Turk xoqonligi xalqaro munosabatlar tizimida. V–VIII asrlar Buyuk ipak yo‘lining eng gullab yashnagan davri hisoblanadi. Bu vaqtda butun yevroosiyo cho‘llari hamda o‘troq turmush tarziga ega bo‘lgan savdo yo‘llarida muhim ahamiyat kasb etuvchi So‘g‘d va Buxoro hududlarini birlashtirgan yagona davlat – Turk xoqonligining vujudga kelishi Buyuk ipak yo‘li rivojlanishida yangi davrni boshlab berdi. Eftallar va Sharqiy Xitoyni bo‘ysundirgan turklar G‘arb bilan Sharqni bog‘lovchi savdo yo‘llari ustidan mutlaq egalikni qo‘lga kiritdilar. Turklar bevosita so‘g‘dlar yordamida Xitoydan to O‘rta yer dengizi havzasigacha bo‘lgan savdo yo‘llarida Vizantiyaning asosiy hamkoriga aylandilar.
Savdoning asosiy ashyosi ipak hisoblanib, u “Vizantiyada oltin va qimmatbaho toshlar bilan bir xil baholangan”. Bundan tashqari, Xitoydan keltiriladigan baxmal va boshqa turli matolar, zeb-ziynat buyumlari, shisha buyumlar va teri mahsulotlari Vizantiya va Old Osiyo bozorlarida eng xaridorgir hisoblangan. Xitoyga keltiriladigan mahsulotlar ichida esa Suriya va Misr matolari, marjonlar, injular, ziravorlar, ayollar uchun pardoz bo‘yoqlariga talab juda katta edi. Turklar ushbu savdoda asosiy vositachi bo‘lganliklari sababli ulkan foyda olganlar va bu o‘z navbatida xoqonlikning ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etgan. Shuning uchun ham savdo yo‘llarining xavfsizligini ta'minlash, karvonlar uchun shart-sharoitlarni yaxshilab borishga alohida e'tibor qaratilgan. Ushbu maqsadlarni ko‘zlagan holda “627 – 647-yillarda Xitoy imperatori huzuriga 9 marta savdo elchiliklari yuborilgan”.
Xitoydan to‘lov sifatida undirilgan behisob ipakni sotish savdo-sotiqdan bexabar turklar uchun muammo ekanligi so‘g‘dliklar uchun katta imkoniyat eshiklarini ochib bergan. So‘g‘d savdogarlari ipakni Eronga qadar olib borib, arzon narxda forslarga sotganlar va mahsulot hajmining kattaligi hisobiga foyda olganlar. Eron esa ipakni bir necha barobar qimmat narxda Vizantiyaga pullagan. Ipak savdosini tartibga solish maqsadida xoqonlik bir necha bor so‘g‘dliklardan iborat savdo elchiliklarini Eronga yuborgan. Biroq, bu elchiliklar ko‘zlangan natijani qo‘lga kirita olmaganlar. Aynan ipak savdosi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli Turk xoqonligi va Eron o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar kelib chiqqan.
“553-yilda Vizantiyaning o‘zida ipak yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Ipak qurtlarini Prokopiy Kesariy ma'lumotlariga ko‘ra, ikki nafar nasoro rohibi, Feofan Vizantiyskiy yozishicha esa bir fors ichi kovak hassada olib kelgan ekan. N. V. Pigulovskaya fikriga ko‘ra, ipak qurtlari so‘g‘d kengliklaridan olib kelingan”. VI asr oxirlarida Vizantiyada chetdan keladigan ipakka talab kamayishi natijasida ipak savdosi ahamiyati ancha tushib ketgan bo‘lsada, Turk hoqonligining iqtisodiy hayotida keyingi asrlarda ham muxim rol o‘ynagan.
Savdo karvonlarining Marv, Chorjo‘y, Buxoro, Samarqand, Choch, Isfijob, Talas va Sharqiy Turkiston yerlarini kesib o‘tishi ushbu hududlarning iqtisodiy va madaniy jihatdan yuksalishida muhim ahamiyat kasb etgan. Savdo-sotiqda katta shuhrat qozongan so‘g‘dliklar o‘zlari yashab turgan o‘lkalardan minglab kilometr uzoq hududlardagi savdo yo‘llari atroflarida karvonsaroylar, turar joylar uchun mo‘ljallangan muhtasham imoratlar, ibodatxonalar barpo etganlar va bu orqali shaharlarning rivojlanishi, yangi shaharlarning bunyod etilishiga ulkan hissa qo‘shganlar.
Buyuk ipak yo‘li ahamiyatining ortib borishi turli xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalarning rivojlanishi, urf-odat va an'analarning o‘zaro qorishib ketishiga olib kelgan. Ayniqsa, VI–VIII asrlarda so‘g‘dliklarning savdo yo‘llari bo‘ylab tarqalishi o‘troq dehqonchilik madaniyati va hunarmandchilik turlarining, diniy an'ana va urf-odatlarning Markaziy Osiyoning shimoli, Janubiy Sibir, Mo‘g‘iliston, Shimoliy Xitoy va g‘arbda Qrimgacha bo‘lgan hududlarda keng yoyilishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |