II. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash shartlari 8. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanayotgan davr uchun belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 52,7 foizidan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi.
(8-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son) Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam tayinlash va to‘lash ushbu Nizomning 1-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
9. Quyidagilar bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam olishda ustunlik huquqiga ega:
ota-onasining ikkisini ham yo‘qotgan, bolalar tarbiyasi bilan esa qarindoshlar shug‘ullanayotgan oilalar;
ota-onalardan biri yoki har ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalar;
14 yoshgacha bo‘lgan ikki va undan ortiq bolalarni tarbiyalayotgan, boshqa qarindoshlardan alohida yashayotgan beva ayollar (beva erlar);
nogiron bolasi (bolalari) bo‘lgan oilalar;
bolani (bolalarni) to‘liq bo‘lmagan oilada tarbiyalayotgan onalar (otalar). Bunda bolaning amalda to‘liq bo‘lmagan oilada ona (ota) tomonidan tarbiyalanishini fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi belgilaydi;
ota-onalardan biri yoki har ikkisi ishsiz bo‘lgan va ish izlovchi sifatida bandlikka ko‘maklashish markazlarida hisobda turgan oilalar;
(9-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 13-martdagi 130-sonli qarori tahririda — O‘R QHT, 2017-y., 15-son, 249-modda) yolg‘iz pensionyerlar.
10. Bolali oilalarga nafaqa, bola parvarishi bo‘yicha nafaqa va moddiy yordam ariza beruvchining o‘zini o‘zi boshqarish organiga murojaat qilgan oyning keyingi oyidan boshlab to‘lanadi.
11. Bola parvarishi bo‘yicha nafaqani kelgusida ham olishga muhtojligi bo‘lgan taqdirda uni olgan shaxs to‘lovlarning avvalgi o‘n ikki oylik muddati tugashidan bir oy oldin, bola ikki yoshga to‘lgunga qadar ushbu nafaqani uzluksiz to‘lanishini davom ettirish masalasini hal etish uchun belgilangan tartibda fuqarolar yig‘iniga takroran murojaat etish huquqiga ega.
Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam to‘lashning belgilangan muddati tugagandan so‘ng ariza beruvchi nafaqa va moddiy yordam to‘lashni yangi muddatga davom ettirilishini so‘rab ariza bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Bolali oilalarga nafaqa va moddiy yordam olish uchun ariza oldingi davrda tayinlangan nafaqa va moddiy yordam to‘lash muddati tugayotgan oydan keyingi oyga beriladi. Takroriy murojaatlarni ko‘rib chiqish umumiy belgilangan tartibda amalga oshiriladi.