, bu vaqtda Temurning boshqa bir o`g‘li Mironshoh (1366-
1408) ham hayot bo`lib, u ham asosiy taxt da’vogarlaridan biri hisoblanar
edi.
Temurning sadoqatli amirlaridan ko`pchiligi, jumladan Shohmalik
va Shayx Nuriddinlar ham toju taxt Shohruh Mirzoga tegishi tarafdori
edilar. Shunday bir vaqtda Mironshoh Mirzoning o`g‘li, shimoliy yerlar
(Toshkent, Sayram, Turkiston) hokimi Xalil Sulton (1384-1409)
shoshilinch ravishda, o`zining ming chog‘li askari bilan 1405 yilning 18
mart kuni Samarqandni egallaydi va o`zini Movarounnahr hukmdori deb
e’lon qiladi. Hatto u Pirmuhammadga tegishli Amudaryoning o`ng
betidagi yerlarni ham o`z tasarrufida deb e’lon qiladi. Avval boshda uni
qo`llagan Movarounnahr amirlari, harbiy sarkardalar ko`p o`tmay undan
ixloslari qayta boshlaydi. Xalil Sulton va ayniqsa uning xotini Shodimulk
poytaxtda ko`plab nojoiz ishlarga izn berishadi, Temur davridayoq nufuzli
bo`lgan ba’zi amaldor, zodagonlar mulklarini tortib ola boshlashadi.
Davlat xazinasi o`z holicha sovurila boshlanib, hokimiyatga ko`plab
nomaqbul kishilar kela boshlaydi. Shohruh bilan birinchi o`zaro nizodan
so`ng Xalil Sulton garchi uning oliy hukmdorlik huquqini tan olsa-da,
225
Movarounnahr uning ixtiyorida qolajagini ma’lum qiladi. Xalil Sultonni
Iroq tomonidan boshqa bir kuch otasi Mironshoh Mirzo ham qo`llab-
quvvatlay boshlaydi. Siyosiy kaltabinlik yo`lini tutgan Xalil Sultondan
norozilik tobora kuchaya boshlaydi. Farg‘ona hokimi Amir Xudoydod
Xalil Sultonga qarshi bosh ko`taradi. Shohruhning sadoqatli kishisi
bo`lmish Shayx Nuriddin O`tror hokimi, o`z ukasi bo`lmish Berdibek
bilan birga boshqa bir isyon ko`tarilishiga sababchi bo`ladi. Xalil
Sultonning ukasi Mirzo Sulton Husayn Amudaryo bo`ylarida o`z akasiga
qarshi bosh ko`taradi. Xorazm esa Oltin O`rdalik taniqli sarkarda Amir
Idiku o`zbek tomonidan ishg‘ol etiladi.
1405-1406-yillarda Xalil Sultonning Shohruh, Pirmuhammad
qo`shinlari bilan Movarounnahr taxti uchun bir necha bor harbiy
to`qnashuvi sodir bo`ladi. Butun Temur saltanati o`zaro toju taxt
kurashlari domiga tortiladi. Yagona hisoblangan saltanat Shohruh
boshqarayotgan Xuroson, Balxdan to Hind yerlarigacha bo`lgan yerlarga
hokim Pirmuhammad, G‘arbiy eron, Ozarbayjon, Iroq tasarrufida bo`lgan
Mironshoh va uning avlodlari (Umar Mirzo, Abu Bakr) yerlariga bo`linib
ketdi. Movaraunnahr Xalil Sultonga rasman qarashli deb hisoblansa-da,
Turkiston, O`tror, Sayramda Amir Berdibek, Farg‘onada esa Amir
Xudoydod hukmronlik qilishar edi. Barcha Temuriylarni saltanatning
yuragi bo`lmish, Movaraunnahrni egallash istagi tark etmas edi.
Movaraunnahr hokimi Xalil Sultonning o`z holicha ish tutishi,
temuriy zodagon, amirlarning kamsitilishi, musulmon ulamolari, jumladan
naqshbandiya tariqatining taniqli shayxi Muhammad Porsoning
tahqirlanishi muxolif kuchlarning dushmanligini kuchaytirib yubordi. Shu
vaqtning o`zida o`zaro fitna g‘alayonlarning navbatdagi qurbonlari ham
paydo bo`ladi. 1407 yil 22 fevralda taxt valiahdi hisoblangan
Pirmuhammad o`zining vaziri Pirali Toz tomonidan suiqasd natijasida
o`ldiriladi. (Keyinchalik o`zini Pirmuhammadning “qasoskori” deb e’lon
qilgan Shohruh Pirali Tozni Hirotda qatl etadi). 1408-yil 22-aprelda esa
qoraqo`yunli turkmanlar bilan jangda hokimiyat uchun boshqa bir
da’vogar Mironshoh Qora Yusuf tomonidan Ozarbayjon va Iroq uchun
bo`lgan jangda o`ldiriladi. Natijada Ozarbayjon va Iroq temuriylar
tasarrufidan chiqadi.
1409-yil boshida esa siyosiy vaziyat yanada keskinlashadi. Amir
Xudoydod shu vaqtda Xalil Sultonni Samarqand yonidagi Sheroz
qishlog‘ida mag‘lubiyatga uchratib, uning o`zini asirlikka oladi. Xuroson
hokimi Shohruh esa o`ziga qarashli bo`lgan Mozandaron va Mashhadda,
so`ngra uning ilkiga o`tgan Seyiston va Kirmonda o`z hokimiyatini
226
mustahkamlaydi. So`ngra butun e’tiborini Movaraunnahrga qaratadi.
Sheroz jangidan bir oz avval Shohruh Xalil Sultonga Movaraunnahr taxti
uchun jang qilish xususida yorliq ham yuborgan edi. Shohruh saltanat
markazidagi bedodliklarga bundan buyon befarq bo`la olmasligini e’lon
qildi. 1409-yil 25-aprelida u Amudaryodan o`tib Samarqand tomon jadal
yo`l oladi. Xalil Sultonni qo`lga olgan Amir Xudoydod qo`shinlarini
Shohruh yuborgan harbiy qism tor-mor etib, Xalil Sultonni asirlikdan
ozod qilishadi. Oliyjanob insoniylik sifatlariga ega bo`lgan temuriy
Shohruh Mirzo o`zaro gina-kudratlarni unutib, uni yaxshi kutib oladi.
Amir Xudoydod esa mamlakatdan qochib ketadi. 1409-yilning dekabriga
qadar Shohruh Mirzo Movaraunnahrda tinchlik osoyishtalik o`rnatib,
Xalil Sulton va boshqa temuriy shahzodalar tarafdorlariga qarshi keskin
choralar ko`radi, izdan chiqqan xo`jalik hayotni, savdo-sotiqni tiklaydi.
Temuriylar saltanatining taqdiri oydinlashib, Xuroson hokimi
bo`lmish Shohruh Mirzo (1405-1409) temuriylar davlatining oliy
hukmdori (1409-1447) sifatida e’tirof etildi. Tarixda esa Shohruhning
deyarli 40 yillik barqaror hukmronlik davri boshlanadi. O`zaro nizo va
fitnalardan, iqtisodiy, savdo munosabatlarini chippakka chiqargan
vayronagarchilik urushlardan charchagan xalq, markazlashgan kuchli
davlat sari intilayotgan Shohruh Mirzoning hatti-harakatlarini qo`llab-
quvvatlar edi. Chunki faqatgina kuchli, markazlashgan davlatgina o`zaro
osoyishtalik, iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashi mumkin edi. Shohruh
Temur davlati o`zagini saqlab qolishga muvaffaq bo`ldi. Shu bilan birga u
deyarli barcha o`lka, viloyat noiblarini o`z lavozimlaridan chetlashtirib,
o`ziga ishonchli hisoblagan qarindosh-urug‘larini bu lavozimlarga qo`ya
boshlaydi. Jumladan, Balx va Badaxshon-Ibrohim Sultonga, Sheroz-
Suyurg‘atmishga, Qobul va Qandahor-Qaydu Mirzoga, Xurosonning bir
qismi - Boysunqur Mirzoga, G‘arbiy Eron hamda Iroqi Ajamning bir
qismi - Sulton Muhammadga, Fors viloyati-Abdullo Mirzolarga suyurg‘ol
tarzida bo`lib beriladi.
Shu yo`l bilan Shohruh boshqaruv tizimi qulay va ixcham bo`ladi
deb o`ylagan edi. Lekin keyinchalik ishonchli qondoshlar ichidan ham
isyonkor noiblar chiqa boshlaydi. Xususan, Shohruhning nevarasi Sulton
Muhammad Eron noibi etib tayinlangach, markazga bo`ysunishdan bo`yin
tovlay boshlaydi. So`nggi marotaba Shohruh isyonkor nevarasini
o`limidan sal avval (1446-y.) Eronga yurish qilib, uning jazosini berib
qo`yishga majbur bo`lgan edi. Yagona Shohruh davlatida Movaraunnahr
qismining alohida o`rni bor edi. Davlatning markaziy poytaxti Hirot
shahri hisoblansa, Movaraunnahrning markazi Temur poytaxti bo`lmish
227
qadimiy Samarqand shahri hisoblanar edi. Movarounnahr yerlarining
boshqaruvi esa Ulug‘bek qo`liga topshirilgan bo`lib, u umrining oxiriga
qadar (1449-y.), 40 yil mobaynida bu yerlarni boshqarib keldi. 1409-yili
Movaraunnahr qo`lga olingandan so`ng Shohruh Ulug‘bekni shu
o`lkaning noibi etib tayinlaydi. 15 yoshli o`smir davlat boshqaruvi ishlari
uchun yosh ekanligi hisobga olinib, taniqli amir Muboriziddin
Shohmalikni unga otaliq etib tayinlab, boshqaruv ishlari amalda
otaliqning qo`lida mujassamlashadi.
Movaraunnahrlik amirlarning ba’zilari Ulug‘bek va Shohmalik
hokimiyatlarini tan olishni istashmaydi. Jumladan, 1410-yilda qayta bosh
ko`targan Shayx Nuriddin g‘alayoni faqatgina Shohruh Mirzoning
aralashuvi tufayli bostirilib, noiblik o`rni Ulug‘bekning o`ziga qoldiriladi.
1411-yili Movaraunnahrda ancha muxolif kuchlariga ega bo`lgan va
Ulug‘bekning mustaqil
xatti-xarakatlariga to`sqinlik qilayotgan
Muboriziddin Shohmalik Shohruh bilan birga Hirotga qaytib ketadi.
Ulug‘bek Mirzo esa shu yildan boshlab Movaraunnahrning “Yagona va
qonuniy sultoni” sifatida hokimiyatni boshqaradi.
Shohruh va uning o`g‘li Ulug‘bek o`z siyosatlarining ustuvor
yo`nalishlari etib avvalo mamlakat hududlarini kengaytirish hamda
markaziy hokimiyatni mustahkamlash deb bildilar. Shohruh 1413 yili
Eronni o`z qo`li ostiga oladi. O`sha yili Shohruh qo`shini yordamida
Ulug‘bek Oltin O`rda xonlari ixtiyoridagi Xorazmni tortib oladi. Bu
kurashda faol ishtirok etgan Shohmalik Xorazm noibi etib tayinlanadi.
Ulug‘bek 1414-1415-yillarda o`z amakivachchasi amirzoda Ahmad
hukmron bo`lib turgan Farg‘onani uning qo`lidan tortib oladi.
Shuningdek, uning Qoshg‘arga nisbatan siyosati ham muvaffaqiyatli
tarzda hal bo`ladi. Avval boshda sobiq Farg‘ona hokimi Ahmad
Qoshg‘ardan panoh topgan edi. Lekin temuriylar bilan munosabatlarni
keskinlashtirmaslikni lozim deb hisoblagan Qoshg‘ar hokimi Shayx Ali
To`g‘ay Ulug‘bek bilan o`zaro muzokaralar olib boradi. Natijada, 1416-
yili u “Buyuk amirning ruhi, himoyasiga” o`tish istagini bildirib,
Qoshg‘arni Ulug‘bek yuborgan vakillar Siddiq va Alilar qo`liga
topshiradi.
Ulug‘bek shimoldagi qo`shnilari bo`lmish Dashti Qipchoq va
Mo`g‘ulistondagi ichki siyosiy ahvol barqarorligi va u yerlarda o`ziga
ittifoqchi bo`lgan kishilarni hokimiyat tepasida bo`lishini istar edi. Shu
sababdan ham uning aralashuvi hamda harbiy ko`magi bilan Dashti
Qipchoqda O‘rusxonning nabirasi Shahzoda Baroqxon hokimiyat tepasiga
keladi. Mo`g‘ulistonda esa Ulug‘bekning yordami bilan Shermuhamadxon
228
raqibi Vaisxonni engib Mo`g‘uliston taxtini egallaydi. Ulug‘bek bu xonlar
orqali shimolda va sharqda o`z ta’sirini o`tkazishga va o`ziga ishonchli
ittifoqchilarga ega bo`lishini ko`zlagan edi. Avval Shermuhammadxon
Movaraunnahr ichki ishlariga aralashishga harakat qilib, o`z valine’matiga
nisbatan nohaq munosabatda bo`la boshlaydi. 1424-yili noyabr oyida
Shohruhning rizoligi bilan Ulug‘bek Mo`g‘uliston ustiga yurish
boshlaydi. Uning asosiy kuchlari 1425-yil erta bahorida Chu daryosidan
o`tib, Issiqko`l yaqinida mo`g‘ullarni tor-mor keltiradi.
Bu jang Ulug‘bek olib borgan jiddiy urushlarning birinchisi va
so`nggisi edi. Tez orada shimoldan yana boshqa bir xavf paydo bo`ladi.
Ulug‘bek yordami bilan avval Dashti Qipchoq, so`ngra Oltin O`rda
hokimiyatini qo`lga olgan Baroqxon Movaraunnahr sultoni muruvvatini
yoddan chiqardi. U Sirdaryo bo`yidagi yerlar va shaharlarni (O`tror,
Sabron, Sig‘noq) talab, u yerlarga o`z da’vosi bilan chiqadi. 1427-yilning
boshida Ulug‘bek Dashti Qipchoqqa harbiy yurishga otlanadi. Bu
yurishda Ulug‘bek qo`shini mag‘lubiyatga uchrab o`zi Toshkentga
chekinadi. Dashti qipchoqliklar bilan bo`lgan jang mag‘lubiyati
Ulug‘bekka shunchalik katta ta’sir ko`rsatadiki, u otasining o`limigacha
shaxsan o`zi harbiy qo`shinga bosh bo`lib, yurishlarni boshqa amalga
oshirmaydi. 1428-yili Mirzo Ulug‘bek tomonidan amalga oshirilgan pul
islohoti Movaraunnahr ichki iqtisodiy hayotida muhim rol o`ynadi.
Shuningdek, zamondosh tarixchilarning ma’lumotlariga ko`ra, jumladan
Davlatshoh Samarqandiyning yozishicha, Mirzo Ulug‘bek hukmronligi
davrida soliqlar miqdori ham bir muncha pasaytirilgan ekan. Mirzo
Ulug‘bek, shunday qilib, otasi tiriklik vaqtida garchi tashqi siyosat
borasida birmuncha mustaqil harakat qilgan bo`lsa-da, lekin u haqiqatda
otasi Shohruh Mirzoning Movaraunnahrdagi ishonchli va itoatkor hokimi
bo`lib qoladi. Ulug‘bek ichki va tashqi siyosat borasida otasi bilan
bamaslahat ish tutar, soliqlarning bir qismini muntazam Hirotga jo`natar,
xutba va tangalarda otasining nomi zikr etilardi. Shuningdek, u vaqti-vaqti
bilan otasiga hisob berib turar, harbiy yurishlari vaqtida unga moddiy va
harbiy ko`mak yetkazib berishga majbur edi.
Shohruhning keksayishi bilan toju taxt uchun zimdan paydo bo`lgan
nizolar ham faollasha boradi. Ulug‘bekning onasi Gavharshodbegim
(1457-y. vafot etgan) siyosiy ishlarga faol aralasha borib, nevarasi
Alouddavlani taxt vorisi sifatida ko`rishni istar edi. Shohruhning yana bir
hayot bo`lgan o`g‘li Muhammad Jo`ki (1402-1444) ham o`zini taxt egasi
sifatida ko`rishga haqli deb hisoblar edi. Toju-taxt uchun zimdan
boshlangan kurash 1444-yili Shohruh og‘ir xasta bo`lib qolganda ayniqsa
229
yaqqol namoyon bo`lgan edi. Shohruh xastalikdan tuzalib, 1446-yilning
so`ngida o`zining oxirgi harbiy yurishini amalga oshiradi. Fors va Iroq
Ajamda uning nevarasi Sulton Muhammad bobosiga qarshi qo`zg‘olon
ko`tarib, Hamadon va Isfahonni bosib oladi. Garchi Shohruh isyonni
bostirib, qo`zg‘olonchilarni jazolasa-da, lekin yana xastalanib 1447-yil
12-martda Ray viloyatida olamdan o`tadi. Shohruhning o`limi Xuroson va
Movaraunnahrda o`zaro temuriy shahzodalar o`rtasida toju-taxt uchun
kurashni boshlab yuboradi. Mamlakat yana sarosima, tahlika, beqarorlik
domiga tortiladi. Shariat va urf-odatga ko`ra o`z-o`zidan oliy hukmdorlik
yagona voris Mirzo Ulug‘bek qo`liga o`tishi kerak edi. Lekin Boysunqur
Mirzoning o`g‘illari Alouddavla va Abulqosim Bobur Ulug‘bekka qarshi
harbiy harakatni boshlab yuboradi. Xuroson-Alouddavla qo`liga,
Mozandaron va Jurjon Abulqosim Bobur ixtiyoriga o`tadi. Sulton
Muhammad esa G‘arbiy Eron va Forsda o`zini mustaqil hukmdor deb
e’lon qiladi. Muhammad Jo`kining o`g‘li Abu Bakr esa Balx, Shibirg‘on,
Qunduz, Bag‘lonni bosib oladi. Mamlakatning talon-taroj, parokanda
bo`lishini oldini olish maqsadida Ulug‘bek muammolarni tinch-muzokara
yo`li bilan yechmoqchi bo`ladi. Jumladan u Alouddavla bilan o‘zaro
muzokaralarni boshlaydi. Alouddavla Ulug‘bekning o`g‘li Abdullatifni
asir olib, uni Hirotdagi Ixtiyoriddin qal’asiga qamab qo`ygan edi.
Ulug‘bek yuborgan vakil sadr Nizomiddin Mirak Mahmud,
Movarounnahr sultonining Hirotga yurish niyati yo`q ekanligi va bu
da’vodan u voz kechishini bildiradi. Ikki o`rtadagi chegara Murg‘ob
vohasi deb belgilanib, Abdullatifga Balx hokimligi lavozimi beriladi.
Lekin hech qancha o`tmasdan Abdullatif va Alouddavla o`rtasidagi
munosabatlar yana keskinlashadi. Abdullatifning o`z holicha Hirotga
qarshi yurishi muvaffaqiyatsiz tugaydi. U otasi Ulug‘bekka yordam so`rab
murojaat qiladi. 1448-yil bahorida Ulug‘bek va Abdullatifning 90.000
kishilik birlashgan qo`shini Hirotdan 14 farsah uzoqlikdagi Tarnob degan
joyda Alouddavla qo`shinini tor-mor keltiradi. Alouddavla jang
maydonidan qochadi. Hirot deyarli jangsiz egallanadi. Mashhadgacha
bo`lgan yerlarni Ulug‘bek, Astrobodgacha bo`lgan yerlarni Abdullatif o`z
ixtiyorlariga olishadi. Ulug‘bek bu harbiy yurishni uzoq davom ettira
olmas edi. Chunki, Dashti Qipchoqdagi ko`chmanchilarning talonchilik
yurishlari bu paytga kelib, tez-tez amalga oshib turar, mamlakatga
sharqdan mo`g‘ullar xavf solib turar edilar. Qolaversa hukmdor poytaxtni
uzoq vaqt egasiz qoldirishi mumkin emas edi.
Tarnob jangi muvaffaqiyatli yakunlangan bo`lsa-da, lekin Ulug‘bek
va shahzoda Abdullatiflar o`rtasida munosabatlarning sovuqlashuviga
230
ham olib keladi. Ulug‘bek bu g‘alabani ko`proq boshqa bir o`g‘li
Abdulaziz nomi bilan bog‘lar, g‘alaba yorliqlarida Abdullatif nomi
Abdulazizdan so`ng tilga olinar edi. Abdullatif garchi Hirot taxtiga
o`tirsa-da, lekin Shohruh xazinasi undan olib qo`yiladi. Garchi bu
Ulug‘bek tomonidan ma’lum bir nohaqlik deb hisoblansa-da, lekin bu
bilan Ulug‘bek bundan buyon asosiy poytaxt Samarqand, Xuroson
davlatning bir bo`lagi degan g‘oyani shu xatti-harakati bilan anglatmoqchi
bo`ladi. O`ta hokimiyatparast va shuhratparast, mol-dunyoga o`ch
Abdullatif uchun shuning o`zi otasiga qarshi bosh ko`tarish uchun katta
bahona edi. Abdullatif Hirotda 15 kuncha hukmronlik qilib, so`ng
Amudaryodan o`tib, Movaraunnahrga keladi. Bu paytda Abulqosim
Bobur qo`shini esa Hirotga yaqinlashib kelayotgan edi. Ulug‘bek farmoni
bilan Abdullatif yana Balxga noib etib tayinlanadi. Balxda Abdullatifning
otasiga qarshi hatti-harakatlari kuchayib, o`z xolicha u xorijiy
savdogarlardan olinadigan “tamg‘a” solig‘ini bekor qiladi. Bu soliq esa
o`z navbatida davlat daromadining asosiy manbalaridan biri edi. Otasiga
qarshi kayfiyatdagi kishilarni o`z atrofiga yig‘ib, hatto Abulqosim Bobur
bilan ham Ulug‘bekka qarshi yashirin til biriktiradi. Bu paytda Ulug‘bek
davlatining siyosiy ahvoli ham ancha murakkab tarzda turar edi. Ulug‘bek
Abulxayrxon boshchiligidagi dasht qo`shinlariga qarshi kurashishga
to`g‘ri keladi. Samarqand noibi etib qoldirilgan o`g‘li Abdulaziz esa
“amirlar xonadoniga tazyiq o`tkazyapti” deb ovoza tarqalib, bundan
amirlarning noroziligi juda kuchayib ketadi. Shuningdek Ulug‘bek
turkmanlarning ¨rali boshchiligidagi isyonini, temuriy shahzodalardan
Abusaidning Samarqand atrofidagi hatti-harakatlarini ham bostirishga
to`g‘ri keladi. Davlat yaxlitligi, temuriylar birligini saqlash maqsadida
Ulug‘bek Abdulazizni o`zi bilan birga olib, makkor o`g‘li Abdullatifga
qarshi kurashga otlanadi. Abdullatif esa otasining og‘ir ahvolidan
foydalanib, tezda ochiq isyon yo`liga o`tadi. U Amudaryodan kechib
o`tib, Termiz, Kesh, Hisorni qiyinchiliksiz egallaydi.
1449-yilning oktabr oyi boshida Samarqand yaqinidagi Damashq
qishlog‘ida Mirzo Ulug‘bek va shahzoda Abdullatif o`rtalaridagi jang,
Ulug‘bek mag‘lubiyati bilan tugaydi. Mag‘lub bo`lgan Mirzo Ulug‘bek
poytaxt Samarqand tomon yo`l oladi. Lekin xiyonat yo`liga o`tgan,
Samarqandda hokim etib qoldirilgan, Mironshoh qavchin uni shaharga
kiritmay, darvozalarni berkitib qo`yishga buyruq beradi. Shuningdek
Shohruhiya qal’asi qutvoli Ibrohim mamluk ham uni qal’aga qo`ymaydi.
Shundan so`ng Ulug‘bek keyingi hatti-harakatlari foydasiz ekanligini
anglab, Abdullatifga taslim bo`lishga majbur bo`ladi. Mirzo Ulug‘bek toju
231
taxtdan voz kechib, Makkaga haj safariga ketishga izn so‘raydi. Abdullatif
hajga ruxsat berib, Amir Muhammad Xusravni unga hamroh qilib
jo‘natadi. Lekin, oradan hech qancha o‘tmasdan, shahar qozisi
Shamsiddin Muhammad Miskinning qarshiligiga qaramay, ulamolarning
yashirin fatvosi bilan otasining o‘limini uyushtiradi. O‘z davrining
mashhur hukmdori va zabardast olimi Mirzo Ulug‘bek 1449-yilning 27-
oktabrida Samarqand yaqinida fojiali tarzda o‘ldiriladi. Oradan 2-3 kun
o‘tmasdan inisi Abdulaziz va Ulug‘bekning sadoqatli to‘rt nafar amiri qatl
etiladi.
Roppa-rosa qirq yil (1409-1449) davom etgan, manbalar tili bilan
aytganda “temuriylar saltanatining yorqin gavhari” Mirzo Ulug‘bek
hukmronligi shu tariqa o‘z poyoniga yetadi. Bu davr keskin, murakkab
kurashlar sahnasida o‘tsa-da, biroq Mirzo Ulug‘bek o‘z davlatini
mustahkamlash, birlikni saqlash, iqtisodiy barqarorlikni yuzaga keltirish,
madaniy hayotni yuksaltirish borasidagi xizmatlari temuriylar tarixida
alohida ahamiyatga ega bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |