Fransuz diplomatiyasi. O‘rta asrlar Yevropasidagi eng muhim voqealardan biri hisoblangan “yuz-yillik urush” Fransiyaning siyosiy jihatdan rivojlanishida muhim rol o‘ynagan.
1328-yilda kapetinglar sulolasi tugatilib, taxtga Filipp VI Valua o‘tirgach, Angliya qiroli Eduard III (u Filipp IV Chiroylining nabirasi edi) ham Fransiya taxtiga da'vogarlik qila boshlagan. Shu sababli Angliya Fransiyaga qarshi urushga harbiy jihatdan katta tayyorgarlikni boshlab yuborgan. Ushbu voqea doirasida Yevropada murakkab diplomatik o‘yinlar boshlangan. Bu o‘yinga kuchli diplomatik ta'sirga ega bo‘lgan Papa, german imperatori, Shotlandiya, Sitsiliya, Kastiliya qirollari hamda ko‘plab yirik gersoglik va grafliklar aralashganlar.
Papa, Flandriya grafi va Shotlandiya qiroli Fransiyani jiddiy qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirganlar. Papa Filipp VIni din himoyachisi deb bilsa, Flandriya grafi fransuz qirolidan qarzdor bo‘lgan. Chunki fransuzlar Flandriya shaharlarining grafga qarshi qo‘zg‘olonini bostirishda katta yordam berganlar. Shotlandiya esa azaldan Fransiyaning ittifoqchi bo‘lgan. Fransuzlar shotlandlarning inglizlarga qarshi kurashida Filipp IV Chiroyli davridan beri yordam berib kelganlar.
Angliya qiroli Eduard III ham o‘z atrofiga ittifoqchilar to‘play boshlagan. Dastlab moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan german imperatoriga 300 ming florin miqdorida ulkan qarz berilgan. Huddi shunday yo‘l bilan Gennagaus, Zeland, Brabant kabi uncha katta bo‘lmagan knyazliklar Angliya ittifoqchilariga aylangan. Flandriya ta'siri ostidagi ushbu knyazliklar graf zulmidan qutilish uchun Angliyani qo‘llab-quvvatlashga rozi bo‘lganlar.
Yuz-yillik urushda Angliya ustidan qozonilgan g‘alabada fransuzlarning vatanparvarlik jasoratlari bilan bir qatorda, yuksak darajada olib borilgan diplomatiyaning ham munosib o‘rni bor.
Zamonaviy tadqiqotchilar fransuz qiroli Lyudovik XIni zamonaviy diplomatiyaning otasi sifatida tan olganlar. U chindan ham mohir diplomat edi.
Lyudovik XI ritsarlik shon-shuhratini tan olmas, urushlarni esa umuman yoqtirmas hamda diplomatiyani o‘zining asosiy quroli deb bilardi. U ayyorlikni kuchdan ustun qo‘yar, ko‘plab dushmanlari bilan munosabatlar chog‘ida har doim yuzma-yuz janglardan o‘zini olib qochishni uddalardi. O‘sha davr tarixchilaridan biri Komminning yozishicha, Lyudovik XI ertayu-kech yangi g‘oyalar yaratish bilan mashg‘ul bo‘lgan. O‘z raqiblarini bir-biri bilan urishtirib qo‘yish, eng kerakli vaziyatda ularni yarashtiruvchi sud'ya rolini o‘ynash, tinchlik o‘rnatish orqali o‘z manfaatlarini ham himoya qilish fransuz qirolining asosiy taktikasi edi. U davlatni boshqarish soxasidagi barcha ikir-chikirlarni yerinmay surishtirar, o‘z vaqtining asosiy qismini turli toifadagi dvoryanlar bilan tanishishga, ular haqida ma'lumot to‘plashga, o‘zi bilan yaqin deb hisoblagan dvoryanlar bilan yozishmalar olib borishga sarflardi. Komminning ta'kidlashicha, bu qadar ko‘p odamlar bilan tanishuvchi, odamlarni bu qadar ko‘p tinglovchi, bu qadar ko‘p ma'lumot to‘plovchi kishi butun Fransiyadan boshqa topilmagan. Haqiqatdan ham Lyudovik XI Angliya, Ispaniya, Portugaliya, Italiya va Burgundiyadagi barcha taniqli davlat arboblari va yuqori darajali dvoryanlar bilan shaxsan tanish edi. Shu bilan birga ular haqidagi ko‘plab qimatli ma'lumotlarga ega ediki, yuqori tabaqa vakillari ishtirokidagi nizolar va tortishuvlar qanday yakunlanishini oldindan behato aytib bera olardi.
Lyudovik XIning o‘z diplomatlari bilan ish olib borish uslubi ham o‘ziga xos ko‘rinishga ega bo‘lgan. Qirol ularga faoliyat yuritishlarida barcha yerkinliklarni berib qo‘ygandek o‘zini tutar, ulardan doim maslahat so‘rar, aslida esa barcha ishlarni zimdan kuzatib borardi. U o‘z diplomatlaridan biriga shunday maslahat bergan: - “Agar ishlar ko‘ngildagidek ketayotgan bo‘lsa, meni har zamonda habardor qilib turishing kifoya, aks holda, senga yordam berishim uchun barcha ma'lumotlardan ipidan-ignasigacha meni habardor qilishing shart”.
Lyudovik XI o‘z elchilariga imkon qadar ko‘proq tarafdorlarni sotib olishni maslahat berardi. Ularga qarata – “ko‘ryapsanlarmi, ular sizni aldamoqda, mayli, lekin sizlar ko‘proq aldanglar” degan so‘zlarni ko‘p ishlatardi. Bunday qonun-qoidalar Lyudovik diplomatiyasining asosiy mazmunini anglatardi. Uning qo‘l ostidagi 70 dan ortiq diplomatlarning nomlari butun Yevropada mashhur bo‘lgan. Komminning yozishicha, diplomatlarining birortasi ham qirolga hiyonat qilishni hayollariga ham keltira olmaganlar. Chunki, har bir diplomat orqasida, albatta, alohida qirol ayg‘oqchisi bo‘lgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |