O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risida
N I Z O M
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqa (keyingi o‘rinlarda bolali oilalarga nafaqa deb ataladi), bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa (keyingi o‘rinlarda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa deb ataladi) va kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam (keyingi o‘rinlarda moddiy yordam deb ataladi) tayinlash va to‘lash tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomning fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan bola parvarishi bo‘yicha nafaqa tayinlash va to‘lash qismida amal qilishi, korxona va tashkilotlarda ishlayotgan hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mazkur korxona yoki tashkilotlar mablag‘lari hisobidan nafaqaning ushbu turi to‘lanayotgan onalarga tatbiq etilmaydi.
3. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordamning to‘lanadigan miqdorlari qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-sentabrdagi 731-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.09.2018-y., 09/18/731/1876-son)
Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam 6 oy muddatga, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa esa – 12 oyga tayinlanadi, biroq bola ikki yoshga to‘lgan oydan keyingi oyga o‘tmasligi kerak.
Agar tug‘ilgan, farzandlikka olingan yoki vasiylikka qabul qilingan ikki va undan ortiq bolalar parvarish qilinsa, u holda bola parvarishi bo‘yicha nafaqa kichik bola ikki yoshga to‘lgunga qadar bir baravar miqdorda to‘lanadi.
4. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash to‘g‘risidagi qaror fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi – posyolka, qishloq va ovul, shuningdek shaharlarning mahallalari fuqarolar yig‘ini (vakillar yig‘ilishi) yoki bunday qarorlarni qabul qilish uchun fuqarolar yig‘ini tomonidan vakolat berilgan Komissiya (keyingi o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tomonidan qabul qilinadi.
Komissiya fuqarolar yig‘ini tomonidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hududida istiqomat qiluvchi obro‘-e’tiborli va hurmatga sazovor fuqarolar orasidan saylanadi. Komissiyaga fuqarolar yig‘inining raisi boshchilik qiladi. Komissiya a’zolari 2 yil muddatga, fuqarolar yig‘ini raisi esa – uning butun vakolati davriga saylanadi. Ushbu Komissiya tarkibi kamida 15 kishidan iborat bo‘lishi kerak.
Komissiya a’zosi vakolatlarining amal qilishi davrida a’zolikdan chiqqan taqdirda, fuqarolar yig‘ini Komissiya a’zolarini qaytadan saylaydi.
Komissiya qarori, uning yig‘ilishida tasdiqlangan tarkibning kamida uchdan ikki qismi ishtirok etsa qonuniy hisoblanadi.
5. Bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lashda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari quyidagi asosiy tamoyillarga amal qilishlari kerak:
ijtimoiy adolatga so‘zsiz rioya qilish;
keng oshkoralik va ochiqlikni ta’minlash;
davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashsiz daromadlarini oshirishning aniq imkoniyati bo‘lmagan haqiqatda ehtiyojmand oilalarga nafaqalar va moddiy yordam berish;
nafaqalar va moddiy yordamni manzilli tarzda tayinlashni ta’minlash yo‘li bilan ularni to‘lashga ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish;
aholini ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlariga ayrim oilalar va fuqarolar tomonidan boqimandalik munosabatida bo‘lish, o‘zining iqtisodiy faolligi hisobiga emas, balki davlat yordami hisobiga yashashga intilishga yo‘l qo‘ymaslik;
oila a’zolarining moddiy farovonligi, bolalarni tarbiyalash, ularni har tomonlama jismoniy, aqliy va ma’naviy-axloqiy kamol topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, ma’lumoti va kasb darajasini oshirish borasida oilaning mas’uliyatini kuchaytirish.
6. Fuqarolar yig‘ini tomonidan ehtiyojmand deb e’tirof etilgan oila nafaqa yoki moddiy yordamning faqat bir turini olish huquqiga ega.
7. Quyidagilar bolali oilalarga nafaqalar, bola parvarishi bo‘yicha nafaqalar va moddiy yordam to‘lovlarini mablag‘ bilan ta’minlash manbalari hisoblanadi:
mahalliy budjetlar mablag‘lari;
budjetdan tashqari manbalar (jamoat va xayriya jamg‘armalari, korxonalarning mablag‘lari, fuqarolarning ixtiyoriy xayr-ehsonlari va boshqalar).
Do'stlaringiz bilan baham: |