Mehnat haqi - rezident (norezident) institutsion birliklarning norezident (rezident) institutsion birliklarga yollanma ishchi sifati ishlaganliklari uchun ularga to'lanishi lozim bo'lgan qiymatdan iborat. Mehnat haqi bevosita ishchiga to'lanadigan ish haqi va sotsial sug'urta to'lovlaridan iborat. Ishchi kuchini eksport (import) qilishni tashkil qilishda qatnashgan tashkilotlarning oladigan ulushlari (xizmat haqlari) mehnat haqi hisoblanmaydi va mos ravishda xizmatlar eksporti yoki importi sifatida qayd etiladi. Shuni ta'kidlash lozimki, rezident ishchilar bir yildan ortiq muddatga chet elga ketsalar, ular ishlayotgan mamlakatlarining rezidentiga, ya'ni o'z mamlakatlari uchun norezidentga aylanadilar. Shu sababli, ularning o'z mamlakatlariga jo'natayotgan pullari birlamchi daromad hisoblanmaydi va mehnat haqi sifatida qayd etilmaydi. Bunday pul jo'natishlar joriy transfertlar hisoblanadi va tashqi dunyo joriy transfertlar taqsimoti va ichki iqtisodiyot daromadlarni qayta taqsimlash schyotlarida qayd etiladi.
Bu schyotning resurs tarafidagi mehnat haqi ko'rsatkichi mamlakatdagi barcha rezident yollanma ishchilarning (mamlakat ichida va tashqarisida) norezident institutsion birliklardan (korxonalarda va uy xo'jaliklarida ishlab chiqarishda ko'rsatgan faoliyatlari natijasida) olishlari lozim bo'lgan mehnat haqlarining yig'indisidan iborat. Schyotning ishlatilishi tarafidagi mehnat haqi ko'rsatkichi esa mamlakatdagi barcha rezident institutsion birliklar (korporatsiyalar va uy xo'jalik)larning norezident yollanma ishchilarga to'lashlari lozim bo'lgan mehnat haqlarining yig'indisidan iborat bo'ladi.
Rezident va norezident institutsion birliklar tomonidan davlat sektoriga (qonun bilan belgilangan tartibda) to'lanadigan va o'rni qoplanmaydigan majburiy to'lovlarga soliqlar deb ataladi. Ushbu schyotda birlamchi daromad sifatida bevosita ishlab chiqarish uchun soliqlar va subsidiyalar operatsiyalari qayd etiladi.
Schyotning resurs tarafida, O'zbekiston rezident institutsion birliklarining norezidentlardan olishi lozim bo'lgan bevosita ishlab chiqarish uchun soliqlari plyus ishora bilan qayd etiladi. O'zbekistonning norezidentlarga bergan bevosita ishlab chiqarish uchun subsidiyalari esa minus ishora bilan qayd etiladi. Norezidentlardan olingan soliqlar va ularga to'langan subsidiyalari yig'indisi (agarda u musbat bo'lsa) O'zbekistonning norezidentlardan olgan sof soliqlarini tashkil qiladi.
109
Schyotning ishlatilishi tarafida O'zbekiston rezident birliklarining norezidentlarga to'lagan bevosita ishlab chiqarish uchun soliqlari plyus ishora bilan qayd etiladi. Norezident institutsion birliklarning rezidentlarga to'lagan bevosita ishlab chiqarish uchun subsidiyalari esa minus ishora bilan qayd etiladi. O'zbekistonning chet elga bergan soliqlari va chet eldan olgan subsidiyalari yig'indisi norezidentlarga to'lagan sof soliqlarini tashkil qiladi. Olingan va to'langan sof soliqlar musbat yoki manfiy ishorali bo'lishi mumkin. Schyotning resurs tarafida sof soliqning musbat bo'lishi O'zbekistonning resursi ko'payganligini (manfiy bo'lsa kamayganligini) bildiradi. Schyotning ishlatilishi tarafidagi sof soliqning musbat bo'lishi norezidentlarning resursi ko'payganligini (manfiy bo'lsa kamayganligini) bildiradi.
Schyotning resurs tarafidagi sof soliqlardan schyotning ishlatilishi tarafidagi sof soliqlarni ayirganda hosil bo'lgan miqdor musbat bo'lsa, O'zbekiston bevosita ishlab chiqarish soliqlardan birlamchi daromad sifatida sof daromad olgan hisoblanadi. Aks holda, ushbu band bo'yicha, O'zbekiston chet elga sof daromad bergan hisoblanadi.
Schyotning resurs tarafida keltirilgan O'zbekistonning norezidentlardan olgan jami birlamchi daromadlari miqdori ko'rsatkichi O'zbekistonning norezidentlardan birlamchi daromad sifatida olgan daromadini bildiradi. Schyotning ishlatilishi tarafida keltirilgan O'zbekistonning norezidentlarga bergan jami birlamchi daromadlari miqdoriko'rsatkichi esa O'zbekistonning norezidentlarga birlamchi daromad sifatida bergan daromadlari miqdorini ifoda etadi. O'zbekistonning norezidentlardan olgan birlamchi daromadlaridan norezidentlarga to'langanini ayirsak tashqi dunyobirlamchi daromadlar saldosiga (TDBDS) ega bo'lamiz. Bu ko'rsatkich musbat bo'lsa O'zbekistonning chet eldan birlamchi daromad sifatida olgan sof daromadini bildiradi. Aksincha, bu ko'rsatkich manfiy bo'lsa, O'zbekiston rezident birliklarining chet elga (norezidentlarga) birlamchi daromad sifatida to'lagan sof to'lovlarini ifoda etadi.
TDBDS ko'rsatkichi MHTda muhim agregatlardan biri bo'lgan Yalpi milliy daromad (YAMD)nihisoblashga imkon beradi. YAMD mamlakatda yaratilgan YAIM va chet eldan olingan sof birlamchi daromadlar yig'indisidan iborat, ya'ni YAMD=YAIM+TDBDS formula o'rinli bo'ladi. Agarda, TDBDS musbat bo'lsa, YAMD YAIMdan shunchaga ko'p bo'ladi. TDBDS manfiy bo'lsa, YAMD YAIMdan shunchaga kam bo'ladi.
Milliy daromad agregatini yalpi va sof usullarda hisoblash mumkin28. Agarda yalpi ichki mahsulotni sof usulda hisoblab, topilgan sof ichki mahsulot (SIM)ga TDBDSni qo'shsak sof milliy daromad (SMD) ko'rsatkichiga ega bo'lamiz.
Yuqorida bayon qilingan fikrlarga ko'ra, YAIM (SIM) va YAMD (SMD) ko'rsatkichlari mamlakat rezident birliklarining chet eldan olgan sof daromadlariga farq qilishini bilish qiyin emas.
28 YAIMdan asosiy kapitalning iste'molini ayirsak SIM ko'rsatkichiga ega bo'lamiz.
110
Odatda rivojlanayotgan mamlakatlarning YAMD ko'rsatkichi YAIM ko'rsatkichidan kichik, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda esa aksincha bo'ladi. Chunki rivojlangan mamlakatlar rivojlanayotgan mamlakatlarga moliya kiritib, shu mamlakatning YAIMni yaratishda qatnashadilar va foizlar hamda dividendlar ko'rinishida birlamchi daromadlar oladilar. Bu esa, daromadlar oluvchi mamlakatning YAMDini ko'paytiradi, daromad beruvchi mamlakatning YAMD esa - shu miqdorga kamayadi. Bundan tashqari, mamlakatlar ishchi kuchini eksport qilish, er va konlarni ijaraga berish orqali mehnat haqi va renta ko'rinishida birlamchi daromad olib, yalpi milliy daromadlarini ko'paytiradilar. YAMDni aholi soniga bo'lish orqali jon boshiga hisoblangan YAMD ko'rsatkichini topib, bu ko'rsatkichdan aholi turmush darajasining o'zgarishini tahlil qilishda foydalanish mumkin.
Schyotda ko'rsatkichlar o'tkazish usulida (kassa usulida emas) qayd etiladi. Hayotda esa, har doim ham to'lovlar o'z vaqtida bo'lavermaydi. Masalan, mehnat haqi, foiz to'lovlari bir necha kun va oylab kechikib berilishi mumkin. Bunday holatlarda, birlamchi daromadlar taqsimoti schyotida mehnat haqi, foiz to'lovlarini to'lash qancha miqdorda lozim bo'lsa, shuncha miqdorda qayd etiladi. To'lanmagan qismi esa, tashqi dunyo moliya schyotida, mos ravishda debitorlik yoki kreditorlik qarzi sifatida qayd etiladi.
Sarmoya bilan operatsiyalar hisoblamasi va uning ko'rsatkichlari.
To'lov balansi ma'lum bir davr (oy, chorak, yil)ga tuziladi. SHuning uchun, u tuzilayotgan davrda mamlakat va chet el iqtisodiyoti o'rtasida sodir bo'lgan o'zgаrishlаrni ifoda etadi. Masalan, yanvar oyiga tuzilgan to'lov balansi yanvar oyidagi, chorakka tuzilgani chorakdagi, yilga tuzilgani yillik o'zgarishlarni ifoda etadi. Bu o'zgarishlar kuzatilgan davrda mamlakatning majburiyatlari va aktivlarining qay miqdorda oshgan yoki kamayganligini bildiradi. Yillar davomida bu o'zgarishlarning yig'ilmasi mamlakat iqtisodiyotining chet elga bog'liqlik darajasini belgilaydi. Mamlakat va chet el o'rtasidagi aktivlar va majburiyatlarning yig'ilmasi xalqaro investitsiya balansi (XIB)da qayd etiladi. XIB odatda yilning oxiridagi holatiga tuziladi. Aktivlar va majburiyatlarning miqdori yilning oxiridagi baholarda qayd etiladi. Xalqaro investitsiyalar balansi mamlakatning aktivlari va majburyatlarining statistik hisobotidan iborat bo'lib, u bir qator tashqi iqtisodiy schyotlar majmuidan iborat. Uning qisqartirilgan ko'rinishdagi tarkibi 9.4-jadvalda keltirilgan.