Suv va tuzlar almashinuvi. Suv va mineral tuzlar organizmga energiya bermaydi. Shunga qaramay, organizmda sodir bo‘ladigan fiziologik jarayonlarda suv va tuzlarning ahamiyati katta. Organizmga suv kirmasa, u bir necha kunda nobud bo‘ladi. Odam ovqatsiz, faqat suv bilan 40-50 kun yashay oladi. Bu misol suv organizmda qancha katta ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Hujayra va to‘qimalarning asosiy qismi – suv va mineral tuzlar organizmning ichki muhitini tashkil etadi. Katta yoshli odamlar gavdasi og‘irligining 65% i suv. Yosh organizmda suv miqdori 80% ga yetadi. Qon plazmasida 92%, suyaklarda 22%, mushaklarda 76%, biriktiruvchi to‘qimada 80% va miyaning kulrang moddasida 86% suv mavjud. Suv va mineral tuzlar hujayralarning normal faoliyati uchun zarur osmotik bosim hosil qiladi. Osmotik bosim doim bir xilda bo‘ladi. Ba’zi mineral tuzlar qondagi gazlarni tashishda ishtirok etadi. Suv ovqat hazm qilishda oziq moddalarning parchalanishiga, qon va limfa so‘rilib, hujayra va to‘qimalarga borishga yordam beradi, shuningdek, oksidlanish va boshqa kimyoviy reaksiyalarning yuzaga kelishida katta rol o‘ynaydi; gavda haroratini normal darajada saqlab turadi. Organizmga bir kunda 2000-2500 ml suv kiradi. Uning 900-1000 ml icxiladi, 900-1000 ml esa ovqat bilan birga kiradi. To‘qimalarda oziq moddalarning parchalanishi natijasida 300-350 ml suv chiqadi. Organizmning normal faoliyati uchun organizmga kirgan suv miqdori chiqadigan suv miqdoriga teng bo‘lishi kerak. Bu holat suv balansi deyiladi. Suv organizmdan buyraklar, ter bezlari, o‘pka va ichaklar yordamida chiqariladi. 1000-1500 ml suv buyraklar orqali siydik shaklida chiqadi. Ter bezlari teri orqali 500-1000 ml suv chiqaradi: 350-400 ml suv bug‘ holatida nafas bilan, 100-200 ml suv esa axlat bilan chiqadi.
Suv almashinuvi mineral tuzlar almashinuvi bilan chambarchas bog‘liq. Organizmga ovqat bilan kirgan mineral tuzlar qonga so‘rilib, hujayra va to‘qimalar tarkibiga kiradi. Oqsillar, fermentlar, gormonlar va skelet suyaklari tarkibida ham mineral tuzlar bor. Organizmda mineral tuzlar gavda og‘irligining 4,5% ini tashkil etadi. Ular organizmda sodir bo‘ladigan fiziologik jarayonlarni boshqarib turadi. Nerv tizimining faoliyati, qonning ivishi, so‘rilish, gazlar almashinuvi, sekretsiya va chiqarish jarayonlari mineral tuzlarga bog‘liq. Kalsiy va fosfor, natriy va xlor, temir, kaliy, yod, kobalt, oltingugurt, rux va boshqa elementlar organizm uchun katta ahamiyatga ega. Organizmga tuzlar ovqat bilan kiradi. Sabzavot, mevalar, go‘sht, sut, tuxum va boshqa mahsulotlarda tuzlar yetarli miqdorda bo‘ladi. Mineral tuzlar organizmda zaxira sifatida yig‘iladi. Masalan, terida natriy bilan xlor, suyaklarda kalsiy bilan fosfor, jigarda temir, mushaklarda kaliy to‘planadi. Katta yoshdagi odam uchun kunda 4-5 g natriy, 1 g kalsiy, 3 g kaliy, 15 g fosfor va 15-30 mg temir zarur. O‘sish davrida suyaklar va nerv to‘qimasining o‘sishi uchun natriy, kaliy va fosfor katta ahamiyatga ega. Shu bois homilador ayollar va yosh bolalar organizmida bu tuzlarga ehtiyoj juda katta. Markaziy nerv tizimi faoliyati uchun fosfor zarur. Temir va mis eritrotsitlar tarkibidagi gemoglobinning hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Qalqonsimon bez gormoni – tiroksin tarkibida yod, me’da osti bezi gormoni – insulin tarkibida oltingugurt va rux bo‘ladi.
Organizmdan mineral tuzlar siydik, ter va axlat bilan chiqariladi. Ular miqdorini tiklash uchun organizmga uzluksiz tuz kirib turishi kerak. Organizmga mineral tuzlar kam kirsa, fiziologik jarayonlar buzilib, odam o‘lishi mumkin. Lekin tuzlarning ko‘payib ketishi ham zararli. Masalan, natriy tuzi ko‘paysa, bolalarda tana harorati oshib, tuz bezgagi ro‘y beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |