IV. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun arizalarni ko‘rib chiqish tartibi
16. Ariza beruvchining ehtiyojmandligi darajasini aniqlash va bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash (rad etish) to‘g‘risida xulosa chiqarish uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organida maxsus komissiya tashkil etiladi, uning tarkibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi tomonidan 12 oy muddatga, kamida 3 kishidan iborat etib tasdiqlanadi.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-iyundagi 396-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.06.2020-y., 09/20/396/0793-son)
Maxsus komissiya tarkibiga o‘zini o‘zi boshqarish organi maslahatchilari, kotibi, ushbu organ hududiga biriktirilgan tuman (shahar) aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimi, shuningdek zaruriyat bo‘lganda, tuman (shahar) davlat soliq inspeksiyalari va moliya organlari vakillari kiritiladi.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 588-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.07.2019-y., 09/19/588/3432-son)
Hududida 300 tadan ko‘p oila yashaydigan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida bir necha maxsus komissiyalar tashkil etilishi mumkin. Bunda aholi bandligiga ko‘maklashish markazi xodimi har bir komissiyada ishtirok etishi shart.
(16-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 588-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.07.2019-y., 09/19/588/3432-son)
17. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi ariza uch bosqichda ko‘rib chiqiladi.
Birinchi bosqichda maxsus komissiya ariza berilgan sanadan boshlab uch kun muddatda ariza beruvchi tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga taqdim etilgan ma’lumotlar asosida oilaning a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini aniqlaydi.
Agar oila a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan miqdordan kam bo‘lsa, maxsus komissiya oilaning moddiy va mulkiy holatini tekshirish sanasini belgilaydi.
Ikkinchi bosqichda maxsus komissiya ariza berilgan sanadan boshlab o‘n kun muddatda oilaning moddiy va mulkiy holatini o‘rganib chiqadi, shundan keyin tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risidagi xulosani fuqarolar yig‘iniga yoki Komissiyaga kiritadi.
Uchinchi bosqichda ariza berilgan oyning oxirgi kunidan kechikmay, maxsus komissiyaning xulosasi inobatga olingan holda, ariza tegishli nafaqa yoki moddiy yordamni tayinlash va to‘lash yoki tayinlashni rad etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish uchun fuqarolar yig‘ini yoki Komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |