11-mavzu. Turkistonning xonliklarga bo‘linib ketishi, uning
sabablari va oqibatlari.
XV asr oxiri - XVI asr boshlarida Movarounnahrdagi
ijtimoiy-siyosiy hayot. Shayboniylar va Ashtarxoniylar sulolasi
XV asrning 90-yillarida Movaraunnahrdagi temuriylar saltanati
amalda mustaqil boshqariladigan viloyatlarga aylanib qolgan edi. Kichik
bir viloyatda hokimlik qilayotgan temuriy shahzodalarning har biri
poytaxt Samarqandni egallash, bobokalonlari o‘tirgan taxtga chiqib, butun
mamlakatga yagona hukmdor bo‘lish orzusida edilar. Bu niyatga yetish
uchun ular o‘rtasida o‘zaro ichki nizo avj olib ketgan bo‘lib, mamlakat
aholisining ham temuriylardan noroziligi kuchayib borayotgan bir davr
edi.
Samarqand hukmdori Sulton Ahmad Mirzoning 1494-yilda vafot
etishi, bu holatni yanada keskinlashtirdi, mamlakatda boshboshdoqlik,
ko‘p hokimiyatchilik vujudga keldi. Bu vaziyatdan temuriylarning
shimoldagi qo‘shnisi, Dashti Qipchoqda o‘z hokimiyatini mustahkamlab
olgan Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) foydalanib qolish uchun
1497-yilda Movaraunnahrni egallash uchun birinchi marta qurol bilan
bostirib kirdi. Bunga 1496-yilda Samarqand taxtiga o‘tqazilgan
Boysunqur mirzo ibn Sulton Mahmud (1479-1499)ning boshqa temuriy
shahzodalardan Samarqandni mudofaa qilishda ittifoqchilikka chaqirib
qilgan taklifi ham sabab bo‘lgan edi.
XI asrdan boshlab Balxash ko‘li va Sirdaryoning quyi oqimlaridan
Dnepr daryosining quyi oqimlarigacha bo‘lgan hududlarda qipchoq va
boshqa turkiy qabilalarning hukmronlik qilganliklari sababli bu hudud
Dashti Qipchoq deb atalgan. Dashti Qipchoq chegaralari ba’zan Kavkaz
tog‘lari, Qora va Kaspiy dengizlarigacha yetib borgan. Bu yerda Botuxon
1236-yilda asos solgan Oltin O‘rda davlati XIV asr boshlarida ikki qismga
241
ajralib ketgan bo‘lib, uning sharqiy qismida ayrim tarixiy manbalarda
“O‘zbeklar mamlakati” deb yuritilgan Oq O‘rda davlati tashkil topdi. Bu
hududda Jo‘jixonning beshinchi o‘g‘li Shaybon urug‘idan bo‘lgan
Abulxayrxon (1412-1468) 1428-yilda mustaqil davlatga asos soldi.
Oltin O‘rda, Mo‘g‘uliston va temuriylar davlatlaridagi o‘zaro urush
va parokandalikdan ustalik bilan foydalangan Abulxayrxon o‘z davlati
hududlarini ancha kengaytirib oldi. Lekin urug‘ boshliqlarining mustaqil
hukmronlikka intilishlari va 1468-yilda Abulxayrxon vafoti bu davlatning
inqirozga uchrashiga sabab bo‘ldi. XV asrning 80-yillariga kelib,
Abulxayrxonning nabirasi, Budoq Sultonning o‘g‘li Muhammad
Shohbaxt Shayboniyxon (1451-1510) bobosining davlatini qayta tiklab,
shayboniylar sulolasiga asos soldi. Yoshligida yetim qolgan Muhammad
ukasi Mahmud bilan Muhammad Mazid tarxon, Sultonali mirzo
homiyligida Turkiston, Samarqand, Buxoro shaharlarida ilohiyat olimlari
Muhammad Xitoiy, Hofiz Husayn Busuriy kabi ulamolardan saboq olib,
o‘z davrining bilimdon, o‘qimishli kishisi, iste’dodli shoiri bo‘lib yetishdi.
Muhammad Shayboniyxon buyuk davlat tuzish faoliyatini dastlab lashkar
to‘plash va yollanma qo‘shin lashkarboshisi sifatida temuriylarga xizmat
qilishdan boshladi. Shayboniyxon yollanma qo‘shin boshlig‘idan xon
darajasiga ko‘tarildi.
XV asr 90-yillarining o‘rtalaridan Movaraunnahrning siyosiy
hayotida Amir Temurning evarasi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-
1530) ham sezilarli rol o‘ynay boshladi. 1494-yil 10 iyun kuni 12 yoshida
Farg‘ona taxtiga o‘tirgan yosh Bobur amakisi Sulton Ahmad (1469-1494
yy. Samarqand hokimi), Toshkent hokimi, tog‘asi Sulton Mahmudlar
hujumlarini qaytarib, 1496 yilda Samarqand shahrini qamal qiladi, lekin
qish yaqinlashib qolgani uchun qamalni to‘xtatadi. 1497-yil mayida Bobur
Samarqandni ikkinchi bor qamal qilganida Shayboniyxon bilan birinchi
marta yuzma-yuz bo‘ldi. Boysunqur mirzoning Shayboniyxonga
Samarqand darvozasini ochmagani sababli, u Bobur bilan jang qilmasdan
maydonni tashlab ketdi. 7 oylik qamaldan keyin Samarqandni egallagan
Bobur poytaxtda 100 kun hukmronlik qildi. Farg‘onada ukalari sabab
kelib chiqqan nizoni bartaraf etish uchun Bobur Samarqandni tashlab
chiqdi va 1500 yilgacha u yerda tinchlik o‘rnatish bilan ovora bo‘ldi.
Butun Movaraunnahr yerlarini birlashtirish maqsadi bilan yonayotgan
Bobur hatto tinchlik uchun Farg‘onani ham ikki qismga bo‘lib, ukasi
Jahongirga Sirdaryoning shimoliy qismini berishga majbur bo‘ldi.
Bu paytda asosiy maqsadi Temuriylar saltanatiga butunlay barham
berish bo‘lgan Shayboniyxon Buxoro, Samarqand, Qarshi, G‘uzor,
242
Shohruxiya shaharlarini egalladi. Bu shaharlardagi dasht o‘zbeklarining
qirg‘in va talonchiliklari mahalliy xalq ichida Shayboniyxonga qarshi
harakatlarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘ldi. Bundan foydalangan Bobur
1501 yilda Samarqandni ikkinchi marta egalladi.
Movarounnahrda o‘zining asosiy raqibi Bobur ekanligini sezgan
Shayboniyxon asosiy kuchlarini Samarqand yaqiniga to‘plab hal qiluvchi
jangga kirdi. Ochiq jangda yengilgan Bobur shaharga kirib, mudofaaga
kirishdi, lekin boshqa temuriylardan yordam bo‘lmagach, Shaybonixon
bilan sulh tuzib, Samarqandni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Shundan
keyin Bobur 250 kishisi bilan Afg‘onistonga keldi va Qobul podsholigiga
asos soldi. 1510-yilda Marv yaqinida Shayboniyxon qo‘shini ustidan
g‘alaba qozongan Eron shohi Ismoil Saffaviy Bobur Mirzoga birgalikda
Samarqandga qo‘shin tortishni taklif etdi. Bu taklifni qabul qilgan Bobur
Muhammad Shayboniyxon vafoti (1510) bilan o‘zaro kelishmovchilik
sababli ancha zaiflashib qolgan shayboniylar hukmronligi ostidagi Hisor,
Ko‘lob, Qunduz, Badaxshon, Qarshi, yerlarini egallab, Samarqand
shahrini 1511-yilda uchinchi marta bosib oldi.
Boburning ittifoqchilari, shia mazhabidagi Eroniy qizilboshlilarning
talon-tarojlari sababli mahalliy aholi Boburni qo‘llab-quvvatlamadi. 1512-
yil oxirlarida Ubaydulla sulton qo‘shinlaridan Buxoro yaqinida
mag‘lubiyatga uchragan Bobur Movaraunnahrdan, butunlay umidini uzib
ketdi. Qobul atrofida o‘z hukmronligini to‘la mustahkamlab, 1526-yil
boshida Hindistonga yurish boshladi va u yerdagi Ibrohim Lo‘diyning
qo‘shinlarini to‘la tor-mor keltirib, yangi saltanat-Boburiylar saltanatiga
asos soldi. Bu saltanat Hindistonda 332 yil (1526-1858-yillar) hukmronlik
qildi.
1487-1488-yillarda O‘tror, Sayram, Yassa (Turkiston), Sig‘noq
shaharlarini bosib olib, o‘z hukmronligini Dashti Qipchoqda
mustahkamlagan
Muhammad
Shayboniyxon
1499-yildan
Movaraunnahrni egallashga jiddiy kirishdi. U yerdagi asosiy dushmani
Boburdan 1501 yilda Samarqandni tortib olgan Shayboniyxon 1503 yilda
Toshkentni, 1504-yilda Xisorni, 1505-yilda 10 oylik qamaldan keyin
Urganchni, 1507-yilda Hirotni, 1509-yilda Marvni o‘ziga bo‘ysindiradi.
Natijada
Dashti
Qipchoq,
Xorazm,
Movaraunnahr,
Xurosonni
birlashtirgan Shayboniyxon Mashhad va Tus shaharlarini egallab Eronda
Shoh Ismoil asos solgan Saffaviylar davlatiga xavf soladi. 1510 yilda
Marv yaqinidagi jangda Shoh Ismoil qo‘shinlaridan mag‘lubiyatga
uchragan Muhammad Shayboniyxon og‘ir yarador bo‘lib, vafot etadi.
243
Muhammad Shayboniyxon vafotidan keyin Ko‘chkunchixon (1512-
1529) va Abu Sa’id (1523-1533) davrida Movarounnahr va Xurosonda
markaziy hokimiyat zaiflashib, amirlar va sultonlar o‘rtasida nizo
kuchaydi. Bu paytda Xorazm mustaqil davlat bo‘lib ajralib chiqdi va
Turkiston yerlari parchalandi. O‘zaro urushlarga birmuncha barham
bergan, Shayboniyxonning ukasi Mahmud Sultonning o‘g‘li Ubaydulla
Sulton 1512 yilda Buxoro hukmdori bo‘lgan bo‘lsa, 1533-yildan butun
markazlashgan o‘zbek davlatining Oliy Hukmdori etib saylandi.
Ubaydullaxon poytaxtni Samarqanddan Buxoroga ko‘chirdi.
XVI asrning 40-yillariga kelib feodallar va mahalliy sulolalar
o‘rtasida shaharlar va hududlar uchun kurash avj olib ketdi. Samarqand
hukmdori Abdulatifxon (1541-1552-yy.) bilan Buxoro xoni Abdulazizxon
(1540-1550 yy.) o‘rtasidagi kurashni Toshkent va Sirdaryo bo‘yidagi
shaharlarning hukmdori Baroqxon (Navro‘z Ahmadxon, 1540-1556)
yanada kuchaytirdi. U hatto 1551-yilda Samarqandni bosib oldi. Karmana
va Miyonqol hukmdori Abdulla Sulton Baroqxonga qarshi kurash olib
bordi. Bu kurashlarda Iskandar Sultonning o‘g‘li Abdullaxon (1534-1598)
o‘zining qat’iyatliligi, yaxshi siyosatchi va sarkardalik qobiliyati bilan
ajralib turdi. U 1561-yilda otasi Iskandarxonni oliy hukmdor deb e’lon
qildi.
Abdullaxon II markazlashgan Shayboniylar davlatini tiklash
maqsadida amirlar va sultonlar bilan ayovsiz kurash olib bordi. Tinimsiz
urushlar natijasida Farg‘ona (1573), Shahrisabz, Qarshi, Hisor viloyatlari
(1574), Samarqand (1578), Toshkent, Shohruhiya, Sayram, Ohangaron
(1582), Balx (1583), Badaxshon (1584), Hirot (1588), Xorazm (1595),
Abdullaxon qo‘l ostiga birlashtirildi. U 1561-1583-yillarda otasi nomidan,
1583-1598-yillarda rasmiy xon sifatida davlatni boshqardi. Ammo 1598-
yilda Abdullaxon II vafotidan so‘ng uning o‘g‘li Abdulmo‘min uzoq
muddat taxtni boshqara olmadi. So‘nggi Shayboniy hukmdori
Pirmuhammad II (1599-1601) ham bebosh amirlarni tiyib qo‘ya olmadi.
XV asrning oxiri XVI asr Dashti Qipchoq, Movaraunnahr va
Xurosonda bo‘lib o‘tgan ijtimoiy-siyosiy voqealar, iqtisodiy madaniy
ahvoli to‘g‘risida qimmatli ma’lumotlar beruvchi asarlar juda ko‘p. Bular
ichida Zahriddin Muhammad Boburning (1453-1530) “Boburnoma”, shoir
va tarixchi olimlardan Kamoliddin Binoiy (1453-1512) va Muhammad
Solih
(1453-1535)larning
forsiy
va
o‘zbek
tilda
bitilgan
“Shayboniynoma” asarlari, Xondamirning “Habib us-siyar”, Fazlulloh ibn
Ruzbehon (1457-1530) ning “Mehmonnomayi Buxoro”, noma’lum
muallifning “Tavorixi guzida”, “Nusratnoma”, Mirzo Muhammad Haydar
244
(1500-1556)ning “Tarixi Rashidiy”, Abdulloh Nasrullohiyning “Zubdaj
ul-Osor”, Xo‘ja Qulibek Balxiyning “Tarixi Qipchoqxoniy” va Hofiz
Tanish
Buxoriy
(1547-1604)
ning
“Sharofnomayi
shohiy“
(“Abdullanoma” nomi bilan mashhur) asarlari alohida ahamiyatga ega.
Muhammad
Shayboniyxonning
markaziy
hokimiyatni
mustahkamlash uchun amalga oshirgan ba’zi chora tadbirlari, beklarning
kuchayishi va o‘zaro kurashlariga ham sabab bo‘ldi. Masalan, davlat
boshqaruvi sohasida suyurg‘ol tizimining joriy etilib, bosib olgan
hududlarda boshqaruv ishining farzandlari, qarindosh-urug‘lari, qabila
boshliqlariga topshirilishi uning vafotidan keyin markaziy hokimiyatdan
mustaqil bo‘lishga intilishlarni kuchaytirdi.
Mamlakat xo‘jaligini tiklash uchun bo‘sh yotgan yerlar, vafot etgan
yoki soliqlar og‘irligidan ko‘chib ketgan mahalliy mulkdorlar yerlari
qayta taqsimlandi. Bu esa ijtimoiy hayotni tartibga solishga yordam berdi.
Iqtisodiyotni tartibga solish, savdo sotiqni jonlantirish maqsadida
1507 yilda pul islohoti o‘tkazilib, markaziy shaharlarda vazni bir hil
bo‘lgan (5,2 gramm) kumush va mis chaqa pullar zarb qilindi. Asosan
markaziy hokimiyatning siyosiy, iqtisodiy mavqeyini kuchaytirish,
shayboniy xonlari va beklari hukmronligini mustahkamlashga qaratilgan
bu islohot Shayboniyxon vafotidan keyin kuchayib ketgan o‘zaro urushlar
natijasida yaxshi natija bermadi va pul qadrsizlandi. 1515-yilda oliy
hukmdor Ko‘chkunchixon pul islohoti o‘tkazishga majbur bo‘ldi.
Ayniqsa, Abdullaxon II davrida o‘tkazilgan pul islohotlari xonlik iqtisodiy
hayotida katta ahamiyat kasb etgan bo‘lib, markaziy hokimiyat
kuchayishi, xazinaga foyda tushishi va savdo-sotiqning jonlanishiga
yordam berdi.
Pul islohotini bosqichma-bosqich o‘tkazgan Abdullaxon II oltin,
kumush, mis pullarni otasi nomidan (1560-1583) chiqarganda
mamlakatdagi bir qancha shaharlarda pul zarb qilingan bo‘lsa, mustaqil
hokimiyatni boshqargan yillarida (1583-1598), asosan, Buxoroda
markazlashgan pul zarb qilishni yo‘lga qo‘ydi. Manbalarga qaraganda,
Abdullaxon II ba’zan Balx, Samarqand hamda Toshkentda kam miqdorda
pul chiqarishga ruxsat bergan.
Muhammad Shayboniyxon davrida ta’lim sohasida ham islohot
o‘tkazilib, unga ko‘ra bola 6 yoshdan maktabga berilgan va ikki yil
o‘tgach madrasaga o‘tkazilgan. Madrasa uch bosqichdan iborat bo‘lib, har
bosqichda 8 yildan o‘qitilgan. Bu davrda ilohiyot, hisob-kitob,
matematika, she’r san’ati kabi fanlar o‘qitilgan.
245
Iqtisodiy hayotda su’niy sug‘orish asosiy rol o‘ynaganligi sababli
shayboniylar davrida suv inshootlari qurilishiga ancha e’tibor berildi.
1502-yilda Zarafshon daryosida qurilgan suv ayirg‘ich, 1556-1585-
yillarda Qashqadaryo, Zarafshon, Amudaryo, Murg‘ob va Vaxsh
daryolaridan chiqarilgan kanallar, suv ayirg‘ich va suv omborlari buning
yaqqol misoli bo‘la oladi.
Xonlik iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari qishloq xo‘jaligi, savdo-
sotiq va hunarmandchilik bo‘lib, yer asosiy boylik hisoblangan.
Shayboniylar davrida mulkiy munosabatlarda aytarlik o‘zgarishlar yuz
bermadi. Dashti qipchoqdan kelgan o‘zbeklar yer egaligi munosabatlarini
boshidan kechirayotgan bo‘lib, ular Movaraunnahrga yangi ishlab
chiqarish munosabatlarini olib kelganlari yo‘q, balki temuriylar davrida
shakllangan ijtimoiy-iqtisodiy tizimni qabul qildilar, hamda unga
moslashdilar.
Yer egaligining mulki sultoniy (davlat yerlari), mulki xolis (xususiy
yerlar), vaqf (diniy mahkamalarga qarashli yerlar) va qishloq jamoalari
egalik qiladigan yerlar kabi asosiy turlari bo‘lib, ular iqto`, suyurg‘ol,
tanho va jog‘ir ko‘rinishida bo‘lgan. Davlat oldidagi xizmatlari uchun
harbiy-ma’muriy amaldorlarga va yirik din arboblariga beriladigan
bunday yerlarda yersiz dehqonlar ishlaganlar. Ular ham davlatga, ham
amaldorga soliq to‘laganlar. Shayboniylar davrida chorvachilik va
hunarmandchilik ancha rivojlangan bo‘lib, ular yetishtirgan mahsulot
ichki va tashqi bozorlarda sotilgan. Hindiston, Eron, Rossiya kabi
mamlakatlar bilan savdo-sotiq qilingan.
Shayboniylar davrida 40 dan ortiq soliq va jarimalar bo‘lib, xiroj va
zakotdan tashqari, tagjoy jizya, ixrojat, tog‘ar, ulufa, qo‘nalg‘a, begar,
madadi lashkar, boj, tuhfa kabi nomlar bilan atalgan soliq turlari va yasoq
deb ataluvchi majburiyatlar bo‘lgan. Soliq to‘lovchi aholi fuqaro (rayiyat)
deb atalgan. Juybor shayxlari kabi yirik ulamolar-din peshvolari barcha
soliqlardan ozod qilingan. Oliy tabaqaga xon va uning yaqinlari kirgan.
Harbiy-ma’muriy boshqaruv tizimidagi amaldorlar umaro, olim va
shoirlar fuzalo deb atalganlar, bundan tashqari yana shayboniylar davrida
qullar ham bo‘lgan.
Shayboniylar davlati ma’muriy jihatdan viloyatlarga bo‘lingan
bo‘lib, boshqaruv tizimi markaziy va mahalliy amaldorlar qo‘lida bo‘lgan.
Markaziy boshqaruvda xondan keyin ko‘kaldosh, otaliq, naqib,
parvonachi, vaziri a’zam kabi mansabdorlar dunyoviy ishlarni boshqargan
bo‘lsalar, shayx ul-islom, qozi kalon, a’lam, imom, sadr, muftiy, rayis
(muhtasib)lar diniy ishlarni nazorat qilganlar hamda no‘yon, tug‘begi,
246
tovochi, jevachi, qutvol, dorug‘a, to‘pchiboshi kabi harbiy unvonlar
bo‘lgan. Mahalliy boshqaruv hokim va beklar qo‘lida bo‘lib, bu jarayonda
qozi, muftiy, rayislar muhim rol o‘ynaganlar.
Muhammad Shayboniyxon, Ko‘chkinchixon va Ubaydullaxonlar
o‘z davrining o‘qimishli kishilari bo‘lib, turkiy va forsiy tillarda ijod
qilganlar. Abdulazizxon va Abdullaxon II larda katta kutubxona mavjud
bo‘lgan. Bu davrda matematika, astronomiya, tibbiyot, tarix, adabiyot
sohalarida ko‘zga ko‘rinarli ajoyib asarlar yaratilgan. Shayboniylar
davrida qurilgan Mir Arab madrasasi (1535-1536), Masjidi Kalon (1540-
1541), Toqi Zargaron (1559), Toqi Sarrofon (1559), kabi inshootlar va
Modarixon madrasalari hozirga qadar me’morchiligimizning ajoyib
namunalari sifatida saqlanib turibdi. Shayboniylardan Abdullaxon II
davrida markaziy hokimiyatni mustahkamlash yo‘lida olib borilgan
urushlar natijasida temuriylar davridagi ko‘pgina inshootlar vayron
qilingan bo‘lsa, ikkinchi tomondan u ko‘plab rabot, sardoba, madrasa,
masjid, ko‘prik, suv omborlarini qurdirib, mamlakat obodonchiligiga katta
hissa qo‘shgan.
Shayboniylar
davlatidagi
quyi
tabaqa-mehnatkashlar
bilan
zodagonlar, mahalliy hokimiyat bilan markaziy hokimiyat o‘rtasidagi
asosiy ziddiyatlar bu sulola hukmronligining inqirozga yuz tutishiga sabab
bo‘ldi. Mamlakatni birlashtirish, markazlashgan hokimiyat qurish uchun
kurashlarda Abdullaxon II shayboniyzodalarning ko‘pchiligini qatl qilgan
bo‘lsa, uning o‘g‘li Abdulmo‘min o‘z mavqeini saqlab qolish uchun eng
yaqin qarindoshlarini ham o‘ldirtirdi. Natijada 6 oy ham hokimiyatga ega
bo‘la olmagan Abdulmo‘min vafotidan keyin mamlakatni idora qilishga
layoqatli shayboniylardan biror kishi qolmadi. Ularning oxirgi hukmdori
Pirmuhammad o‘z hukmronligini shayboniylar davlatining kichik bir
bo‘lagida o‘rnatib, o‘zaro janglarda halok bo‘ldi. Bu vaziyatdan
foydalangan Xorazm o‘z mustaqilligini tiklab oldi.
Eron shohi Abbos I Hirotni, Sabzavor va Mashhadni egalladi, qozoq
sultonlari Toshkent va Samarqandni bosib olib, Buxoroni qamal qildilar.
Ana shunday og‘ir sharoitda Buxoro zodagonlari Joni Muhammad Sulton
(Jonibek)ni taxtga taklif qilib, 1601-yilda uning nomiga xutba o‘qitdilar
va Jonimuhammadxon Buxoro xoni deb e’lon qilindi. Shu yildan boshlab
Buxoro xonligida ashtarxoniylar nomini olgan sulola hukmronligi
boshlanib, u 1753-yilgacha hokimiyatga mang‘itlar sulolasi chiqqunga
qadar davom etdi.
Ashtarxoniylar XIV asrning 80-yillaridan boshlab Astraxan (Hoji
Tarxon, Ashtarxon) atroflarida hukmronlik qilganlar. 1556-yilda rus
247
knyazlari Astraxanni bosib olgach, ashtarxoniylardan Yormuhammad
Buxoroga kelib, Iskandar sultondan panoh topdi. Iskandar sulton qizi
Zuhraxonimni Yormuhammadning o‘g‘li Jonibekka bergan. Jonibek
sultonning
Zuhraxonimdan
uchta
o‘g‘li
(Dinmuhammad,
Boqimuhammad, Valimuhammad) bo‘lgan.
Jonibek sulton Buxoro xoni deb e’lon qilingach, o‘g‘li
Dinmuhammad foydasiga taxtdan voz kechadi. Seyiston hukmdori
bo‘lgan Dinmuhammad Hirot yaqinida safaviylar bilan bo‘lgan jangda
halok bo‘ladi va taxtga Boqimuhammad (1601-1605) o‘tqazilib, ukasi
Valimuhammad (1605-1611) voris deb e’lon qilinadi.
Boqimuhammad
1602-yilda
Balxni
egalladi,
1603-yilda
eroniylarning Balxga hujumini qaytardi. 1604-yilda qozoq xoni
Kelimuhammad qo‘shinlariga zarba berib, davlat hokimiyatini
mustahkamlashga harakat qildi. Undan keyin taxtga ko‘tarilgan
Valimuhammad o‘zi mustaqil harakat qilolmas, davlat ahamiyatiga molik
masalalarni beklarning roziligi bilangina hal etar edi. Mustaqil
boshqaruvga intilgan beklar xonga bo‘ysunmay qo‘yishgan. O‘zaro ichki
kurash, tarafkashlik Valimuhammadga qarshi fitna uyushtirishga olib
kelgan va buning natijasida Imomqulixon (1611-1642) taxtni egallagan
edi.
Imomqulixon mahalliy beklarni bo‘ysundirish, Eron qo‘shinlariga
zarba berishda qozoq sultonlari kuchlaridan foydalandi. Mamlakat
hududlarini kengaytirgan Imomqulixon Toshkentga o‘g‘li Iskandar
sultonni hokim qilib qo‘ydi, lekin 1613 yilda Iskandar zulmidan bezor
bo‘lgan toshkentliklar isyon ko‘tardi, Iskandar o‘ldirildi. Imomqulixon bu
xabarni eshitib, Toshkentga katta qo‘shin bilan kelib, isyonchilarni
bostirdi va aholini qirg‘in qildi. U qozoqlar, qalmoq (jung‘or)lar,
mo‘g‘ullar va qoraqalpoqlarga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib bordi. Bu
Imomqulixonning mavqeyini mustahkamladi, xon hokimiyati kuchaydi.
Uzoq vaqt hukmronlik qilgan Imomqulixon zodagonlarning qarshi
chiqishlari va o‘zaro kurashlarini birmuncha vaqt to‘xtatishga muvaffaq
bo‘ldi. Lekin urug‘ amirlarining ko‘pchiligi xon hokimiyatini tan olmas
edilar. Ular ichki, hatto tashqi masalalarda ham to‘la mustaqil faoliyat olib
borganlar. Bir necha yil Samarqandni boshqargan yirik yer egasi
Yalangto‘shbiy shunday amirlardan biri edi.
1642-1645-yillarda hukmronlik qilgan Nodirmuhammad mamlakat
hududlarini 12 ta o‘g‘li va ikkita jiyaniga bo‘lib berib, ijtimoiy-siyosiy
tarqoqlikni kuchaytirdi. Uning zodagonlar bilan kelisha olmasligi davlat
asoslarining zaiflashuviga olib keldi. Natijada uning poytaxtda
248
yo‘qligidan foydalanib amirlar Abdulazizxon (1645-1680)ni xon deb
e’lon qildilar. Nodirmuhammad Balx shahriga qochdi va Hindiston
hukmdori Shohjahon (1628-1658)dan yordam so‘radi. Ammo, uning
yordami muvaffaqiyatli bo‘lmadi.
Abdulazizxon hukmronligi yillarida Xiva xonlari Abulg‘ozixon
(1643-1663) va uning o‘g‘li Anushaxon (1663-1687) Buxoro hududlariga
bir necha marta talonchilik yurishlarini amalga oshirdilar. Xorazmliklar
1655-yilda Qorako‘l, Buxoro atroflarini, 1662-1663 yillarda Buxoro va
Buxoro atroflariga hujum qilib, u yerlarni talon-taroj qildilar. Dushman
qo‘shinlariga zarba berish, o‘zaro feodal urushlarni to‘xtatish imkonini
topa olmagan Abdulazizxon taxtdan voz kechdi. Uning o‘rniga taxtga
o‘tirgan ukasi Subhonqulixon (1680-1702) davrida ham Buxoro-Xiva
munosabatlari murakkabligicha davom etdi. Ayniqsa, Samarqand
amirlarining Xiva xoni Anushaxon hukmronligini tan olib, uning nomiga
xutba o‘qitishlari ba’zi amirlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Shunday
vaziyatda Subhonqulixonni Mahmudbiy qatag‘on qo‘llab quvvatladi,
samarqandliklar
jazolandi.
Shunga
qaramay
Buxoro
va
Xiva
munosabatlari keskin bo‘lib qolaverdi. XVII asr oxiri XVIII asr
boshlarida tinimsiz bo‘lib turgan o‘zaro kurashlar, siyosiy tartibsizliklar
xalq
ommasining
ahvolini
og‘irlashtirdi,
soliqlar
ko‘payib,
poraxo‘rlikning avj olishi, boshboshdoqlik mamlakat xo‘jaligining
vayrona holga kelib, izdan chiqishiga olib keldi. Shunday og‘ir vaziyatda
vafot etgan Subhonqulixon o‘rniga Ubaydullaxon (1702-1711) taxtga
o‘tirdi. U markaziy hokimiyatni mustahkamlash, mustaqillikka intilgan
bebosh amirlarni bo‘ysundirish, ko‘tarilgan qo‘zg‘olonni bostirish uchun
tinimsiz urushlar olib bordi. Ubaydullaxon yirik zodagonlar, qabila
boshliqlarining mavqeyini pasaytirish, siyosiy tarqoqlikni bartaraf etish
maqsadida ularni markaziy hokimiyatdan chetlashtirdi, hatto diniy-siyosiy
hokimiyatga katta ta’siri bo‘lgan Jo‘ybor shayxlarini soliq to‘lamaslik
imtiyozidan mahrum etdi. Yana davlatni boshqarishga hunarmandlar va
savdogarlarning bolalarini jalb qilib, o‘ziga ishonchli yangi amaldorlarni
shakllantirishga harakat qilgan Ubaydullaxon faoliyati yuqori tabaqa
vakillarining noroziligiga sabab bo‘lgan bo‘lsa, 1708-yilda markaziy
hokimiyatni kuchaytirish uchun o‘tkazgan pul islohoti aholining o‘rta
tabaqasi orasida ham xonning ta’sirini ancha pasaytirdi.
Ashtarxoniylar orasida nisbatan qat’iyatli, markaziy hokimiyatni
mustahkamlash
uchun
bir
necha
tadbirlarni
amalga
oshirgan
Ubaydullaxon davrida ijtimoiy-siyosiy parokandalik kuchaydi va uning
o‘zi fitna qurboni bo‘ldi. Fitna ishtirokchisi bo‘lgan ukasi Abulfayzxon
249
(1711-1747) taxtga chiqarildi. Irodasi kuchsiz Abulfayzxon kuchli amirlar
ta’siridagi qo‘g‘irchoq xon sifatida tarixda qoldi. U nomigagina xon
bo‘lib, haqiqiy hokimiyat kuchli amirlar qo‘lida bo‘lgan. Ayniqsa,
Abdullabiy, Ibrohimbiy, Muhammad Hakimbiylar davlat boshqaruvida
katta ta’sirga ega bo‘lganlar. Abulfayzxon davrida siyosiy tarqoqlik
g‘oyatda kuchayib, har bir viloyat amalda mustaqil boshqaruvga ega
bo‘lgan hokimiyatga aylanib qolgan edi. Toshkent, Xo‘jand, Balx,
Badaxshon, Shahrisabz, Hisor va uning atrofidagi yerlar Buxoroga
bo‘ysunmagandi. Bu porakandalik markaziy hokimiyatda yuqori mavqega
ega bo‘lishga intilgan biylar o‘rtasidagi kurash sababli ro‘y bergan edi. Bu
kurashda Shahrisabz hokimi kenagas Ibrohimbiy bilan barcha shahzodalar
otaliqlarining boshlig‘i bo‘lgan mang‘it urug‘idan chiqqan Muhammad
Hakimbiylar katta rol o‘ynadilar.
Ibrohimbiy Samarqand poytaxti bo‘lgan mustaqil davlat tuzish
maqsadida qarindoshi Rajab Sultonni Samarqand hokimi deb e’lon qildi
va Buxoroga qarshi yurish qildi. Biylarning o‘zboshimchaligiga qarshi
qat’iyat bilan kurashayotgan Muhammad Hakimbiy to‘qnashuvda
mag‘lubiyatga uchragan bo‘lsa ham, Buxoro ahlining qattiq qarshiligi
sababli Rajab Sulton shaharni egallab ololmadi.
Buxoro xonligidagi porakandalik, o‘zaro urushlar 1736-yilda
Eronda hokimiyatni egallab, mustahkamlanib olgan Nodirshoh Afshar
(1736-1747) e’tiboridan chetda qolmadi va u Buxoro va Xiva xonlarini
o‘ziga bo‘ysundirish harakatini boshladi. 1740 yilda Eron hukmdori
Buxoroga qo‘shin tortganda Abulfayzxon og‘ir shartlarga ko‘nib, sulh
tuzishga majbur bo‘ldi va Nodirshoh hokimiyatini tan oldi.
Abulfayzxonning Eronga qaramligini tan olish bilan Ashtarxoniylarning
mustaqil hukmronligi tugadi. Mamlakat boshqaruvi 1743-yilgacha
Muhammad Hakimbiy, uning vafotidan keyin Muhammad Rahimbiy
qo‘lida bo‘ldi. 1747-yilda Nodirshoh vafoti bilan Abulfayzxon o‘ldirildi,
uning vorislari Abdulmo‘min (1747-1748), Ubaydulla III (1748-1756)
nomigagina xon deb e’lon qilinib, davlat hokimiyati amalda Muhammad
Rahimbiy asos solgan mang‘itlar sulolasi qo‘liga o‘tdi. Chingizxon
avlodiga mansub bo‘lmagan Muhammad Rahim 1753-yilda o‘z nomiga
xutba o‘qittirib, o‘zini amir deb atadi. Mang‘itlar sulolasining 1920-
yilgacha hukmronlik qilgan davri tarixda shuning uchun ham Buxoro
amirligi deb ataldi.
Ashtarxoniylar davrida Movaraunnahr siyosiy, iqtisodiy va madaniy
sohalarda inqirozga yuz tutib, uchta mustaqil davlatning shakllanishi bilan
izohlanadi. O‘zaro urushlar va chet el bosqinchilarining hujumi mamlakat
250
iqtisodiy hayotini to‘la izdan chiqardi. Suv inshootlari qarovsiz qolib,
ko‘pgina ekin ekiladigan yerlar izdan chiqdi. Bu mamlakat iqtisodiy,
ijtimoiy hayotida og‘ir holatni keltirib chiqardi.
Siyosiy hayotda shayboniylar davridagi davlat tuzumi asosan
o‘zgarmagan bo‘lsa ham, boshqaruvda otaliqlar va dindorlarning mavqei
oshib, mamlakat siyosiy hayotini hal qilish ularning qo‘liga o‘tgan edi. Bu
ijtimoiy tuzumga ta’sir qilib, xon va uning amaldorlari harbiy-ma’muriy
amaldorlar, urug‘ boshliqlari, yirik ulamolar fikri bilan hisoblashishga
majbur bo‘lardilar.
Harbiy sohada islohotlarning amalga oshirilmaganligi zamonaviy
harbiy texnikaga e’tibor berilmaganligi qo‘shinning salohiyatini
pasaytirib, shayboniylar davrida Buxoroga qaram yerlarning qo‘ldan
chiqib ketishiga va hatto ashtarxoniylarning butunlay o‘z mustaqilliklarini
yo‘qotishlariga sabab bo‘ldi.
Tinimsiz olib borilgan urushlar qishloq xo‘jaligi kabi shahar
hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Sayido Nasafiy Buxoroda 200 xildan
ortiq hunarmandchilik sohalari mavjud edi deb ma’lumot bersa-da, ular
juda tor doirada bo‘lib mamlakat iqtisodiy ahvolini yaxshilashga sezilarli
ta’sir ko‘rsata olmadi. Ubaydullaxon davrida o‘tkazilgan pul islohoti
savdogarlar
va
hunarmandlarning
noroziligiga
sabab
bo‘ldi.
Hunarmandchilik sohasidagi yetakchi tarmoqlar to‘qimachilik va
kulolchilik edi. Mamlakat iqtisodida dehqonchilik va chorvachilik
yetakchi soha sifatida bu davrda ham o‘z mavqeini saqlab qoldi. Xalq
xo‘jaligining bu sohalaridagi mahsulotlarning turli-tumanliligi ichki
savdoga yo‘l ochib bergan bo‘lsa, tashqi savdodan keladigan katta foyda
chet mamlakatlar bilan iqtisodiy aloqani rivojlantirib xon va uning
amaldorlarini rag‘batlantirar edi. XVI-XVII asrlardan boshlab Buxoro
xonligida Rossiya va uning turli shaharlari bilan savdo aloqalari kuchayib
bordi. Shu bilan birga qo‘shni mamlakatlar Hindiston, Eron, Qashqar
hamda uzoq Turkiya mamlakatlari bilan ham savdo aloqalari olib borildi.
Ashtarxoniylar davridagi ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotdagi
tanazzul madaniy hayotga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Dindorlar
mavqeining kuchayishi aniq fanlarga nisbatan e’tiborni pasaytirdi. XVII
asrda Buxoro xonligida 150 dan ortiq madrasa faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa-
da, ularda zamon taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatish darajasidagi allomalar
yetishib chiqqani yo‘q. Bu dunyoviy ilmlar sohasida umuman ish
qilinmadi degani emas. Matematika, astronomiya, ayniqsa tibbiyot,
tarixnavislik va adabiyot sohasida bir qancha yangi asarlar yaratildiki,
bular XVII asr va XVIII asr birinchi yarmidagi o‘zbek halqi ma’naviy
251
merosining buyuk namunalari sifatida qayd etiladi. Boboxo‘ja ibn Xoja
Orif Samarqandiy, Mullo Tursun Faroyiziy Samarqandiylar falakiyot
sohasida, Subhonqulixonning “Lubb ul-lavoyih ul-qamar fil-ixtiyorot”,
“Ihyo at-tabibi Subhoniy”, Sa’id Muhammad Tohir ibn Abulqosimning
“Ajoyib ul-tabqot” asarlari shu davrdagi ko‘zga ko‘ringan asarlar sirasiga
kiradi.
Ashtarxoniylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti
haqida ma’lumot beruvchi Mirzo Sodiq Munshiyning “Dahmay shohon”
majmuasi, Muhammad Balhiyning “Subhonqulinoma” masnaviysi,
Muhammad Amin Buxoriyning “Ubaydullanoma”, Muhammad ibn
Muhammad Zamon Buxoriyning “Muhit ut-tavorix”, Abdurahmon
Tole’ning “Abulfayzxon tarixi”, Muhammad Yusuf munshiyning
“Muqimxon tarixi” va boshqa asarlar shu davr madaniy hayotining ajoyib
namunalaridir.
Bu davrda Turdi Farog‘iy (XVII asr), Boborahim Mashrab (1640-
1711), So‘fi Olloyor (1644-1723), Mirzo Abdulqodir Bedil kabi
ijodkorlarimiz o‘z asarlari bilan o‘zbek adabiyoti ravnaqiga salmoqli hissa
qo‘shdilar. Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-muluk” asari
Subhonqulixon davri davlatchiligi tarixi va tuzumi haqida ma’lumot
bersa, Mutribiyning “ Tazkirat ush-shuaro”, Maleho Samarqandiyning
“Muzakkir ul-as’hob”, mulla Sodiq Samarqandiyning “Riyoz ush-shuaro”
kabi tazkiralari davr ilmiy muhiti va ijodkorlari haqidagi asarlardir.
Ularda 200 ga yaqin ijodkorlar hayoti va ijodi haqida fikr yuritiladi.
Buxorodagi Abdulazizxon madrasasi va Nodir devonbegi
tomonidan qurilgan Labi Hovuz me’moriy majmuasi, Samarqand
registoniga Yalangto‘shbiy qurdirgan Sherdor va Tillakori madrasalari,
Qarshidagi Yormuhammadbiy va Ho‘ja Qurbonbiy madrasalari,
Shahrisabz
vohasidagi
Xo‘ja
Ilimkon
me’moriy
majmualari
ashtarxoniylar davri me’morchiligining yuksak namunalaridir. Markaziy
hokimiyatning zaiflashuvi, o‘zaro urushlar, siyosiy porakandalik bilan
izohlanuvchi ashtarxoniylar davrida tarixnavislik, adabiyot, me’morchilik
sohasida qo‘lga kiritilgan bu yutuqlar, ijobiy siljishlar, mehnatkash
xalqimizning
bunyodkorlik,
yaratuvchanlik
xislatlarining
buyuk
ko‘rinishidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |