Talabalarga tayyorgarlik uchun yordamchi materiallar:
1. Payg`ambarimiz (S.A.V.) davridan Tavhid e’tiqodi asosidagi insoniy birodarlik jamoasi - “umma” tushunchasi shakllana boshlagan bo’lsa, VIII asr ikkinchi yarmi - IX asr boshlaridan (750 yil - Abu Muslim qo’zg`oloni va Abbosiylarning hokimiyatga kelishi, 813 yilda Ma’munning xalifalik taxtiga o’tirishi natijasida) mintaqaning uch buyuk xalqi - arab, fors va turkiy elatlar aro siyosiy qudratda o’ziga xos muvozanat holati vujudga keldi, ya’ni Islomning asl g`oyasi - musulmon ummatining tengligi amalda joriy bo’lishiga voqe’ imkon tug`ildi.
2. Turli islomiy mazhablar (xanafiya, shofe’iya, molikiya, xanbaliya, ja’fariya), ya’ni islom e’tiqodiga oid qarashlar va amallarning ba’zi farqlarga ega bo’lgan besh yo’nalishi shakllandi, va bora-bora ular orasida bir-birini inkor etmaslik va o’zaro hurmat munosabatlari o’rnatildi. Bunday turli talqinlar aro o’zaro murosa holati oxir natijada e’tiqod masalalarida taassub (fanatizm) va bir yoqlama aqidaparastlik xavfining oldini olishga asos bo’ldi.
3. Musulmon huquqi - shariat va fiqh asoslarini shakllantirish boshlandi. Imom A’zam - Abu Hanifa an-Nu’mon bin Sobit (699-767) va uning yaqin shogirdlari Imom Abu Yusuf Ansoriy (731-804) va Imomi Muhammad ash-SHaybon (749-805) bu sohada asoschi bo’ldilar.
4. Payg`ambarimizning hayot yo’llari haqida dastlabki mukammal asarlar - Ibn Ishoq (704-707) va Ibn Hishom (vafoti 834 yillar) “Sira”lari (“Sirat ar-Rasululloh”) vujudga keldi. Bu kitoblarning asosiy g`oyasi risolat (payg`ambarlik - messiya) masalasi bo’lib, ular keyinchalik umuman payg`ambarlar hayoti va faoliyati haqida batafsil xabar beruvchi kitoblar - “Qisas ul-anbiyolar” yaratish an’anasiga asos namuna bo’ldi.
5. Qur’on tafsirlarini tadvin qilish (mukammal tafsir kitoblari tuzish) an’anasi rivoj oldi.
6. Xalifa Umar ibn Abdulaziz (717-720) davridan Muhammad (S.A..V.) hadislarini jamlash rasmiy tus olib, Imom Malik ibn Anas (713-795)ning “al-Muvatto”, Imom SHofe’iy (767-820) va imom Ahmad ibn Xanbal (780-855)larning “Musnad” deb nomlangan yirik hadis to’plamlari vujudga kelgan bo’lsa, IX asrda hadisshunoslik ilmi mukammal shakllanib, uning qat’iy qoidalari asosida islom olamida Qur’oni karimdan keyingi eng nufuzli manba hisoblangan 6 sahih (ishonchli) hadis to’plamlari yaratildi. Ularning mualliflari: Abu Abdulloh Ismoil al-Buxoriy (810-870), Imom Muslim ibn al-Xajjoj (819-874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (824-874), Abu Dovud Sulaymon (817-888), Ahmad an-Nasoiy (830-935), Abu Iso Muhammad ibn Yazid ibn Mojja (824-886) kabi mashhur muhaddislardir.
7. Rasululloh (S.A.V.) hadislarining eng muhim va salmoqli qismi kishilarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirishga qaratilgan. Ulardagi ota-onaga ehtirom, ilmga intilish, sabr-bardosh, shukronalikka da’vat, o’zaro mehr, inoqlik, mehmondo’stlik, yetimparvarlik, vafo va sadoqat, mehnatsevarlik va halol luqmani sharaflash, kamtarlik, kamsuqumlik, samimiyat va rostgo’ylik xislatlarining birinchi o’ringa qo’yilishi insoniyat uchun bebaho ma’naviy qadriyatlar silsilasini tashkil etadi. Ular asosida islom axloqining munazzam va mukammal bir tizim holida mintaqada puxta shakllanuvi bu davrning nihoyatda muhim hodisasi edi.
8. Adab ilmiga asos solindi, she’riyat, filologiya ilmlari rivojlandi. Ibn al-Muqaffaning (724-759) “Al-Adab as-sag`ir”, “Al-Adab-al-Kabir” asarlari, Xalil ibn Ahmadning (718-792) lug`atshunoslik va aruz ilmining nazariy asoslariga bag`ishlangan “Al-Ayn” asari dunyoga keldi, Ibn al-Mutazz(861-908) ilk bor “Ilmi bade’” (she’riy san’atlar haqida ilm)ni kashf etdi. Arab mumtoz she’riyatining asoschilari Abu Nuvas (762-813), Bashshar ibn Burd (714-784), Abul Ataxiya (718-825) kabi ulug` shoirlar, Al-Johiz (775-868) kabi adiblar, ilk bora Rasululloh hadislariga turkiy tilda she’riy sharhlar bag`ishlab doston yozgan alloma shoir Adib Ahmad shu davrda yashab ijod etdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |