Flyuorit – CaF2. «Flyuorum» – ftor elementining lotincha nomi. Tarkibi – Ca – 51,2 %, F – 48,8 %. Izomorf aralashma holda ittriy, seriy va uran bo‘ladi. U kub singoniyali, to‘g‘ri tuzilgan kubik, ba’zan oktaedrik, dodekaedrik kristallar holida uchraydi. Ayrimda xol-xol donali yaxlit massa bo‘lib, ba’zan tuproqsimon massa shaklida topiladi. Odatda rangsiz, shaffof, ba’zan sariq, yashil, havo rang, gunafsha, qoramtir bo‘ladi.
U shishadek yaltiraydi. Qattiqligi – 4; solishtirma og‘irligi – 3,2; mo‘rt, ulanish tekisligi kub bo‘yicha mukammal. Flyuoritning aksariyat qismi gidrotermal jarayonda paydo bo‘ladi.
Flyuoritning 70 %ga yaqini metallurgiyada oson eriydigan shlaklar olish uchun ishlatiladi. U kimyo, sopol, shisha sanoatlarida va boshqa juda ko‘p joylarda foydalaniladi.
Galit – NaCl. Grekcha «galos» – tuz demakdir. U «osh tuzi» ham deyiladi. Tarkibi – Na – 39,4 % va Cl – 60,6 %. Mexanik aralashma sifatida gil, organik moddalarda bo‘ladi. U kub singoniyali; tuz havzalarining ostida bir-birlariga yopishmagan dona-dona bo‘lib, zich kristallangan ko‘rinishda topiladi.
Galit shishadek yaltiraydi; qattiqligi – 2; solishtirma og‘irligi – 2,2; mo‘rt; suvda oson eriydi, mazasi sho‘r. U juda gigroskopik; havo namini o‘ziga tortib oladi. Galit ekzogen sharoitda quriyotgan ko‘llarda yoki dengiz havzasidan qum to‘siqlari bilan ajralgan sayoz qo‘ltiqlarda quruq va issiq iqlimli sharoitlarda paydo bo‘ladi. Galitning eng katta zahirali konlari turli geologik davrlarda yuzaga kelgan. Galit - muhim oziq-ovqat mahsuloti. U sanoat va qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida ishlatiladi.
Silvin – KCl. Tarkibi – K – 52,5 %, Cl – 47,5 %. Mexanik aralashma holida NaCl, Fe2O3 ishtirok etadi. U kub singoniyali, qavatqavat teksturali yaxlit donador massalar holida topiladi. Silvinning toza xillari – shaffof, rangsiz, oq, och qizil va pushti rangli bo‘ladi, shishadek yaltiraydi, qattiqligi – 1,5–2; solishtirma og‘irligi – 1,99.
Uning mazasi o‘tkir sho‘r, ba’zan achchiq; ancha mo‘rt mineral. U galit kabi qurayotgan sho‘r suvli ko‘llarda yuzaga keladi. Ma’lumki, kaliy tuzlarining ko‘p qismi dalalarni o‘g‘itlash uchun sarf bo‘ladi. Biroz qismi kimyo sanoatida, meditsinada, parfyumeriya, qog‘oz sanoatida, shisha va lak-bo‘yoq tayyorlashda qo‘llaniladi.
Nitratlar kuchli azot kislotasining tuzlari, suvda oson eriydi, issiq mamlakatlarda, deyarli hozirgi zamon mahsuloti sifatida yuzaga kelgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |