Oqsillar almashinuvi. Oqsillar turli aminokislotalardan tashkil topgan murakkab moddadir. Odatda oqsillar oddiy va murakkab bo‘lishi mumkin. Oddiy oqsillar faqat aminokislotalardan tuzilgan bo‘lsa, murakkab oqsillar tarkibida aminokislotalardan boshqa yog‘lar, uglevodlar va nukleinlar bo‘ladi. Aminokislotalar almashtirib bo‘lmaydigan va almashtirsa bo‘ladigan guruhlardan iborat. Almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar (arginin, leytsin, lizin, treonin, valin, triptofan va boshqalar) organizmda sintezlanmaydi. Shuning uchun bunday aminokislotalar ovqa ttarkibida bo‘lishi shart. Almashtirsa bo‘ladigan aminokislotalar (glitsin, alanin, sistein, prolin, tirozin va boshqalar) esa organizmda sintezlanishi mumkin.
Organizmda oqsillar, asosan, yangi hujayra va to‘qimalar hosil bo‘lishida plastic material sifatida ishtirok etadi. Oqsillar organizmdagi tirik moddalarning asosiy qismi bo‘lib, boshqa organik moddalar oqsil o‘rnini bosa olmaydi. Shu sababli oqsillar organizmga to‘xtovsiz kirib turishi va iste’mol qilingan oqsil miqdori organizmning hamma ehtiyojlarini qondiradigan miqdorda bo‘lishi kerak. Oqsillar miqdori kishining kasbiga, yoshiga va jinsiga qarab har xil bo‘ladi. Bir kunda organizmga o‘rta hisobda 100-125 g oqsil kirishi kerak. Og‘ir jismoniy ish bilan shug‘ullanadigan kisxilarga 165 g, juda og‘ir ish qiladigan odamlarga 200-230 g oqsil talab qilinadi.
Ovqat tarkibidagi oqsillar murakkab oqsillar bo‘lib, ular ovqat hazm qilish kanalida aminokislotalarga parchalanadi va qonga so‘riladi. Aminokislotalar qon bilan hujayra va to‘qimalarga borib, u yerda ulardan odam organizmiga xos oqsil sintezlanadi. Hujayra va to‘qimalar tarkibiga kirmagan ortiqcha oqsil va aminokislotalar oksidlanib parchalanadi. Bunda ammiak (NH3), karbonat angidrid va suv hosil bo‘ladi. Ammiak zaharli modda bo‘lib, organizmni zaharlashi mumkin. Ammo u qon bilan jigarga kelib, unda zaharsiz modda – mochevinaga aylanadi va siydik, ter tarkibida organizmdan chiqib ketadi. Oqsillar parchalanganda organizm uchun kerakli energiya ajraladi.
Ovqat bilan organizmga kiradigan oqsillar to‘la qimmatli va kam qimmatli oqsillarga bo‘linadi. Tarkibida organizm uchun zarur aminokislotalar bo‘lgan oqsil to‘la qimmatli oqsil deyiladi. Oqsil tarkibida organizm uchun kerakli aminokislotalardan birortasi bo‘lmasa, kam qimmatli oqsil deb ataladi. To‘la qimmatli oqsillarga, asosan, hayvon oqsillari (go‘sht, tuxum, sut va boshqalar), kam qimmatli oqsillarga o‘simlik oqsillari kiradi. Lekin mosh, loviya va boshqa dukkakli o‘simliklardagi oqsillar to‘la qimmatli oqsillardir.
Do'stlaringiz bilan baham: |