Vitaminlar. Organizm normal o‘sib, rivojlanishi uchun oqsillar, yog‘lar va uglevodlardan tashqari, vitaminlar ham zarur. Vitaminlar organik modda bo‘lsa ham, parchalanganda energiya bermaydi. Shunga qaramay, vitaminlar juda katta ahamiyatga ega. Ko‘p vitaminlar to‘qima fermentlari tarkibiga kiradi va katalizatorlar sifatida moddalar almashinuvida ishtirok etadi. Hozirgi kunda ellikka yaqin vitamin tekshirilgan. Vitaminlar lotincha harflar bilan ifodalanadi. Ba’zi vitaminlarga ularning kimyoviy tuzilishi va xossalariga qarab nom berilgan. Vitaminlar ikki guruhga: suvda eriydigan va yog‘da eriydigan vitaminlarga bo‘linadi. Suvda eriydiganlarga: C, PP, P, B1, B2, B3, B6, B12, B14, B15 vitamin va boshqalar, yog‘da eriydiganlarga: A, D, U, K, F vitaminlar kiradi. Vitaminlar ho‘l meva, sabzavot va sut mahsulotlarida ko‘p. Organizmga bir kunda kerak bo‘ladigan vitaminlar miqdori milligrammlar yoki milligrammning yuzdan yoki mingdan bir ulushi bilan o‘lchanadi. Tabiiy mahsulotlardan tayyorlangan xilma-xil ovqatlar iste’mol qilinsa, organizm kerakli vitaminlar bilan ta’minlanadi. Organizmda vitaminlar yetishmasligi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar avitaminoz deb, vitaminlar kamligi natijasida kelib chiqadigan kasalliklar gipovitaminoz deb ataladi.
5-mavzu: Viruslar, ularning tabiatdagi va inson hayotidagi ahamiyati.
Reja:
1.Viruslarning tuzilishi, tarqalishi va o`ziga xos xususiyatlari.
2. Viruslarning kimyoviy tarkibi,
3.Uvoqlilar bo`limi. Ularning hujayra tuzilishi, shakllari va harakati.
Viruslar (lat. Virus - zahar) yuqumli kasalliklarni keltirib chiqaradigan ultramikroskopik parazit organizmlardir. Viruslar tirik organizmlarda o`ziga xos tarzda yashashga moslashgan. Ular oqsillarning differensiyalanmagan massasi shaklida bo`lib, tirik organizmlarga xos xususiyatlarga ega. Viruslarni birinchi bo`lib rus olimi D. I. Ivanovskiy 1892 yilda tamaki mozaykasida topgan. Virus atamasi 1899 yilda M. Beyernik tomonidan fanga kiritilgan. Hozirgi vaqtda viruslarning 500 dan ortiq turini hayvonlarda va 300 dan ortiq turini o`simliklarda uchratish mumkin.
Viruslar o`simlik, hayvon, odam va zamburug`lar hujayralaridagina yashab ko`payadi, lekin mustaqil yashay olmaydi. Viruslar, xususan gripp kasalligini qo`zg`atuvchi virus tashqi muhitda o`z xususiyatini yo`qatadi. Lekin bir guruh viruslar oylab va o`n yillab harakatsiz yotadi, yashash sharoitiga mos hujayra yoki organizmga tushishi bilan kasallik qo`zg`atadi. Viruslar qo`zg`atadigan kasalliklarning kelib chiqishiga ko`pincha virusning faqat bitta zarrasi sabab bo`ladi. Masalan, poliomielet virusining bitta zarrasi hujayraga o`tib qolsa, bir necha soat ichida millionlab virus zarrali vujudga keladi. Viruslarning ko`payishiga hujayradagi aminokislotalar yordam beradi. Bunda virus ta`sirida kimyoviy o`zgarishlar ro`y berib, natijada ko`plab viruslar paydo bo`ladi.
Viruslar.
tamaki mozaikasi virusi (1- oqsil qobig‘i; 2- RNK); gerpes virusi; gripp virusi.
Hozir bakteriyalar, yuksak o`simlik hamda issiqqonli hayvonlar hujayrasida viruslar borligi aniqlangan. Bunday viruslar bakteriofaglar (grekcha – fagos – yutuvchi, qamrovchi) yoki faglar deb ataladi. Bakteriofaglarning bo`yi 200 mk bo`lib, gavdasi bosh va bo`yin tomoni bir necha o`siqdan iborat. Uning boshi va dumi sirtdan oqsil parda bilan qoplangan. Boshida DNK joylashgan, dumining uchida esa kanal o`tadi. Bakteriofag bakteriya ichiga kirishdan avval uning sirtiga yopishadi, o`shra yopishgan joyida bakteriya qobig`ini eritib yuboradi. Bunga asosiy sabab bakteriofag dum qismidagi o`siqlardan lizouim (muramidaza) fermenti chiqaradi, fag DNK sintezlana boshlaydi va natijada bakteriya nobud bo`ladi.
Yuksak o`simliklar viruslari bakteriofagdan bevosita organizmga yuqmasligi bilan farq qiladi. O`simlikni zaharlaydigan viruslar o`simlik tanasining shikastlangan joyidagi parenxima to`qimalariga o`rnashib, xlorofillni yemiradi. Masalan, tamaki, lavlagi, loviya kabi o`simliklarda parazitlik qiladigan mozaika virusi shular jumlasidandir.
Hasharotlar tanasida parazitlik qiladigan viruslar hasharot nobud bo`lgan vaqtda ham saqlanib qoladi, chunki virus granulasi kapsula ichida bo`ladi. Shunday kapsula oziq bilan hasharot oshqozoniga tushgandan so`ng, viruslar hasharotni kasallantiradi va granulyoz yoki poliedros kasalligini keltirib chiqaradi. Poliedros kasalligi ipak qurtida uchraydi va katta zarar yetkazadi.
Odam va issiqqonli hayvonlarda uchraydigan viruslar nafas yo`llarini yallig`lantiradi va asab sistemasini og`ir kasallikka chalintiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |