Buxoro amirligi
Mang‘itlar sulolasining asoschisi Muhammad Rahimbiy 1747-yilda
eroniy qizil boshlarni tor-mor keltirib, Buxoroda hokimiyatni to‘la o‘z
252
qo‘liga olgan edi. U barcha viloyat, shahar va qabilalar boshliqlarini
Buxoroga taklif qilib, markaziy hokimiyatni kuchaytirishga qaratilgan
dasturini e’lon qilib, bo‘ysunmaganlarni qatl qilaman deb ogohlantirdi.
Muhammad Rahimbiy Abdulmo‘min (1747-1748), Ubaydulla
Sulton (1748-1756) nomlaridan davlatni boshqargan davrida Miyonqal’a,
Nurota, Hisor, Qobodiyon, Boysun, Shahrisabz, Urgut viloyatlariga bir
necha bor yurish qilib, ularni o‘ziga bo‘ysundirdi. Bu muvaffaqiyatlar
uning rasmiy hokimiyatni ham qo‘lga olishiga yo‘l ochib berdi.
Abulfayzxonning qiziga uylanib, xonlar avlodi bilan qarindosh bo‘lgan
Muhammad Rahimbiyga amir unvoni berildi va oq kigizda ko‘tarilib oliy
hukmdor deb tan olindi. Uning 1757-1758-yillarda markaziy hokimiyatni
kuchaytirish uchun olib borgan urushlari bir qancha vayronagarchiliklarga
sabab bo‘ldi. Xiva xonligiga o‘z ta’sirini o‘tkazishga muvaffaq bo‘lgan
Muhammad Rahimbiyni Qo‘qon, Balx, Toshkent, Marv va Qunduz kabi
mustaqil mulklar hukmdorlari Buxoroning qonuniy hukmdori deb o‘z
elchilarini jo‘natganlar.
1758-yil 24-martda vafot etgan Muhammad Rahimbiy o‘rniga
mang‘it urug‘idan bo‘lgan Miyonqal’a hokimi Doniyolbiy (1758-1785)
taxtga ko‘tarildi. Doniyolbiy Muhammad Rahimbiyning nabirasi
Fozilto‘rani xon taxtiga o‘tkazib, hokimiyatni o‘z qo‘lida saqlab qoldi.
Markaziy hokimiyatni mustahkamlash uchun yangi soliqlar tizimini joriy
qilib, bir qancha ma’muriy chora tadbirlarni amalga oshirgan Doniyolbiy
ko‘p vaqtini bebosh amirlarni bo‘ysundirish, isyonlarni bostirishga sarf
qildi. U 1784 yilda Buxoroda ko‘tarilgan qo‘zg‘olon sababli hokimiyatni
shahar aholisi orasida obro‘liroq bo‘lgan o‘g‘li Shohmurodga topshirdi.
Amiri Ma’sum (“Begunoh amir”) nomini olgan amir Shohmurod
(1785-1800) o‘z hukmronligi yillarida saroyda kamtarona yashab, bir
qancha soliqlarni kamaytirdi, Buxoro ahliga tarxon yorlig‘ini berib, ba’zi
to‘lovlardan ozod qildi, xalq orasida zolimligi bilan tanilgan amaldorlarni
jazoladi. Madrasa ta’limini olgan Shohmurod fiqh ilmi haqida “Ayn ul-
hikmat” nomli risola yozib, unda ilgari surilgan qoidalarni barcha
viloyatlarga joriy etdi. U pul islohoti o‘tkazib tijorat ishlarini tartibga
soldi,
suv
inshootlarini
yaxshilash
bilan
ishlab
chiqarishning
rivojlanishiga zamin yaratdi. Bularning hammasi markaziy hokimiyatning
nisbatan kuchayishiga va Shohmurodning umrini oxirigacha davlatni
boshqarishiga imkon berdi.
1800-1826-yillarda Buxoro taxtini boshqargan amir Haydar davrida
har 3-6 oyda uzluksiz ichki urushlar va qo‘zg‘olonlar bo‘lib turdi. 1800-
yilda Qarshi va Kattaqo‘rg‘ondagi, 1804-yilda Marvdagi, 1821-1825-
253
yillarda Miyonqal’a qo‘zg‘alonlari amirlik siyosiy hayotidagi muhim
voqealar bo‘ldi. Ayniqsa, xalq Xiva qo‘shinlarining talonchilik
yurishlaridan ko‘p zarar ko‘rar edi. 1806-yilda Eltuzarxon boshliq
xivaliklarning hujumini qaytarish uchun butun Buxoro ahli safarbar
qilindi va Amudaryo bo‘yigacha taqib qilingan xivaliklar daryodan kechib
o‘tishda ko‘p kishilaridan va Eltuzarxondan ajralishdi. Bundan keyin ham
Xiva xonligi qo‘shinlari amirlik hududiga bir necha bor bostirib kirishgan.
Amir Xaydar hukmronligi davridagi katta qo‘zg‘olonlardan biri bu
Miyonqal’a qo‘zg‘oloni edi. 1821 yilda amir amaldorlarining Miyonqal’a
ahlidan xiroj yig‘ishdagi talon-tarojga qo‘l urganligi sababli qo‘zg‘olon
boshlangan. Qo‘zg‘olonchilar Kattaqo‘rg‘on, Chelak, Yangiqo‘rg‘on
hududlarini qo‘lga olib amir odamlarini haydab yuborishgan. 1822-yilda
Qo‘qon va Xiva xonlari hujumini qaytarish bilan mashg‘ul bo‘lgan amir
Haydar qo‘zg‘olonchilarni bostira olmaydi. Xitoy-qipchoqlar boshchilik
qilayotgan qo‘zg‘olonchilar amirning inisi Is’hoqbekni o‘zlariga amir
qilib Samarqand va Karmanaga yurish qiladilar. 1825 yil bahorigacha
qo‘zg‘olonchilar
bilan
amir
o‘rtasidagi
kurashlar
natijasida
qo‘zg‘olonchilarni tamomila yenga olmagan amir yon bosishga, ularning
mulki daxlsizligi to‘g‘risida yorliq berishga va bir qancha amaldorlarni
jazolashga majbur bo‘lgan.
1826 yilda amir Haydarning uchinchi o‘g‘li Nasrullo (1826-1860)
taxtga o‘tirdi. U o‘z yo‘liga to‘siq bo‘lishi mumkin bo‘lgan akalarini
shavqatsizlik bilan qatl ettirdi va bir oy mobaynida kuniga 50-100 kishini
qatl qilish bilan “Qassob amir” degan nomni oldi. Ayniqsa urushlar
paytida bo‘ysunmagan shahar va qishloqlar aholisini qattiq qirg‘in qildi.
Amir Nasrullo hokimiyatni qo‘lga olgandan keyin Shahrisabz, Kitob
hokimliklari o‘zlarini mustaqil deb e’lon qilgan edilar. Boshqa bir qancha
bekliklar ham amirga rasmangina bo‘ysunishgan. Amir Nasrullo ularni
yagona davlatga birlashtirish, markaziy hokimiyatni kuchaytirish yo‘lida
qat’iyat bilan kurash olib bordi. Bunda u o‘zining amaldor xizmatkorlar
tabaqasiga va harbiy qo‘shiniga tayanib ish ko‘rdi. 1840 yilda Amir
Nasrullo Xo‘jand va O‘ratepani Qo‘qon xonidan tortib olib Shahrisabz,
Kitob, Yakkabog‘ bekliklarini ham o‘ziga bo‘ysundirdi va 1842 yilda
Qo‘qon xonligini egallashga muvaffaq bo‘ldi. U yerda Qo‘qon xoni
Muhammad Alixonni oila a’zolari bilan va shoira Nodirabegimni ham
vahshiylarcha qatl ettirdi.
Bu paytda Xiva xoni Olloqulixonning Buxoro hududlariga bostirib
kirganligining xabarini eshitgan Amir Nasrullo o‘z qo‘shinlarini Xiva
xonligi yerlariga olib kelib, Xazoraspni qamal qildi, ammo mag‘lubiyatga
254
uchradi. Shunday og‘ir sharoitda ham Amir Nasrullo Buxoro amirligi
viloyatlarini birlashtirish uchun kurashni davom ettirdi. Bu kurash 30 yil
davom etdi. Shahrisabz bekligini bo‘ysundirish uchun Amir Nasrullo 32
marta yurish qilib 1856 yildagina o‘z maqsadiga erishdi. Shunday qilib
Buxoro hududlarini to‘la bo‘ysundirgan Amir Nasrullo Buxoroning
so‘nggi mustaqil hukmdori bo‘lib qoldi. Undan keyin hukmdorlik qilgan
Sayid Muzaffarxon (1860-1885) davrida Shahrisabz, Kitob beklari yana
Buxoroga bo‘ysunishdan bosh tortdilar. Buxoro Rossiya vassaliga
aylangandan keyin (1868) bu shaharlar ham ruslarga bo‘ysundirildi.
Mang‘itlar sulolasi hukmronligi davrida davlat tizimida anchagina
o‘zgarishlar amalga oshirildi. Amir oliy hukmdor bo‘lib, davlat hayotiga
tegishli siyosiy, iqtisodiy, diniy va boshqa barcha masalalar uning qo‘lida
edi. Markaziy ijroiy hokimiyat saroy ayonlaridan tashkil topgan bo‘lib,
Arkda joylashgan. Davlat boshqaruvida bosh vazir-qushbegi, devonbegi,
parvonachi, otaliq, dodhox, xudaychi, mirzaboshi kabi saroy ayonlari va
shayxulislom, qozikalon kabi diniy rahbarlarning mavqei katta bo‘lgan.
Mahalliy boshqaruv amir tomonidan tayinlangan viloyat beklari va uning
qo‘l ostidagi mirshabboshi, soliq yig‘uvchi amaldorlar, qozi, rais, qishloq
oqsoqollari qo‘lida bo‘lgan.
Mang‘itlar sulolasi davrida amirlik 30 ta beklik va tumanlardan
iborat ma’muriy birliklardan tashkil topgan. Har bir beklik hokimi
xirojning bir qismini amirga yuborib turgan.
Buxoro amirligida yerga egalik munosabatlari iqtisodiy hayotda
katta ahamiyatga ega bo‘lib, yer egaligining davlat, xususiy, vaqf kabi
turlari bo‘lgan. Qishloq aholisining katta qismi yersiz dehqonlar bo‘lib,
ular ijaraga yer olib ishlaganlar. Shahar aholisining asosini tashkil qilgan
hunarmandlar hayoti ham og‘ir soliqlar sababli juda qiyin kechgan.
XVIII asr oxiri XIX asr birinchi yarmida Buxoro aholisining
umumiy soni haqida aniq ma’lumotlar yo‘q bo‘lib, taxminan 2 mln.
atroflarida bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligini o‘zbeklar, shahar va ba’zi
qishloqlarda
tojiklar,
janubiy-g‘arbiy
tumanlarda
ko‘chmanchi
turkmanlar, kam sonli arab va yahudiylar tashkil etgan.
Buxoro amirligining xalq xo‘jaligida dehqonchilik, chorvachilik,
hunarmandchilik, savdo-sotiq sohalari katta ahamiyat kasb etgan.
Aholidan xiroj, zakot, boj, to‘la, yaksara, nimsara kabi soliqlar undirib
olingan.
XVIII asrning ikkinchi yarmida Rossiya-Buxoro savdo va
diplomatik aloqalari ancha rivojlandi. Bunda 1774-1776, 1779-80 yillarda
Ernazar Maqsudov boshchiligida va 1797-yildagi Polvonquli qo‘rchi
255
elchiliklari katta ahamiyat kasb etdi. XIX asr boshlarida Rossiya-Buxoro
aloqalari ancha faollashdi. Bu XIX asrning 20-yillarida O‘rta Osiyoga
siqilib kirishga harakat qilayotgan inglizlar bilan ruslar o‘rtasidagi
raqobatning keskinlashuviga olib keldi. Amirlik qo‘shni xonliklar
Afg‘oniston, Hindiston, Eron davlatlari bilan ham savdo aloqalari olib
bordi. Yirik savdo-sotiq markazi bo‘lgan Buxoroda 1848 yilda 38 ta
karvonsaroy, 9 ta tim va ko‘plab bozorlar mavjud bo‘lgan.
Buxoro shahri amirlik davrida ham islom dinining markazi
hisoblangan. Bu davrda boshlang‘ich ta’lim maktabi va oliy ta’lim
beruvchi madrasalar faoliyati ham ancha yuksaldi. Bu yerda faqat O‘rta
Osiyodangina emas, balki Volga bo‘ylari, Shimoliy-G‘arbiy Hindiston,
Afg‘oniston va boshqa mamlakatlardan ham bilim olish uchun talabalar
kelishar edi. Bu paytda Buxoro amirligining har bitta shaharida
madrasalar bo‘lib, Buxoro shahrining o‘zidagi 103 ta madrasadan 60 tasi
asosiy ta’lim maskani sifatida mashhur bo‘lgan. Madrasada o‘qitish 3
bosqichda amalga oshirilgan bo‘lib, uning barcha xarajatlari, mudarrislar
va boshqa xizmatchilarning maoshi, talabalar nafaqasi, kutubxona
xarajatlari va boshqalar madrasaga biriktirilgan vaqf yerlaridan keladigan
daromad hisobiga qoplangan. Madrasada fiqh, shariat asoslari, adabiyot,
til, tarix, falakiyot, mantiq, falsafa, matematika fanlari o‘qitilgan bo‘lsa
ham dunyoviy ta’limga nisbatan diniy ahloqiy ta’lim berishga asosiy
e’tibor qaratilgan. Bu davr madaniy hayoti haqida adabiyot, tarix,
hattotlik, musiqa san’ati yodgorliklari, me’morchilik obidalari muhim
ma’lumotlar beradi.
XIX asr adabiy hayotining ko‘zga ko‘ringan namoyondalari Mirzo
Sodiq Munshiy, shoir Hoziq, shoir Mujrim, Muhammad Sharif Shavqiy,
Mulla Qurbon Xiromiy, Ahmad Donish (1827-1897), Ochildi Murod,
Meri Kattaqo‘rg‘oniy (1830-1899) va boshqalar o‘z asarlari bilan
adabiyot rivojiga katta hissa qo‘shganlar. “Mang‘it hukmdorlari tarixi”
she’riy usulda bitilgan asarlar, “Chor darvesh”, “To‘tinoma”, Poraxo‘r
qozilar”, “Murid ovlovchi” kabi asarlar bu davr adabiyotining ajoyib
namunalaridir.
Mang‘itlar hukmronligi davrida ham o‘rta asr tarixnavisligining
yetakchi an’analari saqlanib qolganligini quyidagi asarlarda ko‘ramiz:
Mullo Ibodullo va Muhammad Shariflarning “Tarixi amir Haydar” va
“Dastoni amironi mang‘it”, Mirolim Buxoriyning “Fathnomayi-sultoniy”,
Mirzo Abdulazim Somiyning “Tarixi salotini mang‘itiya”, “Dahmayi
shohon” kabi asarlari, Muhammad Sharif ibn Muhammad Naqining “Toju
tavorix” asarini, Ahmad Donishning “Mang‘itlar xonadoni hukmdorlari
256
tarixidan qisqacha risola” asarini va Mirzo Sodiq Munshiyning “Tarixi
silsiloti mang‘itiya” (“Mang‘it hukmdorlari tarixi”) asarlari mang‘it
amirlari tarixi haqidagi birlamchi manbalardir.
XVIII asr ikkinchi yarmi-XIX asr birinchi yarmi Buxoro amirligi
me’morchiligi o‘ziga xos uslubda rivojlandi. Bu davrda amirlikning bir
qancha shaharlarida masjid va madrasalar bunyod etildi. Buxoro shahrida
qurilgan Domullo Tursunjon (1796-1797) madrasasi, Xudoydod
me’moriy majmuasi (1777-1855), Ernazar elchi madrasasi (1795), 1807
yilda qurilgan Chorminor majmuasi, Qarshida qurilgan Mir Muhammad
madrasasi kabi me’moriy yodgorliklar o‘zbek xalqining noyob madaniy
merosidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |