Nazorat uchun savollar
1. Gugo Grotsiy o‘zinig “Urush va tinchlik huquqi to‘g‘risida” nomli asarida elchilik munosabatlari haqida qanday ma'lumotlar mavjud?
2. Salib yurishlarini xalqaro munosabatlarga ta'siri nimadan iborat?
3. Yevropa davlatlarida absolyut monarxiyani qaror topishi diplomatiyaga qanday ta'sir ko‘rsatdi?
4. Lyudovik XI diplomatiyasi haqida nimalarni bilasiz?
5. Diplomatiya ustaxonasi qaysi davlatga tegishli?
6-mavzu. O‘rta asrlarda Sharq mamlakatlarining xalqaro
munosabatlari va diplomatiyasi.
Reja: 1. Abbosiylar diplomatiyasi
2. Turk xoqonligi xalqaro munosabatlar tizimida
3. O‘rta asrlarda Xitoyning xalqaro aloqalar tizimida tutgan o‘rni.
Tayanch iboralar: devon ar-risolat, Siyosatnoma, Turk xoqonligi, buyuk ipak yo‘li, Suy sulolasi, Tan sulolasi, Usmoniylar, Anqara jangi.
Abbosiylar diplomatiyasi. VII asrning 30-yillarida ulkan davlatga asos solgan arablar bosib olgan hududlar Rim imperiyasini ham ortda qoldirgan. Piriney yarim orolidan G‘arbiy Hindistongacha, Kavkaz va O‘rta Osiyodan Yaman va Afrika hududlarigacha bo‘lgan ulkan hududlarni o‘ziga bo‘ysindirgan arablar davlatida xalqaro munosabatlarga alohida e'tibor qaratilgan.
Muhammad alayhissalomning vafotidan so‘ng arablar keng miqyosdagi istilolarni amalga oshirdilar. 661-yilda hokimiyat tepasiga Ummaviylar sulolasi hukmronligi davrida qo‘shni mamlakatlar bilan munosabatlar asosan harbiy to‘qnashuvlar tusini kasb etgan.
Abbosiylar hukmronligi davrida xalqaro munosabatlarda diplomatiyaga alohida e'tibor qaratildi. Davlat boshqaruvida devon alohida ahamiyat kasb etgan bo‘lib, uning tarkibida tashqi ishlar bilan shug‘ullanuvchi vazir (devon-ar-risolat) lavozimi joriy etilgan. Uning qo‘l ostida elchilik bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab mulozimlar faoliyat ko‘rsatgan. Diplomatik munosabatlar yaxshilangan davlatlar hududida doimiy elchiliklar tashkil etilgan bo‘lib, aynan ma'lum maqsadni ko‘zlovchi vaqtinchalik elchiliklar ham mavjud edi.
Abul Fazl Bayhaqiyning yozishicha, qo‘shni davlatlarga yuboriladigan elchilar ikki kishidan iborat bo‘lgan. Ulardan biri nufuzli zodagonlardan, ikkinchisi esa o‘qimishli mullalardan saralab olingan. Elchilarga ikkita turli xatlar berilgan. Birinchi xat qo‘shni davlat hukmdoriga atalgan bo‘lib, xat boshida albatta Qur'ondan sitata keltirilgan va hukmdor sha'niga hamdu-sanolar o‘qilgan. Shundan so‘ng asl muddaoga o‘tilgan va asosiy maqsadlar bayon etilgan. Xatda yuborilgan elchilarning vakolatlari va vazifalari ham ko‘rsatib o‘tilgan. Xat oxirida elchilarni uzoq ushlab qolmaslik va zudlik bilan qaytarib yuborish so‘ralgan. Ikkinchi xat esa qo‘shni davlatda doimiy faoliyat yuritayotgan elchiga yuborilgan. Xat “O, bizning ishonchli og‘amiz” degan so‘zlar bilan boshlanib, elchiga muzokaralar o‘tkazish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan.
Favqulodda vaziyatlarda elchiga keng vakolatlar berilgan bo‘lib, ayrim muzokaralar chog‘ida o‘z bilim va tajribalariga tayangan holda ish olib borganlar. Davlatlar o‘rtasidagi shartnoma imzolab bo‘lingach, har ikki hukmdor yaqinlari va qarindoshlarini o‘rtaga qo‘yib qasam ichganlar. Qadimgi Xindiston, Xett va Ossuriyada bo‘lgani singari garovga olish va nikoh diplomatiyalaridan ham samarali foydalanganlar. Ayrim qaltis masalalarni xal etish jarayonida muzokarada ishtirok etuvchi davlat masala xal etilgunga qadar hukmdorning o‘g‘illari yoki yaqin qarindoshlaridan biri abbosiylar saroyida yashab turishi shart bo‘lgan. Bundan tashqari o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash maqsadida qo‘shni davlatlarga malikalarni kelinlikka berilgan yoki o‘z o‘g‘illarini qo‘shni davlat malikalariga uylantirganlar.
Abbosiylar saroyiga tashrif buyurgan elchilarga dastlabki uchrashuv chog‘idanoq sovg‘a-salomlar ulashilgan. Ularning missiyasi yakunlangach, masala ijobiy hal etilgan bo‘lsa, yanada qimmatbaho sovg‘alar ulashilgan. Halifa saroyida sovg‘a ulashuvchi alohida lavozim mavjud edi.
XI asrga oid Nizomilmulkning “Siyosatnoma” asarida arablar saroyidagi elchilik munosabatlariga bag‘ishlangan alohida bob mavjud. Unda aytilishicha, mamlakat hududiga kirib kelgan elchilar hoh do‘st, hoh dushman mamlakatdan bo‘lsin, ularga yuqori darajada e'tibor ko‘rsatilgan. Elchilar alohida qo‘riqchilar otryadi, oziq-ovqat, yotoqxona va kiyim-kechaklar bilan ta'minlangan. Elchidan bir vaqtning o‘zida moxir ayg‘oqchi bo‘lish ham talab etilgan. Elchi o‘z tashrifi chog‘ida tashrif buyurgan mamlakatning tabiiy sharoiti, daryolari, soylari, ko‘llari, tog‘ va adirlari, qo‘shin soni, uning harbiy intizomi, saroydagi muxitning sog‘lom yoki nosog‘lom ekani, shahzodalarning o‘zaro munosabatlari, nizolari, ziyofatlarning tashkil etilishi sifati, hukmdorning shaxsiy qusur va fazilatlari, bilimli yoki savodsizligi haqida ham yetarli darajada ma'lumot to‘plashi shart edi.
Bularning barchasidan ko‘rinib turibdiki, Vizantiya va Sosoniylar Eroni diplomatiyasi an'analari Sharqda yanada gullab yashnadi. G‘arb mamlakatlari va Qurdoba xalifaligi o‘rtasida o‘rnatilgan ko‘plab aloqalar, salib yurishlari davomida bo‘lib o‘tgan to‘qnashuvlar va muzokaralar orqali Sharqning ta'siri orqada qolgan va madaniyatsizroq bo‘lgan G‘arbga ham katta ta'sir ko‘rsatdi. Frank tarixchilarining asarlarida Buyuk Karl va Bag‘dod xalifasi Xorun ar-Rashid o‘rtasida elchilik aloqalari, o‘zaro xat yozishmalari, bir-biriga yuborgan tuhfalar haqida ma'lumotlar yozib qoldirilgan. Biroq Sharq tarixchilari asarlarida Buyuk Karl huzuriga yuborilgan elchiliklar haqida hech qanday ma'lumotlar uchramaydi. Shunday bo‘lsada, Sharqdan Franklar davlatiga savdogarlar, ayniqsa yahudiylar tez-tez o‘zlari bilan noyob mollar olib borganlar. Bir kuni keltirilgan fil shunchalik katta shov-shuvga sababchi bo‘ldiki, frank solnomalarida uning vafot etgan-yili qayd etilgan. Balki Sharq savdogarlarining ushbu tashriflari xalifa yuborgan elchiliklar to‘g‘risidagi afsonaga zamin yaratgandir.
Xalifalik Sharq va G‘arbning barcha mamlakatlari bilan savdo aloqalariga ega bo‘lgan. Arab savdogarlari Hindiston, Indoneziya, Xitoyga dengiz orqali ko‘plab safarlarni amalga oshirganlar va bu yerlarda musulmon savdogarlarining yirik faktoriyalari (savdo-sotiq olib boriladigan manzillar) paydo bo‘lgan. Qizg‘in savdo aloqalari shimoliy mamlakatlar bilan ham yo‘lga qo‘yilgan. Arab savdogarlari o‘z mollarini Volga daryosi va Boltiq dengizi sohillarigacha yetkazib borganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |