III. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam uchun murojaat qilish tartibi 12. Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining yashash joyi (doimiy yoki asosan yashab turgan joyi) bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan oila boshlig‘i yoki boshqa muomalaga layoqatli oila a’zosining yozma arizasi asosida, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – bolaning onasi yoki uning o‘rnini bosuvchi shaxsning arizasi asosida tayinlanadi.
(12-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-iyuldagi 588-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.07.2019-y., 09/19/588/3432-son) Alohida hollarda, oilada muomalaga layoqatli a’zolar bo‘lmagan taqdirda nafaqa va moddiy yordam oila a’zolarining yozma arizasisiz fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisining taqdimnomasi bo‘yicha tayinlanishi mumkin.
13. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi ariza ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi nomiga beriladi.
Arizaga quyidagilar ilova qilinadi:
ushbu Nizomning 3-ilovasiga muvofiq shakl bo‘yicha oilaning tarkibi va daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda ushbu daromadlarni tasdiqlovchi hujjatlar;
bolali oilalarga nafaqa yoki bola parvarishi bo‘yicha nafaqa olish uchun – bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari nusxalari;
asosan yashab turgan joyi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olish uchun — doimiy yashash (doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan) joyi bo‘yicha bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlanmaganligi va to‘lanmaganligi to‘g‘risida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
(13-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 28-sentabrdagi 593-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.09.2020-y., 09/20/593/1340-son) agar bolalar vasiylikka olingan bo‘lsa – vasiylik va homiylik organining qaroridan ko‘chirma.
Bundan tashqari, moddiy yordamga ehtiyojmandlik to‘g‘risidagi arizaga, ariza beruvchining xohishiga ko‘ra, oilaning ehtiyojmandligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar ham ilova qilinishi mumkin.
14. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash uchun ariza oila ushbu nafaqa yoki moddiy yordamni olish istagi bo‘lgan oydan oldingi oyning 15-sanasidan kechiktirmay beriladi.
15. Nafaqa va moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi arizalarni ro‘yxatdan o‘tkazish fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi kotibi tomonidan maxsus ro‘yxatga olish kitobiga qayd etish orqali amalga oshiriladi. Bunda arizani kelib tushish sanasi, ariza bergan shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash manzili, iltimosning qisqacha mazmuni va fuqarolar yig‘ini tomonidan qaror qabul qilingandan keyin bayonnoma sanasi va raqami ko‘rsatilgan holda qabul qilingan qaror to‘g‘risidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi.
Ushbu Nizomning 13-bandiga muvofiq ariza hamda oilaning daromadlari miqdori va tarkibini tasdiqlaydigan zarur ma’lumotnomalar berilgan kun ariza ro‘yxatdan o‘tkazilgan kun deb hisoblanadi.